Amir Temurning bobokaloni Qorachor noʻyon haqida bir nechta tarixiy manbalarda soʻz yuritilgan. Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sida Chingizxon Oltoydan Sayxun (Sirdaryo)ning oʻrta oqimigacha, undan Jayhun (Amudaryo) quyi oqimgacha boʻlgan hududlarni, bir necha ming jangovar otliq askarni Chigʻatoyga topshirganini keltiradi. Ana shu otliq qoʻshinning boshligʻi etib Qorachon noʻyon tayinlanadi. “Chingizxon askarlarini taqsim qilgan vaqtida bir necha ming jangovar otliq askarni Chigʻatoyga topshirdi. Ushbu askarlarning yoʻlboshchisi Qorachor noʻyon edi. Bu kishi barlos qavmidan boʻlib, Amir Sohibqironning ulug‘ bobosidir”[1]. Bundan maʼlum boʻladiki, Qorachor noʻyon Chigʻatoyga topshirilgan qoʻshinning lashkarboshisi sifatida yuqori harbiy mansab egasi hisoblangan. Ushbu asarda Qorachor noʻyon toʻgʻrisida boshqa maʼlumot keltirilmagan.
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida esa Qorachon noʻyon haqida toʻliqroq maʼlumot berilgan. Unga koʻra, Chingizxon oʻgʻli Chigʻatoyga ajratib berilgan hududni birgalikda boshqarish uchun Qorachon noʻyonni bosh-qosh qilib tayinlagani bayon qilinadi. “Chigʻatoyxon otasi vasiyatiga muvofiq, Qorachor noʻyonning kengashisiz va roziligisiz hech bir ishga qoʻl urmas va murod kavkabi ul ulug‘ hukmron ixtiyoridagi ufqdan boshqa joyda chaqnamas edi”[2]. Asardagi maʼlumotlardan Qorachor noʻyon Amir Temurning bobosi sifatida aksariyat oʻrinlarda ijobiy tarafdan gavdalantiriladi. Masalan, jazolash ishlari nihoyatda qattiq va koʻp boʻlgan Chigʻatoyxon hukmronligi davrida amir Qorachor noʻyon yaxshi ishlari va tadbiri orqali ana shu “qattiq” jazolarni goʻyoki “yumshatib” ado etganligi koʻrsatiladi. Undan tashqari aka-uka Oʻqtoyxon va Chigʻatoyxonlar oʻzaro hamkorlik qilishda Qorachor noʻyondan maslahat olganlari taʼkidlab oʻtiladi. Keyingi oʻrinlarda ham Qorachor noʻyon faoliyati ijobiy tomondan yoritiladi. “Chigʻatoyxon xursandchilik va ovga juda ishqivoz va aksar vaqt shu bilan band edi. Amir Qorachor noʻyon esa saltanat jahondorlikning muhim ishlarini olib borar, raiyat va lashkar uchun nimaiki lozim boʻlsa, toʻla-toʻkis amalga oshirardi”[3].
Asardagi Qorachor noʻyon bilan bogʻliq voqealardan yana biri – 1238-yili Buxoroda boʻlgan Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni yozilgan. Ushbu voqea tafsilotlariga koʻra, Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni bostirilgan vaqtda Buxoro shahri va uning aholisini moʻgʻul askarlarining talon-tarojidan Qorachor noʻyon saqlab qolgan. “Lekin moʻgʻul qoʻshinlari talonchilik qilish va qul qilish niyatida, taʼma tishlarini qayrab turardilar. Ular buxoroliklarni qaytadan qul qilmoqchi edilar. Xalq faryodi Allohga yetib, u lutf qildi. Bir qancha [shahar] ulugʻlari turli tuhfalar bilan peshvoz chiqib, qoʻshin boshliqlaridan qatl va talon-torojga bir oz sabr etishni iltimos qildilar va boʻlib oʻtgan voqeani amir Qorachor noʻyonga yetkazmoqchi, nimaiki farmon sodir boʻlsa, shunga qarab ish tutmoqchi ekanliklarini aytdilar. Lashkar amirlari, toʻra (udum)ga muvofiq, albatta [ular istaganiday] javob kelar, degan umidda, sovgʻalarni olib qoʻydilar va talon-torojdan qoʻl tortdilar. Arzachi marhamati keng [Qorachor] noʻyon qoshiga yetganda, u Buxoro ahli toʻloviga afv qalami ila imzo chekdi. Qoʻshin qaytib kelsin va qatlu talonchilikka aslo qoʻl urmasin, degan [mazmunda] yorliq bitildi. Oʻsha nomdor noʻyonning qutlug‘ tadbiri va himoyatidan Buxoro va [uning] atrofidagi aholi ham torobiychilar fitna-fasodidan, ham [moʻgʻul] qoʻshinlari qatl-u talon-torojidan xalos topdilar”[4].
Ammo bu voqea haqida boshqa bir tarixiy manba – “Tarixi jahongusho”da Qorachor noʻyonning ismi ham tilga olinmagan. Vaholanki, Juvayniyning mazkur asari Yazdiyning “Zafarnoma”sidan deyarli 150 yil oldin yozilgan va manbaning yozilgan vaqti Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni yuz bergan davrga toʻgʻri keladi. Xususan, “Tarixi jahongusho”da qoʻzgʻolon shunday bayon qilinadi: “Qoʻzgʻolon koʻtargani uchun moʻgʻul qoʻshin boshliqlari Buxoro aholisini qilichdan oʻtkazishga kirishadi. Bu vaziyatda Mahmud Yalavoch Buxoroga kelib, aholini ayovsiz jazolanishidan va talon-taroj qilinishidan saqlab qoladi”[5]. Manbalardagi bunday farqlarni shunday izohlashimiz mumkin: har ikkala muallif oʻz davrining siyosiy vaziyatiga mos tarzda asar bitgan. Juvayniy moʻgʻullarga xizmat qilgan amaldor sifatida davlatni idora etib turgan moʻgʻul va moʻgʻullar xizmatida turgan yuqori lavozimdagi amaldorlar manfaatini hisobga olgani koʻrinadi. Buni Juvaynining asarida Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni bostirilganidan keyin Buxoro ahlini qattiq jazolanishidan Mahmud Yalavoch qutqarib qolgani toʻgʻrisida yozganidan bilib olish mumkin. Zero, Mahmud Yalavoch shaxsan Chingizxon tomonida butun bir Movarounnahr hududini boshqarish uchun noib qilib tayinlangan yuqori mansabdor shaxs hisoblangan.
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari ham, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si ham Amir Temur va temuriylar davrida yozilgani uchun har ikki muallif oʻz davrining hukmron doiralari manfaatini hisobga olishiga toʻgʻri kelgan. Ikkinchi bir holat esa legitimatsiya masalasi boʻlib, unga koʻra sulola vakilining boshqaruvga yoki biror yuqori lavozimni egallashga huquqiy asosi koʻrsatilishi kerak edi. Temuriylar davridagi asarlarda Qorachor noʻyon ana shu huquqiy asosga ega lavozim egasi sifatida aks ettirilgan. Bu keyinchalik Amir Temurga hokimiyat boshqaruvida qonuniy haqlilikni isbotlashga manba boʻlib xizmat qilgan. Amir Temurga Movarounnahr hududini amir sifatida idora etishda oʻsha qonuniylik kerak boʻlgan. Shuning uchun Moʻgʻuliston xoni Tugʻluq Temur XIV asrnig 60-yillari boshida Movarounnahrni egallaganidan keyin huzuriga kelgan 24 yoshli Amir Temurni Kesh vohasining dorugʻasi (hokimi) etib tayinlaydi[6].
Yazdiyning keyingi yozgan maʼlumotlariga qaraganda Chigʻatoy vafotidan keyin Qorachor noʻyon uning nabirasi Qora Hulaguni taxtga oʻtqazadi. Keyinroq Oʻqtoy naslidan boʻlgan Guyukxonning topshirigʻi bilan Qora-Hulaguni taxtdan agʻdaradi. Uning oʻrniga Yasun Munkeni taxtga chiqadi. Biroq Yasun Munke sal oʻtib vafot etganidan soʻng, Qorachor noʻyon boshchiligida Qora-Hulagu yana qaytadan taxtga oʻtqaziladi[7]. Ushbu voqealar negizida Qorachor noʻyonning siyosiy mavqei ancha baland va taʼsiri katta boʻlganini koʻrish mumkin. Asardagi voqealarning keyingi bayonida Qorachor noʻyon 1254-yilda (bu sana manbada hijriy yil bilan 652-yil deb koʻrsatilgan) vafot etgani, sakson toʻqqiz yil umr koʻrgani yoziladi. Ushbu maʼlumotdan kelib chiqib Qorachor noʻyon taxminan 1165–1170-yillar oraligʻida tugʻilgan boʻlishi mumkin. Lekin tarixiy manbalarda uning qayerda tugʻilgani, davlat ishlarida xizmat qilishidan oldingi hayoti haqida maʼlumotlar uchramaydi.
“Toʻrt ulus tarixi” asarida ham Qorachor noʻyon toʻgʻrisida bir-nechta “ijobiy” taʼriflarni uchratamiz. Asardagi vaqealarga koʻra, Chingizxon 1227-yili vafot etishidan biroz oldin, kasallanib qolgan vaqtida oʻgʻillari va yuqori martabali noʻyonlarni oldiga chaqiritiradi. Oʻgʻillari Chigʻatoy, Oʻqtoy, Tulilar bilan bir qatorda Qorachor noʻyon ham Chingizxon huzuriga yigʻiladi. Katta oʻgʻli Joʻjixon 6 oy avval vafot etgan edi. Chingizxon yigʻilganlarga (asosan oʻgʻillariga) Qorachor noʻyonning fikri va aytganlariga amal qilishilarini vasiyat qiladi. “Shunda Sohibqironi aʼzam Chingizxoni muazzam dedi: “barcha ishda Qorachor noʻyonning donoligi va botirligiga ishonaman! Agar mening dil roziligimni mulohaza qilsangiz, hech biringiz uning ravshan raʼy-u fikridan chiqmangiz va u aytgan har bir fikrga qatʼiy amal qilingiz!”[8]. Shuningdek, “Toʻrt ulus tarixi”da Chingizxon oʻgʻli Chigʻatoyxonga oldinroq Movarounnahr va unga yondosh boshqa viloyatlarni boʻlib bergan vaqtida Qorachor noʻyonni Chigʻatoyga xizmat qilishini tayin qilganligi keltiriladi. “Shul sababli Chigʻatoyxonni Qorachor noʻyonga topshirib: “Mening tiriklik paytimda mamlakat va lashkar ishida qanday maqomga ega boʻlsang, mendan keyin Chigʻatoyxon uchun ham shunday yoʻlni tutasan!”, dedi”[9]. Qolaversa asarda Chingizxon va Qorachor noʻyonning ajdodi hisoblangan Qoʻyluxon (Qobulxon) va Qochuli Bahodirlar oʻrtasida tuzilgan ahdnomaga bundan keyin ularning avlodlari ham amal qilishlari kerakligi takidlanadi. Bu ahdnomaga koʻra Chingizxon avlodlari xon boʻlishi va Qorachor noʻyonning avlodlari esa harbiy hamda davlat ishlarini boshqarishda xonlarga xizmat qilishlari kerak edi.
Yuqoridagi manbalarga koʻra, Amir Temur va uning ajdodlari hisoblangan barlos urugʻi boshliqlari moʻgʻul xonlariga mansab egasi sifatida xizmat qilishi oldindan belgilab qoʻyilgan. Undan tashqari barlos urugʻi vakillariga Kesh (Shahrisabz, Qashqadaryo vohasi) hududlari mulk qilib berilgan boʻlib, ular shu yerda hokimlik qilish huquqiga ega boʻlgan. Bu holat huquqiy asos sifatida koʻrsatilib, Amir Temur ajdodlari, xususan, Qorachor noʻyon faoliyatidan boshlab mamlakatda yuqori harbiy lavozimlardan biri – lashkarboshi boʻlib qoʻshinga boshchilik qilgan. Bu haqida “Temur tuzuklari”da shunday keltiriladi: “Hijriy 762 (milodiy 1360-61)-yili Tugʻluq Temurxon ikkinchi marta Movarounnahrga qoʻshin tortib kelib, meni oʻz huzuriga chorlab noma joʻnatdi. Men rozi boʻlib, uning istiqboliga chiqib, u bilan koʻrishdim. U oramizdagi ahdni buzib, Movarounnahrni oʻgʻli Ilyosxoʻjaga topshirdi, meni esa sipohsolor qilib belgiladi. Bu ishga ortiqcha roʻyxushlik bildirmayotganimni koʻrib, mening bobom Qochuvli bahodir va oʻzining bobosi Qobulxonlarning ahdnomasini koʻrsatdi. Poʻlat taxtaga imzolangan ahdnomada “xonlik Qobulxon avlodining qoʻlida, sipohsolorlik esa Qochuvli bahodirxon bolalarida boʻlsin, ular bir-biri bilan yovlashmasin”, degan soʻzlar bitilgan ekan. Buni oʻqib koʻrgach, ulugʻlar ahdiga vafolik qilish yuzasidan sipohsolorlikni qabul qildim”[10].
Shunday qilib qoʻshinga sipohsolor (lashkarboshi)lik qilish Chingizxon va Amir Temurning ajdodlari oʻrtasida imzolangan “shartnoma”ga koʻra oldindan belgilangan edi. Qorachor noʻyon ana shunday harbiy lavozimni egallagan amir boʻlib, u Chigʻatoyxon hukmronligi davridan Chigʻatoy ulusi davlatida katta taʼsirga va mavqega ega boʻlgan Amir Temurning ajdodi hisoblanadi.
Qalandar SAMANDAROV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti katta oʻqituvchisi
[1] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. Fors tilidan tarjima Yuhusxon Hakimjonov. – Toshkent, 1996. – B. 26-27.
[2]Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Muqaddima. 1-kitob. // Fors tilidan tarjima, soʻzboshi va ilmiy izohlar muallifi Omonullo Boʻriyev. Shaxs ismlari, joy nomlari, etnik nomlar va atamalar koʻrsatkichini tuzuvchi Azizjon Sharipov. – Toshkent, 2022. – B. 285.
[3] Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Muqaddima. 1-kitob. – B. 286.
[4] Oʻsha asar. – Б. 290.
[5] Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy: masʼul muharrirlar H.Boltaboyev, M.Mahmudov. – Toshkent: MUMTOZ SOʻZ, 2015. – B. 159.
[6] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. Fors tilidan tarjima Yuhusxon Hakimjonov. – Toshkent, 1996. – B. 33.
[7] Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Muqaddima. 1-kitob. – B. 291.
[8] Toʻrt ulus tarixi. Mirzo Ulugʻbek. Fors tilidan B.Ahmedov, N.Norqulov va M.Hasaniylar tarjimasi. Toshkent, 1994. – B. 200.
[9] Toʻrt ulus tarixi. Mirzo Ulugʻbek. Fors tilidan B.Ahmedov, N.Norqulov va M.Hasaniylar tarjimasi. Toshkent, 1994. – B. 200.
[10] Amir Temur. Temur tuzuklari. / Forschadan Alixon Sog‘uniy va Habibullo Karomatov tarjimasi. – Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2018. – B. 27.