Jahon tasviriy sanʼatida shunday asarlar bor – juda mashhur, omma uning nomini tilidan qoʻymaydi-yu, uning badiiy qiymati haqida hech narsa bilmaydi, aniq gap deyolmaydi. Asar mohiyati kishilar uchun mavhumligicha qolaveradi, qizigʻi bu mavhumlikni bartaraf qilishga ehtiyoj ham tugʻilmaydi, odatda. Munkning “Qichqiriq”i, Da Vinchining “Madonna”si, Pikasso yaratgan “Gernika” ham mana shunday suratlar qatoriga kiradi. Oyina.uzʼda bugungi tahlil Kazimir Malevichning “Qora kvadrat”i haqida, asar yaralishi hamda uning atrofidagi keskin ziddiyatli fikrlar, qarashlar toʻgʻrisida. Asar mohiyati omma uchun sirli va jumboqli. Biroq, haqiqatda oʻsha sir bormikan oʻzi?

Aslida kartina nomi “Qora kvadrat” emas, “Suprematistlar qora maydoni”, shuningdek, asar kvadrat emas toʻrtburchak shaklda. Surat turli vaqtlarda 4 nusxada chizilgan boʻlib, ilk va eng eʼtiborlisi 1915-yilda yaratilgan, keng muhokama qilingan hamda izlanishlar olib boriladigani ham aynan shu nusxasi edi. U 1915-yilning 19-dekabrida ochilgan futuristlar koʻrgazmasida ommaga namoyish etilgan. Koʻrgazma nomi “0,10” boʻlib, taʼsischilar fikriga koʻra bu namoyish futuristlarning soʻnggi koʻrgazmasi boʻlishi kerak edi va qay bir maʼnoda shunday ham boʻldi. Koʻrgazmada asosiy eʼtibor Suprematizm deb atalgan yangi oqimga qaratilishi rejalangan. Rassom (ijodkor) qalbi har qanday belgilangan yoki oʻrnatilgan qoidalardan xoli ekanligini targʻib qiluvchi ushbu yoʻnalish aynan Kazimir Malevichning saʼy-harakatlari hamda qarashlaridan kelib chiqqan. Shuningdek, ushbu oqim Malevichning daʼvosicha, sanʼatda eng oliy darajani egallashi lozim edi. Koʻrgazmaning “0,10” deb nomlanishining asosiy sababi sanʼatdagi eng boshlangʻich va sof boʻlgan “0” yaʼni nolinchi nuqtasiga ishora qilish edi. Baayni, nolinchi nuqta bu Malevichning asoslariga koʻra suprematizm edi.

Koʻrgazma turli shov-shuvlar, bahs-munozaralarni keltirib chiqardi, garchi Rossiya madaniy hayotida oʻsha paytda bir qancha avangard oqimlar yashayotgandi, aholi ham modern sanʼatning keskin burilishlari-yu bayonotlariga koʻnikib qolgandi. Shunday boʻlsa-da, koʻrgazma tashkilotchilari hamda unda qatnashuvchilar haqiqatda “portlash”ni amalga oshira olishdi.  Lekin bu holat boshqasining oldida unchalik keskin voqelik boʻlmay qoldiki, “Qora kvadrat”ning muallifining bir qaroriga guvoh boʻlingunicha. Shunchaki geometrik shakllarning asar sifatda taqdim etilishi bir yon, bu ish panada qolib ketdi desak ham boʻladi. Chunki Malevich qora kvadratni pravoslavlar uchun muqaddas hisoblanadigan xonaning burchagi va shifti tutashgan joyga ilib qoʻyadi (Rossiyada!). Yaʼni asar nafaqat dohiyona, balki muqaddas va ilohiydir.

Xoʻsh, nega aynan Malevich, nega aynan uning ishlari bunchalik eʼtiborga tushdi? Omma nazari bilan qarasak, Malevich suratlarining aksariyati oq tuvalga chizilgan turli qora shakllar edi. Qora rang esa odatda qorongʻilikni, boʻshliq, hechsizlikni bildiradi yaʼni maʼnosizlik. 1915-yil, yaʼni “Qora kvadrat” namoyish etilganda dunyoda Birinchi jahon urushi davom etardi. Avvalroq esa rus xalqi Rossiya birinchi inqilobi, fuqarolar urushidan aziyat chekkandi. Bu voqealar ichida yashagan oʻsha davr kishisining ruhiy holatini aniq ifodalash deyarli imkonsiz boʻlsa-da, tasavvur qilish mumkin. Ogʻir siyosiy, iqtisodiy ahvol, ishchi qatlam qashshoqlashib borayotgan bir vaziyatda insonlar chuqur tushkunlikda boʻlishi tabiiy. Na din, na ilm-fan va madaniyat bunday koʻrgiliklardan xalqni pana qilolmadi. Shunday bir zamonda, Malevich asarlaridagi qora rang kelajakdan kutilayotgan ehtimoliy qorongʻilikka ishora sifatida qabul qilingan boʻlishi mumkin. Aynan “Qora kvadrat”ning “muqaddas burchak”ga ilib qoʻyilishi ham, Malevichning hisobicha dunyo uchun yangi tartib, yangi qoidalar va yangi tayanchning ramzi edi. Goʻyoki oldingi madaniyat, qarashlar, anʼanalar dunyoni hozirgi holiga olib keldi va rassom ulardan voz kechishga undamoqda. Boshqa – tasviriy tomondan ham muallifning aqlan va jismonan oʻta jiddiy nuqsoni boʻlmagan har bir odam chizishi mumkin boʻlgan, mana shu qora toʻrtburchakda eng oliy mohiyat yotgani haqidagi taʼkidlari ham gʻovurlarga sabab boʻlgan.

“0.10” koʻrgazmasida “qora kvadrat” namoyish etilgan xonaning koʻrinishi

Malevich avval boshda kub-futuristik rassom hisoblansa-da, turli manbalarda mavhumlikka moyil rassom sifatida esga olingan. Shu sabab, uning oʻz yoʻnalishini oʻzgartirganiga hayron qolmasak ham boʻladi. U aynan “0,10” koʻrgazmasida oʻz faoliyatidagi asosiy burilishni amalga oshirdi va aynan “Qora kvadrat” tasviriy sanʼat tarixidagi eng sof mavhum asarlardan biri hisoblanadi. Turli shakllardan iborat, shuningdek bir qancha ranglardan foydalanilgan suratlardagi mazmunni toʻliq anglamasak-da, turli ishoralarni sezishimiz mumkin. Biroq, toʻrtburchak tuvaldagi qora toʻrtburchak surati bizga ongimiz bilan bogʻliq hech qanday tushuntirishlar bermaydi. Shakldan biror maʼno izlashdan naf yoʻq, rang borasida ham shu ahvol. Buning ustiga qora rang mavhumlikni yanada kuchaytiradi, qora bu nursizlikdan belgi va tabiiyki yorugʻlik boʻlmasa hech narsani koʻra olmaymiz. Atrof bizga noayon (mavhum) holatda qolaveradi.

Malevich aytadiki, chinakam sanʼat faqat his qilinadi. Uni qabul qilishda aql, ong, fikr ishtirok etishi mumkin emas. Uning taʼkidicha, “Qora kvadrat”ga toʻgʻri (aniq, singdirilgan maʼnoni izlab) qarashning iloji yoʻq, shu bilan birga notoʻgʻri qarashning ham (aniq oʻrnatilgan maʼno topmaslikni) ham iloji yoʻq. Shu orqali rassom asardan olinadigan hisni har kimning oʻziga qoʻyib beradi yaʼni kim nimani his qilsa asardan mazmun oʻsha.

Sanʼat mohiyati tahlil qilingan paytdan boshlab to bugungi kungacha sanʼat bu – hissiy zavq olish ekanligi aytib kelinadi (Suqroq, Aflotun, Aristotel, Kant, Gegel oʻz asarlarida shunday yozishgan), Gegel hatto tafakkur ustunlik qiladigan simvolizm (ramziy sanʼat)ni chinakam sanʼat deb hisoblamaydi. Biroq savol tugʻiladi, “Qora kvadrat” yuksak hissiylikni taʼminlay oladimi? Boshqa tomondan, Malevichning “nolinchi nuqta” taʼrifi ham unchalik aniq emas, chunki odamlar soʻngi paleolit davrida qoya tosh suratlar chiza boshlagan. Ilk suratlar, zavq olish uchun emas koʻproq maʼlumot sifatida chizilgan. Surat chizish va tasviriy sanʼat oʻrtasida esa farq katta. Shunda Malevich boshlangʻich nuqta deb aynan qaysi zamonni nazarda tutdi ekan? Bu ham bosh qotirishga arziydigan masala.

Ayrim oʻrinlarda “Qora kvadrat”, umuman Suprematizm minimalizmning boshlangʻich nuqtasi sifatida ham qaraladi, bu fikr esa unchalik izoh talab qilmaydigan qarash. Boisi, Malevichgacha boshqa hech kim professional badiiy tasviriy sanʼatda yagona shaklni tasvirlashga ulgurmagan edi.

Suprematizm ildizi

XIX asr oʻrtalaridan boshlab, tasviriy sanʼatda rassom mahorati, asar qiymati nafaqat suratdagi obyekt yo u tashiydigan mazmunda, balki tasvir uslubiga ham qaratila boshlandi. Buni ayniqsa impressionizm hamda undan keyingi oqimlarda (postimpressionizm, ekspressionizm) yaqqol namoyon boʻladi. Endi nafaqat asar mavzusi, balki, u ifodalangan uslub ham eʼtiborga olina boshlandi. Ushbu davr sanʼatshunoslari Klod Mone va Van Gog asarlaridagi ifoda yoki muhitgamas, moʻyqalam yurgizish yoʻrigʻiga, konturlarga, texnik usullarga ham qarab baho berishardi. Postimpressionistlar, ayniqsa Pol Sezanning ijodi bora-bora texnika hamda subyektiv yondashuvni asosiy oʻringa olib chiquvchi yoʻnalishlar vujudga kelishi uchun koʻprik vazifasini oʻtadi. Aynan shu sababli modernizm tasviriy sanʼatda 1870-yillardan boshlangan deb hisoblanadi.

Shu yoʻsinda oʻn yilliklar osha tasvir obyekti joʻnlasha bordi, endi buyuk asarlar obyekti inson yoki uning tanasi emas, nilufar gullar, kungaboqarlar, togʻlar, oddiy buyumlar va hk. Shu tartibda mavzu jihatdan torayib borgan tasviriy sanʼat “Qora kvadrat”da bir toʻxtab oldi. Modernist yozuvchi Virjiniya Vulf Joysning “Uliss”i haqida shunday degandi: “Uliss” adabiyotning chegarasidir, undan uyogʻiga oʻtish mumkin emas”, “Qora kvadrat” ham oʻz yoʻnalishi borasida shunday chegaradir. Sanʼati arbobi Andrey Konchalovskiy Malevichning tasviriy sanʼatdagi ahamiyatini meʼmorchilikdagi Gerostrat, jarrohlikdagi Chikotiloga qiyoslaydi.

Rosti bilan  ham Malevich isyon qilgandi. “Qora kvadrat” nafaqat oʻzidan oldingi oqimga, balki deyarli butun sanʼatga qarshi tug‘ qilib koʻtarildi. Taʼbir oʻrinli boʻlsa, yovvoyilik hamda bepisandlik bilan.

“Qora kvadrat” tanqidi

Asarning tanqidi xuddi uning nomi kabi chuqurroq va kengroq. U tarixdagi ilk  va yagona qora toʻrtburchak emas, bunday asarlar oʻnlab topiladi.

Masalan, 1617-yilda ingliz olimi, munajjim Robert Flad oʻz qora toʻrtburchagini chizgan. Muallif undan “Olamning fizik hamda metafizik tarixi” asari uchun goʻyoki illyustratsiya sifatida foydalangan. Bu orqali olim dunyo paydo boʻlishidan oldingi boʻshliqni ifodalamoqchi boʻlgan. Malevichnng “Qora kavadrt”i bilan Fladning surati oʻrtasida yaqinlik bor. Har ikkisi ham qora rangni boshlangʻich, paydo boʻlishning boshlangʻich nuqtasi deb hisoblagan. Farqi shundaki Malevich qorani sanʼatning avvali deb, ingliz olimi esa butun mavjudlikning boshi deb bilgan. 

XIX asr davomida tasviriy sanʼatda qora kvadratdan foydalanish bir necha marta uchraydigan holat, ayniqsa Fransiyada. Qora toʻrtburchak koʻrgazmalarda namoyish etilganda unga ijobiy munosabatda boʻlinmagan, chunki unda na maʼno va na ifoda mavjud emasdi. Obyekt emas, balki muhitga ishora qiladigan bunday sanʼat u paytlarda qabul qilinmas edi ham. Asr oʻrtalaridan boshlab esa qora toʻrtburchakdan asosan satirik maqsadlarda foydalanilgan. Bu davrdagi qora toʻrtburchak koʻp hollarda bemaʼnilikni ifodalagan. Masxara mazmunidagi ikki yorqin misol bor, ulardan biri Pol Biyo tomonidan 1882-yilda chizilgan. Surat nomi – “Tunda negrlar jangi”

Bunisida ham mazmun va nom deyarli bir xil,  Alfon Allening 1897-yilda chizilgan “Tunda yertoʻlada janjallashayotgan negrlar” asari. Allening bu surati Pol Biyoga  ochiqchasiga taqliddir. 

Aynan Biyo hamda Malevich oʻrtasidagi qandaydir bogʻliqliklar mavjudligi haqida ham qarashlar mavjud. Aniqrogʻi “Qora kvadrat”ning 100 yilligi munosabati bilan 2015-yili asar saqlanadigan Tretyakov galereyasi ekspertlari tomonidan surat ustida rentgen tekshiruvlari olib borilgan. Asarning pastki chap burchagida juda xira yozuvlar aniqlangan, ulardan faqat bir juftini oʻqish mumkin edi. “negrlar jangi…”, qolgan soʻzlar noayonligicha qolmoqda. Bu topilma oʻz oʻzidan ikki surat oʻrtasidagi bogʻliqlikni tasdiqlaydi, shu bir juftgina soʻz ikki xil yirik muhokamani yaratdi. Biri, Malevichning Biyo ijodi bilan tanish ekanligi hamda “Qora kvadrat” ham aynan uning biz yuqorida keltirgan asari taʼsirida va  balki koʻchirmachilik ortidan yaratgani haqida. Boshqasi esa Malevich irqchi boʻlgan/boʻlmaganligi borasida.

Alfons Alle bilan oʻxshashlik esa faqatgina birgina surat bilan cheklanmaydi. Malevich toʻrtburchakni oq va qizil ranglarda ham chizgan. Bunaqa oq va qizil toʻrtburchaklar Alle tomonidan ham yaratilgandi.

Xullas, toʻrtburchak qora shakllar tasviriyatda koʻp marotaba qoʻllanilgan. Ammo faqat Malevichning kvadratigina katta obro‘ qozondi. Ayni mana shu oʻrin “Qora kvadrat”ning zaif nuqtalaridan biridir. Xoʻsh, qora rangdagi toʻrtburchak shakli yuksak mohiyatga ega ekan, nega Robert Fladning suratiga bunaqa nigoh bilan qaralmadi? Unisi ham bunisi ham bir xil – qora toʻrtburchak. Demak, mohiyat ham ayni. Masala zamonga borib taqalsa yaʼni biz qora shakldagi mohiyatni kech anglagan boʻlsak, nima uchun falsafiy maqsadda chizilgan ilk qora kvadratlarga Malevichnikiga qaraganda kamroq hurmat bilan qaraymiz? Ayon boʻldiki Malevich hech qanday yangilik qilmagan, shunchaki qora toʻrtburchakni professional tasviriy sanʼatga olib kirgan va shu orqali oʻz yoʻnalishiga asos solgan. Agar “Qora kvadrat”da haqiqatda sirli maʼno boʻlsa, bu narsa undan oldingilarida ham bor. Ikki bir xil suratga munosabat turlicha ekan, demak gap boshqa yoqda.

Masalan oltin dunyoning turli burchaklarida turlicha narxlanar, lekin uning tabiiy xossa va xususiyatlari oʻzgarmasdir. Uning qiymatidagi farqlar esa tashqi omillarga asoslanadi. Biz soʻz yuritayotgan surat masalasi ham xuddi shunday. Tabiatan qora rangdagi toʻrtburchakning biz koʻradigan mohiyati bitta, nomsiz qora toʻrtburchak abadiy bir xil mohiyatga ega boʻladi. Biyo yoki Allening qora toʻrtburchaklarini koʻrganingizda ham bir xil narsani his qilasiz. Hech qanday farq yoʻq. Tasviriy asar oʻzidagi sof hamda tabiiy anglanadigan mazmun bilan qadrlanadi, unga bagʻishlab yozilgan turli tahlillar, risolalar, izohlar va klassik sanʼatga qarshiligi bilan emas. Malevich oʻzining eng mashhur ushbu asarini umri davomida bayroq qilib yurdi. Oʻz asariga shunchalik eʼtiqod qoʻydiki, oʻlganida jasadining tepasida ham uni osib qoʻyishgan, qabrtosh oʻrnida ham aynan “Qora kvadrat” tasviridan foydalanildi.

Malevich oʻlim toʻshagida

 Malevichning qabri

“Qora kvadrat” yaratilishi borasida shunday latifa ham yuradi, “0,10” koʻrgazmasiga bir necha kun qolgan, biroq asarlar hali ham tayyor emas, shunda toʻsatdan shunchaki qora kvadratni chizib qoʻya qolish gʻoyasi muallif xayoliga kelib qoladi. Bu haqda aniq bir nima deyish mumkin emas, chunki hech kim qora kvadratni chizilishida guvoh boʻlmagan. Biroq, 1915-yilgi tekshiruvlarda aniqlandiki, “Qora kvadrat”imiz tuvalga ustma-ust chizilgan uchinchi tasvir boʻlgan. Birinchi surat kub-futuristik va uning ustidan chizilgan surat esa abstrakt tasvir ekanligi aniqlangan, ikkinchi surat tushirilayotganda birinchisi qurib boʻlgan va uchinchi yaʼni qora toʻrtburchak chizilayotganda uning ostidagi ikkinchi surat hali toʻliq qurimagan boʻlgan. Balki ayni shu sababdan bugungi surat yuzasidagi yoriqlar paydo boʻlgandir. Hozirgi holatdagi “Qora kvadrat”ga qarasangiz yoriqlar ostidagi  bir necha ranglarni oddiy koʻz bilan ham koʻrish mumkin.

Ayrim oʻrinlarda Malevich bu suratni chizayotganda trans holatiga tushganini aytilgan, bu fikr juda erish tuyiladi. Yuqorida aytganimizday surat chizilayotganda hech kim uning oldida boʻlmagan, shuning uchun bu maʼlumotni ham rad etishga yoki tasdiqlashga imkon mavjud emas.

Qora toʻrtburchak chizish gʻoyasi balki Malevichda avvaldan boʻlganligi ham, ehtimol. Chunki 1913-yilda Sankt-Peterburgda premyerasi oʻtkazilgan futuristik “Quyosh ustidan gʻalaba” operasi uchun ishlangan sahna illyustratsiyalari ustida aynan Malevich ham ishlagan, ularda rassom bir necha oʻrinlarda qora toʻrtburchakdan foydalangan. Sanʼat tarixiga koʻra ham Malevichning ilk qora toʻrtburchagi aynan shu operada taqdim etilgan hisoblanadi. 1915-yilda namoyish etilgan “qora kvadrat”ning orqa tomonida ham 1913-raqami yozib qoʻyilgan.

“Quyosh ustidan gʻalaba” operasi uchun chizilgan illustratsiyalardan biri.

Muvaffaqiyat siri

Teparoqda aytildiki asarning sof qiymati uning oʻz-oʻzida mujassam mazmunidan kelib chiqadi. Malevichdan oldingi qora shakllarning oʻz davrida va qolaversa hozir ham “Qora kvadrat”chalik shuhrat topmaganida rol oʻynagan tashqi omillar juda koʻp.

Malevichning “Suprematist kompozitsiya”si salkam $ 86 millionga sotilgan va boshqa mashhur asarlari ham bor. Ammo, muallif suprematizmni ommalashtirish uchun koʻp quvvatini “Qora kvadrat” atrofida qurilgan risolalarga, uning mohiyati taʼriflariga bagʻishladi.

Omma psixologiyasiga oid nazariyalarda “Qora kvadrat effekti” tushunchasi mavjud. Surat eʼlon qilingach, u haqda  gazeta-jurnallar tez-tez muhokama qilinib, odamlar tiliga tushgan. Malevich va uning shogirdlari, yaqinlari tomonidan eʼlon qilingan turli murakkab maqolalar, risolalar va tahlillar natijasida insonlar suratdagi oʻzlari koʻrmagan, bilmagan “sirli mohiyat”ning ulugʻvorligi, dohiyonaligi toʻgʻrisida  ogʻiz koʻpirtirishgan. Va ixtiyorsiz ravishda oʻzlari ham bunga ishonib qolgan. Omma psixologiyasini juda puxta oʻrgangan nemis propagandisti Gebbels uchun aynan shu asar atrofidagi voqealar oʻzining mashhur, yolgʻon haqidagi teoremasi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Gebbels shunday degandi: “Agar yolgʻon xabar ming marta takrorlansa, u haqiqatga aylanadi”. Ushbu qoida bugungi zamon marketingida ham keng qoʻllaniladi, masalan bir mahsulot reklamasini qayta-qayta koʻrasiz, chunki kompaniya qanchalik oʻz mahsuloti haqida sizga eshittirsa ularga shunchalik mijoz boʻlish potensialingiz oshadi. Siz ongsiz ravishda aynan ularning mahsulotini yaxshi ekanligiga amin boʻlasiz.

Sotsiologik tomondan qaraganda ham oddiy asarning nega bunchalik choʻqqiga koʻtarilganligini tushuntirish mumkin. Gap shundaki, sotsiologiyada Tomas teoremasi mavjud. Ushbu nazariyada biror voqelikning oqibatida subyektiv idrokning roli eʼtirof etiladi. Yaʼni, insonlar asarni tushunmaganlari holda uni buyuk va durdona asar ekanligini tinimsiz aytishdi, oqibatda “Qora kvadrat” yuksak maqomga erishdi, oʻnlab million dollargacha baholandi.

Kazimir Malevichning rassomlik mahorati va uning faoliyatiga qarashlar turlicha. Kimlar uchun u buyuk rassom, boshqalar uchun esa shunchaki qallob. Ikkala tomonda ham yetarli asoslar mavjud va bu yakunsiz bahsga aylanib ulgurgan. Biroq hech narsaga, hatto suprematizm qisqa umr koʻrganiga qaramay “Qora kvadrat” oʻtgan asrning eng ahamiyatli suratlaridan biri boʻlib qoladi.

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

“Oyina.uz”ning Telegramʼdagi rasmiy kanaliga aʼzo boʻling!