XIX asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyo dunyo siyosatining eʼtibor markaziga aylana boshladi. Bu hududga nafaqat savdogarlar va sayyohlar, balki diplomatlar, harbiylar hamda turli maqsadlarda maʼlumot toʻplovchi shaxslar kirib kelardi. Xususan, Britaniya uchun mintaqa Hindiston xavfsizligi, savdo yoʻllari va Rossiyaning kirib kelish ehtimoli nuqtai nazaridan katta qiziqish uygʻotgan. Shu sababli yoʻllar, shaharlar, daryolar, tog‘ dovonlari, hukmdorlar va mahalliy siyosiy kuchlar haqidagi har qanday maʼlumot muhim ahamiyat kasb etgan.

Ana shunday murakkab davrda Markaziy Osiyoga kelgan britanlar orasida Aleksandr Byorns alohida oʻrin tutadi. U tarixda koʻproq sayohatchi va tadqiqotchi sifatida tanilgan boʻlsa-da, faoliyati bu doiradan ancha keng edi. Britaniya hukumati va Ost-Indiya kompaniyasi xizmatida boʻlgan Byorns safarlari davomida geografik, siyosiy hamda strategik maʼlumotlar toʻpladi: xaritalar tuzdi, yoʻllarni oʻrgandi, turli hujjatlarni yigʻdi va mintaqadagi siyosiy vaziyatni jamladi.

Aleksandr Byornsning Qoʻqon xonligiga oid maʼlumotlari oʻzbek tarixshunosligida mutlaqo nomaʼlum emas. M.Mirmaqsudov tomonidan uning 1838-yil 1-fevralda Qobuldan Hindiston general-gubernatori kotibiga yoʻllagan hisoboti oʻzbek tiliga tarjima qilingan va Sh.Qoʻldoshev tadqiqotida ilova sifatida keltirilgan. Biroq Byornsning Qoʻqon xonligi haqida yetarlicha batafsil maʼlumot toʻplagani, ularning manbalari hamda sayohatchi, diplomat va razvedkachilik faoliyati oʻrtasidagi bogʻliqlikni tadqiq etish dolzarbdir.

Bunda eʼtiborga molik bir jihat bor: Byorns Qoʻqonga bormagan edi. Shunga qaramay, u Xonlikning siyosiy, iqtisodiy, geografik va ijtimoiy sohaga oid muhim maʼlumotlarini Britaniya hukumatiga yetkazib turgan.

Xoʻsh, Qoʻqonga qadam qoʻymagan Byorns bu maʼlumotlarni qayerdan olgan? U oddiy sayyoh boʻlganmi yoki Markaziy Osiyoda Britaniya manfaatlari uchun maʼlumot toʻplagan josus? Balki uning faoliyatida bu ikki tushuncha bir-biridan unchalik uzoq emasdir. Bu savollarga javob izlash uning Qoʻqon haqida qoldirgan qisqa, ammo nihoyatda qiziqarli maʼlumotlariga boshqacha nigoh bilan qarash imkonini beradi.

Byorns haqidagi hikoyani uning xaritalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Chunki oddiy sayyoh yoki savdogar koʻrgan shaharlari, tabiati va odamlari haqida xotiralar yozib qoldirishi mumkin. Ammo yoʻllarni oʻlchash, masofalarni belgilash, hududlarni xaritaga tushirish, togʻlar va daryolarni qayd etib, bu materiallarni professional kartografga topshirish oddiy sayohatchining ishidan keskin farq qiladi.

Byorns Yevropaga qaytgach, Osiyoning turli hududlarida toʻqqiz yil davomida olib borgan tadqiqotlari natijasida tayyorlagan qoʻlyozma xaritalari, kuzatuvlari va hujjatlarini Jon Errousmitga topshirganini yozadi. Errousmit esa ana shu materiallar asosida Markaziy Osiyo va Ind daryosi hududlarini qamrab olgan yirik xaritani tayyorlagan.

Bu yerda xarita shunchaki geografik tasvir emasligi namoyon boʻladi. Unda qaysi yoʻl qayerdan oʻtishi, manzillargacha boʻlgan masofalar, togʻlar va dovonlarning joylashuvi, daryolar hamda vodiylarning xususiyatlari aks etgan. XIX asrda bunday maʼlumotlar savdogar, diplomat va harbiylar uchun birdek qimmatli edi. Ayniqsa, Yevropa davlatlari uchun hali toʻliq oʻrganilmagan Markaziy Osiyo kabi mintaqada aniq xarita katta strategik ahamiyatga ega boʻlgan.

Britaniyaning Markaziy Osiyoga qiziqishi Rossiyaning mintaqaga kirib borishi tufayli Hindiston xavfsizligini taʼminlash maqsadida kuchaygan edi. Shu sababli geografik, siyosiy va strategik maʼlumotlar oʻzaro chambarchas bogʻliq boʻlib, Aleksandr Byornsning safarlari oddiy qiziqish emas, balki tizimli maʼlumot toʻplashga qaratilgan murakkab maqsadlarga xizmat qilgan.

Byornsning 1834-yilda Londonda nashr etilgan uch jildlik “Buxoro sayohatnomasi” asarida Qoʻqon xonligiga bagʻishlangan “Qoʻqon haqida eslatma” qismi mavjud. U Qoʻqonni bevosita koʻrmagan boʻlsa-da, uning savdo va aloqa yoʻllari kontekstida, xususan, Yarkand va Turkiston oʻrtasidagi muhim yoʻl sifatida tilga oladi. Byorns Qoʻqonni Boburning otalik saltanati deb atab, uni Yuz urugʻi boshqarganini, hukmdor Bobur avlodidan ekanini daʼvo qilganini, hududi Buxorodan kichik va siyosiy qudrati pasayib borayotganini yozadi. Shuningdek, xonlikning asosiy mahsuloti ipak ekanini qayd etadi.

Shaharlar borasida Byorns Qoʻqonni poytaxt, “ochiq shahar” hamda Buxoro bilan tenglashtiriladigan eng yirik markazlardan biri sifatida tavsiflaydi. Margʻilon qadimgi poytaxt, Andijon esa ahamiyatli shaharlardan biri deb koʻrsatiladi. Uning yozishicha, Qoʻqon xoni Rossiya va Konstantinopol bilan aloqalarni saqlagan, biroq Yarkand hukmdorlariga nisbatan doʻstona munosabatda boʻlmagan.

Byorns bu maʼlumotlarni tasodifan toʻplamagan. U 16 yoshidan Ost-Indiya kompaniyasida xizmat qilib, fors va hind tillarini oʻrgangan hamda 1822-yildan tarjimonlik qilgan. 1829-yilda Bombey hukumatiga Hind daryosi boʻylab tadqiqot va razvedka safarini taklif qilgan. 1831-yilda Lohorga ot yetkazib berish vazifasi orqali Hind daryosi vodiysini oʻrganib, Afgʻoniston va Hindukush orqali Buxoroga borgan. Bu safarlar uning 1834-yilgi asariga asos boʻlgan.

Ikkinchi bosqichda, yaʼni 1836–1838-yillarda Byorns Afgʻonistonga maxsus missiya elchisi sifatida qaytib, siyosiy jarayonlar, Rossiya harakatlari va Qoʻqon xonligi haqida hisobotlar yuborgan (masalan, 1838-yil 1-fevraldagi Qobul hisoboti). U 1841-yilda Kobuldagi qoʻzgʻolon vaqtida halok boʻlgan.

Oʻsha davrda Buxoro turli hududlardan kelgan savdogarlar va karvonlar orqali ulkan axborot almashinuv markazi edi. Byorns Buxoroda mahalliy savdogarlar va suhbatdoshlar orqali Qoʻqon haqida maʼlumot toʻplagan. Uning faoliyatida josuslik elementlari yaqqol koʻrinadi, zero u 1838-yilgi hisobotida maʼlumotlarni “ishonchli shaxslardan” olganini yozib, ularni tahlil qilgan hamda Britaniya hukumatiga Rossiyaning Qoʻqonga kirishi, xonlikning qarshiligi va mintaqaning strategik ahamiyati yuzasidan tavsiyalar bergan.

Qoʻqonning Rossiya va Konstantinopol hamda Yarkand hukmdorlari bilan munosabatlari haqidagi maʼlumotlar oddiy sayyoh qiziqishidan kengroq ahamiyatga ega boʻlib, mintaqadagi siyosiy kuchlar nisbatini tushunish uchun muhim edi. Josuslik faoliyatida Byorns uchun yoʻlning oʻzi ham axborot manbasi edi: karvon yoʻnalishi, hokimiyatdagi hukmdorlar, xavfsiz yoʻllar va bozordagi mahsulotlar uning uchun qimmatli edi. Chunki josusning asosiy quroli axborot hisoblanib, Byorns Markaziy Osiyoda aynan shu maqsadda ish olib borgan.

Byorns “Buxoro sayohatnomasi”ning kirish qismida shunday yozadi: Yevropaga qaytgach, toʻqqiz yillik tadqiqotlari natijasida tayyorlagan qoʻlyozma xaritalari, uzunlamasiga kesim chizmalari, kuzatuvlari va boshqa asl hujjatlarini Jon Errousmitga topshirgan. Ushbu materiallar asosida tayyorlangan katta va mukammal xaritaga eng soʻnggi hamda ishonchli geografik maʼlumotlar jamlangan boʻlib, u dunyoning mazkur qismi geografiyasini oʻrganishda yangi ilmiy tasavvurlarni yuzaga chiqaradi. Janob Errousmit ham mazkur xaritani oʻz mablagʻi, tavakkali va masʼuliyati ostida gravyura usulida nashr etganini taʼkidlagan.

Byornsning kirish soʻzidagi “toʻplagan boshqa asl hujjatlarimni” degan iborasi uning faqat koʻrganlarini yozib qoldirmay, maqsadli ravishda maʼlumot va hujjatlar yigʻganini koʻrsatadi. U Qoʻqon xonligi hududiga bormagan boʻlsa-da, kitobiga u haqda maʼlumotlar kiritgan. Biroq bu Qoʻqonga bagʻishlangan mustaqil tadqiqot yoki bevosita sayohat taassuroti emas, balki muallifning Yarkand va Markaziy Osiyo yoʻllari haqidagi mulohazalari orasida bergan qisqa eslatmasidir. Asl matndan tayyorlangan tarjimasi quyidagicha:  “Ushbu yoʻllarning birinchisi qadimgi Fargʻona boʻlgan Qoʻqon orqali oʻtadi va qor erishi natijasida suv toshadigan uch yoz oyidan tashqari vaqtlarda doimo oʻtish uchun yaroqlidir. Bu yoʻlda sayohatchi nafas olishda qiyinchilik sezadigan ikki joy bor. Surgun qilingan Xoʻja va Qoʻqon oʻzbeklari bilan yuz bergan notinchliklar soʻnggi yillarda bu yoʻlni karvonlar uchun yopib qoʻygan. Biroq u Yarkand va Turkiston oʻrtasidagi eng yaxshi aloqa yoʻli hisoblanadi. Pomir tekisligi va Oks vodiysi orqali, Badaxshon va Balxdan oʻtuvchi yoʻl esa ancha aylanma boʻlib, shuningdek, undan foydalanish qiyinroq.

Men Buxoro savdosi haqida soʻz yuritganimda ushbu ikki yoʻnalishni ham tasvirlab berganman. Shuning uchun bu yerda Boburning otalik saltanati boʻlgan Qoʻqon haqida qisqacha toʻxtalib oʻtish kifoya. Uni Yuz urugʻidan boʻlgan oʻzbek xoni boshqaradi va u Boburdan avlod ekanini daʼvo qiladi. Bu Buxoroga nisbatan ancha kichik hudud boʻlib, hozir uning qudrati pasayib bormoqda. Qoʻqon ipagi bilan mashhur.

Mamlakat poytaxti Qoʻqon boʻlib, u Sir daryosi boʻyida joylashgan ochiq shahardir. U Buxoroning taxminan yarmicha kattalikda boʻlib, mazkur atrofdagi eng yirik shahar hisoblanadi. Qadimgi poytaxt Margʻilon boʻlgan. Biroq Andijon ham ancha mashhur shahar hisoblanadi. Yarkand xitoyliklari gʻarbdan kelgan barcha mahalliy aholini “indijoniylar” deb ataydilar.

Qoʻqon aholisi salla oʻrniga bosh kiyimlar kiyishadi. Qoʻqon xoni Rossiya va Konstantinopol bilan aloqalarni saqlab turadi, biroq Yarkand hukmdorlariga nisbatan doʻstona munosabat mavjud emas”[1.236-237-b.].

Byorns oddiy sayyoh kabi faqat koʻrgan shaharlari yoki tabiat manzaralarini tasvirlash bilan cheklanmaydi. U Qoʻqonga olib boruvchi yoʻllarning qaysi faslda ochiqligi, qayerlarda qor erishi tufayli suv toshishi, karvonlar harakatiga nima toʻsqinlik qilishi va Yarkand bilan Turkiston oʻrtasida qaysi yoʻl eng qulay ekanini qayd etadi. Shundan soʻng Qoʻqonning hududi, qudrati, poytaxti, Margʻilon va Andijon kabi shaharlari, ipagi hamda Rossiya va Konstantinopol bilan aloqalari haqida maʼlumot beradi. Bularning barchasi oddiy sayohat xotiralaridan koʻra ancha jiddiyroq axborot boʻlib, yoʻllar, masofalar, shaharlar, siyosiy kuchlar va tashqi aloqalarga oid bunday maʼlumotlar oʻsha davrda razvedka uchun juda qimmatli edi.

Aleksandr Byornsning 1838-yil 1-fevralda Qobuldan Hindiston general-gubernatori kotibiga yoʻllagan hisoboti hamda Qoʻqon xonligi boʻyicha maʼlumotlarni toʻplagani josusligidan dalolat beradi. Hisobotning ikkinchi bandida Byorns quyidagi maʼlumotlarni keltirgan: “Men Rossiyaning oʻzga yoʻnalishdagi, Buxoroning sharqidagi Qoʻqon xonligiga nisbatan bosqinlari yuzasidan turli maʼlumotlarni ishonchli shaxslardan yigʻishga erishdim. Qoʻqon xonligiga nisbatan oʻz tijoratini muvaffaqiyat bilan yoʻlga qoʻyish boʻyicha Rossiyaning oʻxshash rejalari mavjud va Osiyoning ushbu uzoq qismida, bir qarashda kelib chiqadigan barcha hodisalardan koʻra jiddiyroq oqibatlarda Rossiya ishtirok etishi mumkin”.

Mazkur band Byornsning maʼlumotlarni “ishonchli shaxslardan” maqsadli ravishda yigʻganini taʼkidlashi orqali uning razvedka faoliyatini yaqqol namoyon etadi. U bu maʼlumotlarni oddiy sayyohlik taassurotlari sifatida emas, Rossiyaning mintaqadagi harakatlarini aniqlash va Britaniyaning strategik manfaatlari yoʻlida siyosiy hisobot shaklida yetkazgan.

Hisobotda Rossiyaning Qoʻqon yaqinida qalʼalar qurayotgani, askarlar soni, quduqlar, gʻalla zaxiralari, qozoq aholisining joylashuvi va 12 hudud atrofida taʼsir oʻrnatilgani batafsil qayd etiladi. Bular chegara va harbiy kuchni baholashga xizmat qiluvchi axborot edi. Byorns Muhammad Alixonning hokimiyatga kelishi, Buxoro bilan nisbati, Rossiya va tashqi siyosiy mavqeini ham oʻrganib, Qoʻqonni strategik nuqta sifatida koʻrgan.

U Qoʻqonni Qashqar, Yorkent, Xoʻtan, Kashmir va Ladak yoʻllari bilan bogʻlab, uni Rossiya va Britaniya manfaatlari toʻqnashadigan siyosiy va savdo makoni sifatida tasvirlagan. Hisobotlar toʻgʻridan-toʻgʻri Hindiston general-gubernatori kotibiga yoʻllangan boʻlib, zamonaviy tadqiqotlar uning faoliyatida razvedka maʼlumotlarini yigʻish vazifasi boʻlganini koʻrsatadi.

Shu bois Byornsni faqat sayyoh yoki diplomat sifatida baholab boʻlmaydi; unda geografik tadqiqot va savdo manfaatlari bilan bir qatorda maqsadli razvedka axborotini toʻplash ham muhim oʻrin tutgan. Qoʻqonga bormagan boʻlsa-da, uning maʼlumot toʻplab, hukumatga yetkazgani faoliyatining eng qiziq jihatlaridan biridir.

Zumradxon XATAMOVA,

CAMU xalqaro tibbiyot universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.                 Burnes, A. (1834). Travels into Bokhara. Vol. 2. London: John Murray.  — Qoʻqon haqidagi “Notice of Kokan”, 236–237-betlar.

2.                 Burnes, A. (1839). Reports and Papers.... Calcutta. — 1838 yilgi hisobotlar uchun asosiy manba.

3.                 Mirmaqsudov M. Aleksandr Byornsning 1838 yilgi hisobotida Qoʻqon xonligidagi ayrim jarayonlar. https://shosh.uz/aleksandr-byornsning-1838-yilgi-hisobotida-quqon-honligidagi-ayrim-jarayonlar/

4.                 Qoʻldoshev Sh.  Qoʻqon  xonligi va Sharqiy Turkiston: siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari. Toshkent, 2021.

Manba: Alexander Burnes, Travels into Bokhara, II jild, London, 1834, VI bob, “Notice of Yarkund, and its Intercourse with Pekin, Bokhara, and Tibet”, 236-237-betlar.