Qoʻqon xonligida moliya tizimining shakllanishi bevosita davlatchilikning qaror topishi bilan bogʻliq edi. 1709-yilda Buxoro xonligi tarkibidan ajralib chiqqan yangi davlat oldida hokimiyatni mustahkamlash, qoʻshinni taʼminlash hamda saroy va boshqaruvni yuritish kabi muhim vazifalar turardi. Bu esa barqaror moliyaviy manbalarga boʻlgan ehtiyojni kuchaytirib, xazina daromadlarini shakllantirishga doir munosabatlarni yuzaga keltirdi [2.1.39–40 b.].
Xonlikda moliyaviy masalalar xon hokimiyati atrofida shakllangan boshqaruv tizimi orqali tartibga solingan. Xazinaga kelib tushgan mablagʻlarni yigʻish, saqlash va maqsadli sarflashda oddiy xizmatchilarga qaraganda xonga yaqin, nufuzli va ishonchli amaldorlar muhim oʻrin tutgan. Xon huzurida faoliyat yurituvchi doimiy kengash tarkibiga otaliq, mingboshi, parvonachi, sarkor, dasturxonchi, risolachi, gʻaznachi, mehtar, noib va xudaychi kabi mansabdorlar kirgan.
Qoʻqon xonligi moliya tizimi faqat xazinaga mablag‘ yigʻish bilan cheklanmay, davlat hokimiyatini taʼminlash, amaldorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mamlakat iqtisodiy hayotini boshqarish kabi murakkab vazifalarni qamrab olgan.
Davlatning ichki va tashqi vazifalarini bajarishi, saroy va boshqaruv tizimini saqlab turishi hamda xoʻjalik ishlarini amalga oshirishi uchun muntazam moliyaviy manbalar zarur boʻlgan. Biroq moliya tizimining oʻziga xos jihati shunda ediki, xazina mablagʻlarining kelgusi sarf-xarajatlari zamonaviy davlatlardagi kabi oldindan aniq rejalashtirilmagan. Saroy devonxonasi hujjatlarida yil boshida yagona xarajatlar hisobi tuzilgani haqida maʼlumotlar uchramaydi. Demak, xazina mablagʻlari muayyan ehtiyojlar paydo boʻlishiga qarab taqsimlangan, yaʼni moliyaviy boshqaruv mavjud mablag‘ va yuzaga kelgan ehtiyoj oʻrtasidagi munosabat asosida amal qilgan.
Pul munosabatlarining siyosiy va kundalik hayotdagi oʻrni
Xonlikning moliyaviy hayoti faqat ichki ehtiyojlar bilan cheklanib qolmagan. Qoʻqonning qoʻshni davlatlar bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarida ham pul munosabatlari muhim oʻrin tutgan. XIX asrga oid manbalar va sayohat materiallari buni tasdiqlaydi. Jumladan, A.Xoroshxin oʻz xotiralarida qoʻqonlik elchi Sarimsoqxoʻjaning odamlaridan biri Berdiqul unga sotib olgan echkisi uchun pul qaytarib berib: “Siz xonning odamisiz, nima kerak boʻlsa, mendan soʻrang”, deganini keltiradi. Bu kabi kichik misollar pulning nafaqat ichki savdoda, balki siyosiy va elchilik munosabatlarida ham amaliy ahamiyat kasb etganini koʻrsatadi [3.1.].
Iqtisodiy rivojlanish va infratuzilma xarajatlari
Xazina mablagʻlari faqat saroy va harbiy ehtiyojlarga emas, balki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga ham yoʻnaltirilgan. Yangi yerlarni oʻzlashtirish, kanallar qazish, suv inshootlari va koʻpriklarni qurish hamda taʼmirlash davlat moliyasining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlgan. Bu choralar bir tomondan aholining xoʻjalik faoliyatini yengillashtirsa, ikkinchi tomondan yangi yerlarni qishloq xoʻjaligi oborotiga kiritish orqali xazina daromadlarini koʻpaytirgan. Masalan:
Umarxon davrida – Yangi ariq;
Madalixon davrida – Xonariq;
Xudoyorxon davrida – Ulugʻnahr kanallarining qazilishi suv xoʻjaligi va moliyaviy manfaatlarning uzviy bogʻliqligini koʻrsatadi.
Harbiy taʼminot va boshqaruv
Xazina mablagʻlarining yana bir asosiy yoʻnalishi davlat xizmatchilari va harbiylarni taʼminlash edi. Bu shunchaki xarajat emas, balki davlat boshqaruvi va harbiy kuchni saqlab turishning muhim vositasi boʻlgan. Amaldorlarning maoshi ularning xizmatdagi masʼuliyatini belgilasa, harbiylarga ajratilgan mablagʻlar qoʻshinning jangovar salohiyatini taʼminlagan.
H.Bobobekovning maʼlumotlariga koʻra, harbiy xizmatga kirgan kishiga ot va ot-abzal berilgan. Safar oldidan yuzboshiga 2 tilla, ellikboshiga 1,5 tilla, oddiy askarga esa 1 tilla ajratilgan. 1851-yilda harbiylarni taʼminlash pulli maosh va natura shaklidagi oziq-ovqatdan iborat boʻlib, bir yilda: Yuzboshi – 147 soʻm kumush tanga; Ellikboshi – 98 soʻm; Oʻnboshi – 65 soʻm; Oddiy askar – 43 soʻm olgan [2.2.42 b.].
1860-yilga kelib xonlikda muntazam qoʻshin shakllangan edi. Demak, xazina mablagʻlari kundalik ehtiyojlarni qoplash bilan birga, davlatning harbiy qudrati va mustaqilligini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.
Xazina mablagʻlari qayerga sarflangan?
Qoʻqon xonligi xazinasidan ajratilgan mablagʻlar faqat kundalik joriy xarajatlarni emas, balki kelgusida iqtisodiy naf keltiruvchi mulklarni sotib olish, saroyni taʼminlash va taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash kabi strategik yoʻnalishlarga ham yoʻnaltirilgan. Arxiv hujjatlari ushbu moliyaviy jarayonlarning oʻziga xos xususiyatlarini ochib beradi.
Jumladan, Xudoyorxon 50 tillaga baholangan 4 tanob uzumzor va 6 tanob anorzorni sotib olgan [5.1].
Mazkur hujjatda yerlarning Sulton Murodxonning Oqmasjiddagi yerlari yaqinida joylashgani, ilgari Muhammad Alixonga tegishli boʻlgani va keyinchalik risolachi qipchoq tomonidan buxorolik shayx ul-islomga sotilgani qayd etilgan [5.1].
Jami 10 tanob mevazorning 50 tillaga baholangani (bir tanob yerning oʻrtacha narxi 5 tilla) xonlikning soʻnggi davrlaridagi yer-mulk qiymatini oʻrganishda muhim manba sanaladi [5.1].
Xarajatlar nazorati va vaqf yerlari
Saroy devonxonasi tomonidan xazina mablagʻlarining sarflanishi qat’iy nazorat qilingan. Jumladan, tanobonadan tushgan mablagʻlar xon xoʻjaligi va saroy oʻrdasining kundalik ehtiyojlariga sarflanib, bu jarayon maxsus tayinlangan amaldorlar orqali kuzatib borilgan [5.2].
1870-1871-yillarda Dalailxon madrasasiga ajratilgan guruch va pul mablagʻlarining sarflanishi Muhammad Sodiq qoʻriqchi tomonidan nazorat qilingan. Hujjatda gʻalla, paxta, oʻrik va oʻtindan tushgan soliq mablagʻlari xon roziligi bilan Oltiariqdagi madrasa taʼminotiga yoʻnaltirilgani qayd etilgan [5.2].
Moliyaviy hisoblarda turli maqomdagi yerlar, jumladan, meros yerlar bilan birga Dovud xoʻja eshon darveshlari xonaqohi va qishloq masjidining vaqf yerlariga oid hisob-kitoblar ham keng oʻrin olgan [5.7.1, 5.7.2].
1875-yilgi arxiv daftari: Pul va natural qiymat uygʻunligi
Qoʻqon xonligida yer xaridi va hisob-kitob qilishda faqat naqd pul emas, balki qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ham muhim toʻlov vositasi boʻlgan. 1875-yilga oid maxsus daftar buning yaqqol isbotidir [5.3].
Qizilmush hududidan yer sotib olishda naqd pul oʻrniga joʻxori, mosh, guruch, paxta va boshqa mahsulotlar berilgan [5.3].
Xonlikda oltindan zarb qilingan pullar – tilla, kumushdan qilinganlar – tanga (mahalliy aholi tilida “bir qoʻqon”), mis pullar esa chaqa deb nomlangan.
Hujjatda mahsulotlar faqat miqdori bilan emas, balki ularning bozor bahosi va puldagi qiymati bilan birga qat’iy hisobga olingan. Masalan, 57 choriq guruch 27 tillaga, 4 choriq 6 chaksa paxta esa 4 tilla 7 tangaga baholangan [5.4].
1875-yilgi yer xaridlarining umumiy yakuniy hisobi:
Joʻxori (240 choriq) – 80 tilla [5.3];
Paxta (86,5 choriq) – 66,5 tilla [5.3];
Gʻalla (3 choriq) – 1,5 tilla [5.3];
Mosh (3 choriq) – 1 tilla 13 tanga [5.3];
Qovun pullari – 164 tanga [5.3];
Guruch (679 choriq) – 320 tilla [5.3].
Jami hisob – 500 tilla [5.3].
Arxiv hujjatlari Qoʻqon xonligida xazina faqat isteʼmol fondidan iborat boʻlmaganini, balki pul va natural mahsulotlarning bozor qiymatini bir tizimga birlashtiruvchi puxta moliyaviy-xoʻjalik mexanizmlariga ega boʻlganini koʻrsatadi.
OʻzMA 1043-fond 497-hujjatning tarjimasi:
1875-yil Robbi avval oyining 8-sanasi. Qizilmushdagi yerlarga 500 tilla hisobidagi gʻalla ajratildi.Uchta chek-yer – Abdujalilboy, Muhammad Xoliqboy, Mulla Umar Uzoq. 64ch oriq joʻxori, (bozor narxi bilan hisoblaganda 3 choriq joʻxoriga bir tilla 6 yarim tanga); 2 yarim choriq 100 paysa mosh – (bozor narxida 1 choriq 16 chaksa mosh uchun bir tilla), hisoblangan qovunlar uchun 3 tilla, 34 choriq 12 chaksa guruch – 2 choriq 2 chaksasiga – 16 tilla 6 tanga, yana ombordan 5 choriq 4 chaksa paxta – 5,25 tilla. Jami 47,25 tilla (choragi bilan) .
Ikki yarim chek-yer. Doʻst Muhammadboy va Hasanboy. 11 choriq 9 chaksa joʻxori – 3 tilla 16 tanga, 4 choriq shishak paxta (bir chorigʻiga – 1 tilla) 4 tilla 0,25. (Четири тилла с четвертю) 57 choriq guruch – 27 tilla, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 7 tanga. Jaʼmi 39 tilla 8 tanga.
Bir chek-yer. Muhammad Nazarboy sariq. 15 yarim choriq joʻxori – 5 tilla 3 tanga bir miri, 3 choriq 14 chaksa paxta 3 tilla 17 yarim tanga, qovun pulidan 15 tanga, 8 choriq 12 chaksa guruch – 10 tilla 15 tanga, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak. Jami 15 tilla 3 chorak boʻldi.
Ikki yarim chek-yer. Shaharlik Muhammadalimboy. 3 choriq paxta – 3 tilla, qovun puli – 2 tilla 4 tanga, 63 choriq 5 chaksa guruch – 29 tilla 15 tanga, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 7 tanga, jami 39 tilla 8 tanga.
Bir chek-yer. Xakim toʻra. 4,5 choriq paxta – 4,5 tilla, 2,5 choriq joʻxori – 16 tanga, 18,5 choriq guruch – 8 tilla 13 tanga, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak, jami 15 va 3 chorak tilla.
Bir yarim chek-yer. Eslatib oʻtilgan Rahmatulloh arqonfurush va Muhammad Nazarboy amin, Doʻstmuhammad, Abdujalil. 44 choriq 10 chaksa guruch – 21 tilla, yana ombordan 2 choriq 10 chaksa paxta – 2tilla 12 tanga, jami 23 tilla 12 tanga [5.4.].
3 tartib: Bir chek-yer. Muhammad Azim. 3 choriq 4 chaksa joʻxori – 1 tilla 2 tanga, 3 choriq 3 chak 20 choriq 10 chaksa guruch – 9 tilla 13 tanga, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak, jami 15 va 3 chorak tilla. Jami 15 tilla 3 chorak tilla [4.5.].
Bir chek-yer. Mullajon maxzum (Usta Ibodulloh va Mulla Ismatullohlarning sagʻirasi – yetimi) 2,5 choriq paxta – 2,5 tilla, 24 choriq 7 chaksa guruch – 11,5tilla, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak, jami 15 va 3 chorak tilla [5.6.].
3 chorak chek-yer. Said soʻfidan qolgan meros. 4 choriq joʻxori – 1 tilla 6 tanga, 1 choriq paxta – 1 tilla, qovun puli – 23 tanga, 14 choriq 14 chaksa – guruch – 7 tilla, 1 choriq 5 chaksa – 1 tilla 6 tanga. Jami 11 tilla 16 tanga [5.7.1.].
Ikki yarim chek-yer. Dovud xoʻja eshon darveshlarining xonaqohi vaqfi. 3 choriq 12 chaksa joʻxori – 1 tilla 6 tanga, qovun puli – 30 tanga, 3 choriq bugʻdoy – 1,5 tilla, 12 chaksa mosh – 8 tanga, 60 choriq 2 chaksa guruch – 30 tilla 2 tanga, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 8 tanga. Jami 39 tilla 7 tanga [5.7.2.].
Bir chek-yer. Qishloq masjidining vaqfi. 2 choriq joʻxori – 13 tanga, 11 choriq paxta – 13 tanga, 26 choriq 12 chaksa guruch – 12 tilla 12 tanga, yana ombordan choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak. Jami 15 tilla 3 chorak.
Bir chek-yer. Mulla Abduvali oqsoqol. 29 choriq 12 chaksa guruch – 14 tilla, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak. Jami 15 tilla 3 chorak.
Yarim chek-yer. Mulla Muhammad Zokir domla. 14 choriq 14 chaksa guruch – 7 tilla, yana ombordan 14 chaksa paxta – 17 tanga. Jami – 7 tilla 7 tanga.
Jami: 240 choriq joʻxori – 80 tilla, 86,5 choriq paxta – 66,5 tilla, eski hosil paxtasidan 55,5 choriq olindi. 3 choriq gʻalla – 1,5 tilla, 3 choriq mosh – 1 tilla 13 tanga, 164 tanga qovun pullari, 679 choriq guruch – 320 tilla. Jami 500 tilla. [5.3].
Mazkur matnning maqolaga kiritilishi oʻquvchiga xonlik davridagi moliyaviy hisob-kitoblarni oʻz tasavvurida jonlantirish va mustaqil ilmiy xulosa chiqarish imkonini beradi.
Raqamlar, mahsulotlar, yer maydonlari va ularning bahosi bevosita hujjat tilidan saqlanib qolgani fikrlarni umumiy mulohazadan konkret arxiv dalili darajasiga koʻtaradi. Yer xaridlari bilan bogʻliq hisob-kitoblarda mahsulot miqdori, bozor narxi, yer maydoni va umumiy qiymatning oʻzaro chambarchas bogʻlangani davr moliyaviy tizimining oʻta puxta boʻlganini koʻrsatadi.
Xonlik xazinasining amaliy vazifasi: Sulton Murodbekning eslatmasi
Xazina mablagʻlari faqat xaridlar uchun emas, balki xon yerlarida dehqonchilik ishlarini tashkil etish va qoʻshimcha daromad olish maqsadlariga ham sarflangan. Buni Oʻzbekiston Milliy arxivining 1043-fond, 511-hujjati yaqqol tasdiqlaydi [5.8].
Yana bir namuna Margʻilon beki Sulton Murodbekning[1] dodxoh sarkorga yozgan eslatma-pattasi boʻlib, unda Xonaboddagi yerlarga ekish uchun gʻalla urugʻi va hoʻkiz sotib olish maqsadida mablag‘ soʻralgan [5.8].
Arxiv matnidan parcha: “Hurmatli Dadxoh sarkorga, shu haqidakim, Xonaboddagi yerlarga ekish uchun gʻalla urugʻi bering. Shu bilan birga hoʻkiz sotib olish uchun 6 tilla 10 tanga berib, imkoni boricha Doʻst Muhammadni tezroq ortga qaytarib yuboring. Tasdiqlayman. Holatni tasdiqlangan deb hisoblang. 1288/1871–72” [5.8].
Ushbu manba xazina mablagʻlari faqat mavjud “pul”larni sarflash vositasi boʻlmaganini, balki yangi yerlarni oʻzlashtirish, urugʻlik va ish hayvonlari bilan taʼminlash orqali kelajakda daromad olishga qaratilgan xoʻjalik jarayonlarini ham moliyalashtirganini dalillaydi.
Xulosa
Qoʻqon xonligi moliya tizimiga oid hujjatlar tahlili xazina xarajatlari aniq maqsad va ehtiyojlarga asoslanganini koʻrsatadi. Saroy devonxonasida yuritilgan daftarlar va hisobotlarda mablagʻlarning harakati hamda taqsimlanishi muntazam qayd etib borilgan. Bu manbalar xonlik moliya tizimining amaliy qirralarini, xazinaning shakllanish va sarflanish yoʻnalishlarini chuqur anglashda muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Zumradxon XATAMOVA,
CAMU xalqaro tibbiyot universiteti dotsenti,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Moliya-arab tilidan olingan soʻz boʻlib, pul mablagʻlari degan maʼnoni anglatadi. Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbek tilining izohli lugʻati: J.2.Ye-M // Tahrir hayʼati: T.Mirzayev (rahbar) va boshqalar, – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 611-b.
Moliya atamasi dunyoda birinchi marta 1577-yilda “Respublika xususida olti kitob” asarida fransuz olimi J.Boden tomonidan ishlatilgan. Baʼzi adabiyotlarda moliya finansi lotin tilidan olingan degan maʼlumotlar ham uchraydi. Batafsil maʼlumot uchun: Vahobov A., Malikov T. Moliya. Toshkent, 2011. – B.30.
2. Bobobekov X. N. Qoʻqon tarixi. T.: Fan, 1996. – B. 238.
3. Хорошхин А.П. Сборник статей касающихся до Туркестанского края. СПб, 1876. С.31.
4. Иванов П.Очерки по истории Средней Азии. – С.182.; Троицкая А.Л. Материалы по истории Кокандского ханства XIX в. Москва, 1969. – С.16.
5. OʻzMA 1043-fond, № 15-daftar, №497, №497, 2t, №497, 3t, №497, 3t, №497. 3 t, №497. 3t, № 497.3t
6. Xatamova Z. Qoʻqon xonligida soliq tizimi. Fargʻona, 2022.