Mumtoz adabiyotimiz asrlar mobaynida arab yozuvida yaratildi, xalqimiz adabiy ehtiyojini qondirdi va keng hudud boʻylab tarqaldi. Biroq XX asrga kelib ushbu merosni yangi oʻsib-unib kelayotgan avlodga butunlay begona alifboda yetkazish zarurati dolzarb masalaga aylandi. Chunki maʼlum siyosiy-ijtimoiy sabablarga koʻra, yosh avlod bobolar merosidan bir qadar uzila boshlagandi. Boshqa tarafdan esa, adabiy asar muntazam koʻchirilish jarayonida deformatsiyaga (oʻzgarishlarga) uchraydi va uning xatolardan xoli sahih matnini yaratib, zamonaviy kitobxonlar ommasiga yetkazish muhim vazifaga aylandi. Avvalo shuni aytish joizki, aksariyat qoʻlyozma manbalar bizgacha muallif dastxati orqali emas, balki turli saviyadagi kotiblar mehnati tufayli yetib kelgan. Bundan tashqari, oʻsha davrlarda “muallif huquqi” tushunchasining hozirgidan oʻzgacha idrok etilishi matnga “erkin” yondashuv uchun sabab boʻlgan. Bu esa, oʻz navbatida, adabiy merosga doir oʻta muhim masalani – ilmiy-tanqidiy matn tuzishni taqozo etardi. Tuzilgan tanqidiy matn esa barcha yoʻnalishdagi tadqiqotlar – adabiyotshunoslik yoxud tilshunoslik uchun mustahkam ilmiy poydevor hisoblanadi.

Qisqasi, avvalo, tanqidiy matn tuzilib, ilmiy tadqiqotlar unga asoslangan holda olib borilishi, muayyan ijodkor asari esa yaratilgan tanqidiy matndan kelib chiqib kitobxonlar ommasiga taqdim qilinishi shart. Hamonki soʻzimiz tanqidiy matn xususida borar ekan, taniqli navoiyshunos Hamid Sulaymonov “Navoiy asarlarining manbalari va nashri haqida” maqolasida nihoyatda muhim mulohazani ilgari surganini eslash joiz: “Navoiy asarlarining ommaviy nashri qanday hajmda boʻlishidan qatʼi nazar hamma vaqt eng qadimiy va moʻtabar qoʻlyozmalar asosida tuzilgan tanqidiy tekstlarga mos boʻlishi lozim”[1], deya taʼkidlagan edi olim. Biroq amaliyotda har doim ham, bunday boʻlavermagan va buning bir necha oʻziga xos sabablari bor: oʻzbek alifbosining surunkali oʻzgarishlarga uchrashi (1921, 1929, 1940-yillar), imlo qoidalarining muntazam isloh qilinishi mumtoz adabiyot namunalarini, jumladan, ulug‘ shoir asarlarini har gal yangi alifboda nashr etishni kun tartibiga qoʻygan. Birinchidan, merosni yangi zamonda kitobxonlarga tezroq taqdim etish ustuvor vazifa sifatida koʻrilgan boʻlsa, ikkinchidan, yosh avlodni mumtoz adabiyot ularning maktab hamda oliy oʻquv yurti darsliklaridan joy olishi dolzarb masalaga aylandi. Shuningdek, ilmiy-tanqidiy matn tuzish avval amaliyotda boʻlmagan, uning ilmiy prinsiplari ishlab chiqilmagan edi. Biroq shunga qaramay, bizning madrasa koʻrgan ziyoli bobolarimiz oʻtgan asrda zamonaviy kitobxonlarni mumtoz asarlar bilan tanishtirishda ulkan ishlarni amalga oshirdilar.

Yuqorida bizgacha muallif dastxati orqali yetib kelmagan mumtoz asarlarning, birinchi navbatda, ilmiy-tanqidiy matnini tuzish, soʻngra esa shu asosda tadqiqotlar olib borish zarurligini taʼkidlab, lekin amaliyotda har doim ham bunday boʻlavermaganini qayd etdik. Taniqli navoiyshunos ustoz A.Hayitmetov matnshunoslikka doir muammolar tahliliga oid maqolasida buning sabablari xususida atroflicha toʻxtalgan: “Adabiy merosga boʻlgan qiziqish... bizning mamlakatimizda tobora ortib bormoqda. Bu vaziyatda ilmiy-tanqidiy tekst tuzilishi zarur deb topilgan asarlarning tekstlari bevosita biron qoʻlyozma manbadan hozirgi zamon oʻzbek alfavitiga koʻchiriladi. Buni transliteratsiya (tabdil – A.E.) deyiladi. Biz koʻpchilik hollarda shunday tekstlarga egamiz. Bunday tekstlar ilmiy mukammalikdan uzoq boʻlsa ham, ommaning birinchi ehtiyojini qondirish jihatidan kerak. Shu yoʻsinda biz hozirgi kunda koʻp klassiklar va ularga zamondosh avtorlar asarlarining nashr etilgan nusxalariga (tanqidiy matnlariga emas – A.E.) egamiz”[2].

Koʻrinib turibdiki, adabiy merosni zamonaviy kitobxonga yetkazishda “ommaning birinchi ehtiyojini qondirish” bosh prinsipga aylangandi. Biz bunga har bir fan tarixidagi tabiiy bosqich, deb qaraymiz va shu bilan birga, bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yoxud eʼtibor qaratilmagan nuqtalarga diqqatini jalb qilamiz. Mana shunday nuqtalardan biri tanqidiy matn tuzish bilan bevosita aloqador hisoblanadi. Odatda, tanqidiy matn tuzishda muayyan asarning toʻrt-besh qadimiy nusxasi ishga jalb etilib, bittasi asos sifatida olinadi va matndagi oʻzgarishlar tagxatda qayd qilib boriladi. Shu zaylda tanqidiy matn tuzilishi bilan matnchi ishi ham tugaydi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, muallif nusxasi mavjud boʻlmagan taqdirda ilmiy-tanqidiy matn tuzish zaruratdir. Shu bilan birga, matndagi oʻzgarishlar agar ular mazmun bilan bogʻliq boʻlsa, tushuntirilishi, izohlanishi shart. Chunki imlo qoidalari unifikatsiya qilinmagan, adabiy meʼyor belgilanmagan sharoitda ish koʻrgan kotib, tabiiyki, baʼzi imloviy xatolarga yoʻl qoʻyadi, ancha ilgari bitilgan asarni qayta koʻchirishda oʻzi uchun tushunarsiz ayrim arxaik soʻzlarni oʻzgartirishi ham mumkin. Biroq maʼno-mazmunga doir oʻzgarish yoxud “parcha” (matnshunoslikda bu interpolyatsiya deyiladi) ortida muallif matniga munosabat yotadi, albatta.

Xullas adabiyotshunoslikda matndagi oʻzgarishlar tahlili, yaʼni matn tarixi tadqiqdan tashqarida qoldi. Holbuki, “matn tarixi” matnshunoslikning asosiy – tayanch tushunchasi boʻlib, uni oʻrganish muallif asariga turli davrdagi munosabatni oydinlashtirib berishi mumkin. Masalan, Alisher Navoiy asarlari asrlar mobaynida koʻplab nusxalarda koʻchirilib, juda katta hudud boʻylab tarqalgan. Biroq shoir hayotlik davridan tartib berila boshlangan va mutlaqo bir-birini takrorlamagan terma devonlar, ularning mazmun-mundarijasi, matndagi mazmunga doir oʻzgarishlar tadqiqot obyekti boʻlganicha yoʻq. Bundan tashqari, shoir terma devonlaridan joy olgan Sharq sheʼriyatining yetakchi janri – gʻazal va uning mavzu-mundarijasi (irfoniy yoxud ishqiy), qanday estetik prinsipga koʻra saralab olinganga oʻxshash masalalar hozircha tadqiqotchilar nazaridan chetda qolayotir. Ushbu muammolarni oʻrganish matn yaratuvchisi boʻlmish inson (keng maʼnoda – kotib, muharrir, muzahhib, musannif) ongli faoliyatini butun murakkabligi bilan kuzatish imkoniyatini taqdim etadi. Eslatib oʻtamiz, muallif asariga munosabat oʻzgarmas (statik) hodisa emas, aksincha, muttasil oʻzgaruvchan (dinamik) hodisa boʻlib, aynan shu sabab ham har bir davr oʻz adabiy ehtiyojidan kelib chiqib ijodkor merosiga yondashadi, uni talqin etadi.

Qisqasi, shunday muammolarni izchil oʻrganish davrlar osha ijodkor adabiy merosiga munosabatni oydinlashtirib, yangi ilmiy yondashuv shakllanishiga yordam beradi. Bu esa, oʻz navbatida, mumtoz asarni toʻliq tushunish hamda anglashga imkoniyat yaratadi.

Adabiyot tarixining yana bir muhim muammosidan – mumtoz merosni bugungi kitobxonga qay tarzda taqdim qilishdir. Muayyan davr mevasi, mahsuli boʻlmish badiiy asarni kitobxon keyingi davrlarda qabul qilishi, idrok etishi doimo bir xilda kechmaydi. Chunki vaqt oʻtishi bilan estetik qarashlar, badiiy did oʻzgaradi, ayni chogʻda, soʻz sanʼati namunasi bilan oradagi masofa uni tushunishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Yuqorida Alisher Navoiy merosini XX asr oʻquvchilariga yetkazishda talay ibratli ishlar amalga oshirilgani haqida toʻxtaldik. Shoir asarlari zarur sharh, izoh va lugʻatlar bilan qayta-qayta nashr etildi, “Xamsa” dostonlarining nasriy bayonlari yaratildi. Albatta, mazkur nashrlar kitobxonlar ommasi va soha mutaxassislarining shoir asarlari bilan tanishish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar olib borilishida katta ahamiyatga egaligini tan olmay, iloj yoʻq. Ayni chogʻda, nazmiy asarni nasriy bayon etishida badiiyat bilan bogʻliq qator yoʻqotishlar boʻlganini ham qayd etmoq zarur. Zero, nazmiy asar kitobxonga oʻz ritmik ekspressiv va boshqa xususiyatlari bilan kuchli taʼsir koʻrsatadi, unda bir qancha assotsiatsiyalarni uygʻotadi va bularning barchasi poetik matnni anglashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, oʻrta asrlar adabiyotidagi badiiy soʻzga ayricha eʼtibor, uning butun maʼno qatlamlarini koʻrsatishga intilish, afsuski, nasriy bayonda barham topadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, ayrim navoiyshunoslar nasriy bayonga shubha bilan qaraganlar.[3]

Shoir dostonlarining nasriy bayonlari xususida soʻz yuritar ekanmiz, ular kitobxonlar ommasi va mutaxassislarni doho shoir asari bilan yaqindan tanishuvida, uning syujet chizigʻini bilishida ijobiy rol oʻynaganini ham inkor eta olishimiz, ayni chogʻda, har qanday asar shakl va mazmun uygʻunligida toʻlaqonli idrok etilishini ham yoddan chiqarmaslik lozim.

Mumtoz merosning zamonaviy adabiy jarayondagi oʻrni haqida soʻz borganda, uning bugungi ahamiyati, kitobxonlar tomonidan qanday qabul qilinishi, baholanishi kabi qator omillarni inobatga olish zarur. Mulohazalarimiz mumtoz asarlar va davr borasida borar ekan. Mashhur adabiyotshunos G.M.Fridlenderning (1915–1995) L.Tolstoy ijodi va uning yangi talqinlari yuzasidan aytgan fikri yodga tushadi: “Agar mumtoz asarning zamonaviy talqini bugunning ehtiyoj va talablarini inobatga olmasa, u holatda bunday talqin muzey eksponatiga aylanib qoladi. Mumtoz asarni faqat yaratilgan davr chegaralariga qamab oʻrganish, uni yolgʻiz oʻtmishning ijtimoiy va badiiy tasavvurlari doirasida talqin qilish, bizning irodamizga bogʻliq boʻlmagan holda asarni zamonadan uzoqlashtirib oʻtmish bilan bugun oʻrtasidagi tarixiy obyektiv aloqani yoʻqqa chiqaradi”.[4] Eʼtibor qilsak, adabiyotshunos oʻtmish va “bugun oʻrtasidagi tarixiy obyektiv” robita haqida fikr yuritmoqda. Binobarin, mumtoz asar talqini “bu qanday sodir boʻlgan edi” kabi savollar atrofida oʻralashib qolsa, uning bugungi ahamiyati “parda” ortida qolib, natija toʻlaqonli boʻlmaydi. Shu oʻrinda yigirmanchi asrning mashhur faylasufi va filologi M.Baxtinning quyidagi soʻzlarini yodga olish foydadan holi emas. “Buyuk asarlarning oʻzi yaratilgan davrdan uzoq – kelgusi davrlardagi hayoti, aytib oʻtganimizdek, paradoks boʻlib tuyuladi. Oʻz ikkinchi umri jarayonida ular yangi maʼno, yangi mazmun bilan boyiydilar; bu asarlar goʻyo oʻzi yaratilgan davridagi qobiqlariga sigʻmay qoladi, uni yorib chiqadi. Aytish mumkinki, Shekspirning oʻzi ham, uning zamondoshlari ham hozir biz bilgan “buyuk Sheskpir”ni bilmagan. Biz bilgan Shekspirni Yelizaveta davriga (adib yashagan zamonga – A.E.) zanjirband qilib qoʻyish aslo mumkin emas”[5].

Koʻrinib turibdiki, vaqt sinovidan oʻtgan badiiyat namunalari bagʻrida maʼno zahiralari imkoniyat shaklida mavjud. Bu maʼno zahiralari har bir davrda oʻzgacha porlab, oʻz borligʻini namoyon etadi. Adabiyot tarixchisi esa ayni imkoniyatlar, yaʼni maʼno zahiralarini qidirib topib voqelikka aylantira olishi, boshqacha qilib aytganda, oʻz davri maʼnaviy, madaniy, adabiy ehtiyojlari bilan bogʻlay bilishi zarurki, ana shundagina mumtoz asarning ikkinchi umri sobit, bardavom boʻladi.

Mumtoz merosni bugungi oʻquvchiga qanday taqdim qilish bilan bogʻliq muammolar matbuotda bot-bot tilga olinayotgan boʻlsa-da, masalaning nazariy tomonlari, uning yechimi mubohasa, munozara obyekti boʻlganicha yoʻq. Holbuki, shiddat bilan oʻzgarayotgan axborot asrida mumtoz adabiy meros oʻzining qaysi jihatlari bilan bugungi kitobxonni qiziqtirib, unda estetik zavq uygʻota oladi, ong-u shuuridan mustahkam joy oladi, degan savol kun tartibida dolzarb boʻlib turibdi. Taniqli tasavvufshunos I.Haqqul adabiyotshunos Sh.Nazarova bilan suhbatida Alisher Navoiy ijodini bugungi yoshlar tushunishining murakkabligi va uning sabablari xususida soʻz yurita turib bunday deydi: “Navoiyday shoirlarning ijodiga yoʻl topishning birinchi sharti ularning Ruh va Hol olamiga erkin kirib borishdir. Bu, albatta, sof mohiyat va iztirobni teran mushohada qilish orqali amalga oshadi. Zero, jahon adabiyotining eng vijdonli, eng haqgoʻy sanʼatkorlari kundalik turmush tashvishi va moddiy manfaatlardan yiroq mohiyat, aql va irodaning qoʻshiluvidan tugʻilgan iztirob atrofida birlashishgan. Shaxs sifatida shakllanmagan hech bir kishi bu haqiqatni chuqur tushunmaydi”[6]. Bizningcha, avvalo, I.Haqqul talabini faqat ideal talab sifatidagina qabul qilish mumkin. Ijodkor ijodini anglash, tushunish esa, bu – endi butunlay boshqa masala. Qolaversa, ijodkor hech bir vaqt real voqelikdan uzilmaydi, ijodi esa shunchaki “koʻngil izhori” emas, balki yashagan davri bilan u yoki bu darajada chambarchas bogʻliqdir.

Mumtoz merosning zamonaviy talqinlari haqida soʻz yuritar ekan, yana ayrim nuqtalarga ham eʼtibor berish zarur deb hisoblaymiz, yangi talqinlar zamonaviy ehtiyojlarni inobatga olishi zarur boʻlsa-da, ammo bunda badiiy asarni zamonaning oʻtkinchi yoʻriqlari asosida baholash, yoʻq narsani uning matnidan “qidirib topish”, siyosiy konʼyunktura talabidan kelib chiqib modernizatsiya qilish hech qachon oʻzini oqlamaydi[7]. Badiiy asar muayyan davr mahsuli ekan, u, birinchi navbatda, oʻz davri oʻquvchisiga qaratiladi va, tabiiyki, zamonlar oʻtib undagi ayrim badiiyat unsurlari, ilgari surilgan gʻoyaviy “yuk” bir qadar oʻz aktualligini yoʻqotishi mumkin. Masalan, shoir “Xamsa”sidan joy olgan Xadichabegim yoki ayrim temuriy shahzodalar madhi bugunning nuqtai nazaridan, birmuncha eskirgan yoxud orqa rejaga oʻtgan boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, ushbu asar umuminsoniy va milliy qadriyatlar yuksak badiiyat bilan tarannum etilgan nuqtalar ham borki, adabiyot tarixchisi ularni inkishof etib, keng miqyosda koʻrsata olishi darkor. Bunday yondashuv esa, oʻz navbatida, ulug‘ shoir ijodini jahon adabiyotida tutgan oʻrnini aniqlashtirishga imkon yaratadi.

Xullas, adabiy merosni tarixiylik va zamonaviylikning dialektik aloqadorligida chuqur talqin eta bilish asarning ikkinchi umrini bardavom etadi va zamonaviy kitobxonni unga oshno qiladi.

Abdurasul EShONBOBOEV,

Alisher Navoiy nomidagi Davlat

adabiyot muzeyi ilmiy xodimi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025-yil 6-son.

“Matn va talqin” maqolasi



[1]1 Bu haqda qarang: Alisher Navoiy. Asarlar oʻn besh tomlik. 1-tom. 1963. Toshkent. H. Sulaymonning “Navoiy asarlarining manbalari va nashri haqida” nomli kirish maqolasi. 27-bet. 

[2] Hayitmetov A. Matnshunoslik muammolari // “Sharq yulduzi” jurnali. 1982, 3-son.

[3] Bu haqda qarang: Abdugʻafurov A. Buyuk beshlik saboqlari. T., 1995. 58-bet.

[4] Класфе наследие и современность. М., 1981, стр. 30.

[5] Baxtin M. “Новый мир” tahririyati savoliga javob. // Filologiya masalalari. 2003-yil, 1-son 87-bet. 

[6] Bu haqda qarang: “Jahon adabiyoti” jurnali. 2018. 2-son. 140–146-betlar. 

[7] Shoir asarlarini joriy siyosat yoʻrigʻidan kelib chiqib modernizatsiya qilishlar ham boʻlgan. Bu haqda qarang: Toʻychiyev U. Alisher Navoiy ichkilik va ichkilikbozlikning zarari haqida. T., 1989. “Fan” nashriyoti.