XIV-XV asrlarda va hatto keyingi davrlarda ham kelib chiqishi Chingizxon avlodidan boʻlsa-da, davlatni nominal hukmdor sifatida boshqargan xonzodalarga nisbatan “huquqsiz xonlar” yoki “qoʻgʻirchoq xonlar” iborasi qoʻllanilgan. Mazkur maqolada Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda hukmronlik qilgan sulolalar – Chigʻatoy xonlari, Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolalari davridagi “huquqsiz xonlar” tarixi tahlil qilinadi.   Bunda “huquqsiz xonlar”ning asosiy guruhlari, ularning hokimiyatga kelish yoʻllari, tarixiy oqibatlari koʻrib chiqiladi. Bu masala doirasidagi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, “huquqsiz xon”lar fenomeni moʻgʻul siyosiy madaniyatining asta-sekin oʻzgarishi va post-moʻgʻul davlatlarning shakllanishidagi muhim bosqich boʻlgan.

Chingizxon davlati tashkil topgach, 1206-yilda tasdiqlangan Yasa qonunlarida butun imperiyada yoki keyinchalik uluslarga boʻlib yuborilgan davlatlarda faqatgina Chingizxonga borib taqaluvchi “Oltin urug‘” vakillarigina xon unvoniga sazovor boʻlishi mumkinligi alohida taʼkidlangan. XIV asr oʻrtalaridan boshlab Yasada qatʼiy belgilangan mazkur qoida buzila boshlandi va hokimiyatga mintaqa siyosiy hayotida faol oʻrin tutgan amirlar chiqa boshladi. Bunga quyidagilar sabab boʻladi:

1.                 Chingiziy shahzodalar oʻrtasidagi doimiy ichki kurashlar va ularning yoshligi;

2.                 Turli shahzodalarni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan qabila yetakchilarining harbiy-iqtisodiy ustunligi;

3.                 Mintaqadagi asosiy savdo yoʻllari va shaharlarning amirlar qoʻliga oʻtishi;

4.                 Islom dinining keng tarqalishi va mahalliy turkiy elitaning kuchayishi hamda boshqalar.

Chigʻatoy ulusi xoni Kebekdan soʻng ulus taxtiga ikki ukasi Elchigiday va Durar Temurning qisqa hukmronligidan soʻng, boshqa bir ukasi Tarmashirin  koʻtariladi. Ammo Tarmashirinning hukmronligi ham uzoqqa bormaydi. Deyarli oʻn yilga yaqin hukmronlikdan soʻng Tarmashirin islom dinini qabul qilib, oʻtroq hayot tarzida yashagani, boshqaruvining soʻnggi toʻrt yilida ulusning har yilgi qurultoyida ishtirok etmagani kabi sabablar tufayli ulus hokimiyatidan chetlatiladi. Qisqa fursatda ulusga oʻnga yaqin xonlar kelib, birin-ketin almashaveradi. Shu jumladan, qachonlardir ulusni oʻz taʼsiriga olib, bir muddat Chigʻatoy xonlari ustidan nazorat oʻrnatgan Oʻqtoy xonadoni vakillari ham ulus boshqaruvini qayta qoʻlga olish maqsadida bu kurashga qoʻshiladilar. Buzon, Chenkshi, Yesun Temur, Ali Sulton (Oʻqtoy naslidan), Muhammad, Xalil Alloh (Xalilulloh) kabi xonlar boshqaruvidan keyin ulus boshqaruviga Yasavur Oʻgʻlonning oʻgʻillaridan biri Qozon Temur keladi. U akasi Xalil Alloh bilan bir vaqtda bir muddat avval ikki qismga boʻlinib ketgan davlatni boshqarib kelayotgan edi.

XIV asrning 40-yillarida Ili mintaqasida toj-u taxt kurashlari avj olib ketadi. Natijada Qozon Temur davlat markazini Movarounnahr ichkarisiga koʻchirib, davlatni qayta markazlashtirish masalasida shu yerdan turib koʻchmanchilarga qarshi kurashgan. Shu bilan birga Qozon Temur markazlashgan davlat qurish gʻoyasiga qarshi chiqqan turk-moʻgʻul amirlariga qarshi kurash ham boshlaydi. Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorix” asarida keltirilishicha, Qozon Temur hokimiyatni kuchsizlanishga olib kelayotgan yirik amirlarni qatl eta boshlaydi. Manbada keltirilishicha, bir kunda yuzlab qatllar amalga oshiriladi. Buning oqibatida yirik amirlar ochiqchasiga Chigʻatoy xoniga qarshi birlashib, amir Qazagʻon atrofida birlashadilar va ikki oʻrtadagi bir nechta janglardan soʻng amir Qazagʻon gʻalaba qozonadi.  Hokimiyatga amir Qazagʻonning kelishi Chigʻatoy xonadoni vakillarining ulusning gʻarbiy qismidagi mustaqil hukmronligiga amalda yakun yasaydi. Amir Qazagʻon hokimiyatni qoʻlga olgan boʻlsa-da, oʻzini xon deb eʼlon qilolmaydi. Ayni vaqtda sharqiy ulusda Tugʻluq Temur hukmronlikni qoʻlga olgan edi. Amir Qazagʻon yon atrofdagi boshqa Chingiziylarning eʼtiborini tortmaslik maqsadida ulus taxtiga “huquqsiz xonlar”ni koʻtara boshlaydi. U bu masalada Chigʻatoy xonadoni vakillariga ishonmagani uchun Oʻqtoy xonadoni vakili Donishmandchaxonni taxtga chiqaradi. Amir Qazagʻon bu bilan ulusning Movarounnahrdagi hokimiyatidan Chigʻatoylarni butunlay surib chiqarishni ham maqsad qilgan edi.

Ulusning dastlabki “huquqsiz xon”i – Donishmandchaxonning shajarasi manbalarda turlicha berilgan. Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida yozilishicha, Donishmandcha Oʻqtoy qoonning naslidan ekani taʼkidlansa-da, manbada xonning aniq shajarasi keltirilmaydi. Yana bir Temuriylar davri manbasi – muallifi nomaʼlum asar “Muizz al-ansob”da xonning nisbasi Donishmandcha ibn Hundun ibn Turjon ibn Malik ibn Oʻqtoy, sifatida keltirilgan. XVII asr tarixchisi Abulgʻoziy Bahodurxonning “Shajarayi turk” asarida Donishmandchaxon Oʻqtoyning nabirasi Qayduxonning oʻgʻli boʻlgani yoziladi. Donishmandchaxonning ajdodlari masalasida “Muizz al-ansob”dagi maʼlumotlar haqiqatga yaqinroq. Negaki, “Shajarayi turk” muallifi aytganidek, Donishmandchaxon Qayduxonning oʻgʻli boʻlganida edi u 1270–1300-yillar tarixiy voqealarida ishtirok etgan va manbalarda eslatilgan boʻlar edi. Shuningdek, XIV asr boshlaridagi tarixiy voqealar shuni koʻrsatadiki, Kebek Qayduning barcha oʻgʻillarini mintaqadan quvib yuboradi yoki oʻldirib yuboradi.

Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirzo Ulugʻbek, Muiniddin Natanziy kabi muarrixlarning asarlarida Qozon Temurdan keyingi xon ikki yil “huquqsiz xon” sifatida hokimiyatda boʻlib, keyin amir Qazagʻon farmoni bilan qatl etilgani taʼkidlanadi. Undan keyingi “huquqsiz xon”ning ismini Nizomiddin Shomiy Bayonquli Surgʻatu oʻgʻli, Sharafiddin Ali Yazdiy Bayonqulixon ibn Soʻgʻdo-oʻgʻlon ibn Duvaxon, Mirzo Ulugʻbek esa Bayonqulixon ibn Sargʻad oʻgʻul shaklida keltiradi. Bayonqulixonning shajarasi, ayrim harflar oʻzgarishi eʼtiborga olinmasa, barcha manbalarda bir xil aks etgan.  Bayonqulixon nisbatan koʻproq muddat “huquqsiz xon” sifatida boshqaruvda qolgan xon boʻlib, uning hukmronligi davrida mintaqada bir qancha xonning nomi bilan bogʻliq Buxoroda masjid va madrasalar quriladi. Bayonqulixon tabiatan yumshoq feʼlli, amir Qazagʻonning barcha buyruqlariga soʻzsiz itoat qiluvchi shaxs edi. Ammo amir Qazagʻon vafotidan keyin amirlik hokimiyatini qoʻlga olgan uning oʻgʻli Abdulloh qisqa fursatdan keyin Bayonqulixonni qatl etadi. Mirzo Ulugʻbek uning qatl etilishiga amir Abdulloh Bayonqulixonning xotiniga oshiq boʻlib qolganini  sabab sifatida koʻrsatadi. Shuning uchun amir Abdulloh Bayonqulixonni oʻldirib, uning xotiniga uylanadi.

Bayonqulixondan keyingi “huquqsiz xon” Temuriylar davri barcha forsiy manbalarida yakdillik bilan Temurshoh ibn Yesun Temurxon ibn Abukan ibn Duvaxon boʻlgani taʼkidlanadi. Ammo tarixiy manbalarda nomi qayd etilgan “huquqsiz xon”larning aksariyatining hukmronlik davri toʻgʻrisida hech qanday aniq maʼlumotlar aks etmagan. “Huquqsiz xon”larning hukmronlik yillari toʻgʻrisidagi qaydlarni numizmatik maʼlumotlardan olish mumkin. Shunga koʻra, Donishmandchaxon 1346–1348-yillarda, Bayonqulixon 1348–1358-yillarda Chigʻatoy ulusining “huquqsiz xon”lari sifatida faoliyat yuritishgan.

Bayonqulixondan keyingi “huquqsiz xon” Temurshoh hukmronligi davri aks etgan aniq numizmatik maʼlumotlar hozirgacha topilmagan. Bu holat Movarounnahr hududiga sharqiy Chigʻatoy ulusidan Tugʻluq Temurxonning kirib kelishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Negaki, Bayonqulixon qatl etilgandan soʻng, mamlakatda qabila boshliqlari va noiblar orasida amir Abdulloh hukmronligiga qarshi ochiq harakatlar amalga oshirila boshlanadi.

Amir Abdulloh yon-atrofdagi bek va amirlarni tinchlantirish maqsadida Chigʻatoy naslidan boʻlgan “huquqsiz xon” Temurshohni ulusga xon qilib koʻtaradi. Ammo Movarounnahrda amirlar orasida siyosiy boshboshdoqliklar avj olgani sababli Temurshohning nomidan tanga pullar zarb qilinmaydi. Temurshohni xon qilib koʻtarish ham mavjud vaziyatni yumshatmagach, amir Abdulloh hokimiyatni tashlab qochishga majbur boʻladi. Natijada, Movarounnahr hududida siyosiy tarqoqlik avj olib, oʻnlarcha bek va amirlar oʻzlarini hokimi mutloq sanay boshlashadi. Movarounnahrdagi siyosiy vaziyatni Sharqiy Chigʻatoy ulusidan – Moʻgʻulistondan kuzatib turgan Tugʻluq Temurxon fursatdan foydalanib, gʻarbiy Chigʻatoy ulusiga – Movarounnahrga qoʻshin tortadi.

Tugʻluq Temur va uning oʻgʻli Ilyosxoʻjaning qisqa hukmronligidan keyin ham Movarounnahr hokimiyatiga yana “huquqsiz xon”lar “hukmronligi” qaytadi. Xususan, amir Abdullohdan keyin Movarounnahrda hokimiyatni qoʻlga olgan amir Qazagʻonning nabirasi amir Husayn Movarounnahrda unga muxolifatda boʻlgan siyosiy kuchlarga qarshi gʻoyaviy asos sifatida keyingi “huquqsiz xonlar”ni taxtga koʻtaradi. Shunga koʻra, avval ulusning yigirma sakkizinchi xoni – Kobulshoh ibn Ruji ibn Iykjildoy ibn Duvaxon, keyinroq yigirma toʻqqizinchi xon – Odil sulton ibn Muhammad ibn Poʻlod oʻgʻli ibn Koʻnjakxon ibn Duvaxon birin-ketin hokimiyatga kelishadi.

Amir Temur ham “huquqsiz xon”larni siyosiy hokimiyatga koʻtarib, ularning nomidan davlatni idora qilish anʼanasini davom ettiradi. U 1370-yil aprelda amir Husayn ustidan gʻalaba qozongach, ulug‘ amir sifatida hokimiyatga kelishidan bir oy avval boʻlajak hokimiyatini qonuniy asoslash maqsadida Chingizxon naslidan yana bir “huquqsiz xon” – Suyurgʻatmishxonni xonlikka koʻtaradi. U Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si muqaddimasida oʻttizinchi Chigʻatoy xoni sifatida zikr etilib, shajarasi Oʻqtoy xonadoniga borib taqalishi aytiladi. Amir Temur hukmronligi davrida ikki Chingiziy xonzodani taxtga koʻtargan boʻlsa-da, u doimo Chingizxon avlodlariga alohida ehtirom bilan munosabatda boʻlgan. “Huquqsiz xon” boshqaruvi davrida chiqarilgan farmon va boshqa huquqiy hujjatlarda, ular nomidan bosilgan tanga-pullarda xonlarning nomi hurmat bilan yozilgan.

Suyurgʻatmishxon “hukmronligi” davrida Amir Temurning deyarli barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgani va sohibqironga sidqidildan xizmat qilgani tarixiy manbalarda koʻp marta taʼkidlanadi. Ulug‘ amir va xonning munosabatlari haqidagi maʼlumotlarga koʻra, Amir Temur harbiy yoki saroy qurultoylarida Suyurgʻatmishxonga doimo hurmat bilan munosabatda boʻlgan. Suyurgʻatmishxon oʻn sakkiz yillik “hukmronligi”dan soʻng, 1388-yilda kasallikdan vafot etadi. Amir Temur Suyurgʻatmishxonning vafotidan keyin oʻrniga uning oʻgʻli Sulton Mahmudni xonlikka koʻtaradi. Shuningdek, marhum xonga boʻlgan hurmatidan uch yil mobaynida Suyurgʻatmishxon nomini xutbada qoʻshib oʻqitishni, nomini tanga-pullarda yozib zarb etishni davom ettiradi.

Sulton Mahmud navbatdagi “huquqsiz xon” edi. Amir Temur bu ikki xon nomidan ham tanga-pullar zarb qildirgan. Shuningdek, Amir Temur Sulton Mahmudni oʻz nabira qizlaridan biriga uylantirib, xonni oʻziga kuyov qilib ham oladi. Oʻz navbatida Suyurgʻatmishxonning qizini oʻgʻli Mironshohga nikohlab “huquqsiz xon”lar bilan munosabatlarni qarindoshlik aloqalari bilan mustahkamlaydi.

Sulton Mahmud ham “hukmronligi” davrida Amir Temurning oʻnlab harbiy yurishlarida faol ishtirok etadi. Jumladan, xonning 1402-yilgi Anqara janggidagi muvaffaqiyatli ishtiroki va Usmoniylar sultoni Boyazid Yildirimni asir olishi Amir Temur tomonidan yuksak eʼtirofiga sazovor boʻladi. Ammo mazkur jangdan koʻp oʻtmay Sulton Mahmud Samarqandga qaytmasdan kasallik tufayli vafot etadi. Amir Temur Sulton Mahmudga ham yuksak ehtirom koʻrsatib, vafotidan keyin bir yil mobaynida nomini xutbalarda qoʻshib oʻqitishni davom ettiradi.

Amir Temur hayotligi davrida boshqa Chingiziy xonzodalarni “huquqsiz xon”likka koʻtarmaydi. Ammo uning vafotidan keyin uzoq yillar mobaynida Temuriy hukmdorlar ham bu anʼanani davom ettirishmaydi. Amir Temur boshlab bergan anʼanani nabirasi Mirzo Ulugʻbek davom ettirib, qisqa bir muddatga Chingiziylar naslidan Sodiqxon ismli xonni “huquqsiz xon”likka koʻtaradi. Shuningdek, “huquqsiz xon”lar anʼanasi Mirzo Ulugʻbekning oʻgʻli Abdullatif Mirzo tomonidan ham davom ettirilgan. Abdullatif Mirzo otasi Mirzo Ulugʻbek ustidan gʻalaba qozongach, uni qatl etish haqidagi farmonga qisqa muddatda boshqaruvga koʻtarilgan “huquqsiz xon” orqali yechim topadi. Temuriy hukmdorlar orasida yana bir qancha shahzodalar turli maqsadlarini qonunlashtirish uchun qisqa muddatlarda “huquqsiz xon”larni taxtga chiqarishadi. Amir Temur va Temuriylar boshqa amirlardan farqli ravishda Chigʻatoy xonzodalarini emas, Oʻqtoy xonadoni vakillarini xonlikka koʻtarganlar. Movarounnahr bilan aloqasi boʻlmagan va ajdodlari hech qachon taxtga egalik qilmagan bunday tipdagi shahzodalar oʻz xoʻjayiniga xiyonat qilmaydigan va boshqa amirlarga suyana olmaydigan xon sifatida eng yaxshi nomzod boʻlgani uchun Chigʻatoy shahzodalaridan boshqa Chingiziy shahzodalarni nominal boshqaruvga koʻtarish siyosiy toʻlgʻama edi, deb hisoblash mumkin. Shu tariqa “huquqsiz xon”larni taxtga koʻtarish anʼanasi Temuriy Abu Said Mirzo (1250–1269-y.y.) hokimiyati yakunlangunga qadar davom etgan.

“Huquqsiz xon”larni taxtga koʻtarish anʼanasi Temuriylar davlati inqirozga uchragach, tashkil topgan keyingi sulolalar davrida ham davom ettiriladi. Jumladan, Ashtarxoniylar sulolasining soʻnggi vakili Abulfayzxon (1711–1747-y.y.) oʻldirilgandan keyin mangʻit amiri Muhammad Rahimbiy bir nechta “huquqsiz xon”larni taxtga koʻtarib, amalda oʻzi davlatni idora qiladi. Bu anʼana Xorazm davlatida (Xiva xonligi) ham davom ettirilib, qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan Muhammad Amin inoq Arabshohiylardan boʻlgan sulola vakillarini “huquqsiz xon”likka koʻtaradi va ular nomidan davlatni boshqaradi. Muhammad Amin inoqning nabirasi Eltuzar inoq 1804-yilda Abulgʻoziy V ismli soʻnggi “huquqsiz xon”ni haydab yuborib, oʻzini xon deb eʼlon qiladi va shu tariqa Xorazm davlatida Chingiziylarning nominal boshqaruviga ham yakun yasaladi.

Xulosa qilib aytganda, Chigʻatoy ulusining parchalanishi bilan yuzaga kelgan “huquqsiz xon”lar tizimi dastlab amir Qazagʻon va avlodlari tomonidan boshlab berilgan boʻlsa, keyinchalik Amir Temur va Temuriylar davlati tomonidan davom ettirilgan. Temuriylar davlati oʻrniga tashkil topgan Buxoro va Xorazm xonliklari boshqaruvida ham maʼlum yillarda “huquqsiz xon”lar tizimidan foydalanilgan. “Huquqsiz xonlar” XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyo va Dashti Qipchoqda moʻgʻul siyosiy tizimining mutlaqo yangi bosqichiga oʻtishini taʼminlaydi. Markaziy Osiyo boshqaruvida Chingiziylar monopoliyasining yoʻqolishi milliy turkiy davlatlarning paydo boʻlishiga zamin yaratdi. Shu maʼnoda, amir Qazagʻon, Amir Temur, Muhammad Amin inoq, Muhammad Rahimbiy otaliq kabi shaxslar nafaqat “huquqsiz xonlar”ni hokimiyatga koʻtarishdi, shuningdek, aksariyati keyinchalik Markaziy Osiyo xalqlari davlatchiligida muhim oʻrin tutuvchi davlatlarning asoschilariga ham aylanishdi.

Sevinch ULASHOVA,

Alfraganus universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori