Prezidentimiz muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha asosiy maqsadlarni belgilab berdi.
– Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy oʻsishni saqlab qolishimiz zarur,
– dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish marrasi olingan. Buning uchun tadbirkorlarga yuqori daromadli ish oʻrinlari, qoʻshilgan qiymat va tashqi bozorlarni kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratib boriladi.
Toshkentda eksportga yoʻnaltirilgan biznes, Andijon, Fargʻona va Namanganda toʻliq zanjirli toʻqimachilik va mashinasozlik, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlari yangi oʻsish nuqtalari boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosida uzun qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish vazifasi qoʻyildi. Qoraqalpogʻistonda “yashil” energetika, AT va sunʼiy intellekt iqtisodiy drayverga aylantiriladi.
Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari boʻyicha raqobatbardosh klasterlar rivojlantiriladi.
– Ana shunda odamlarimiz chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi, Yangi Oʻzbekiston tadbirkorlari yangi rivojlanish bosqichiga chiqadi. Ishonchim komil, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!
– dedi davlatimiz rahbari.