Kunlarning birida “Farhod dehqon bozori”ning biqinidagi sahhoflik (букинистика) doʻkoniga kirdim. Kitoblarni koʻzdan kechirar ekanman, beixtiyor “Ruscha-qarayimcha lugʻat”ni koʻrib qoldim. Lugʻatni qoʻlga olib, varaqlay boshladim. Undagi qarayimcha soʻzlarni oʻqirkanman, bu til bizniki ekanini, Boboturkdan meros til ekanini his qildim. Men uni oʻqiganim sayin yangi va yangi soʻzlarga duch kelar, har bir soʻzda millatning qadim asotirlarini topganday boʻlar edim. Qisqasi...

Keling bugun shu haqda gaplashamiz.

Qarayimlar kimlar?

Qarayimlar – oʻzlarini qaraylar deb ataydigan turkiy xalq. Ular turkiy tilning qipchoq lahjasida gaplashadi. Dini – yahudiylik dinining qarayimchilik (karaimizm) oqimi.

Qarayimlar asosan Qrim, Ukraina, Litva, Polsha va Ruminiyada yashab kelishgan. Bundan tashqari Sobiq shoʻrolar mamlakatining turli hududlarida, jumladan Oʻzbekistonda ham qarayimlar yashaydi. 1989-yilgi aholi sanogʻiga koʻra Oʻzbekistonda 50 nafar qarayim yashagan. 1991-yildan keyin qarayimlarning katta qismi  Isroilga koʻchib oʻta boshlashgan. Isroilda hozirgi kunda 40 mingdan ziyod qarayimlar istiqomat qiladi. 1991-yilgacha ularning soni 20 000 atrofida boʻlgan.

Qarayim soʻzining etimologiyasi xususida ikki xil qarash bor. Birinchisi yahudiy versiyasi. Unga koʻra qadimgi yahudiy tilida qʼaray  “קָרָאִים‏‎” “oʻqiyotganlar” maʼnosini beradi. Bu arabcha iqra yoki qori soʻzlarining yahudiycha shaklidir. Ikkinchi versiyaga koʻra, turkiy qaray, qara + ay soʻzlari birikmasi ekani keltirilgan. Qarayimlar tilini oʻrgangan qozoq mutafakkiri Kenesbay Musayevning taxminicha ular qadimgi kereitlarning avlodi boʻlishi ham mumkin[1].

Qarayimlarning yuz tuzilishi va jussasi boshqa turkiylar, xususan balqarlar, qarachaylar, qrim-tatarlari, chuvash va boshqirdlarnikidan farq qilmaydi.  Kenesbay Musayevning fikricha, ular qisman qumiq va qozoqlarga ham oʻxshaydi[2]. Asli qarayim millatiga mansub boʻlgan Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi professori Konstantin Yefetovning tadqiqotlarida ham qarayimlar qrim-tatarlari bilan bitta etnosga mansubligi tasdiqlangan. DNK analizlari qarayimlarning kelib chiqishi Sharqiy Yevropa va Oltoy bilan bogʻliqligini koʻrsatadi[3]. Baqamti yashaydigan boshqa turkiylarning fikricha ham qarayimlar yahudiylik dinidagi turkiylardir. Ammo, qarayimlar orasida bu borada bahslar hanuzgacha davom etadi. Ularning ayrimlari, aniqroq aytganda dindor qatlami oʻzlarini Isroilning bir boʻlagi, deb biladilar. Bu gʻoya to 1920-yilga qadar ustunlik qilgan. Qarayim olimlari va oqsoqollari esa oʻzlarining kelib chiqishini turkiy xazarlar bilan bogʻlashadi. Jumladan, Konstantin Yefetov ham qarayim etnosini xazarlar tarkibiga kirgan kereitlar bilan bogʻlab, Oltoydan kelib chiqqanini aytadi.

Darhaqiqat, qarayimlarning kelib chiqishi xazarlar bilan bogʻliq. Maʼlumki VII asrning oxiriga kelib Gʻarbiy turk xoqonligidan xazar xoqonligi ajralib chiqadi. Manbalarda keltirilishicha, xazarlar Turk xoqonlari bilan yaqin qarindosh boʻlishgan va shuning uchun ham ularning orasida oʻzaro nizolar chiqmagan. Xazarlarning birlashishi va xoqonlik davlati sifatida shakllanishi esa koʻproq Sosoniylarning Kavkaz yerlariga uyushtirgan hujumlari bilan bogʻliq boʻlgan. Azaliy raqiblari sanalgan forslarga qarshi urushlar davomida xazarlar chegaralari sharqda Orol dengiziga, gʻarbda Dunay daryosiga, shimolda sharqiy Yevropa oʻrmonlariga, janubda Kavkaz ortiga choʻzilgan hududlarni egallab oʻzlarining yirik davlatini tuzadi. Davlatning poytaxti avval hozirgi Dogʻiston hududlarida joylashgan. Dogʻistonda esa oʻsha davrda koʻproq yahudiylar yashashar edi. Taxminan  740-yilda mahalliy yahudiylarning taʼsirida xazarlar xoni Bulanxon yahudiylikni qabul qiladi. Shu tariqa yahudiylik dini xazarlar davlatining asosiy diniy mafkurasiga aylana boshlaydi.

Maʼlumki, bu voqelar dunyo sahnasida islom dinining keng yoyila boshlagan davriga toʻgʻri keladi. Shu sababli, xazarlarning Sosoniylar bilan urushi oʻz-oʻzidan barham topadi. Chunki, 652-yilda toʻliq taslim boʻlgan Eron hududlari Ummaviylar xalifaligi tarkibiga kiradi. Ummaviylar xalifaligi va keyingi xalifaliklar davrida ham Misrdan Buxorogacha tarqalgan yahudiylar uchun yashash qiyinlashadi. Shuning uchun ularning koʻpchiligi boshqa hududlarga, shu jumladan, Xazarlar mamlakatiga koʻchib oʻta boshlaydi. Qarayimlarning Qrimga va Dunayboʻyiga kelishi ham shu davrlarga toʻgʻri keladi.

Xazarlar davlatining aholisi turkiy tilning bulgʻor (oʻgʻur) lahjasida gaplashgani manbalarda saqlangan[4]. Ammo keyinroq dasht qipchoqlarining ijtimoiy-siyosiy jihatdan ustunligi sabab Kavkaz va Sharqiy Yevropada qipchoq tili keng tarqaladi. XIII asrga kelib Qrim toʻliq  Oltin Oʻrda tarkibiga kiradi va yerli xalq qipchoq tilini oʻzlashtira boshlaydi. “Qarayim tilining tahlili ham shuni koʻrsatadiki, ular avval  xunlarning, keyin bulgʻor-xazarlarning, keyinroq bejeneglarning va nihoyat,  oxirida  mutlaq qipchoq tilida soʻzlashgan qipchoq qabilalarining tarkibiga kirgan hamda bularning hammasi zamonaviy lahjalarida saqlangan”[5].

Din

Qarayimlarning eʼtiqodi boshqa yahudiylardan, xususan ravvinistik yahudiylikdan tubdan farq qiladi. Ravvinistlar Tavrot, Talmud  va ogʻzaki qonunlarga amal qiladilar.

Shu oʻrinda, oʻquvchilar uchun qisqacha izoh: Tavrot Sino togʻida Allohdan Muso alayhissalomga qirq kun davomida nozil qilingan, yahudiylik dinining asosiy kitobi sanaladi. Shu jumladan, bu kitob nasroniylik va islom dini manbalarida ham samoviy kitob sifatida eʼtirof etilgan.

Muso alayhissalomning ogʻzaki aytgan hukmlari esa mishna[6] deb atalgan. Mishna aramiy tilida tanna (aram. תנא)7 va arabcha sunna (arab. سنة‎) soʻzlari bilan maʼnodosh. Mishnaning matni taʼlimot sifatida Muso alayhissalomdan keyingi avlodlarga ogʻzaki tarzda oʻtib borgan. Keyinchalik mishnaga koʻplab sharhlar yozilgan va u gemara (talqin) deb atala boshlagan. Talmud oʻsha ogʻzaki hukmlar toʻplab yozilgan kitobdir. Ravvinistlar  Talmudni ham muqaddas kitob sanashadi. Qarayimlar esa faqat Muso alayhissalom davridagi besh kitobdan iborat Tanaxni muqaddas deb bilishadi.

Qarayimchilik eʼtiqodi har bir banda oʻzining ratsional bilimi darajasida oʻrganadigan Muso Qonunlariga asoslangan[7]. Muso qonuni deganda esa Qonunlar (Tora), Nabiylar tarixi (Neviim) va Ktuvim yaʼni Zaburni oʻz ichiga oladigan kitob tushuniladi. Qarayimlar Talmud va ogʻzaki qonunlarni yahudiylar buzib talqin qilishgan, deb hisoblashadi va uni tan olishmaydi.

Qarayimlar oʻz eʼtiqodining kelib chiqishini Abu Yusuf Yaqub Kirkisoniyning “Kitab al-Anvar val-Maraqib” asarida keltirilgan manbalar bilan bogʻlashadi. Unga koʻra 796–774-yillarda Salomon Nevata hukmronlik qilgan yillarda Isroil ikki qismga – Isroil va Yahudaga ajralib ketadi. Oʻshanda talmudchilar Isroilda, qarayimlar esa Yahudada qoladi.

Yana bir versiyaga koʻra qarayimchilikning kelib chiqishini XVIII asrning ikkinchi yarmida Bagʻdodda yashagan Anan ben Dovud bilan bogʻlashadi. Unga koʻra, Anan ben Dovud oʻz asarlarida talmudchilarni tanqid qila boshlaydi va unga ergashganlar miqra (muqaddas kitob) sohiblari deb atala boshlaydi.

Qarayimchilik ordodoksal yahudiylikdan koʻp jihatdan farq qiladi. Misol uchun, yahudiylar ibodatxonasi qadimgi yahudiy tilida sinagoga deb ataladi. Qarayimlarning ibodatxonalari esa kenassa deb ataladi. Aslida sinagoga ham yahudiy tilida (‏בֵּית כְּנֶסֶת‏‎) bet kneset, yaʼni “yigʻilish uyi” maʼnosini beradi. Demak, qarayimlar bu nomni oʻrta asrlarda, aniqrogʻi Talmud davridan keyin qoʻllay boshlagan. Shuningdek, kenassaning turkcha varianti ham bor: ishtirilmax yuv (yigʻilish uyi).

Qarayimlar yahudiylar kabi avliyolarining qabriga, tumorlarga va boshqa muqaddasotlarga sigʻinishmaydi. Sehr-joduga ishonishmaydi. Tavrotda keltirilmagan boshqa bayram va marosimlarga diniy tus berishmaydi. Namoz kitobi turkiy tilning qipchoq dialektida, yaʼni qarayim tilida yozilgan. Ordodoksal yahudiylar namozlarini tik turgan yoki stulda oʻtirgan holda bajarishadi. Qarayimlar namozida esa ruku va sajdalar saqlangan. Misol uchun, “Qarayim ibodatnomasi”ning 42 va 43-oyatlari oʻrtasida qoʻyidagi matn berilgan: Din yesisi ve jamaat yuzu-kʼoyun toʻsheyler; ( 95-sano) Kelinʼiz, bash uralim da diz choʻkʼalim, diz ustune turalim aldinʼa Adonay Yarativchimiznin’. (Gazzan (imom) va jamoat yuzini yerga toʻsharlar: Kelingiz bosh uramiz va tiz choʻkamiz, Adonay (Robbimiz) Yaratuvchimizning oldida tiz choʻkib turamiz)[8].

Qarayim tili turkiy tillarning qipchoq lahjasiga mansub boʻlib, bugungi  kungacha uning qrim, traqay (Litva qarayimlari) va galich (Gʻarbiy Ukraina qarayimlari) shevalari saqlangan. Yahudiylar bu tilni Lashon Kedar (qad. yahud. ‏לשון קדר‏‎) – “koʻchmanchilar tili”[9] yoki Leshon Tatar (qad. yahud. ‏לשון טטר‏‎ – “tatarlar tili”[10] degan nomlar bilan tilga olishgan. Ammo, qarayimlar oʻz tillarini qaray til deb atashadi. Bu til boshqa turkiy tillardan tarkibidagi gebraizmlar, yaʼni qadimgi yahudiy tilidan oʻzlashgan soʻzlar hisobiga farqlanadi.

Qarayim tilining qipchoq lahjasiga mansubligi koʻproq undagi g (g‘) tovushining u (v) shaklida talaffuz qilinishida koʻzga tashlanadi: tag‘ – tau, sag‘ – sau, bag‘ – bau, agʻiz – auz. Y tovushi oʻrniga j kam ishlatiladi. Ammo shunday boʻlsa-da, ayrim soʻzlarda qipchoq tiliga xos j ning ishlatilishini kuzatish mumkin: juvurmak – yugurmoq.

Qarayim tilining shevalari bir-biridan farq qiladi. Masalan, traqay va galich shevalari fonetikasidagi qoʻyidagi tovushlarning mosligi (ayniyati) kuzatiladi: ö/e, ÿ/i, ‘ä/ye, sh/s, j/z, ch/s, dj/dz, ey/ay, nʼl/ll, y/n(<n’). Traqay shevasida a tovushi galich shevasida e shaklida talaffuz qilinishi koʻproq koʻzga tashlanadi: aley /alay,  buley / bulay,  bargʻey / bargʻay.

Shuningdek, oʻzbek  va qozoq tillaridagi kabi shipildoq sh sirpanuvchi s tovushiga aylanadi:

Traqay shevasi

tash

bash

qash

yashirin

kishi

shaytan

Galich shevasi

tas

bas

qas

yasirin

kisi

saytan

Shevalar oʻrtasidagi fonetik farqlar tilning leksik maʼnosini oʻzgartirmaydi. Inchunin, oʻtgan asrlarda qarayim tilining oʻnta shevasi boʻlgani haqida maʼlumotlar manbalarda saqlanib qolgan: On barmaqtan qaldi yis: Luska, Troklar da Galis (oʻn barmoqdan qoldi uch: Lusk, Traqay va Galich). Bunda oʻnta shevadan uchtasigina qolganiga ishora qilingan[11].

Leksemalar tahlili shuni koʻrsatadiki, qarayim tili qipchoq lahjasiga mansub boʻlsa-da unga oʻgʻuz tilining taʼsiri katta boʻlgan. Chunki bugungi turk tilida qoʻllaniladigan juda koʻplab soʻzlar qarayimchada aynan bir xil talaffuz qilinadi:

Köpek – it, shorba – shoʻrva, arkʼadash – doʻst, köshe – burchak, anaxtar- kalit,  xʼodja – oʻqituvchi va hk.

Lugʻat tarkibidagi gerbaizmlar alohida ajralib turadi: jaxanam, alefbet, melek (farishta), Tora (tavrot), musefir, kenesa (qarimlar sinagogasi), jamaat, janat, talmid (oʻquvchi), kilise (cherkov), qaray (qori) va hk.

Qarayimlar leksikasida boshqa tillarda, xususan oʻzbek tilida uchramaydigan soʻzlar ham koʻp. Qoʻyida barcha tilshunoslar va tilga eʼtiborli muxlislar uchun qiziqarli soʻzlarni keltirib oʻtamiz: oram (oʻram, koʻcha), cheber (tartibli), ebanay (doya, akusher), davulbaz (nogʻora, baraban), eki djanli (boʻgʻoz, homilador), eytishmek (bahs), bitiklik (kutubxona), kefsizlik (kasallik), shaplavuz (ezma, vaysaqi), köz qʼapagʻi (qovoq), alanqʼasar (dev), torin (nevara), uchan suv (sharashara), tang taraf (sharq), tuvar eti (mol goʻshti), javiz (yongʻoq), baxish (sovgʻa, hadya), qazanch (daromad), quvurgʻaq (issiq), qursaq (qorin), xasavat (mehr), sabalik’ asha (nonushta), qʼojali (erli xotin),  örmek (parda), janavar (zolim), belgili (mashhur, taniqli), krech (ohak), naamat (mulk), jeb (choʻntak), kilim (gilam), kese (hamyon), mesherbe (krujka), ilaj (dori), chuval (qop), sofra kʼurmak’ (dasturxon bezatish), dÿgÿl (yoʻq), jan avrusu (xafa boʻlish), bÿber (qalampir), tarluv (dala), bolqurt (ari), turlu-tuste (rang-barang), Tuvut yer (Vatan), tÿfek (qurol), tarxan (erkin), chafon (shimol), öksÿz (yetim), sernik’ (gugurt), Yordan (Xudo), zaxmat (mehnat), uruv ati (familiya), topal (choʻloq), san belgi (raqam), qapli baqa (toshbaqa), qanaat (ekonomika), quyyumchi (zargar).

Qarayim tilida oʻzbek tili qipchoq lahjasidagi soʻzlar bilan aynan bir xil talaffuz qilinadigan soʻzlar ham uchraydi:

Qarayim tilida

Oʻzbek tili qipchoq lahjasida

Oʻzbek tilida

zerdeli

zardoli

oʻrik

köbelek

koʻbalak

kapalak

juvurmaq

jugurmak

yugurmoq

oyatmaq’

oʻyatmoq

uygʻotmoq

minchak’

minchaq

munchoq

tiri

tiri

tirik

manglay

manglay

peshona

ayuv

ayuv

ayiq

miy

miy

miya

chыbыn

chыbыn

pashsha

turlu-tuste

turli-tusli

rang-barang

aviz

ovыz

ogʻiz

achuvlanmaq

achuvlanmaq

achchiqlanmoq

olay-bilay

o‘lay-bilay

unday-munday, tez-tez

suvuq

suvuq

sovuq

jomart

joʻmart

saxiy

belibav

belbav

belbog‘

kesertki[12]

kasartki

kaltakesak

Qarayim tilida gap tuzilishida  koʻproq qrim-tatar tilining xususiyatlari koʻzga tashlanadi: Men ani ozdum (men undan oʻzib ketdim), Men andan qaldim (men undan qolib ketdim). Olmoshlarga -da, -dan, -day, -ga, -cha qoʻshimchalari  birmuncha sodda tarzda qoʻshib ishlatiladi. Aniqrogʻi, oʻzbek tilidagi kabi olmoshga ulangan qoʻshimchalarning hammasida ham n tovushi orttirilmaydi. Misol uchun, yuqorida keltirilgan birinchi gapda (ani) orttirilmagan, ikkinchi gapda (andan) esa orttirilgan.

Oʻzbek tilidagi arab tilidan oʻzlashgan va bogʻlovchisi oʻrniga qarayim tilida da bogʻlovchisi ishlatiladi: Adonay! Eshitkin tefillamni, da yalbarmag’im Sanʼa kelsin! (Robbim duolarimni eshitgin va yolvorishlarim Senga yetib borsin!)[13]. Zidlovchi bogʻlovchilar tek (faqat), vale (biroq), ale (ammo) shaklida qoʻllaniladi. Oʻzbek tilidagi yoki ayiruvchi bogʻlovchisi oʻrniga yemesya (emesa)  ishlatiladi (Buley ashadilarmo katinlar yemishlyarin östyurgyan yash ulanlarinin, yemesya öltyuryuldyumo mikdashinda adonaynin kogʻen da navi? )[14].

Bugungi kunda qarayim tilida yozilgan yuzlab yozma manbalar mavjud. Ular orasida til, adabiyot, tarix, huquq, folklor va boshqa janrlardagi qoʻlyozmalar, bosma kitoblar bor. Ammo ular ichida eng ahamiyatlisi, shubhasiz bu “Qarayim ibodatnomasi”dir. Eng qizigʻi, bu kitob qadimgi yahudiy tilida emas, turkiy tilda yozilgan.

“Qarayim ibodatnomasi”ning leksikasi hozirgi qarayim tilidan farq qiladi. Unda qadimgi turkiy tilga xos soʻzlar koʻproq uchraydi. Eng qizigʻi, xudoning ismlari va epitetlari[15] somiy tillarda Adonay, sevaót (Chevoat) shaklida qoʻllanilgan boʻlsa-da, biroq, Yaxve, Shalom, Xashem, Elohim kabi ismlar qoʻllanilmaydi. Uning oʻrniga  Tangri,  Xon, Biy, Beg, Yaratqan, Yaratuchi,  Yuluvchi, Berivchi kabi turkiy epitetlar faol qoʻllanilgan:

Sensin Tengrimiz.

Sensin Biyimiz.

Sensin Xanimiz.

Sensin Yuluvchimiz.

Sensin Yarilgʻashchimiz[16].

Ibodatnomaning 95% qismi Tanaxdan iborat boʻlib, uning tarkibida Dovud alayhissalomga nozil qilingan Zaburning matni ham berilgan. Bu mant ham turkiy tilda yozilgan va undan asosan Allohga aytilgan hamd-u sanolar oʻrin olgan: (103-sano) Mizmori Davidnin’. Maxtagʻin, djanim, Adonayni, da djumlya djiyerlerim – ayrukʼsi adin (Dovudning sanolari. Ey mening jonim Robbim (Adonay)ga hamd ayt, va mening tanamdagi butun yer (aʼzo)larim – uning pok nomi bilan choʻlgʻonsin).

Ibodatnomada ibodat matnlaridan tashqari turli holatlarda oʻqiladigan duolar ham berilgan. Ertalab turganda, ovqatlanishdan oldin, ovqatlangandan soʻng, uyqu oldidan,  safarda,  marhumlar haqiga qilingan duolar alohida berilgan. Ular orasida ovqatdan soʻng oʻqiladigan duo mazmunan musulmonlarning duosi bilan bir xil: Ashamakʼtan son algʻish: Maxtovli bolgʻay beslevchimiz, maxtovli bolgʻay toydirivchimiz, max­tovli bolgʻay ichirivchimiz (Ovqatdan keyingi duo: Bizni  yedirganga hamd boʻlsin, bizni toʻydirganga hamd boʻlsin, bizni ichirganga hamd boʻlsin).

Qarayimlar oʻz muqaddas kitoblarini eʼzozlashadi. Ilgari, doimo belbogʻiga tugib oʻzlari bilan birga olib yurishgan. Oʻsha davrdan bir maqol qolgan:

Esavda belibavinda qizillar, kiside – tame, rabbanda sarimsaq, qrayda – beraxot (Polyakning belbogʻida tilla bor, oʻrisnikida tuzlangan goʻsht, yahudiynikida  sarimsoq, qarayimda esa ibodatnoma).

Ögyut syoz

Qarayimlar maqol va matalni ögyut syoz (oʻgit soʻz) yoki atalar syozi deb atashadi. Qarayim oʻgit soʻzlarida iborat, pand-nasihat bilan birga qarayimlar xarakteri ham aks etgan:

Balikni ayaqli tabars, atni qanatli tabars, eki qaray bir sagʻisli tapmas (Oyoqli baliqni, qanotli otni topsa boʻlar, bir xil fikrlaydigan qarayimni topib boʻlmaydi).

Qarayim maqollari:

Syuvsey axchani – unuturs uyatni (Pulni sevsang uyatni unutasan);

Ketes salagʻa – koy ullu qarin arabagʻa (Qishloqqa ketar boʻlsang katta qorinni aravaga ortib ol);

Bekle esiginni kingir bagʻuvsudan, avzunnu kep soruvsudan (Qingʻir boqadiganga eshigingni, koʻp savol beradiganga ogʻzingni yop);

Kereksizdi soqurgʻa yolduzlar (Koʻr odamga yulduz kerakmas);

Tatuvludu quru etmek yas yillarda, yimsak – qartliqta (Yoshlikda qattiq non ham totlidir, qarilikda yumshogʻi yaxshi);

Ash tuzsuz – ÿbiychya ussuz (Ovqat tuzsiz – bekacha aqlsiz);

Nendiy shachmax, andiy ormax (Qanaday (urug‘) sochsang, shunday (hosil) oʻrasan);

Qayda sibirtki erined, yel sagʻaliba azbarni sibired (Qayerda supirgi erinchoq boʻlsa, shamol kelib soqoli bilan hovlini supuradi);

Yetilmegen yemisni asama, tigetmegen isni xorlama (Yetilmagan mevani yema, tugamagan ishni xoʻrlama (ayblama);

Az ashim – tinch bashыm (Oz oshim – tinch boshim);

Chalg‘i da orax – yox yaxshirax (Chalgʻi va oʻroq – yoʻq ulardan yaxshiroq);

Yolgʻa tayaksiz, etol dunyagʻa misvasiz istirinmag‘in (Yoʻlga tayoqsiz, narigi dunyoga savobsiz borma);

Sig‘i yernin – suv tamsilar, sig‘i kegizinin yarix yolduzlar (Yerning chigʻi[17] – suv tomchilar, osmonning chigʻi yorug‘ yulduzlar).[18]

Qarayimlarning oʻgit soʻzlari orasidan umumturkiy paralllellar, jumladan, oʻzbeklarda uchraydigan maqollar ham koʻp:

Kʼizim, sanʼa eytam,

Kelinim, sen eshit;

Tatli til yilanni yuvadan chikʼarir,

Yaman til insanni – imandan;

Köpek xʼavlar, kervan kecher, sözlemegen uslu kecher.

Xulosa oʻrnida

Qarayimlarning milliy oʻzligi masalasi doim bahsli boʻlib kelgan. Ular turkiyda soʻzlashadigan yahudiylarmi yoki yahudiylik dinini qabul qilgan turkiylarmi? degan savol hamon dolzarb boʻlib turibdi.

Men qarayimlarning dini va tilini oʻrganishdan oldin ularning ornamentlariga eʼtibor qaratdim. Toʻgʻri, kenassalarda yahudiylikka oid ornamentlar koʻproq. Misol uchun, kenassalarda va qabrtoshlarida koʻproq yahudiylik timsoli – Dovud yulduzi koʻzga tashlanadi. Ammo ularning uylari intererida, liboslarida sakkiz burchakli Oʻgʻuz yulduzini koʻproq  uchratasiz. Va hatto, ayrim ibodatxonalarida, jumladan Vilnyusdagi kenassaning tepasida ham Oʻgʻuz yulduzi qoʻyilgan. Kenassalardagi va uylardagi rozetka (toʻpbarggul)lar ham sakkiz gulbargli shaklda.

Liboslari va roʻzgʻor buyumlari orasida quroq texnikasida tikilgan koʻrpalar, toʻrvalar,  dasturxonlar uchraydi. Ulardagi ornamentlar Sharqiy Yevropadagi boshqa turkiy xalqlar, xususan, qrim-tatarlarinikidan farq qilmaydi. Ularda ham turkiylik timsoli – Oʻgʻuz yulduzi tasvirlangan.

Qarayimlarning ibodatlari yahudiylik dini qoidalari doirasida boʻlsa-da, ularda tangrichilik elementlari koʻp uchraydi. Motam va dafn marosimlarida ham tangrichilik marosimlari bor. Qisman boʻlsa-da yetti, qirq marosimlari nishonlanadi. Yil marosimi ham nishonlanadi, faqat uni 11-oyda oʻtkazishadi.

Qarayimlar yovuz ruhlarni haydash uchun uylarida daf (doira) saqlaydi. Bola tugʻilganda qirq kunlik chillaga amal qilishadi. Bolalarini tarbiyalashda eng koʻp ishlatadigan iboralar aip (ayb boʻldi) va ne alk eter (odamlar nima deydi) degan soʻzlar ekan.

Endi fikrlarni umumlashtirsak. Qiyofasi turkiy, tili turkiy, timsollari turkiy, odatlari turkiy, ammo dini yahudiy boʻlgan xalq kim boʻlishi mumkin?

Albatta, turkiy xalq! Aniqrogʻi, yahudiy diniga eʼtiqod qiladigan turkiy xalq. Qolaversa, biron-bir dinga eʼtiqod qilishlik millatning madaniyati, turmush tarzi, mentalitetiga taʼsir etishi mumkin, ammo etnik oʻzligiga taʼsir etmaydi.

Anvar BOʻRONOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi



[1] Мусаев К.М. Синтаксис караимского языка. – Москва: «Academia», 2003. – С. 8.

[2] Мусаев К.М. Синтаксис караимского языка. – Москва: «Academia», 2003. – С. 9.

[4] Гаджиева Н. З. Хазарский язык // Языки мира. Тюркские языки. М., 1995. – С.138–139.

[5] Баскаков Н. Караимско-русско-польский словарь. – Москва: Русский язык, 1974. – С. 6.

[6] Мишна (яҳуд. ‏מִשְׁנָה‏‎ – «такрорлаш») – қадимги яҳудий тилида ёзилган диний-фиқҳий тўплам. Ортодоксал яҳудийликнинг қонунлари ва тамойиллари берилган китоби.

[7] Тирияки Д. Ищите тщательно в Библии и не полагайтесь на мое мнение // Caraimica № 1, International Institute of Crimean Karaites, 2007.

[8] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 23.

[9] Ельяшевич В. А. От «татарского» языка к крымскому диалекту караимского языка: к проблеме идентификации разговорного языка крымских караимов // Вопросы крымскотатарской филологии, истории и культуры. – Симферополь: Крымский инженерно-педагогический университет, 2019. – Вып. 7. – С. 216–230.

[10] Имена и фамилии подписчиков на книгу «Таргум Тора бе-лешон татар» Архивная копия от 12 мая 2021 на Wayback Machine (Перевод Торы на крымско-караимский язык). 1841, Евпатория. //Сайт московских караимов.

[11] Мусаев К.М. Синтаксис караимского языка. – Москва: «Academia», 2003. – С. 187.

[13] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 5.

[14] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 305 - 3012.

[15] Epitet (ot yunoncha. ἐπίθετον – sifatlash) sifatlash, vasf; doimiy vasf (xalq poeziyasida). Bu yerda Xudoning sifati maʼnosida berilgan.

[16] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 5.

[17] Chiq – shabnam.

[18] Maqollar K.M Musayevning “Sintaksis karaimskogo yazika” nomli kitobidan yigʻnoqlandi.