Shunday soʻzlar borki, chin oʻzbekcha deging keladi, shunday muqobili ham borday tuyuladi. Misol uchun, “fartuk” – oʻtgan asrda rus tili orqali olmonchadan tilimizga oʻzlashgan, “Rus tilining etimologik lugʻati” (“Этимологический словарь русского языка”) muallifi M.Fasmer ham uning asli olmoncha – “oldga tutgich etak”, “peshband” maʼnosidagi “vortuch” soʻzi ekanligini taʼkidlaydi.
Sovet davrida bu soʻz ayniqsa faol edi, koʻpgina ishxonalarda oldga tutgich ish kiyimlari fartuk atalardi, shuningdek, butun Ittifoqda oʻquvchi qizlarning maktab kiyimi sifatida ham fartuk tanlangan. Sovet davrini koʻrgan katta avlod oʻsha davrdagi qoʻlida oʻroq-bolgʻa tutgan, fartuk kiygan ishchi-dehqon, proletar shaʼniga tiklangan haykallarni yaxshi eslaydi. Paxtakor Oʻzbekistonda esa “fartuk” alohida bir mavzu edi, yaʼni paxtazorda terimchilarning muhim quroli – etak ham “fartuk” atalardi, oʻsha davrda etak-fartuk taqib paxta termagan yoki uyida fartuk-etagi boʻlmagan xonadon yoʻq edi. Soʻzlashuv tilida bu matoh tilga moslashtirilib “partuq”, “partu” ham deyilgan.
Qizigʻi shundaki, Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk”da shu soʻzga ham shakl, ham maʼno jihatidan juda yaqin “partu” soʻzini keltiradi va shunday izohlaydi:
“Partu (بَرْتُو) – yaxtak, bir qavatli ustki toʻn, partuq” (DLT. I. 1960. 393). Izohdagi “partuq” soʻzi “Devon”ni arab tilidan oʻzbekchaga tarjima qilgan adabiyotshunos olim Solih Mutallibov tomonidan “partu”ni tushuntirish uchun “fartuk” maʼnosida keltirilgan va unga olim matn tagida yana: “Shayx Sulaymon lugʻatida “partuq” degan soʻz bor. Bizda hozirgi orqasi bogʻichlik, ish va ovqat mahalida tutiladigan “partuq” soʻzi kabi” deb alohida izoh beradi. Tabiiyki, bu yerda olimni soʻzlashuv tilidagi “partuq” va “Devon”dagi “partu” oʻrtasidagi oʻxshashlik mulohazaga chorlagan. Solih Mutallibov: “partuq” shu – “Devon”dagi “partu”dan yasalgan-ov” demayapti, lekin shunga ishora bor.
Buni qarangki, “Devon”ni usmonli turkchasiga tarjima qilgan Basim Atalay ham “partu”ga alohida eʼtibor qaratadi, uni: “partu – üste gıyılen hirka, pardesü”, yaʼni “ustdan kiyiladigan kiyim” deb izohlab, matn tagida u ham: “Onadoʻlida bugun ham “ust kiyim” maʼnosida “pirti” (“pırtı”) soʻzi ishlatiladi” deb qoʻshimcha tushuntirish beradi (DLT. I. Ankara. 1985. 416). Shu oʻrinda Basim Atalay keltirgan “pardesü” soʻzi XIX asrda turkchaga oʻzlashgan “kiyim ustidan kiyiladigan kiyim” maʼnosidagi fransuzcha “pardessus” ekanligini aytib oʻtmoqchiman).
Onadoʻlida “ust kiyim” maʼnosida qoʻllangan Basim Atalay keltirgan “pirti” (“pırtı”) chindan ham “Devon”dagi “partu”ning bugungi kungacha yetib kelgan shakli boʻlishi ehtimolga juda yaqin. Ammo Solih Mutallibovning: “Shayx Sulaymon lugʻatida “partuq” soʻzi bor” degan maʼlumotida biroz chalkashlik bor.
Shu oʻrinda mazkur lugʻat haqida ikki ogʻiz soʻz: Shayx Sulaymon Buxoriy XIX asr boshida Buxoroning Qorakoʻl tumanida tugʻilgan, keyinchalik Buxoro amirining Usmonli davlatidagi elchisi etib tayinlanib umrining oxirigacha Istanbul shahrida yashagan va oʻsha yerda oʻzining qimmatli “Lugʻati chigʻatoyi va turki usmoniy” asarini yaratgan. Lugʻat alifbo tartibida tuzilgan va uning “p” tovushi bilan boshlanuvchi soʻzlar jamlangan “fasli po” (“فصل پا”) boʻlimida “partuq” emas, balki “partal” (“پرتل”) soʻzi bor va u: “pertel – pırtı, ufak defek eşya ve elbıse. Eştür veya büyügı, partal” – yaʼni: “partal – ustki kiyim (pirti), mayda-choʻyda narsalar va libos, oʻrtacha va yo kattasi, partal”, deb izohlangan (Qoʻlyozmada: پرتل ــ پرتی، اوفق دفك،اشیا و البسه، اشتور و یا بویوگی پرتل).
Guvohi boʻlganimizdek, Shayx Sulaymon ham “partal” soʻzini izohlashda “pirti”ni keltiryapti. Mazkur ikkala soʻzning ham “fartuk” emas, balki “Devonu lugʻotit-turk”dagi “partu”ga aloqador boʻlishi ehtimoli koʻproq.
“Devon”dagi “partu” soʻzi etimologiyasi hali tadqiq etilmagan, bizningcha, u forsiy “etak” maʼnosidagi “bar” va turkiy “kiyim” maʼnosidagi “toʻn” soʻzlari qoʻshilib “bartoʻn” shaklida yasalgan boʻlishi ehtimolga yaqin, “Devon”da ham u “barto‘” (بَرْتُو) shaklida kelgan, keyinchalik “b” tovushi talaffuzda “p”ga aylanib, soʻz oxiridagi “n” tovushi tushib qolgan boʻlishi mumkin.
Alqissa, ushbu maqolada biz ham maʼno, ham shakl jihatidan deyarli bir xil, ammo biri oʻzlashgan, ikkinchisi esa unutilgan qadimiy oʻz soʻzimizni mushohada etdik. Bu jihozni bugun biz “fartuk” yoki tilimizga moslab “partuq” deyishimiz yoki qadimiy turkiy soʻz “partu”ni isteʼmolga qaytarib, uni shunday atashimiz mumkin. Menimcha, til manfaati nuqtai nazaridan oxirgisini tanlash foydali, chunki oʻz bisotimizdagi soʻz, oʻzganing soʻzini olmadik, qolaversa, misol uchun: “fartuk kiyib oling” deyishdan “partu kiyib oling” deyish qulayroq.
Abduvohid HAYIT