Oyina.uz nihoyasiga yetib borayotgan 2023-yilni sarhisoblar bilan kuzatmoqda. Bir nechta material bilan tanishishga ham ulgurdingiz. Endi eʼtiboringizni koʻngilsiz vaziyatlarda oʻzgalarga yordam qoʻlini choʻza olgan, insonlar musibatiga befarq boʻlmagan, joiz boʻlsa qahramonlik koʻrsata olgan baʼzi yurtdoshlarimiz roʻyxatiga qaratamiz.

 Chalgʻimaslik uchun qulayroq oʻrnashib oling.

18 nafar tiriklar, 200 ga yaqin jasad

Yanvar oyidagi anomal sovuq yurtdoshlarimiz irodasini sinadi, desak mubolagʻa boʻlmas. Bu pallada bir-birining hojatini chiqargan sahovatli insonlar ham boʻldi, musibatdan foyda ishlashga uringan “tadbirkorlar” ham. Lekin 6-fevral kuni Turkiyada 7,4 magnitudali zilzilaning sodir boʻlishi butun xalqimizni koʻproq tashvishlantirdi. Zilzila oqibatida Turkiyaning bir necha shaharlari vayronalar bilan toʻldi. Holatga befarq boʻlmagan Oʻzbekiston hukumati 7-fevral kuni ikkita samolyotda insonparvarlik yordami bilan birga 100 nafar FVV qutqaruvchilarini eng ogʻir jabr koʻrgan Adana va Gaziantep shaharlariga yubordi.

Qutqaruvchilar 2 haftadan koʻproq vaqt davomida vayronalar ostidan 18 nafar tirik odam va 200 ga yaqin jasadni olib chiqdi. Oʻylaymizki, ular yil qahramonlari roʻyxatiga munosib.




Metropolitendagi suitsid

Afsuski, Toshkent metropoliteni hududida oʻzini poyezd ostiga tashlagan yurtdoshlarimiz haqidagi xabarlarni tez-tez eshitayapmiz. Bu metropoliten xodimlaridan yanada diqqatliroq boʻlishni talab etadi. 20-fevral soat 19.20 larda “Paxtakor” metrobekatida roʻy bergan voqeani eslatamiz. Unda 1997-yil tugʻilgan toshkentlik fuqaro oʻz joniga qasd qilish maqsadida, oʻzini elektropoyezd yoʻliga tashlamoqchi boʻlgan edi. Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi saf boʻlinmalari ikkinchi batalon, safdor xodimi A.Dalaboyev xavfni vaqtida sezib, yoʻlovchini toʻxtatib qolgan. 

Keyin aniqlandiki, fuqaro 2016-yildan buyon ruhiy-asab kasalliklari dispanserida «Shizofreniya» tashxisi bilan roʻyxatda turadi. Yigit koʻngilsiz voqeadan soʻng sog‘-salomat onasiga topshirilgan.

Oʻz vazifasiga hushyorlik bilan yondashgan A.Dalaboyev qahramonga aylandi.

 


4-qavatdan tushib ketgan qizaloq

Iyun oyida sodir boʻlgan bu voqea koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Samarqand shahrida toʻrt nafar maktab bitiruvchisi koʻp qavatli uyning toʻrtinchi qavatidan tushib ketgan qizaloqni qutqarib qoldi.

Maʼlum boʻlishicha, qizcha yashaydigan uy eshigi qulflanib qolgan. U tashqaridan yordam chaqirish maqsadida derazaga yugurgan. Ehtiyotsizlik sabab qizaloq derazaga oʻrnatilgan temir toʻsiqqa osilib qolgan va bir muddat oʻtib pastga qulagan.  Holatning guvohiga aylangan yigitlar qizchani tutib olgan va tezlik bilan unga dastlabki tibbiy yordam koʻrsatishgan.

Samarqand shahridagi 80-umumtaʼlim maktabining 11-sinf bitiruvchilari Shohrux Boborahimov, Murod Saydalimov, Jasur Eshnazarov hamda Ozod Oʻtkirovlarning  tezkor xatti-harakati, koʻrsatgan jasorati ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarida iliq taassurot uygʻotdi.

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari bitiruvchi yigitlarni alohida ragʻbatlantirdi va ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, yigitlarning oliy oʻquv yurtiga tayyorlov kurslari uchun sarflanadigan mablagʻlari  Yoshlar ishlari agentligi tomonidan toʻlab beriladigan boʻldi. Shuningdek, ular kelgusi oʻqishlarida ham moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanishi maʼlum qilindi.

Falokatdan omon qolgan qizaloqning holati hozirgi vaqtda yaxshi va u ota-onasining bagʻrida.




Ariqda oqqan 2 yoshli goʻdak

Joriy yilning 20-iyunida Toshkent viloyati Qibray tumanida 18 yoshli yigit ariqda oqib ketayotgan 2 yoshli qizchani qutqarib qoldi. Bu xabarni eslasangiz kerak.

Maʼlumotlarga koʻra, qizcha yashaydigan xonadon hovlisidan katta ariq oqib oʻtgan. Qizcha ariq boʻyida oʻynab, suvga tushib ketgan va hushsiz holda taxminan 200 metr masofaga oqib borganida yoʻldan oʻtib ketayotgan 18 yoshli yigit Yusufbek Tojiboyev uni qutqarib qolgan.

“Ariqqa qarab ketayotgandim, qizni koʻrib, zudlik bilan suvga tushib, uni olib chiqdim. Orqasini oʻgirib, belini ishqaladim va ichidagi suvini chiqarib tashladim. Shundan soʻng, qizni shifoxonaga olib bordik”, – deydi qizaloqni qutqarib qolgan qahramonimiz.

Voqea sodir boʻlgan vaqtda qizchaning otasi uy ishlari bilan band boʻlgan. Shubhalanib ariq boʻyiga chiqqanida esa xavf ortda qolgan edi.

Qahramonlik koʻrsatgan Yusufjonga tuman FVB xodimlari tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirilgan.

 


Kanalga choʻkayotgan ona-bola

Iyul oyining boshlari… Sirdaryo viloyati Yangiyer tumanidagi “Janubiy Mirzachoʻl” kanali sizga qandaydir voqeani eslatayaptimi? Ha, 21 yoshdagi Saidislombek Abdulqosimzoda ismli yigit kanalga choʻkib ketayotgan ona va bolani qutqarib qolgan edi.

Saidislombek koʻngilsiz voqeaning guvohiga aylangach, oʻz hayotini xavfga qoʻyib kanalga sakragan va qiyinchilik bilan ona-bolani qutqarib qolgan.

Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev qutqarib qolingan ona va bolaning xonadonida boʻlib, ularning holidan xabar olgan. Shuningdek, koʻrsatgan jasorati uchun Saidislombekka minnatdorlik bildirib, sovgʻalar topshirgan.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, yigit hokim tavsiyasi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida faoliyat yuritadigan boʻldi.

 


Itlar hamlasiga uchragan bolakay

Iyul oyining oʻzida ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil yoʻli chetida ketayotgan bolakayga itlar hujum qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Bu video koʻplab yurtdoshlarimizning eʼtiborini tortdi.

Samarqand shahridagi “Yoshlar” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan avtoturargoh (garaj) oldida sodir boʻlgan bu holatda 23 yoshli taksi haydovchisi Firdavs Ahmedov alohida qahramonlik koʻrsatgan. U bolakayni itlar hamlasidan qutqarib qolgan.

Maʼlum boʻlishicha, bu qopagʻon itlar “avtogaraj”ga tegishli boʻlgan va holatdan soʻng Obodonlashtirish boshqarmasining Nazoratsiz hayvonlarni ovlash guruhi tomonidan tutilib, Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻlimiga topshirilgan.

Bolaning salomatligi toʻliq nazoratga olingach, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov hamda shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Ismatjon Ibragimov bolaning hayotini saqlab qolgan Firdavs Ahmedov va uning ota-onasi bilan uchrashgan hamda minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, qahramonimizga esdalik sovgʻalari topshirilgan.

 


Yongʻin ichida qolgan ayol

Qahramonlik hudud tanlamaydi. Muhimi insoniylik va jasorat boʻlsa bas. Joriy yilning 18-sentabrida Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida oʻzbekistonlik erkak yongʻin ichida qolgan 69 yoshli koreyalik ayolni qutqardi. Mamlakat manbalari bu haqida atroflicha yoritgan edi.

Janubiy Kyonsan provinsiyasi Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, keksa er-xotin tomonidan boshqariladigan tamaddixonada soat 18:44 atrofida yongʻin kelib chiqqan. Portlash ovozi, oynalar sinishi va alangani koʻrgan odamlardan biri yongʻin-qutqaruv raqamiga qoʻngʻiroq qilgan. Yongʻin tezda va kutilmaganda yoyilgani sababli ayol restoranda yolgʻiz qolgan. Oʻt oʻchirish boʻlimi maʼlumotlariga koʻra, u kuygan va joyida yiqilib, ogʻir ahvolda qolgan. Ayolning 70 yoshli turmush oʻrtogʻi esa yongʻin boshlanishidan oldin restoranni tark etishga ulgurgan va kuchli yongʻin tufayli qaytib kira olmagan. Shu paytda qoʻshni xonadonda yashovchi 40 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi yongʻin ichiga kirib, ayolni qutqarib chiqqan.

Voqeadan soʻng ayol 2-darajali kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan, qahramonimizga voqea joyida birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan. Afsuski, hamyurtimiz shaxsi ochiqlanmagan.

 


Suvsizlikdan aziyat chekayotgan xalq

Ohangarondagi “Temir ota” oshxonasining rahbari Dilbar opa haqida eshitganmisiz? Dilbar opa Ohangaron shahrida ilk choyxonani yoʻlga qoʻygan tadbirkor ayol. Ilk biznesini bozorda manti sotishdan boshlagan. Yillar davomida kichik biznesini katta muvaffaqiyatli biznesga aylantira olgan. “Temir ota” choyxonasi hanuzgacha Dilbar opaning mantilari bilan mashhur. Lekin bu ayol qanday qahramonlik koʻrsatgani hammaga qiziq boʻlsa kerak.

Oktabr oyida Dilbar opa Afrikadagi davlatlarning birida toza ichimlik suvi chiqarishga homiylik qildi. Afrikaliklar bu xayrli ishdan juda xursand boʻlib raqs tushayotgani aks etgan video tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, Dilbar opa doimiy ravishda hayriya ishlarida faol.

 


Biz sizga ijtimoiy tarmoqlarda omma eʼtiborini tortgan qahramonliklarni eslatdik, xolos. Yurtdoshlarimiz orasida qahramonlar va yaxshilik qilishga qodir jasorat egalari talaygina.

Sirojiddin Rustamov,

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!