Prezident Shavkat Mirziyoyevning Seuldagi Oʻzbekiston – Koreya biznes forumi ochilishidagi nutqidan asosiy fikrlar:
Koreya – Oʻzbekistonning vaqt sinovidan oʻtgan doʻsti va alohida strategik sherigi;
Koreya biznesi Oʻzbekistonda shunchaki faoliyat yuritishga emas, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, texnologiyalar va infratuzilmani rivojlantirishga investitsiya kiritishga taklif qilindi;
Maqsad – Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy ishlab chiqarish, texnologik va eksport maydonlaridan biriga aylantirish;
Mamlakatimizda muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq boʻlgan 120 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan;
Oʻzbekistonning tabiiy resurslari, inson kapitali va oʻsib borayotgan bozorini Koreyaning texnologiyalari, muhandislik tajribasi va jahon brendlari bilan uygʻunlashtirish taklif etildi;
Ustuvor vazifa – shunchaki xomashyo eksport qilish emas, balki Oʻzbekistonda chuqur qayta ishlashdan tortib, tayyor yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish;
2030-yilga qadar Oʻzbekiston elektrotexnika sanoati hajmini 11 milliard dollarga, eksportni esa 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan;
Strategik vazifa – yigʻuv ishlab chiqarishlaridan zamonaviy, toʻliq siklli klasterlarga oʻtish;
Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini oʻzbekistonlik hamkorlar bilan yagona tandemga birlashtirish taklif etildi;
Nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki intellektual mulk huquqiga ega boʻlgan yangi mahsulotlarni ishlab chiqish ham muhim;
Koreyaning yetakchi kompaniyalariga ilmiy tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni birlashtirgan biofarmatsevtika klasteri tashkil etish taklif qilinmoqda;
Asosiy eʼtibor mutaxassislar tayyorlashga qaratilishi lozim. Shu bois, Oʻzbekiston – Koreya muhandislarni tayyorlash yagona taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish muhim hisoblanadi;
Koreya investorlariga transport va shahar infratuzilmasi sohasidagi loyihalar – Yangi Toshkentdagi obyektlar, aeroportlar, temir yoʻllar, avtomobil magistrallari va logistika markazlari taklif etildi;
Oʻzbekiston Koreya kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi ishlab chiqarish va eksport xabiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Shu maqsadda Oʻzbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tashkil etish taklif qilindi.