Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni: navbatdagi muhim uchrashuv
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni qanday ketayotganini hamda mamlakat oldida turgan yakuniy vazifalar muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi jarayon 2023 yildan boshlab yangi surʼat kasb etdi. Shu davrdan muzokaralar jadallashib, 2026 yil iyul holatiga koʻra, JSTga qoʻshilish boʻyicha Ishchi guruhning 13 ta yigʻilishi oʻtkazildi.
Bugungi kunga qadar JSTga aʼzo 35 davlat bilan bozorlarni ochish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar boshlangan boʻlib, 33 ta davlat bilan muzokaralar yakunlangan. Shuningdek, milliy qonunchilikning qariyb 200 ta hujjati JST qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirildi.
Bizni doimiy qoʻllab-quvvatlab, ekspertlik koʻmagini berayotgan qadrli Okonjo-Iveala xonimga minnatdorlik bildiraman. Bu yoʻlning katta qismini bosib oʻtdik, bundan keyin shahdimizni susaytirmasdan, boshlangan ishni nihoyasiga yetkazishimiz juda muhim,-deydi S.Mirziyoyeva.
JSTga aʼzolik — yangi imkoniyatlar sari yoʻl. Bu jarayon Oʻzbekiston iqtisodiyotining xalqaro savdo tizimiga yanada chuqur integratsiyalashuvi uchun muhim qadamdir.