Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralar yakunlari boʻyicha OAV vakillari uchun bayonotidan asosiy fikrlar:

Ozarbayjon Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega;

Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi, u oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirish, hamkorlikni kengaytirish va umumiy kelajakni barpo etishga boʻlgan mushtarak intilishni aks ettiradi;

Ozarbayjon – bizning ishonchli ittifoqchimiz, strategik hamkorimiz va biz uchun qardosh davlat;

Umumiy tarixiy ildizlar, koʻp asrlik doʻstlik, oʻzgarmas maʼnaviy qadriyatlar va mushtarak madaniyat munosabatlarimizni mustahkam qiladi;

Bir necha yil avval tashkil etilgan Investitsiya jamgʻarmasi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surishda muhim rol oʻynamoqda;

Transkaspiy koridorining salohiyatini birgalikda rivojlantiramiz, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshiramiz, Kaspiy dengizida qoʻshma flot tashkil etish boʻyicha ishlarni faollashtiramiz;

Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning adabiy merosiga bagʻishlangan qoʻshma badiiy filmning yaratilishi muhim voqea boʻladi;

Futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida “Ikki mamlakat – bir chempionat” nomli keng koʻlamli davlatlararo dasturni amalga oshirishni taklif etdik;

Muhokamalarimizning mazmuni va kengligi Oʻzbekiston – Ozarbayjon amaliy hamkorligining kun tartibi naqadar katta koʻlam va misli koʻrilmagan dinamikaga egaligini koʻrsatmoqda;

Tashrif yakunlari ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi qoʻshma loyihalar va barqaror rivojlanish uchun yangi ufqlarni ochadi.