1903-yilda Toshkentda bosilgan bir oʻqish kitobining 109-darsida bolalar shunday jumlani oʻqigan: “Podshohgʻa itoat etmak Haq taoloning amri durur. Podshoh kim boʻlsun, ammo anga itoat etmak har kimgʻa farz durur”. Oradan qariyb qirq yil oʻtib, 1941-yilda chiqqan “Alifbe”da boshqa bir avlod yana boshqa bir satrni yodlagan: “Biz Stalin maktabida olamiz bilim”.
Ikki kitob orasidagi butun bir davrda Turkiston maktabi uchun ikki kuch kurashdi. Biri maktabni millatning koʻzini ochadigan vosita deb bildi, ikkinchisi uni avval imperiyaga, keyin partiyaga sodiq fuqaro yetishtiradigan dastgohga aylantirmoqchi boʻldi. Bu kurashni bugun tarixchilarning umumiy xulosalari orqali emas, o‘sha davr darsliklari, dasturlari va jurnallari orqali kuzatish mumkin. Manbalarning aksariyati kutubxonalarning nodir fondlarida saqlanmoqda.
Darslik ichidagi xutba
Yuqoridagi jumla Ali Asgʻar Kalinin tuzgan “Muallimi soniy” xrestomatiyasidan olingan. Kitob rus-tuzem maktablari uchun general-gubernator ruxsati bilan chop etilgan. Uning 76-darsi bu maktabni nima uchun bitirish kerakligini ochiq aytadi: “bitiruvchi “tarjimon va yoki gumashta” boʻlib ishga kiradi, rus tili va xatini bilgan odam “amaldor” boʻladi”.
Kitobning soʻnggi darslari esa yanada qiziq. 108-darsda Turkistonning bosib olinishi “Parvardigori olamning irodasi ilan” boʻlgan voqea deb tushuntiriladi. 110-dars esa imperator Nikolay II haqiga oʻqiladigan xutbadan iborat. Unda bu xutba oʻlkadagi “tamomi musulmon masjidlarida” podshohlik bayramlarida oʻqilishi lozimligi aytiladi. Yaʼni mustamlaka maktabi bolaga islomning eng aziz tushunchalari – farz, itoat, xutba orqali imperiyaga sadoqatni singdirmoqchi boʻlgan.
Bu maktabning yakuniy maqsadini “Туркестанские ведомости” gazetasi 1902-yilda bir jumlada ifodalagan: “приучить детей думать по-русски”, yaʼni bolalarni ruscha oʻylashga oʻrgatish. Xalq buni yaxshi tushungan. Abdulla Qodiriyning sinfdoshi Akmal Akromov xotiralarida yozishicha, koʻp ota-onalar “oʻris boʻlib ketadi” deb bolasini bunday maktabga bermagan, berganlarni esa “oʻgʻlingni oʻris qilmoqchimisan” deb koyishgan.
Ammo rus-tuzem maktabiga muqobil boʻlgan anʼanaviy maktab ham chuqur inqirozda edi. Moʻminjon Muhammadjonov 1923-yilda nashr etilgan “Eski maktab turmushi yoki Tolib” qissasida buni ichkaridan koʻrsatadi. Har payshanba bolalar domlaga “bir tanga yoki uch pul” “panjshanbalik” olib kelgan. Jazolanadigan bolani yotqizib, qoʻl-oyogʻini ushlatib, “qamchin yoki tayoq ila” urishgan, badanida dog‘ qolgan. Maktabning asosiy qoidasi esa sabaqni tushunish emas, tezroq “ozodliq” olish boʻlgan. Qissa qahramoni 16–17 yoshida ham “na savodli, na hunarli” boʻlib qoladi. Muallif buning sababini otaning “usuli jadida” maktabi topilganda ham bolasini unga bermaganida koʻradi.
Buxorodagi ahvol ham bundan yaxshi emas edi. 1912-yilda chiqqan fors tilidagi “Buxoroi sharif” gazetasi madrasa islohi haqidagi maqolalarida tolibi ilm 10–15 yil arab nahvini oʻqib ham arabcha toʻgʻri yoza olmasligini aytadi. Gazetaning hisobiga koʻra, bir necha yil oldin Buxoroda 40 mingga yaqin talaba boʻlgan boʻlsa, endi maktab bolalari bilan birga ularning soni 5–6 mingga tushib qolgan. Inqilobdan keyin chiqqan “Buxoro axbori” esa amirlik maktabiga qisqa hukm chiqargan: bolalar 10–12 yil oʻqiydi, ammo oʻntadan bittasi ham savodli boʻlmaydi.
Demak, xalq oldida ikki yoʻl bor edi: farzandini ruscha oʻylashga oʻrgatadigan maktabga berish yoki uni oʻn yil yodlatib, savodsiz chiqaradigan maktabda qoldirish. Jadidlar uchinchi yoʻlni taklif qildi.
Jadidlar nimani talab qildi?
Jadidlar rus tilidan qochmagan. Mahmudxoʻja Behbudiy “Oyina” jurnalida “oʻz nafimiz uchun ruscha bilayluk, hukumat maktablarinda oʻquylik” deb yozgan. Ammo u tilni boshqa maqsadga – vatan va din xizmatiga yoʻnaltirmoqchi edi. 1907-yilda u II Davlat Dumasidagi musulmon fraksiyasiga yuborgan loyihasida ikki talabni qoʻygan: “Turkiston maktab va madrasalari hukumat nazoratidan ozod boʻlsun” va “Rus harfi musulmon millatigʻa jabriy boʻlmasun”. Bu loyiha matnini Sh.Kamoliddin va T.Kocaoğlu 2021-yilda tarjima va izohlari bilan nashr etgan.
Maʼmuriyatning javobi nazoratni kuchaytirish boʻldi. Y.Abdullayevning 1960-yilda chiqqan “Eski maktabda xat-savod oʻrgatish” kitobida keltirilishicha, 1909-yilgi maxsus komissiya eski maktablar uchun ishlab chiqqan qoidalarga koʻra, muallimlar faqat “siyosiy jihatdan batamom ishonchli” kishilardan boʻlishi kerak edi. 1910–1911-yillarda esa 50 dan ortiq yangi usul maktabi yopilgan.
Eng ibratli voqea Munavvar qori bilan bogʻliq. U 1911-yilda oʻz mablagʻi hisobidan maktabida rus tilini oʻqitishga ruxsat soʻraydi. Arizasi rad etiladi. S.Ahmedov nashrga tayyorlagan “Tanlangan asarlar”da keltirilgan 1914-yilgi inspektor hisobotida esa shunday deyiladi: “Faqat Munavvar qorida rus tilini oʻrgatish uchun ruxsat bor”. Munavvar qori keyinchalik oʻsha davrni bir jumla bilan taʼriflagan: chor politsiyasi madaniy ishlarga “bir tomondan ochilsa, ikkinchi tomondan yopa berdi”.
Jadid maktabiga qarshi ichkaridan ham bosim bor edi. 1914-yil 3-yanvarda Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi masjidida besh-olti ming kishi oldida bolasini yangi usul maktabiga bergan kishi “oʻzi kofir, xotuni taloq” deb eʼlon qilinadi. Behbudiy bu voqeani “Oyina”da yozib qoldirgan. Shunday qilib, yangi maktab ikki oʻt orasida qolgan edi.
Bir yilga yetmagan murosa
1917-yildan keyin vaziyat birdan oʻzgardi. Turkiston Maorif komissarligining 1918-yil 4-noyabrdagi 38-buyrugʻi musulmon maktablarida din darsiga istisno berdi. 1919-yil aprelda “Ishtirokiyun” gazetasida Muhammadamin Afandizoda va Munavvar qori imzosi bilan eʼlon qilingan “Xitobnoma” bu istisnoni tushuntirgan: din darsini maktab muallimi oʻqitishi mumkin, faqat imomlar oʻqitishi man etiladi. Bu jadidlar uchun maʼqul yoʻl edi. Din maktabda qoladi, ammo uni yangi usuldagi muallim oʻqitadi.
Murosa uzoqqa bormadi. 1919-yil sentyabrda tasdiqlangan Turkiston mehnat maktabi nizomi barcha maktablarni Maorif komissarligiga boʻysundirdi va maktabda din oʻqitishni butunlay taqiqladi. 1920-yilda chiqqan “Birlashgan mehnat maktablarining programmasi” esa yana bir muhim narsani tan oldi: Turkiston tabiati boshqacha boʻlgani uchun markaz dasturining koʻp qismi bu yerga toʻgʻri kelmaydi, ammo dasturning yoʻli “Turkistonning butun maktablari uchun majburiydir”. Shu dasturda maktab bitiruvchisi “hech boʻlmagʻanda tugʻgʻan shahrining budjetini” bilishi kerak deyiladi. Bola oʻrganadigan jamoat binolari roʻyxatida kooperativ, pochta, kasalxona bor, ammo masjid ham, madrasa ham yoʻq.
Shunga qaramay, jadidlar bir muddat darslik yaratishda davom etdi. F.Sayfiy va Elbek tuzgan, 1921-yilda 30 000 nusxada chiqqan “Oʻzbekcha oʻqish” kitobi “Til” sheʼri bilan ochiladi: “Kimlar erur turk tilini sotgʻuchi?” Kitobdagi “Talash” hikoyasida yangi maktab oʻquvchisi eski maktabga qarab: “Bizning yangi maktab bunday yomonliqlargʻa yoʻl bermaydir”, deydi. Navoiy haqidagi sahifada esa uni “bizning eng ulug‘ va birinchi shoirimiz” deb ataydi. Yaʼni jadid ruhi sovet davlat nashriyotining darsligida ham yashab turgan.
Buxoroda esa manzara boshqacha edi. 1922-yilda Buxoro Maorif nazorati chiqargan “Til achgʻich” alifbosi “Bismillohir-rahmonir-rahim” bilan boshlanib, “Fotiha” surasi bilan tugaydi. Turkistonda esa boshqa tamoyil ochiq aytila boshlagan edi. 1923-yilda Toshkentda kattalar savodsizligini tugatish uchun qozoq tilida chiqarilgan dasturda shunday yozilgan: oʻqitishning hammasi siyosat bilan bogʻliq boʻlishi kerak, “chunki hozir siyosatdan tashqarida hech narsa yoʻq”.
“Olti soat dars berishgina emas”
1925-yilda “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnali chiqa boshladi. Uning sahifalarida yangi maktabning vazifasi yashirilmagan. Xalq maorifi komissari R.Inʼomov maorifning maqsadini “kommunizm tarbiyasi hamda kommunizmni tuzaturgʻon kuchlar tayyorlash” deb belgilaydi va butun ishni shu maqsadga “boʻysundirish kerak”ligini yozadi. Ayni paytda u halol tan oladi: “Firqalik oʻqitgʻuvchilar bizda yoʻq diyarlikdir”.
Muallimga qoʻyilgan talab ham oʻzgardi. Komissar oʻrinbosari Riza oʻgʻlining fikricha, muallimning vazifasi “olti soat dars berishgina emas”, u “omma ichiga kirib” shoʻro qurilishida ishlashi kerak. 1929-yilga kelib bu talab tahdidga aylandi: saylov kampaniyasidan chetda qolgan muallim “yaramas” deb ataladi.
Maktabning moliyaviy asosi ham oʻzgardi. Asrlar davomida maktab va madrasalarni boqib kelgan vaqf mablagʻlari sovet maorifi budjetiga oʻtkazildi. Jurnal buni ochiq aytgan: “vaqf sarmoyasi bugun maorif sarmoyasidir”. Rasmiy hisobotga koʻra, maorif budjetidagi vaqf ulushi 1924–1925-yilda 718 ming soʻmdan, 1926–1927-yilda 1,39 million soʻmdan oshgan. Maorif komissarligining 1927-yilgi “Oʻzbekistonda maorif ishlari” hisobotida eski maktablar haqida qisqa hukm bor: ularni shoʻrolashtirish ishi “ikki yil zarfida” bajariladi, sovet maktabiga aylanmaganining esa “oʻlimini tezlatur”.
Din masalasidagi burilish ayniqsa tez boʻldi. 1925-yilda Vadud Mahmud xuddi shu jurnalda dinga qarshi majburlash emas, “ilmiy, tarbiyaviy koʻrashlar” yoʻlini yoqlagan edi. Atigi toʻrt yildan keyin N.Inoyatiy shunday yozadi: “Bizning maktabda dinsiz tarbiya emas, balki dinga qarshi tarbiyani mustahkam qoʻyilishi lozimdir”. Uning fikricha, “dinlik, yoki murosachi” muallimlarga sovet maktabida oʻrin boʻlmasligi kerak edi.
Jadidlarning oʻziga munosabat ham oʻzgardi. 1926-yil boshida jurnalda Laziz Behbudiy, Munavvar qori, Avloniy, Fitratni Turkistondagi fikriy va adabiy oʻzgarish namoyandalari sifatida sanagan edi. 1929-yilda esa jurnal adabiy muharrir Vadud Mahmud qoʻlida boʻlgan dastlabki bir yarim yilini “qora-maʼlum davr” deb atadi. Toshkentdagi jadidlar asos solgan “Turon” kutubxonasining nomi “Oktyabr”ga oʻzgartirildi, fondidan 5 000 ta kitob chiqarib tashlandi.
Alifbedagi bolgʻa va oʻroq
1930-yilda oʻtgan Butunrossiya oʻquv kitobi konferensiyasi darslikdan sinfiy dushmanga nafrat uygʻotadigan material berishni, alifbe kitobidan esa bolada kollektivchi va ishchilar sinfi ishi uchun kurashchini tarbiyalashni talab qildi. Shu ruh oʻzbek alifbelarida ham yaqqol koʻrinadi. Sh.Rahimiyning 1930–1931-yillarda 50 000 nusxada bosilgan “Savod” alifbesida bola yangi harflarni “Bu Lenin bobo. Lenin otam. Men leninchi”, “Bolgʻa oʻroq oʻrtoq”, “Pioner boʻl!” kabi jumlalar orqali oʻrgangan. Kitobdagi hikoyalardan birida bolalar dindor kattalarga: “Bu uyda yo xudoyingiz tursin, yo biz turaylik”, deydi.
Shu yillarda jadidlarga yangi tamgʻa ham bosildi. M.Buzruk Solihovning 1933-yilda chiqqan “Oʻzbek adabiyotida millatchilik koʻrinishlari” kitobida jadidchilik “oʻzbek millatchilik harakatining unvoni” deb ataladi. Muallif jadidlar millatchilikni “ayniqsa goʻzal adabiyot va maorif sohasida” yoygan deb ayblaydi. Jadid muallimlar qatagʻon qilindi: Munavvar qori 1931-yil 23-aprelda Moskvada otib tashlandi.
Behbudiyning “Rus harfi jabriy boʻlmasun” degan talabi ham taqdirini topdi. 1938-yil 13-martda milliy maktablarda rus tilini majburiy oʻqitish haqida qaror qabul qilindi, 1940-yilda esa oʻzbek yozuvi kirill grafikasiga oʻtkazildi. Oqil Sharafiddinovning 1941-yilgi “Alifbe”sida bola husnixat mashqida “Oʻroq bilan bolgʻa – bu bizning tamgʻa” satrlarini koʻchirgan.
Unutish ham siyosat edi
Urushdan keyingi darsliklar mafkurani kundalik mehnat bilan bogʻladi. 1949-yilgi ikkinchi sinf “Oʻqish kitobi”da ikkinchi yarim kunlikda oʻqiydigan bolalar kolxoz dalasiga chiqib, “shu kun 500 kilogramm paxta topshirdilar” degan matn namuna qilib berilgan. Nazorat ham yanada mukammallashdi. A.N.Volkovskiyning 1950-yilda oʻzbek tilida chiqqan inspektorlar uchun qoʻllanmasining oʻzbekcha nashrida farzandini maktabga bermagan ota-onani OʻzSSR Jinoyat kodeksining 270 va 274-moddalari boʻyicha javobgarlikka tortish koʻzda tutilgan. RSFSR Pedagogika fanlari akademiyasi 1952-yilda chiqargan “Школоведение” qoʻllanmasida inspektorga oʻquvchilarning dunyoqarashini tekshirish uchun “Моя любимая книга”, “Мой любимый герой” mavzularida insho yozdirish, ularning kundaliklari va kutubxona formulyarlarini oʻrganish tavsiya etiladi. Qoʻllanma M.I.Kalininning soʻzlarini ham keltiradi: oʻqituvchi oʻzini dunyodagi hech bir odam boʻlmagan darajada qattiq nazoratda – “под сильнейшим контролем” his qilishi kerak.
Qizigʻi shundaki, xuddi shu qoʻllanma pedagog K.D.Ushinskiyga tayanadi. Ammo Ushinskiyning boshqa bir fikri tilga olinmaydi: “Самый бдительный контроль в этом деле не поможет. Воспитатель никогда не может быть слепым исполнителем инструкции”. Yaʼni “eng hushyor nazorat ham yordam bermaydi, tarbiyachi hech qachon yoʻriqnomaning koʻr ijrochisi boʻla olmaydi”.
Sovet tizimi faqat nazorat qilmadi, tarixni ham oʻzgartirdi. I.Qodirovning 1959-yilgi risolasida jadid maktablari “burjua-millatchilik ruhidagi” maktablar deb ataladi va ularda “rus tili oʻrgatilmas edi” deb ayblanadi. Holbuki, Munavvar qori aynan rus tilini oʻqitishga ruxsat soʻragan va rad javobini olgan edi. Shu yili Fanlar akademiyasi nashr etgan “Oʻzbekistonda progressiv ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixiga doir materiallar” toʻplamiga Furqat, Muqimiy, Zavqiy kiritildi, birorta jadid kiritilmadi.
Tahrir bir tomonlama ham emas edi. Y.Abdullayev 1960-yilda rus-tuzem maktabini keskin tanqid qiladi va bu maktabning maqsadi “yerli xalqni ruslashtirish” boʻlganini yozadi. U Kalininning “Muallimi soniy” kitobidagi rus-tuzem maktabini maqtagan darsni “tashviqiy chora” deb ham ataydi. Ammo kitobni batafsil tahlil qilganda podshohga itoatni “farz” deb oʻrgatgan dars va xutbani tilga olmaydi. Har bir davr oʻtmishdan oʻziga keragini oldi, kerakmasini sukut bilan oʻtkazib yubordi.
Xulosa oʻrnida
Oltmish yil ichida Turkiston maktabi uch xil siyosatni boshdan kechirdi: imperiya, sovet hokimiyatining ilk yillari va toʻliq mafkuraviy tizim siyosatini. Har safar oʻzgarmagan bitta narsa bor edi: hokimiyat maktabda bolaning nima oʻylashini belgilamoqchi boʻldi. Jadidlar esa boshqa narsani istagandi. Ular bola oʻzi oʻylashini, ona tilida oʻqishini, dinini ham, zamonaviy ilmni ham, kerak boʻlsa rus tilini ham bilishini xohlagan.
Bugun jadidlar merosini oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bu merosni haqqoniy tiklash uchun esa keyingi davrlarning tayyor xulosalariga emas, oʻsha yillarning oʻz hujjatlariga – sargʻaygan darsliklar, dasturlar va jurnal sahifalariga murojaat qilish kerak. Ular har bir tuzum nimani yozganini ham, nimani yashirganini ham koʻrsatib turibdi.
Abbosbek MOʻMINOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat
milliy instituti yetakchi mutaxassisi