Oyina.uz portali eʼlon qilgan “Ilmiy ishlardagi yolgʻonlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili” maqolasi keng jamoatchilikda, ayniqsa, soha ahli orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Bu esa muallif koʻtargan muammolar bugun jamiyatimizda oʻta dolzarb ahamiyatga egaligini yana bir bor isbotladi. Mavzu yuzasidan filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev bilan suhbatni eʼtiboringizga havola qilmoqdamiz.

– Bugungi bozor munosabatlari sharoitida ijtimoiy fanlar, xususan, tilshunoslik tabiatida qanday oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda, bozorga qanday moslashish kerak?

– Oʻzbek tilshunosligi boʻyicha hozirga qadar koʻp hollarda amaliy ahamiyatsiz, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy samaradan xoli, faqat “til oʻzida”, “ilmiy darajalar uchun” tamoyillari asosida ish koʻrildi. Bu aksariyat tadqiqotlarning allaqachonlar eskirib ketgan andaza va oʻtmishda qolgan talablar asosida amalga oshirilayotganidan ham maʼlum.

Muammo alomatlari quyidagilarda koʻzga tashlanadi: a) tilshunoslik doirasida davlat ilmiy tadqiqot grantlariga daʼvogar har qanday anʼanaviy mavzudagi loyihani dolzarbligidan qatʼi nazar, oʻzaro shaxsiy yoki boshqa munosabatlar asosida toʻla maʼqullash yoki osongina rad etish mumkin; b) aniq, tabiiy, iqtisodiy fanlar boʻyicha yangi talablar asosida dissertatsiya himoyalariga keng yoʻl boʻlgani holda, tilshunoslik sohasida koʻplab sunʼiy cheklov va ularni “aylanib oʻtish” imkoniyati mavjudligi; s) lingvistik yoʻnalishda tayyorlangan va himoyaga qoʻyilgan har qanday dissertatsiyani subyektiv asosda, sifati va ahamiyatidan qatʼi nazar, istagancha yuqori baholash yoki xohlagancha chippakka chiqarish mumkin. Bu – achchiq haqiqat.

Muammo sababi shundaki, sobiq tuzum davrida tilshunoslik boʻyicha ilmiy ishlar davlat buyurtmasi asosida emas, balki faqat tadqiqotchilar tashabbusi bilan, asosan ilmiy daraja olish maqsadida olib borilgani, fan xarajatlari ham aslida aniq va tabiiy fanlarga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplangani sir emas. Bugungi kunda maqsadli talab va taklif munosabatiga eʼtibor qaratmaydigan sotsialistik tilshunoslik fani toʻla-toʻkis inqirozga yuz tutdi deyish mumkin. Almisoqdan qolgan maqsad va foydasiz vazifalar asosida ish koʻrayotgan, natijalarini isteʼmolchilar soʻramayotgan “jonsiz” va amaliy tatbiqsiz mazmundagi tilshunoslik fani toʻliq boqimanda sohaga aylangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shuning uchun ham himoyaga qoʻyilgan dissertatsiyalarga OAK bildirayotgan asosiy va haqli eʼtiroz – ilmiy natijalarning, yumshoqroq aytganda, amaliyotga tatbiq etilmagani (aslida tatbiq etib boʻlmasligi)dir. Hatto yangi yoʻnalishlar sifatida qaraluvchi, aslida Gʻarbga taqlid ruhidagi kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya kabi sohalar ham jamiyat taraqqiyoti uchun qanday foyda berishi haqida oʻylab koʻrish ularning mohiyatini anglashga yetarli.

Har qanday tadqiqot bevosita yoki bilvosita yo oʻrganish obyektini, yo undan foydalanishni takomillashtirish bilan shugʻullanadi. Shu maʼnoda tilshunoslikdagi anʼanaviy lugʻatshunoslik sohasi bilan bogʻliq ishlar, garchi sanoqli boʻlsa-da, tahsinga loyiq, albatta.

Tilshunoslik oʻtgan asrda shaxs savodxonligi uchun lingvistik baza tayyorlash maqsadida taʼlimiy yoʻnalishda rivojlangan boʻlsa, XXI asrda uning kompyuter “savodxonligi”, yaʼni kompyuterning tabiiy tilni “egallashi” uchun matematik modellashtirishga, shaxs maʼnaviyati va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan zamin hozirlashi juda zarur. Shu maʼnoda oʻzbek tilshunosligi (matematik) modellashtiruvchilar, giperleksikografiya mutaxassislari, maʼnaviy-maʼrifiy tuzilmalar tomonidan beriladigan tizimli buyurtmalarni kutib qolmoqda.

Mamlakatimizda shiddat bilan rivojlanayotgan bozor munosabatlari tilshunoslikning maqsadli yoʻnaltirilgan, isteʼmolchi talabi asosida bajariladigan iqtisodiy va ijtimoiy samarador sohalari rivojlanishini kuchli taqozo qilayotir.

– Xoʻsh, muammo shunday ekan, uning yechimiga doir qanday takliflaringiz bor?

– Muammo yechimi quyidagilarda namoyon boʻladi:

1) tegishli soha vazirlik va qoʻmitalari, korxona va tashkilotlar lingvistik tadqiqot yoʻli bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlab, muammolar bankini yaratish, ularni fan yoʻnalishlari boʻyicha tasniflash, ilmiy ish bajaruvchi tashkilot va korxonalarga yuborishi lozim;

2) tilshunoslik boʻyicha faoliyat yuritadigan ilmiy va oʻquv-ilmiy muassasalar tegishli sohalardagi tadqiqot yoʻli bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlash, muammolar bankini yaratish va tasniflashda ularga koʻmaklashishi zarur;

3) til muammolari boʻyicha faoliyat yuritadigan ilmiy va oʻquv-ilmiy muassasalar ichki imkoniyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish sohalari boʻyicha fundamental, innovasion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmat tizimi va strukturasini ishlab chiqishi kerak;

4) tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat yuritadigan ilmiy va oʻquv-ilmiy muassasalar ishlab chiqarish sohalari boʻyicha fundamental, innovasion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmatlarini taklif etishi lozim;

5) yuridik shaxslarning ushbu fan yoʻnalishlariga homiylik xizmatini joriy qilish va buning uchun ularga imtiyoz va qulayliklar yaratilishi kerak.

Tilshunoslik fan va ishlab chiqarish uzviyligi tizimida bunday yoʻsinda ish yuritishga hali oʻtgani yoʻq. Masalan, informatsion texnologiyalar uchun oʻzbek tilining lingvistik bazasini yaratish yoki til va maʼnaviyat yaxlitligi haqida gap ketar ekan, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat samaradorligi uchun zarur tilshunoslik tadqiqotlariga tegishli muassasalardan hanuz birorta ham buyurtma berilgani yoʻq, desak xato boʻlmaydi. Holbuki, yangi asrda faqat amaliy tatbiqqa ega, natijalarini isteʼmolchilar soʻraydigan va ularga ijtimoiy-iqtisodiy samara taklif etadigan tilshunoslik oʻz kuchi bilan yashashga haqli.

– Olimning salohiyati ilmiy maktab yaratishda namoyon boʻladi. Siz ilmiy maktab tushunchasini qanday izohlaysiz? Oʻzingizning ham ilmiy maktabingiz bormi, uning ijtimoiy eʼtirofi qanday?

– Ilmiy maktab ilmiy qarashlar yaxlitligi va betakrorligiga asoslangan ilmiy jamoa boʻlib, kafedra, institut, mamlakat doirasida olimlarning maʼlum bir ilmiy gʻoya atrofida birlashuvi asosida shakllanadi. Ilmiy maktab zakovati, qiziqishlar doirasi hamda ish uslubi yangi-yangi isteʼdodlarni kashf qilish va jalb etishda katta ahamiyat kasb etadigan fan dargʻasi taʼsirida tashkil topadi. Bu ilmiy jamoa ichidagi munosabatlar tadqiqotlarning natijalari emas, balki ijodiy ilmiy ishlar samaradorligini sezilarli darajada oshiradigan asil gʻoyalar haqidagi axborot almashuvlari koʻrinishida boʻladi.

Bir ilmiy gʻoya muayyan maktab doirasida turli koʻrinishga ega boʻlishi ham mumkin. Bu ijobiy hodisa boʻlib, yangidan-yangi maktablar shakllanishi va taraqqiy etishiga turtki beradigan firqa va taraflar yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

“Ilmiy maktab” atamasi ikki holatda qoʻllanadi:

1)  umumiy qarash, gʻoya va qiziqishlar olimlarni birlashtiradi, uzviy hamkorlikka olib keladi. Bu yosh talantlarni jalb qilib, yangi fan sohalarining koʻp yillik taraqqiyot darajasi va yoʻllarini belgilab beradi. Bunday maktab “baxtli vaziyat mahsuli” oʻlaroq tashqi qoʻllab-quvvatlashni taqozo etadi;

2)  ilmiy avlodlar almashsa ham, saqlanib qoladigan va rivojlanib boradigan aniq mavzu, umumiy qarash, qiziqish va anʼanalar sistemasi asosida tashkiliy ravishda birlashtirilgan ilmiy jamoa.

Ilmiy maktab belgilari:

·       ilmiy qiziqishlar uygʻunligi va tadqiqotlar mohiyatining umumiyligi;

·       asillik va betakrorlik;

·       ilmiy natijalarning yuqori darajasi va maktabning ijtimoiy tan olinishi;

·       yetakchining rolini va maktabning istiqbollarini taʼminlaydigan vorisiylik.

Oʻzbek tilshunosligida yangi ilmiy maktab shakllanmoqda, deyishimiz mumkin. Men yuqoridagi belgilarni oʻzbek milliy amaliy tilshunosligida koʻryapman. U “oʻzbek tili imkoniyatlaridan amaliy foydalanish samaradorligi” umumiy gʻoyasi ostida rivojlanmoqda. Ilmiy maktab – original gʻoya asosida tizimli va jamoaviy ishlash degani. Shu maʼnoda oʻzida substansial-pragmatik tilshunoslik, oʻquv lugʻatchiligi, korpus tilshunosligi, lingvomaʼnaviyatshunoslik, lingvistik ekspertologiya, kognitiv-pragmatik taʼlim, gradual leksikografiya kabi oʻzbek tilshunosligida (ayrimlari jahon tilshunosligida) amaliy samarador boʻlgan mutlaqo yangi sohalar boʻyicha qoʻlga kiritgan natijalarimiz jamoani ilmiy maktab deyishga asos boʻla oladi, deb oʻylayman. Ilmiy maktabning asosiy zohiriy belgilaridan biri shundaki, tadqiqotlar tizimli boʻlganligi sababli jamoaviy monografiyalar chop qilish mumkin.

– Ilmiy jamoangizni juda katta deyishadi. Shogird ustoz bilan shogird, ustoz shogird bilan ustoz. Koʻp eshitamiz, koʻpchilik yosh tilshunoslikka talabgorlar Sizga talpinadi...

– Gapning ochigʻi, aksariyat yosh tadqiqotchilar tilshunoslik boʻyicha mendan mavzu olishni istaydilar. Buni nokamtarlik desangiz ham aytaman. Nafaqat Toshkentda, viloyatlarda ham. Yosh isteʼdodlar yukinib, yalinib-yolvorib kelishadi. Qanday yoʻq deyman? Ularning koʻkragidan itarish uchun Alloh menga bu missiyani yuklamagan. Ularga mening shogirdlarimga yomon munosabatda boʻlishlarini, himoyalari qiyin kechishini ham koʻp aytaman. Axir, yetarli darajada “doʻstlarim” ham bor. Ular men haqimda har xil gaplar tarqatib yurishadi. Albatta, shogirdlarimizning saviyasi ham har xil. Shogirdingiz koʻp boʻlsa, kammahsul olimlar dissertatsiya yozib beradi, deyishadi. Kulgili tomoni shundaki, ishlarning saviyasi biroz past boʻlsa, ustozi aybdor, juda yaxshi chiqqan boʻlsa, yozib bergan, deydilar. Xullas, baribir gap topishadi. Lekin bizning jamoada qobiliyatsizlar yoʻq.

Shuningdek, men mansabdor ham, kengash yoki seminar raisi ham, aksariyat shogirdlarim himoya qilayotgan kengashlarning aʼzosi ham emasman. Biror shogirdim kengash raisi emas, OAKda hech kimni tanimayman ham, u yerda tanish-bilishlik bilan ish bitishini tasavvur ham qilolmayman. Xullas, shogirdlarni koʻpaytirish va himoyasini tashkil etish uchun hech qanday maʼmuriy richagga ega emasman. Faqat shogirdlar bilan ishlayman, xolos. Muammoni toʻgʻri qoʻyish, yechish mexanizmini tavsiya etish va aniq ilmiy-amaliy natijalarni koʻrsatish – mana, nima muvaffaqiyat garovi.

Bilasiz, zamonaviy pedtexnologiyalarda “Nilufar guli” degan grafik organayzer bor. Bu tadqiqotni rejalashtirishda juda qoʻl keladi. Hali bu metodni ilmiy tadqiqotda bizdan boshqa biror kim qoʻllaganini bilmayman. Balki qoʻllaganlar bordir. Lekin kim xohlasa, kelsin, oʻrgataman. Keyin bizda ish tugaganda tadqiqotning ilmiy yangiligini bir jumlada aytib berish sinovi bor. Shu vazifani uddalasa, himoyaga tayyor deb hisoblaymiz. Masalan, “oʻzgalovchi oʻzbek tilida mustaqil grammatik kategoriyadir” degan hukm mutlaqo yangilik va buni oldin hech qim aytmagan. Bu bir dissertatsiya ilmiy yangiligining jumladagi ifodasi.

Yoshlar mening oldimga jamiyatga foydasi tegadigan, amaliy ahamiyatga molik tadqiqot qilmoqchimiz, Siz shunday mavzular berasiz, chiqishlaringizni oʻqiymiz, anʼanaviy yoʻsindagi tadqiqotlar ustida ishlash niyatimiz yoʻq, deb kelishadi. Bu menga Allohning inoyati va neʼmati, bu ishonchni oyoqosti qilishdan qoʻrqaman. Gaplarim nosamimiy boʻlsa, ana, marhamat, istagan shogirdim bilan gaplashishingiz mumkin.

– Siz shogirdlarga qanday munosabatda boʻlasiz? Samarali ilmiy rahbarlik faoliyatingiz siri nimada?

– Yosh isteʼdodlar menga intilishlarining yana bir sababi – men ularni tinglay olaman, savollariga javob ola bilishadi, ularni qoniqtiradigan gʻoyalar bera olaman. Eng muhimi, ularga INSON deya qarayman, oʻzim bilan teng koʻrib munosabatda boʻlaman (boshqalarni kamsitmayapman, men oʻzimni bilaman), dissertatsiyasidan boshqa topshiriq bermayman.

Dissertantlar bilan maxsus “Tarmoqli jadval” asosida ishlayman. Buni nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoda miqyosida ham koʻrmagansiz. Qolaversa, yana bir narsani aytaman. Boshqa ustozlarning koʻplab shogirdlari ham ishlarining rejasini tuzish, ilmiy yangiliklarini shakllantirish uchun menga kelishadi. Ularga beminnat yordam beraman. Axir, buni zimmamga Haq tomonidan yuklangan vazifa deb bilaman.

– Umuman olganda, bir paytning oʻzida qancha shogird bilan ishlash mumkin. Buning meʼyorlari bormi?

– Agar menga oʻzim ishlayotgan muassasada oliy taʼlimdan keyingi taʼlim instituti (doktorantura, mustaqil izlanuvchilik) talabgorlari uchun ular soni qancha boʻlsa, hammasi uchun haq toʻlanadigan boʻlsa, yillik oʻquv yuklamam faqat rahbarlikning oʻzi bilan toʻlib ketadi. Shu nuqtai nazardan meʼyor belgilab qoʻyilishi mantiqan toʻgʻri.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-mayda chiqarilgan 304-son qarori oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlari (doktorant va mustaqil izlanuvchilar) uchun chiqarilgan. Qarorning 8-bandida fan doktori bir vaqtning oʻzida oliy taʼlimdan keyingi institutda tahsil olayotgan 6 nafargacha izlanuvchiga rahbarlik qilishi mumkinligi aytilgan. Lekin bu meʼyor bitta taʼlim tashkilotidami yoki barcha taʼlim tashkiloti uchun umumiymi? Yoki bir taʼlim tashkilotining kollegial organi boshqa taʼlim tashkilotining kollegial organi uchun ham xulosa beradimi? Bir tahlil qilib koʻring. Ushbu Nizom bilan tartibga solinmaydigan, yaʼni oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida oʻqimaydigan, ilmiy rahbar uchun pul toʻlanmaydigan erkin tadqiqotchilarga rahbarlik qilish ham 6 nafargacha belgilab qoʻyilganmi?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2017-yil 16-fevraldagi PF-4958-son Farmoni 4-bandining a) va b) qismlarida erkin himoya qilishga ruxsat berilgan. Ularga rahbarlik qilishga chegara qoʻyilmagan. Demak, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikdagi shogirdlar soni bir OTMda 6 tadan oshmasligi kerak. Lekin erkin tadqiqotchilarga cheklov qoʻyilmagan. Chunki bundan davlatga hech qanday ziyon yoʻq. Kecha “Lisonut tayr” oʻqiyotib koʻzim tushdi. Shayx Sanʼonning 400 nafar muridi boʻlgan ekan. Ustozni ihotalab boʻlmaydi, bu uning salohiyatiga bogʻliq.

– Fan va amaliyot uygʻunligi haqida gapirdingiz. Bajarilayotgan tadqiqotlarning lingvistik mahsulotlar yaratishdagi roli qanday? 

– Lingvistik mahsulotlar juda koʻp. Ularning eng anʼanaviy va maʼlumi, lugʻatlar, meʼyoriy grammatikalar. Masalan, “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”, “Oʻzbek tilining talaffuz lugʻati”, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” va milliy grammatikalarimiz – madaniyatimizning ajralmas qismi. Ular qanchalik mukammal boʻlsa, tilimiz va nutqimiz shunchalik rivojlanadi. A.M.Peshkovskiy “grammatika tilni boshqaradi” deganda tilning tabiatini toʻlaqonli aks ettiradigan shunday mukammal grammatikani nazarda tutadi.

Arab tilining mukammal grammatikasini yaratgani uchun ham yurtdoshimiz Zamaxshariy bizdan koʻra arab xalqlarida koʻproq mashhur. Shu maʼnoda “Oʻzbek tili izohli lugʻat”larining yangi-yangi nashrlari boʻlayotgani – hammamizning yutugʻimiz va quvonchimiz. Juda katta oʻzgarishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, uning sifati uchun hammamiz burchlimiz ham. Oʻzbek tilining izohli lugʻatlari boʻyicha yuzlab maqsadli yoʻnaltirilgan tadqiqotlar yaratilishi kerak. Axir, bu jahon tajribasida bor.

Mening rahbarligimda Eʼzoza Sobirova tomonidan yozilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da huquqiy terminlarning berilishi” mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasida qarshi fikrdagi ayrim olimlarning eʼtirozlariga nisbatan ustozimiz professor Nizomiddin Mahmudovning bildirgan fikrlari biz uchun qimmatli metodologik ahamiyatga ega: “Mavzu toʻgʻri tanlangan. Bu tipdagi dissertatsiyalarda, masalan, boshqa fan sohalariga oid terminlar ham xuddi shu tarzda tadqiq qilinishi kerak. Bunga oʻxshagan ishlar faqat lugʻatning yana ham boyishiga, yana ham takomillashishiga va muayyan noqisliklar boʻlsa, bartaraf qilishga imkon beradigan ham nazariy, ham amaliy ish sifatida diqqatga molik”.

Bugun barcha sohalar terminologiyasi boʻyicha (maʼnosi davr oʻtishi bilan oʻzgargan, lugʻatga kiritilishi zarur boʻlgan terminlarni aniqlash, ularni izohli lugʻatda berishga doir, yaʼni izohlash, dalillovchi misollarni tanlash va hokazo) qator tadqiqotlar yaratilishi kerak va ular faqat va faqat lugʻatlarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Axir, bu davlatimiz va hukumat hujjatlarida oʻz aksini topgan. Ilmiy tadqiqotlarsiz lingvistik mahsulot yaratib boʻlmaydi. Shunday ekan, hozirgi izohli lugʻatimizni zarracha ham kamsitmagan holda taʼkidlaymanki, uni yanada takomillashtirish va zamonaviylashtirish uchun koʻplab fundamental, innovatsion tadqiqotlar bajarilib, yechimlar tavsiya etilmoqda.

Oʻzbek milliy semasiologiyasining ulkan yutugʻi boʻlgan gradual semasiologiya boʻyicha natijalarni lugʻatga tatbiq etish yuzasidan fundamental va innovatsion leksikografik tadqiqotlar bajarilishi lozim. Yoki oʻzbek tilida omonimiya va polisemiya qatorida oraliq vaziyatni egallaydigan polifunksional soʻzlar analizatorining lingvistik taʼminoti boʻyicha fan doktori va dasturiy taʼminoti boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyalaridan lugʻat tuzish jarayonida unumli foydalanish mumkin. Ana  bular fan va amaliyot mushtarakligiga yaqqol misol boʻla oladi.

– Sogʻlom ilmiy muhit tadqiqot uchun juda muhim. Siz tilshunoslikdagi bugungi ilmiy muhitdan qoniqasizmi?

– Savolingiz oʻrinli. Tilshunoslikning oʻtgan davrida koʻp hollarda fanga begona ayrim “olim”larning xizmatlari oʻlaroq ayirmachilik kayfiyati ham baʼzi-baʼzida boʻy koʻrsatib turardi. Ammo men tilshunoslikning bugungi iqlimidan juda ham mamnunman. Bunda fanimiz donishmand dargʻalarining roli katta va ulardan behad minnatdorman. Oʻzbek tilshunosligi bu borada Nizomiddin Mahmudov, Samixon Ashirboyev, Raʼno Sayfullayeva, Hamidulla Dadaboyev, Ibodulla Mirzayev, Suyun Karimov kabi ulug‘ ustozlarimiz oldida hamisha qarzdordir. Qarzdorlik hissi esa zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Buni unutmasligimiz kerak.

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!