Rossiya imperiyasi Qoʻqon xonligi hududlarini birin-ketin ishgʻol etar ekan, istilochilar oʻz tasaruffiga olgan yerlardagi koʻplab boshqa qimmatli boyliklar qatorida qoʻlyozma kitob jamgʻarmalarini  ham qoʻlga kiritgan edilar.  Imperiya maʼmuriyati xonlikdagi kitoblarni yigʻib olish masalasini hali bu hududlarni egallamasdan oldin rejalariga kiritgandilar deyishga asos bor: bunday maqsadlari boʻlmaganda sharqshunos A.L.Kunga K.P.Kaufman tomonidan hali toʻliq bosib olinmagan Qoʻqon xonligi hududlaridan qoʻlyozma kitoblarni yigʻib olish topshirigʻi berilmagan boʻlardi.

Sharqshunos A.L.Kun bilan birga Qoʻqondan qoʻlyozma kitoblarni yigʻib olish koʻrsatmasi general G.A.Kolpakovskiyga ham aytilgan edi. G.A.Kolpakovskiy rus bosqinchilarining Qoʻqon xonligi hududlarini bosib olishga qaratilgan harbiy harakatlari ishtirokchisi va qoʻshin qoʻmondoni boʻlib, bir muddat Turkiston general-gubernatorligini ham boshqargan.

General G.A.Kolpakovskiy boshliq rus harbiylari Qoʻqonni egallash uchun harbiy harakatlarni amalga oshirar ekan, bu orada K.P.Kaufman general G.A.Kolpakovskiyga quyidagi mazmundagi telegramma yuboradi: “Birinchi imkoniyatdanoq Qoʻqon, Margʻilon va Andijondan sharq qoʻlyozma asarlar va turkiy tilda daftar deb nomlangan yozuvlarni talab qilib oling”.

Ushbu topshiriqqa asosan general G.A.Kolpakovskiy Qoʻqondan fiqh, huquqshunoslik, tibbiyot, geografiya, tilshunoslik va tarixga oid sharq tillaridagi asarlarni yigʻib oladi va ularning roʻyxatini tuzgan holda Toshkentdagi Ommaviy kutubxonaga uzatadi. Bir muddat Toshkentda saqlangan mazkur kitoblar K.P.Kaufmanning soʻrovi bilan Sank-Peterburgga yuboriladi, u yerdagi imperator Ommaviy kutubxonasiga topshiriladi. Taʼkidlanganidek general G.A.Kolpakovskiy qoʻlga kiritgan kitoblar jamgʻarmasining roʻyxatini ham tuzgan edi. Oʻzbekiston Milliy arxivi fondida saqlanuvchi ushbu roʻyxatda nomi keltirilgan 119 ta kitoblarning oʻzbek tilidagi nomlanishi va ularning taqdiriga oid maʼlumotlar mazkur mavzuga oid arxiv hujjatlarini tadqiq etish orqali N.Mirzayev, M.Isaqovalar tomonidan oʻrganilgan.

General G.A.Kolpakovskiy bilan birgalikda Qoʻqon xonligidan kitob jamgʻarmalarini yigʻib olishda rus sharqshunos olimi N.Pantusov ham ishtirok etgan edi. N.Pantusov Qoʻqonda qoʻlga kiritgan manbalari va oʻzi guvohi boʻlgan voqealar asosida Turkiston general-gubernatorligining  nashri “Туркестанские ведомости” gazetasining bir nechta sonlarida xonlik tarixiga oid qator maqolalarni eʼlon qiladi. Qoʻqon xoni arxivi, “Tarixi Shohruxiy” asari, xonlik soliq tizimi, aholi mashgʻulotlariga oid mazkur maqolalar orasida  “Туркестанские ведомости”ning  28–37-sonlarida “General-leytenant G.A.Kolpakovskiy Qoʻqon shahrida qoʻlga kiritgan ajoyib sharq qoʻlyozmalarining tavsifi” nomli maqolasi ham bor edi. Maqolaga koʻra 1876-yilning fevral oyida Qoʻqon shahrida Janobi oliylari (G.A.Kolpakovskiy) topshirigʻi va mablagʻlari hisobidan N.Pantusov koʻplab sharq asarlari toʻplamini qoʻlga kiritadi va olingan asarlar orasida ilm-fan uchun muhim deb hisoblagan 4 ta asarning tavsifiy belgilari haqida toʻxtalib oʻtadi.

Dastlab Muhammad Vafo Karmanagiyning hijriy 1180-yilda koʻchirilgan “Тухфетуль-хани или Тарихи-Рахимъхани”  (“Tuxfatul xoniy” yoki “Tarixi Rahimxon”) asari mazmuni haqida  qisqacha maʼlumotlar berib oʻtiladi va bu asarni N.Pantusov Qoʻqonda qoʻlga kiritgani, shuningdek Sankt-Peterburgda uning yana boshqa nusxalari ham mavjudligi taʼkidlanadi.

Ikkinchi asar katta hajmli, fors tilida yozilgan Faxruddin Aliy Safiy bin Husayn Voiz Koshifiyning “Решхатъ” (“Rashahot aynu-l-hayot” (“Hayot bulogʻi tomchilari”) asari boʻlib, unda islom olamida mashhur boʻlgan tasavvuf tariqatidagi avliyo zotlarning tarjimayi hollari, ular bilan sodir boʻlgan voqealar yoritilgan. Kitob Qoʻqon bozoridan sotib olingan.

Uchinchi asar fors tilidagi “Тарихче” (“Tarixcha”) asari boʻlib, 1243-yilda Buxoro shahrida Nasrulloxon davrida yaratilgan. Unda Amir Temurdan boshlab yana koʻplab mashhur kishilarning tarjimayi holiga oid maʼlumotlar uchraydi. Ushbu asarning yana bir nusxasi Toshkent shahridan ham topilgan.

Toʻrtinchi manba “Тарихи Миръ-Сеиди-Шерифъ-Мевляна-Рокимъ” asari boʻlib, ushbu asar “Tarixiy tomm”, “Tarixi Roqimiy, “Tarixi Roqim”, “Tavorixi Mir Sayyid Sharif Roqim”, “Tarixi kasira” nomlari bilan mashhur va maʼlum. Asarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari keng tarqalgan boʻlib, unda Amir Temur va temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davrida yashagan hukmdor va allomalar, ularning hayoti va faoliyati, ulkan bunyodkorlik ishlari haqida tarixiy faktlar mavjud. G.A.Kolpakovskiy qoʻlga kiritgan asarning nusxasi katta hajmli, xati chiroyli, matndagi sanalari rangli siyohlar bilan bitilgan. “Туркестанские ведомости”ning  28-sonida nomi keltirilgan kitoblar yuqoridagilardan iborat boʻlib, bu N.Pantusov maqolasining birinchi qismi edi, maqolaning ikkinchi qismida yana 8 ta qoʻlyozma haqidagi maʼlumotlar  berilgan boʻlib, nashrning 32-sonida eʼlon qilingan.

Beshinchi manba balxlik tarixchi olim Muhammad Yusuf Munshiy ibn Xoʻja Baqoning “Тарихи Мукимъ-хани” (“Tarixi Muqimxoniy”) asari. Asar Balx xoni Abu Muzaffar Said Muhammad Muqimxon (1702–1704)ga bagʻishlab yozilgan. Qoʻqon shahrida N.Pantusov tomonidan sotib olingan ushbu kitob nusxasi Abul Hasan Xalilullohning “Rusumul muluk” (“Podshohlarning odatlari”) asari bilan bir muqovaga olingan edi.

Oltinchi asar qomusiy harakterdagi Aminiddinxon Hirotiyning “Рашахатуль-фунунъ” (“Rashonax ul-funun”) asari boʻlib, asar Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb davrida Hindistonda fors tilida yozilgan. Kichik hajmda 284 varaqdan iborat ushbu asarning boblari ilohiyot, hadis ilmi, fiqh, falsafa, tibbiyot va katta qismi 93–284-sahifalari umumiy tarixga bagʻishlangan.

Yettinchi asar “Тарихи-Джеганъ-Нюмай” (“Taʼrixi Jahonnamoyi”) asari boʻlib, 131 varaqdan iborat, fors tilida nasx xatida bitilgan. Muallifi nomaʼlum. Asarda Gʻarb mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va yana boshqa davlatlar tavsifi berilgan boʻlib, ayniqsa Hirot shahri haqidagi maʼlumotlar koʻproq bayon etiladi. Hirot haqidagi maʼlumotlar koʻproq joy olganiga koʻra asar muallifini hirotlik deb taxmin qilish mumkin.

Sakkizinchi asar “Тарихи-Джегангири” (“Taʼrixi Jahongiriy”) asari boʻlib, asar Hindiston va Qobul hukmdori Nuriddin Muhammad Jahongirga atab shunday nomlangan. Unda avgʻon xalqi tarixi, Koʻhiston va Sulaymon togʻi haqidagi maʼlumotlar bor. Asar katta hajmli 3 qismdan iborat, tugallanmagan. 1178-yil jumadul avval oyining 19-kunida kitobat boʻlgan.

Toʻqqizinchi diniy mazmundagi “Тарихи-Заркумъ” (“Tarixi Zarqum”) asarining bayoni boʻlib, u Iroq podshohi Zarqum haqidagi hikoyalardan iborat.

Oʻninchi “Тухфетуль-хани” (“Tuxfatul xoni”) fors tilidagi tibbiyotga oid asar. Muallifi Mahmud ibn Muhammad. Kitob 4 bob, 1 boʻlim, 249 varaqdan iborat, tugallanmagan.

Oʻn birinchisi fors tilidagi “Хаввосуль-ашья” (“Xavosul ashyo”) tibbiyotga oid kitob boʻlib, muallifi nomaʼlum ekani, kitobning boshi va oxirgi qismlari yoʻqligi bayon etiladi. Taxminimizcha, mazkur kitob 1990-yilda Mahmud Hasaniy tomonidan nashrga tayyorlangan “Xavosul ashyo” (“Ashyolarning hosiyatlari”) asarining nusxasi boʻlgan.

Maqoladagi oxirgi oʻn ikkinchi “Дурджь-уль дуреръ ва дарджуль-Гурарь” asari boʻlib, islom tarixiga bagʻishlangan. Muallifi Abdullabek Abdurahmon Husayn Shafiiy, 1063-yilda yozilgan.

N.Pantusovning mazkur maqolasi Qoʻqon xonligi davri kitob tarixi masalalarini yoritishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Maqolada keltirilgan 12 ta asarga oid tavsiflardan maʼlum boʻlmoqdaki, ularning aksari xonlikdan tashqari hududlarda yaratilgan qoʻlyozmalar edi. Demak, bu asarlar Qoʻqonga xonlik savdogarlari orqali olib kelingan va maxsus kitoblar xaridi amalga oshiriladigan bozorlarda ularning savdosi yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur xulosamizni N.Pantusovning boshqa bir maqolasidagi maʼlumot ham tasdiqlaydi, unga koʻra muallif xonlikdagi soliqlar masalasini yoritar ekan kitob bozoridan olinadigan soliq miqdori haqida ham maʼlumotlar berib oʻtadi.

Ushbu maqolani tadqiq etish jarayonida eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat shuki, G.A.Kolpakovskiy Qoʻqonda qoʻlga kiritgan kitoblari roʻyxatini tuzganini yuqorida taʼkidlab, ushbu roʻyxat tadqiqi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni koʻrsatib oʻtgan edik. Endilikda ushbu roʻyxat va N.Pantusovning maqolasidagi 12 ta asarni solishtirish imkoni mavjud. Har ikki manbadagi maʼlumotlar tahliliga koʻra gazeta sahifasida nomlari koʻrsatilgan “Rashahot aynu-l-hayot”, “Tavorixi Mir Sayyid Sharif Roqim”, “Tarixi Muqimxoniy”, “Rashonax ul-funun”, “Tarixi Zarqum”, “Xavosul ashyo”,  “Дурджь-уль дуреръ ва дарджуль-Гурарь” kabi asarlar Rossiyaga yuborilgan kitoblar roʻyxatida uchramaydi. Bundan bilish mumkinki, istilochilar Qoʻqonda qoʻlga kiritgan qoʻlyozma kitoblari soni ular koʻrsatgan raqamlardan anchayin koʻp boʻlgan.

Xonlik hududlaridan qoʻlyozma kitoblarni tashib ketishga oid tadbirlar shu bilan yakunlanmaydi, rus sharqshunoslari keyingi yillarda ham sobiq Qoʻqon xonligi hududlariga kelib, shaxsiy kutubxonalarda, masjid va madrasalarda saqlangan yana koʻplab kitoblarni qoʻlga kiritadilar.

Ravshanjon ABDULLAYEV,

Qoʻqon universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Oʻzbekiston tarixi VI jild. Oʻzbekiston tarixi va manbalari. 1860–1917-yillar / masʼul muharrir D.H.Ziyoyeva.  – Toshkent: Oʻzbekiston, 2023. – 488-b.

2. Qushshaqov I. “Tarixi tomm” oʻtmishning muhim sanalaridan soʻzlaydi. https://www.bukhari.uz/?p=16448&lang=oz

3. Абул Ҳасан Халилуллоҳ. Русумул мулук (Подшоҳларнинг одатлари). Қадимий ёзма манбалар давлат реестри: https://manbalar.uz/ky/?page=109&

4. Исакова М.С. Қўқон хонлиги маҳаллий қўлёзма асарлари тарихидан. “Тарихий манбашунослик, тарихнавислик, тарих тадқиқотлари методлари ва методологиясининг долзарб масалалари” // Республика XII илмий-амалий конференция материаллари. 12-илмий тўплам [Тошкент давлат шарқшунослик университети. Масъул муҳаррир тар.ф.д., проф. М.М.Исҳоқов] Тошкент: 2020.

5. Кун А. Очерк Коканского ханства // Туркестанский сборник. Т. 149. – СПб.: 1876.

6. Пантусов Н. О. Описание наиболее замечательных восточных рукописей из числа приобретённых Генерал-Лейтенантом Г.А.Колпаковским в г. Коканде // Туркестанские ведомости. 1876. – № 28.

7. Пантусов Н. О. Описание наиболее замечательных восточных рукописей из числа приобретённых Генерал-Лейтенантом Г.А.Колпаковским в г. Коканде // Туркестанские ведомости. 1876. – № 37.

8. Пантусов Н. Податные сборы в г. Коканде // Туркестанские ведемости. 1876. – № 13.

9. Умурзоқов Б. “Рашаҳот айну-л-ҳаёт” асарининг автограф нусхаси топилди / https://uza.uz/uz/posts/rashahot-aynu-l-hayot-asarining-avtograf-nusxasi-topildi_235463

10. Хавосул ашё / нашрга тайёрловчи, таржимон ва изоҳлар муаллифи Маҳмуд Ҳасаний. – Тошкент: Меҳнат, 1990. – 48-б.

11. Шарафуддин Роқимий. Тарихи томм. – Тошкент: Маънавият, 1998. – 156-б.