Oʻzparastlik va fikrsizik
Dunyo boʻylab kechayotgan murakkab maʼnaviy jarayonlar haqida mashhur olim Sergey Kapitsa bildirgan quyidagi fikrlar ushbu maqolaning yozilishiga turtki boʻldi: “Insonga biroz tin olib, boʻlayotgan voqealarni tafakkur qilish uchun imkon berishmaydi. Biri biridan badtar oxiri yoʻq seriallar, axloqsiz estrada, tantiqlik va jizzakilik xarakteridagi filmlar – barchasi astalik bilan ong ostiga taʼsir etib, egoizm va zoʻravonlik urugʻlarini sepadi. Risoladagidek odam qisqa vaqt ichida mutlaqo maʼnisiz hayot kechiruvchi, qadriyatsiz hayvonga aylanadi.” Bashariyatning maʼnaviy ahvoliga qoʻyilgan bu tashxis asosli. Darhaqiqat, XXI asrga kelib, inson muammosi yanada murakkablashib ketdi. Insonni inson sifatida tutib turgan tuygʻular tobora gʻariblashib borayapti. Koʻzlari qotib qolgan bolalarni koʻrganingda qoʻrqib ketasan. Bugunning odami dunyoning narigi chekkasida nima boʻlayotganini, hatto koinotda ne hodisalar kechayotganini yaxshi biladi, lekin oʻzini bilmaydi. Bu odam million xil mayda-chuydalar-u temir-tersaklar ichida izgʻib, tobora oʻzidan uzoqlashib borayapti. U informning temir qutisi kabi tinimsiz informatsiya qabul qiladi, informatsiyadan sira toʻymaydi, lekin tafakkur qilmaydi, qaqshab quriyotgan gul kabi tuygʻulariga ozgina suv sepib qoʻyishni bilmaydi. Oqibatda bunday odamlar Kapitsa taʼkidlaganiday “qadriyatsiz hayvon”ga aylanib qoladi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, internetda shov-shuv koʻtarish, baqir-chaqir qilish juda oson boʻlib qoldi. Internet cheksiz-chegarasiz shov-shuvlar bozoriga aylandi. Hamma – yosh-u qari shu bozor ichida tagi teshik xaltasini koʻtarib yuradi. Bunda shovqin-suron yoki biror bemaʼni harakat bilan besh daqiqada butun dunyoga tanilishing mumkin. Besh daqiqa mashhur boʻlasan, soʻng birdan qumga singgan tomchiday gʻoyib boʻlasan, esdan chiqib ketasan. Chunki sening ortingda yana ming-minglab soxta shuhrat qullari yoqa yirtishib, navbat talashib yotibdi. Toʻgʻri, baʼzi oʻrinlarda, zarur hollarda mavridi bilan shov-shuv koʻtarish ham kerakdir. Lekin bemaʼni shov-shuv, tiyiqsiz shovqin-suron, tupukka botgan baqir-chaqirlar olomonning eng yaxshi koʻrgan ozuqasidir. Bu narsalar olomonga kuch beradi. Millat uchun esa tafakkurni oʻzgartirish, fikrni ulgʻaytirish muhim. Baqir-chaqir, shov-shuvlar bilan tafakkurga taʼsir etib boʻlmaydi. Bunda fikr ulgʻaymaydi, aksincha, oʻladi. Fikr baqir-chaqirni yoqtirmaydi. Fikr tinglanishi, shovqin-suronlarga gʻarq boʻlib ketmasligi kerak. Men bir ziyoli sifatida yuzlab telekanallar, son-sanoqsiz ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, ulardan fikr izlab oʻtiraman. Lekin afsuslar boʻlsinki, fikr degani anqoning urugʻiga aylanib borayapti. Baʼzan televizorda ikki-uch soatga choʻziladigan otish, oʻldirishdan iborat qonga botgan jangari filmlarga koʻzim tushib qoladi. Ulardan tirnoqcha foyda yoʻq, aksincha togʻcha zarar bor. Jaholat axlatxonalarida toʻzgʻib yotgan bunday “musorlar” ichida qanchadan-qancha yoshlar izgʻib yuradilar va bu “yoqimli tomoshalar” ularning qalbini vayron qilayotganini bilmaydilar. Fikrsizlik mudhish illat, bu illat odamni oʻzidan ayiradi, elidan, vatanidan ayiradi.
Maʼnaviy iqlim oʻzgarishlari
Men bobom va momomga ergashib yurib katta boʻlgan bolalardanman. Endi yoshim oltmishga yaqinlashganda oʻylab qarasam, bobom bilan momomning eng koʻp ishlatadigan soʻzlari “el-yurt” degan soʻzlar ekan. Ular bu soʻzlarni ichki bir hurmat va qarzdorlik hissi bilan tilga olishardi, pirning otini ataganday aziz tutishardi. Bugun bu soʻzlarni davralarda aytsangiz koʻplar qizil soʻzlar, shunchaki balandparvoz gaplar deb qarashadi. Nega shunday boʻldi? Nega?.. Aza vaqtlarida dardini koʻtarolmayotgan momolarim “Elim-ov, yurtim-ov!” deb shu soʻzlarga suyanganini eslayman. Toʻy-u tantanalarda, koʻpkari-kurashlarda “Elim-yurtim, tovim” deb qaddini magʻrur tutgan bobolarimni eslayman. Nega bugun bu aziz soʻzlarni kimlardir shunchaki joʻn soʻzlar, koʻpchigan minbarlar uchun navbatchilik qiladigan sayoz gaplar deb qabul qilishadi. Bu menga juda alam qiladi. Yigitlarga kuch-gʻayrat bergan, qizlarga nomus bergan bu soʻzlar nega bu ahvolga tushib qoldi? Ularni kimlar shu holga soldi? “Elim-yurtim” degan soʻzlarni miyigʻida kulib, kinoya bilan aytadigan odamlar ham paydo boʻldi. Buning har xil sabablari bordir. Bu haqda toʻxtalmoqchi emasman. Faqat doimo maʼnaviy mezonlarning ob-havosini belgilab turgan tushunchalardan putur ketayotganini taʼkidlamoqchiman. Bu tushunchalar ozon qatlami kabi yemirilib ketayapti. Oqibatda maʼnaviy iqlim oʻzgarishlari tabiiy iqlim oʻzgarishlaridan koʻra koʻproq xatarli tus olmoqda.
Puldan vatan yasab boʻlmaydi
Egoizm bizda xudbinlik, oʻzidan boshqani koʻrmaslik, faqat oʻzinigina oʻylash, oʻzi uchun hamma narsani qurbon qilish, oʻzparastlik maʼnolarida tushuniladi. Asrlar mobaynida bobolarimiz bu illatga qarshi kurashgan va yaxshi natijalarga erishgan. Bugungi kunga kelib egoizm zulmati dunyoni mavhum qorongʻilikka tortayapti. “Har kim oʻzi uchun yashashi kerak! Oʻzim boʻlsam boʻldi, boshqalar nima boʻlsa boʻlavermaydimi?” kabi bezbet gʻoyalar millionlab miyalarning achigan qatigʻiga aylandi. Hamma narsaga jon kuydirib yuradigan, dunyoning pok boʻlishini istaydigan, aʼlo oʻqiydigan, jamoat ishlarida faol, bilimli, begʻubor bolaginaning ustidan bir toʻp sinfdoshlari “Patrioitmisan? Ahmoq!” deb kulishadi. Bir paytlar oʻziga oʻtib ketgan birovning haqqini oʻttiz yildan keyin qaytarib berayotgan odamni “Oʻzini koʻrsatmoqchi, Tik tokka qoʻyishsin, degan umidda shunday qilayotgandir-da” deb masxaralashadi. Oʻgʻlining qadam olishi bejoligini sezib, shu bolam haromxoʻr, poraxoʻr boʻlib ketmasin deb rahbariyatga oʻgʻlini ishdan boʻshatishni soʻrab borgan otani goʻl va ahmoqqa chiqarib ustidan kulishadi. Bizda azaldan eldan ayrilishni fojia deb bilganlar. Lekin keyingi paytlarda buni sharaf, martaba deb biladiganlar paydo boʻlayapti. Bepisandlik, kibr-u havo, odamlardan ayricha yashash, oʻz bolasi bilan ona tili qolib, oʻzga tillarda gaplashish, qayerda maishat yaxshi boʻlsa, oʻsha joyni Vatan deb bilish... kabi oʻlik qarashlar ayni holga yel puflayapti. Puldan xudo yasash, puldan vatan yasash bundaylarning nomai aʼmoliga aylanib qolgan. Baxshilarimiz aytishgan-ku:
Nodonlar yigʻlaydi puldan ayrilsa,
Mard yigitlar yigʻlar eldan ayrilsa.
Tuproq biz uchun oddiy loy emas, bobolar xoki hamdir. Shuning uchun xalqimiz tuproqni eʼzozlagan. Tilimizda “ona tuproq” degan ibora bekorga paydo boʻlmagan. Momolar uzoq safarlarga ketayotgan farzandlariga bir chimdim tuproq tuyilgan tumor berishgan. “Unib oʻsgan yeringni, elingni unutma! Shu tuproqning hidi senga yurtingni eslatadi”, deyishgan-da.
Bobom oʻtgan asrning qirqinchi yillarida hozirgi Kakaydi qasabasining bozorida tojikistonlik bir odamga sigirini sotadi. Olti yil oʻtib, oʻsha sigir olti bolasini ergashtirib, salkam ikki yuz chaqirim yoʻl bosib, Surxondaryoga, Boymoqli qishlogʻiga, bobomning hovlisiga kirib keladi. Ana moʻjiza-yu, mana moʻjiza! Ne-ne past-balandni, yaxshi-yomonni koʻrib-kechirgan donishmand el ham bunday hodisaga kamdan-kam duch keladi. Keyin bobom bozorga borib, olti yil avval sotilgan sigirining uyga qaytib kelganini, mabodo sotib olgan egasi kelib qolsa, Boymoqliga borishini ayttirib jar soldiradi. Keyingi bozorda sigirning egasi qishlogʻimizga keladi va bir buzoqni bobomga qoldirib, mollarini olib ketadi. Men ertak aytayotganim yoʻq. Hozir toʻqson ikkiga kirgan onam oʻsha sigirni olti bolasi bilan koʻrgan. Oʻzining tuprogʻini sogʻinib qaytib kelgan bir jonivor haqida hozirgacha eldoshlarim gapirib yurishadi. Oʻz tuprogʻiga bir hayvonning talpinishi shuncha ekanki, bu ehtiyoj odamda qanday kechadi? Odam qayga bormasin, dunyoning qaysi burjida yurmasin, uning ildizlari ona tuprogʻida qoladi va muntazam oʻziga tortib turadi. Agarki, u oʻz ildizlaridan tamomila uzilib ketmagan boʻlsa... shunday boʻladi. Tuproqning siri ham shunda.
Shaxs va kas muammosi
Bir filmda gʻaroyib bir epizodni koʻrdim. Ayol erkakka: “Oʻzing haqingda gapirib ber” dedi. Erkak unga vatani haqida gapira boshladi. Ayol uni toʻxtatdi va: “Men sendan oʻzing haqingda gapirib berishingni soʻradim, vataning haqida emas” dedi. Erkak ajablanib ayolga qaradi va shunday dedi: “Odam Vatani haqida gapirmasdan, qanday qilib oʻzi haqida gapirishi mumkin”.
Juda ajoyib! Shunday emasmi? Vatanimiz bu bizning oʻzimizdir. Qizigʻi shundaki, biz oʻzimiz haqida gapirayotganimizda vatanimiz haqida gapirayotgan, Vatanimiz haqida gapirayotganda, oʻzimiz haqida gapirayotgan boʻlamiz. Shuning uchun imkon boricha, bu narsaga yolgʻonni aralashtirmaslik kerak. Yolgʻon qoʻshib, oʻzimizni ham Vatanimizni ham aldamaylik. Bir narsa aniqki, odam oʻzini vatanisiz tanishtirolmaydi.
Darvoqe, mavzumiz egoizm va fikrsizlik haqida edi. Lekin meni mavzudan chetlayapti deb gumon qilmang. Egoizm eldan ayirsa, fikrsizlik yurtdan ayiradi. Fikrsizlik ham tez urchiydigan illat ekan. Uning paydo boʻlishi, moyilligi borlarni tez oʻpqoniga tortishi, odamlarni tanballik va befarqlikka oʻrgatib qoʻyishida koʻplab sabab va omillar bor.
Men toʻy-u tomoshalarda, yigʻinlarda, konsertlarda yurtni buzib shovqin suron koʻtarayotgan qoʻshiqlarning yoshlarga taʼsirini sezib, koʻrib turaman. Bunday bemaʼni qoʻshiqlar yoshlarni fikrsizlikka yetaklaydi, poda qilib tashlaydi. Biz koʻp oʻrinlarda Shaxs va kasning farqiga bormay qolayapmiz. Koʻpgina yoshlarimiz Aytmatov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva kabi Shaxslardan koʻra, almoyi jalmoyi ohanglarga yoʻrgʻalayotgan biron estrada xonadasiga koʻproq ragʻbat koʻrsatadilar. Balki koʻproq deb xato qilayotgandirman, butunlay desam toʻgʻri boʻlar. Zamonaning ozgani, otdan eshak oʻzgani deb shunga aytadilar-da.
Surxondaryoda bir toʻyda nomdor bir estrada xonanadasining bemaʼni baqir-chaqirlariga, koʻpchigan qiyqiriqlariga jazavaga tushib qiyshanglayotgan yosh-u qarini koʻrdim. Ular shunchalar bemaʼnilashgan ediki, bunga chidash ogʻir edi. Ular nima qilayotganlarini oʻzlari bilmas, qay ahvolga tushganini sezmas edilar. Bemaʼnilik juda xunuk koʻrinar ekan. Bu betiyiq jazava koʻrinishi binoyiday odamlarni ajinalar holiga solgan edi. Beixtiyor, “Shu mening elimmi? Shu mening odamlarimmi?” deb yubordim. Mening elim qani, Bobo? Mening yurtdoshlarim qani, Momo? Bular begonalar-ku! Mening tomirlarim qani, Surxondaryo?
Ota-onasiz qolgan yetim emas, maslahatsiz qolgan yetimdir
Yaqinda bir birodarimizning shahar markazidagi koʻp qavatli uylardan biridagi xonadoniga borishimga toʻgʻri keldi. Uchinchi qavatdagi eshikdan kirar ekanman, qarama-qarshi tomondagi eshik ochilib, gʻoʻddaygan bir odam chiqib zina tomonga yurdi. Unga salom bergandim, alikni nasiya qilib joʻnavordi. Mezbon birodarim eʼtibor qilmang, deganday xijolatomuz bosh chayqadi. Ichkariga kirib oʻtirganimizda men undan qoʻshnisi haqida soʻradim. Mezbon hafsalasizlik bilan: “Kimliginiyam bilmayman” dedi. Men: “Yaqinda koʻchib kelganmi?” dedim. “Yoʻq, – dedi birodarim, – olti yildan beri yonma-yon yashaymiz. Lekin bir-birimizni tanimaymiz. Koʻrishib qolsak, bosh irgʻashib qoʻyamiz, xolos. Oʻzi juda tund odam. Oilasi ham shundayroq.”
Odam odamni, xesh aqraboni, qoʻshni qoʻshnini tanimay qolayotgan globallashuv zamonidagi baʼzi befarqliklarni kuzatib yana bir voqea esimga tushadi. Dashtda Xalil boboning sigiri yoʻqolib qoldi. Uloqqan sigir qaysidir qishloqdagi bir hovliga kirib bordi. Uy egasini shayton turtib, sigirni ogʻilxonasiga yashirib qoʻydi. Xalil bobo molini koʻp axtarib topolmadi. Kunlarning birida oʻsha hovliga Xalil boboning inisi Qulun aka borib qoldi. Qulun aka uy egasi bilan oʻz ishini gaplashib turganda molxonada turgan sigir oʻz egasining inisini koʻrib tanidi va qattiq boʻkira boshladi. Uy egasi sigirni Qulun akaga koʻrsatmadi. Qulun aka hovlidan chiqib ketgandan keyin jonholatda boʻkirayotgan sigir ipini uzib, molxonadan otilib chiqadi va Qulun akaga yetib oladi.
Dunyoda oʻzini oʻzi yolgʻizlikka mahkum etayotgan odamlar soni borgan sari koʻpayib borayapti. Ularga qoʻni-qoʻshni ham, qarindosh-urug‘, doʻst-u yor ham kerak emas. Tinch qoʻysangiz boʻldi. Oʻz qobigʻiga oʻralib, koʻngli nimani tusasa, shuni qilib oʻtiraveradi.
Yana bir narsani sezayapsizmi? Keyingi paytlarda maslahat tushunchasining qadri ketib borayapti. Har kim bilganini qiladi. Kallasiga nima kelsa, shunga bir turtinib koʻradi. Keyin “Voydod! Ishlarim rasvo boʻldi. Shoʻrim quridi!” deb gʻavgʻo koʻtaradi. Bizning odamlarimiz har bir ishni maslahat bilan qilgan. “Maslahatli toʻy tarqamas” deganlar. Ayrimlar oʻzlarini shuncha aqlli sanaydilarki, birovlarning maslahati ularning nafsoniyatiga tegadi. Folkner aytganiday: “Baʼzi odamlar Xudoning ishlarini Xudoning oʻzidan koʻra yaxshiroq bilamiz deb oʻylashadi”. Maslahat bevosita el bilan bogʻliq tushuncha. El bor joyda maslahat boʻladi. El yoʻq joyda maslahat oʻladi. Shu gaplarni yozayotganimda koʻnglimdan bir fikr oʻtdi: Ota-onasiz qolgan yetim emas, maslahatsiz qolgan yetimdir.
Tuygʻularga zulm qilmang
Vafo, sadoqat, hayo, imon, or kabi tuygʻular borki, ularni odamning koʻngliga Xudo solib qoʻyadi. Keyingi paytlarda bu tuygʻularga tahdid kuchaygandan kuchaydi. Ommaviy madaniyat oʻz otishmalarini shulardan boshladi. Holbuki, ularga zulm qilish Xudoga qarshi ishlashdir. Bu tuygʻularni xoʻrlab hech kim omonlik topmasligi, oxir oqibatda oʻzi xor boʻlishi ayon haqiqatdir. Shu topda yana bir taqdir hikoyasi esimga tushdi. Eri urushga ketayotganda Oysuluvning ichida uch oylik homilasi qoldi. Olti oy oʻtib Oysuluv oʻgʻil koʻrdi. Uning eri urushdan qaytmadi. Goʻzal Oysuluv boshqa er qilmadi. Butun hayotini shu bir oʻgʻilga va shahid ketgan erining xotirasiga bagʻishladi. Oylar, yillar oʻtaverdi. Keyin... oʻsha uch oylik homiladan navbatma-navbat oʻn oʻgʻil dunyoga keldi. Oysuluv qarib vafot etayotganda 11 oʻgʻil boshida edi. Men bu ayol taqdiri haqida hech narsani qoʻshib-chatib yozmadim. Bor haqiqat shu. Oysuluv Xudo koʻngliga solgan tuygʻularga vafo qilib vafo topdi. Insonday yashadi, insonday ketdi.
Men oʻgʻlim yo nabiramning qoʻlida hamisha kitob koʻrishni istayman. Chunki ularga kitob yoʻldosh boʻlsa, egoist boʻlmaydi, tafakkurga yaqin yuradi, tuygʻulari tarbiya topadi deb umid qilaman. Baʼzan oʻylab qolaman. Ertak va afsonalarimiz, xalq qoʻshiqlarimiz, “Alpomish” dostonimiz boʻlmaganida, holimiz nima kechardi? Endi yana tashvishlisi, ertaksiz avlod, Alpomishsiz avlod qatlami shakllanayotganday. Texnik avlod, pultli avlod. Ertaklarimiz va Alpomishimiz bor-u, lekin ertaksizdaymiz. ”Alpomish” ham ertak va rivoyatlarimiz ham torgina doirada, bor-yoʻgʻi toʻrt-beshta adabiyotchilar doirasida qolib ketayotganday. XXI asr oldimizga shunday bir shartni koʻndalang qoʻymoqdaki, unga koʻra voz kechadigan narsalardan voz kechib, asrab qolishimiz kerak boʻlgan narsalarimizni asrab qolishimiz kerak. Bu jarayonda biz nimalardan voz kechishimiz barobarida nimalarni saqlab qolishimizni aniq bilishimiz juda muhimdir.
Qishlogʻimizning eng keksa kampiri – 100 yoshga yetgan Zulfin momo bilan koʻrishganimda birdan oʻpkam toʻlib, koʻzlarimga yosh keldi. Lekin, nimaga yigʻlayotganimni oʻzim bilmas edim. Faqat bir narsani sezardim: Qalb aqlsiz ham aqldan tashqaridagi koʻp narsani his etadi.
Eshqobil SHUKUR
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son.
“Egasiz egoizm va kesimsiz bemaʼnilik” maqolasi