Shahodat Murodova – Koreyada nufuzli GKS granti orqali siyosatshunoslik yoʻnalishida tahsil olgan. Toʻrtta tilda bemalol gaplasha oladigan qahramonimiz bilan Koreya madaniyati, siyosatda ayollarning oʻrni, koreys bogʻcha tizimi haqida suhbatlashdik.

– Suhbatimizni Koreyaga ketish hikoyangiz, nufuzli universitetda taʼlim olish, oilaviy oʻqishni davom ettirish qiyinchiliklari va afzalliklari haqidagi iqrorlaringiz bilan boshlasak.

– Koreyaga ketish fikri kutilmaganda paydo boʻlgan. Sharqshunoslik universiteti xitoy tili filologiyasi fakultetini tugatgan yilim Xitoyda oʻqish uchun Konfutsiy grantini yutib olgandim va oʻsha paytda oʻqishga ketish uchun hujjat ishlari bilan yurgandim, vizam ham tayyor boʻlgandi. Turmush oʻrtogʻimdan oila qurish taklifi sababli rejalarim oʻzgardi va Xitoyda oʻqish fikridan voz kechdim. Chunki turmush oʻrtogʻim oʻqishni Koreyada davom ettirishim taklifini bergandi. Qay birini tanlashga ikkilanganman. Xitoyda oʻqish orzum edi, grantim ham bor. Oilani tanlab, Koreyada oʻqishimni davom ettirishga rozi boʻldim.

Shunday qilib, 2020-yili turmush oʻrtogʻim orqali oilaviy viza bilan Koreyaga keldik. Til bilmasligim sababli biroz uyda qolib ketdim. Yangi muhitga moslashish va til bilmaslik meni stresga tushirdi, turmush oʻrtogʻim uyda intensive tarzda koreys tilini oʻrgatishni boshladi. Bir yillardan keyin oʻqishga topshirishga qaror qildim va Koreyada mashhur boʻlgan grant dasturi – GKS (Global Korea Scholarship)ga hujjat topshirdim va intervyularni koreys tilida topshirganim ham qoʻl kelib, grant yutib oldim.

GKS granti orqali Sukmyon ayollar universitetiga oʻqishga kirdim. Oʻqish natijalari chiqqanda, homiladorligimni bilardim, shu sabab grantdan voz kechishni ham oʻylab koʻrganman. Grant beruvchi tashkilot bola bilan ham oʻqishimni davom ettirishga ruxsat bergandan keyin qarorimdan qaytdim. Baribir oilali talabaning oʻqishi qiyinchiligi koʻproq. Eng katta yutugʻim grant bilan oʻqiganim boʻldi. Chunki oila va bola bilan kontrakt asosida oʻqish chet eldagi yosh oila uchun ortiqcha mablag‘ talab qiladi. Turmush oʻrtogʻimning doim qoʻllab-quvvatlagani ham menga ancha yordam berdi.

– Koreya madaniyatiga moslashish jarayonlari qanday kechdi?

– Birinchi qiynagan masala – til bilmaslik. Doʻkonlarga chiqib bemalol yurolmasdim. Shifokorga borganda ham til bilmasligim ancha qiynardi. Shu sabab koreys tilini tezroq oʻrganishga kirishganman.

Koreya madaniyati bilan avvaldan tanish emasdim. Bu yerdagi barcha narsalar men uchun yangilik boʻlgan. Madaniyatiga, ovqatlariga tez moslashdim, – xarakterim sababli boʻlsa kerak. Tez moslashuvchanlik menda avvaldan bor. Ammo men koʻnikolmagan narsa bu – koreys uylari. Mamlakat maydoni kichik boʻlgani uchun uylari ham juda kichkina. Lekin hamma sharoiti bor. Oʻzbekistonda keng hovliga oʻrgangan emasmizmi, kelgan vaqtimizda uyning kichkina ekanini koʻrib “culture shock” olganman.

– Shahodat, siz toʻrt tilda bemalol suhbatlasha olasiz. Koreyada bu sizga qanday afzalliklar berdi? Til oʻrganish borasida ham maslahatlar bersangiz.

– Hozirda xitoy, koreys, rus va ingliz tillarida bemalol gaplasha olaman. Xitoy tili oʻrganishni boshlaganimda juda qiyin tuyulgan. Nima uchun osonroq tilni tanlamadim degan oʻy ham oʻtgan xayolimdan. Xitoy tilini oʻrganishda iyerogliflar va koʻp soʻzlarni yodlashga toʻgʻri keladi. Xitoy tilini xotiraga asoslangan til deb bilaman. Ichiga kirganingiz sari oʻrganish osonlashib boraveradi. Qolgan tillarni ham shu yoʻsinda oʻrganib bordim. Asosiysi, oʻz ona tilini yaxshi bilgan odamda har qanday tilni oʻrganish jarayoni oson kechadi. Xotira va oʻsha tilning madaniyatini bilish muhim deb oʻylayman.

Koʻp til bilish har qaysi davlatda asqotadi. Koreyada boshqa davlatdan kelgan turli millatli doʻstlarim bilan muloqot qilishimda ingliz tilini bilganim yordam bergan. Koreyslar ingliz tilida yaxshi gaplasha olmaydi. Bu esa koreys tilini tezroq oʻrganishimga sabab boʻldi. Tilni qancha yaxshi bilsangiz, ishga kirish imkoniyati ham shuncha oshib boraveradi. 

– Magistratura uchun nega aynan siyosatshunoslik yoʻnalishini tanladingiz?

– Oʻzimning asl soham xitoy tili filologiyasi. Magistratura uchun ham oʻzimga yaqin sohani tanlashga harakat qildim. Shunday qilib, Sukmyon ayollar universitetida siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakultetida oʻqidim. Bunga yana sabab, Oʻzbekistonda rahbar ayollarga berilayotgan imkoniyatlar desam ham boʻladi.