Moʻljal leksemasiga “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da (qozoq va qirgʻiz tillarida – “boljol”) shunday izoh berilgan: “moʻljal – 1. oldindan koʻzlab, oʻylab qoʻyilgan reja, marra; 2. chama, taxmin; 3. nishonga olingan yoki olinadigan narsa, nishon” (OʻTIL. I t. M. 1981. 489-b).
“Bir ishni oldindan moʻljallash”. Bu soʻzning hozirgi tilimizdagi feʼl shakli – “moʻljallamoq”, ammo qadimda “bolja-(moq)” tarzida boʻlib, “biror ishni oldindan belgilash, joy va vaqtni kelishib olish” kabi maʼnolarni bildirgan. Koʻpchilik mutaxassislar mazkur feʼlni asli moʻgʻulcha deb taxmin qiladi. Chindan ham, hozirgi moʻgʻul tilida ayni shu maʼnoni bildiruvchi – “bolju” (bolǰu) feʼli bor, qizigʻi shundaki, “Moʻgʻul tillari etimologik lugʻati”da moʻgʻulcha “bolju” oʻz navbatida turkiy “bol-” (“boʻlmoq”) oʻzagidan yasalganligi aytiladi (ESMY. T. I. M. 2015. 97-b.). Bundan esa “moʻljal”, “boljol” yoki “bolja” moʻgʻulcha emas, turkcha negizga ega ekanligi ayon boʻladi.
Qadimgi turkiyda ikkita “bol-” arxetipi boʻlgan. Ulardan biri – hozirgi tilimizdagi “boʻlmoq” feʼli boʻlib, barcha turkiy tillar, shuningdek, moʻgʻul tillari, qolaversa, Uzoq Sharqdagi baʼzi tillarda ham “bol-” oʻzagi bir xil maʼnoda qoʻllanadi (Oʻgʻuzlarda oʻrta asrlarda mazkur oʻzakning birinchi tovushi – “b” tushib qolib, “boʻl-” – “oʻl-” ga aylangan va hozir ham oʻgʻuz lahjalarida “oʻlmak” shaklida ishlatiladi. Ammo keyinchalik “oʻlmak” shakli ham oʻgʻuzlardan tilimizga qaytib kelgan, shu bois, ayniqsa, mumtoz adabiyotimizda “boʻlmoq” bilan birga “oʻlmak”ka ham koʻp duch kelamiz).
Qadimgi turkiydagi ikkinchi “bol-” esa: “topmoq, izlamoq, istamoq, erishmoq, yetishmoq” kabi maʼnolarni bildirgan. Lekin bu shakl hozir tilimizda saqlanmagan. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk”da unga: “Boldї – topdi”, deb izoh beradi (DLT. II t. T. 1961. 30-b.). Ahmad Yugnakiydan oʻqiymiz: “Bilig bil saadat yolini BOLA” – “Bilim bil, saodat yoʻlini IZLA”. Yoki “Qutadgʻu bilig”da shunday deyiladi: “Koʻngil arzusin BOLsa oʻzka tatig‘” – “Koʻngil orzusiga ERISHSA, oʻzi uchun yoqimlidir”.
“Moʻljal” (“boljol”) ham “istalgan, izlangan” maʼnolariga yaqin, shu bois, bizningcha, “bolja” feʼli, “Moʻgʻul tillari etimologik lugʻati”da taʼkidlangani kabi “boʻlmoq” maʼnosidagi turkcha “bol-”dan emas, balki biz yuqorida keltirgan “topmoq, istamoq, izlamoq, erishmoq” maʼnosidagi ikkinchi “bol-” oʻzagidan yasalgan. Qiyoslang: “bolja-” – “ista, tanla”, “boljol” – “istalgan, tanlangan”.
Bu soʻz garchi turkiy oʻzakka ega boʻlsa-da, “bolja-” feʼli va “boljol”, chamasi, moʻgʻul tilida shakllangan. Har holda, bu soʻzni biz aynan “boljal” shaklida uchratgan eng qadimgi manba bu – “Moʻgʻullarning sirli tarixi” asari boʻlib, asarning 184 paragrafida “bolǰal” – “oldindan kelishilgan, moʻljallangan joy” maʼnosida qoʻllangan (Pelliot P. Histoire secrète des Mongols, §184. r. 63. P.Pelleo transkripsiyasi).
Mumtoz adabiyotimizda biz koʻproq bu soʻzning “buljor” shakliga duch kelamiz. Xususan, Navoiy asarlarida ham “buljor” – “qoʻshin yurishga otlanganda toʻplanish manzili, toʻplanishga vaʼda vaqti” maʼnolarida koʻp uchraydi. “Saddi Iskandariy”dan bir misra: “Chu yettuk aning joru buljoriga”, – maʼnosi: “Nihoyat, jang qilish vaʼdalashilgan joyga yetdik”. Qizigʻi shundaki, “buljor” – oʻtgan asrlarda asosan harbiy atama sifatida qoʻllanilgan.
Harbiy atama sifatida “buljor”ning “Boburnoma”da qoʻllanishi diqqatga sazovor: “Javongʻor va gʻul oʻz buljorlaridin yakdast toʻra kiyurub, shotu qoʻyub yopishtilar” (162-b), – maʼnosi: “Qoʻshinning soʻl va markaz qismlari oʻz turgan joylari (pozitsiya)laridan hamjihatlik bilan toʻra (qalqon) va narvonlar qoʻyib (devorlarga) yopishdilar”. Ushbu oʻrinda “buljor” – hozirda harbiy atama sifatida qoʻllaniladigan fransuzcha soʻz – “pozitsiya” maʼnosida kelgan. Umuman, “Boburnoma”da asar davomida “buljor” soʻziga 30–40 marta duch kelamiz, baʼzi oʻrinlarda bu soʻz “pozitsiya, qoʻshin turgan joy”, baʼzi oʻrinlarda “kelishilgan vaqt, uchrashish vaʼdalashilgan joy”, “muddat” kabi maʼnolarda ishlatilgan. Shuningdek, Bobur uch oʻrinda bu soʻzni “moʻljor” shaklida ham qoʻllaydi (“moʻljor qoʻporib, yer yasamoq uchun” 256-bet) va har gal bu soʻz toʻplarning oldiga toʻsiq qilib tuproq uyub, doʻnglik hosil qilishga nisbatan ishlatilgan (Boburnoma. T. 2002).
Xoʻsh, nega “Moʻgʻullarning sirli tarixi”da bu atama – “bolǰal”, lekin Navoiy, Bobur asarlarida “buljor”ga aylangan degan savol tugʻiladi. Bu borada “bolja-” feʼliga forscha “-gary” qoʻshimchasini qoʻshib talaffuz qilish natijasida “buljor” shakli paydo boʻlgan, degan qarash mavjud. Guvohi boʻldikki, oʻtmishda “buljor” shakli harbiy atama sifatida qoʻllanib kelgan. Ehtimol, hozir ham, deylik, fransuzcha “pozitsiya” soʻzi oʻrniga harbiy atama sifatida “buljor”ni isteʼmolga qaytarish mumkin boʻlar.
Gapimiz moʻljaldagidan biroz choʻzildi. Moʻljalimiz “moʻljal” soʻzining kelib chiqishini tahlil etish edi. Agar maqola sizga maʼqul boʻlgan boʻlsa, demak moʻljalimiz toʻgʻri olinibdi.
Abduvohid HAYIT