...Kuni kecha buyuk jadid bobomiz Abdulla Qodiriy uy-muzeyi qadim noyob ashyo bilan boyidi – Xorazmdan bir yuz yigirma yoshli eshik keltirildi. Oʻymakorlik sanʼati namunasi boʻlgan qoʻshtabaqali eshikni asrab-avaylab kelgan birodarimiz Sherzodbekning aytishicha, otasining bobosi maʼrifatparvar inson oʻtgan, oʻz uyida maktab ochgan, ushbu eshik maktab xonasiga oʻrnatilgan. Oʻsha vaqtda maorif sohasiga katta eʼtibor qaratgan jadidlar yangi ochilgan maktabga kelishgan va albatta, ushbu eshikda ularning qoʻl izlari qolgan boʻlsa ne ajab!

Jadidlar odamlarni ilm-u maʼrifatga chorlash asnosida ularning kerakli kasb-hunar egalari boʻlib yetishishlari, ulusning shu boradagi ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishlari uchun ham qaygʻurishgan. Abdulla Qodiriyning boʻsh vaqtlarida duradgorlik qilgani, vassajuft yasaganini eslang (bugun bobosining ushbu kasbini nevarasi Sherkon davom ettiryapti).

...Boshlamadagi eskartishlardan soʻng aytmoq boʻlgan iddaomizga – bugunda shu sohada amalga oshirilayotgan ishlarga yuzlanamiz. Qadim Xorazmda hunarmandchilikning barcha yoʻnalishlari taraqqiy topgan. Vohalik hunarmandlar yasagan jihozlar oʻz vaqtida Sharq-u Gʻarb bozorlariga yetkazib berilgan. Ayniqsa, mohir ustalar tomonidan yasalgan, imoratlar bezagi boʻlmish eshik-derazalar, oʻymakor ustunlar taʼriflari uzoqlarga ketgan. Xonlikda bu borada xonqalik ustalar dong qozongan. Xonqa kulollari va hunarmand ustalari yasagan buyumlar, duradgorlik namunalari jahonning bir qator muzeylarida koʻrgazmaga qoʻyilgani bejiz emas.

Bugun xonqalik hunarmand usta-mebelsozlar bobolari sanʼatiga asosiy daʼvogar boʻlib, uni qoʻlbola koʻrinishdan sanoat darajasiga koʻtarishdi. Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda milliy hunarmandchilik sohasiga katta eʼtibor qaratilgani, ularga shart-sharoitlar yaratib berilgani, “ustoz-shogirdlik” anʼanasi qayta tiklangani soha tezkor rivojlanishiga zamin yaratdi. Qisqa muddatda tumanning “Istiqlol”, “Vatanparvar”, “Paxtagul” va “Barkamol avlod” mahallalarida yuzdan ortiq xonadonda zamonaviy mebellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi va kun kelib oilaviy biznes koʻrinishidan asta-sekinlik bilan sanoat koʻrinishiga oʻta boshladi. Tadbirkorlikni tez yoʻlga qoʻygan koʻpgina mebelsozlarga tuman hokimligi ustaxona qurish uchun yer ajratishi natijasida ikki qavatli, har tomonlama qulay binolar paydo boʻldi. Bu binolar nafaqat ishlab chiqarish maskani, ayni paytda mahsulotlar koʻrgazma zallariga ham ega. Shu bilan birga xaridor olgan mebellarni uylariga yetkazib va oʻrnatib berish xizmati ham yoʻlga qoʻyilgani mijozlar soni tobora oshishini taʼminlayapti. Qisqasi, bugun viloyatda ishlab chiqarilayotgan mebellarning deyarli yarmi xonqalik mebelsozlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Xonqalik usta-hunarmandlar yuz turdan ortiq, jahoniy andozadagi sifatli va hamyonbop mebellar yasashmoqda. Aholi turarjoylarigina emas, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va boshqa muassasalarga ham buyurtma asosida turli oʻlchamdagi mebellar yetkazib berishyapti. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni bugun qoʻshni Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlar aholisi ham maʼqul koʻrib xarid qilishmoqda.

Sobiq Ittifoq vaqtida qoʻlida ortiqcha mablagʻi bor odam xorijda ishlab chiqarilgan mebel topish taraddudiga tushardi. Finlyandiya yoki boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan mebellarning bozori chaqqon... asosan peshtaxta tagidan, tanish-bilish orqali topilardi. Endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilar – hunarmandlar xorij mebellari bozoriga ham raqobat koʻrsata boshlashdi.

...Ikki yil oldin katta qizim yangi imoratga koʻchib oʻtganida, nevaralarim dars tayyorlashlari uchun mos stol-stul xarid qilish maqsadida yoʻlga otlanib turganimni koʻrib “Xonqaga borib yurasizmi, Bogʻotda ham mebel doʻkonlari ish boshlabdi”, deb qoldi. Tuman markazidagi yangi doʻkon va ustaxonani, unda qatorlashtirib qoʻyilgan shkaf, javon, stol-stullar, yotoq jihozlarini koʻrib quvondim. Tadbirkorga qachon ish boshlashgani haqida bergan savolimga javobdan soʻng hayratim oshdi. Sababi, hunarmand-tadbirkor xonqalik boʻlib, Bogʻot tumani markazi va yana Dehqonobod qishlogʻida ham shunday ustaxona va doʻkonlar ochgan ekan. Oldinlar viloyat markazida “Xonqa mebel” yorliqli binoga koʻzim tushib, qadim el hunarmandlarining “el ichiga yurishlari”dan quvongandim.

“Birlashgan oʻzar...” deyilmish otasoʻzimiz mazmunidan kelib chiqib, tuman hunarmandlari shu kungacha yakka tartibda faoliyat yuritsalar-da, allaqachon butun viloyatda oʻzlari ishlab chiqarayotgan mebellar brendini yaratishgani tahsinga loyiq edi. Endi esa...

Prezidentimizning “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroridan soʻng tumanning Madir qishlogʻidagi “Doʻstlik” mahallasida kichik iqtisodiy zona qurilishi boshlandi. Bu yerda 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar hunarmandlar qoʻl mehnatini yengillashtirish, ishlab chiqaradigan mahsulotlari sifatini oshirishga xizmat qiladi. Keng va zamonaviy sexlarga eng soʻnggi rusumdagi duradgorlik dastgohlari oʻrnatiladi, kerakli texnika va boshqa vositalar bilan taʼminlanadi. Tadbirkorlar ishlab chiqarishida uzilishlar boʻlmasligi uchun iqtisodiy zonani alohida elektr taʼminoti bilan taʼminlaydigan yuqori kuchlanishli transformatorlar oʻrnatiladi. Qisqasi, bu yerda ulkan mebelsozlik majmuasi paydo boʻladi.

Uch yil oldin ezgu niyatlar bilan boshlangan qurilish jarayoni deyarli yakunlanish bosqichida. Erta-indin ustalarimiz majmuasida tayyorlangan mebellarni qoʻshni davlatlarga eksport qilishayotgani haqida xabar eshitsak ajablanmaymiz.

Roʻzimboy HASAN

“Jadid” gazetasi, 2025-yil 21-fevral, 8-son.

“Milliy brendga aylangan vorislik” maqolasi