Oʻzbekistonda yaqin besh yildan soʻng suv tanqisligi boshlanishi mumkin. Qanday qilib deysizmi? Buning bir qancha sabablari bor. Masalan, birinchi, qishloq xoʻjaligiga koʻp suv sarf qilib yuborish yoki suvni tejab ishlatmaslik; ikkinchi tarafdan, Oʻzbekiston hududidan oqib oʻtuvchi transchegaraviy suv manbalarida suvning qisqarishi.

Olimlarning hisob-kitobiga koʻra keyingi besh yilda, toʻgʻrirogʻi 2030-yilga kelib respublikada suv yetishmovchiligi 7 mlrd kub metrga yetib, Oʻzbekiston suv taqchilligiga uchragan dunyoning 33 davlatidan biriga aylanadi. Bunga asosiy sabablardan biri Afgʻoniston hukumati tomonidan qurilayotgan Qoʻshtepa kanalidir. Kanal kelajakda Markaziy Osiyo uchun nafaqat ekologik, balki iqtisodiy halokatlarni ham olib kelishi mumkin. Oʻzbekiston rasmiylari Qoʻshtepa kanali qurib bitkazilsa, Afgʻoniston Amudaryo umumiy suv hajmining uchdan bir qismini oʻzlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Mintaqada allaqachon mavjud boʻlgan suv tanqisligi sharoitida bu juda ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 15-sentyabr kuni Dushanbeda oʻtgan Xalqaro Orolni qutqarish jamgʻarmasi (XOQJ) sammitida bu borada quyidagicha fikr bildirgan edi: “Bizning mintaqamizda suv resurslaridan foydalanish jarayoniga yangi ishtirokchi qoʻshildi. Ammo u bizning davlatlarimiz oldida hech qanday majburiyatni zimmasiga olmagan”.

Oʻzbekiston hukumatining fikricha, Amudaryo suvlaridan foydalanish boʻyicha har qanday yangi loyiha butun Markaziy Osiyoning suv balansi va rejimiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Afgʻoniston hukumati esa Qoʻshtepa kanali hech qanday xavf tugʻdirmasligini taʼkidlamoqda. Kobul maʼmuriyatiga koʻra, mamlakat Amudaryo havzasidan uncha koʻp suv olmaydi, shu bois bu loyiha mintaqaviy suv taqsimotiga katta taʼsir koʻrsatmaydi. Oʻzbekiston Prezidenti bayonotiga javoban, Afgʻoniston Muvaqqat suv va energetika vaziri Abdul-Latif Mansur quyidagicha fikr bildirgan: “Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amudaryo suvlari va Qoʻshtepa kanali boʻyicha xavotirlari faqat biz xalqaro shartnomalarni buzganimizdagina oʻrinli boʻlar edi. Ammo biz hech qanday majburiyatni zimmamizga olmaganmiz. Chunki shartnoma yoʻq. Shunday ekan, oʻzimiz toʻgʻri deb bilgan ishni qilamiz”. Afgʻoniston shimoliy hududlarida sugʻorish tizimini rivojlantirish 1970-yillarda Prezident Muhammad Dovud davrida ham muhokama qilingan edi.

SSSR qulashidan oldin ham Afgʻoniston va qoʻshni davlatlar, xususan SSSR oʻrtasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishni tartibga soluvchi bir nechta hujjatlar imzolandi. Shunday qilib, Afgʻoniston SSSR bilan bir qator kelishuvlarga ega boʻlib, ular faqat suv sohasidagi tomonlarning oʻzaro munosabatlari doirasini belgilab berdi. 1946-yilda SSSR va Afgʻoniston Amudaryo boʻyicha bitim imzoladi. Keyin 1958-yilda sobiq SSSR va Afgʻoniston oʻrtasida  yangi shartnoma imzolandi. Shartnoma “chegara suvlari va davlat chegarasi chizigʻini kesib oʻtuvchi asosiy yoʻllardan foydalanish qoidalari” qismini oʻz ichiga olgan. 1958-yilgi hujjat va imzolangan protokolda Amudaryo va uning quyi oqimlarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi qoidalar mavjud edi. Biroq ushbu hujjatlarda suvni ajratishning miqdoriy parametrlarini aniqlaydigan qoidalar mavjud emas edi. Shunday qilib, 1946-yilda, keyin 1958-yilda, soʻngra 1978-yilda SSSR va Afgʻoniston oʻrtasida hamkorlik chegaralari va umumiy tamoyillari toʻgʻrisidagina bitimlar imzolandi.

2018-yilda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ushbu kanal boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarni oʻrganish jarayonini boshlagan, biroq AQSh va NATO kuchlari Afgʻonistondan chiqib ketganidan soʻng bu tadqiqot toʻxtatilgan edi. Shundan soʻng, 2022-yilda Tolibon hukumatining loyihani amalga oshirishga kirishgani kuzatildi. Ushbu kanalga suv Tojikiston chegarasidagi Mozori-Sharif shahridan taxminan 90 km shimoli-gʻarbda Amudaryo daryosidan ajratiladi. Kanal Janubiy yoʻnalishda taxminan 10 km davom etib, soʻngra Mozori-Sharifdan shimolga – gʻarbga qarab davom etadi. Keyin kanal Juzjon viloyatidan oʻtib, Turkmaniston chegarasi yaqinidagi Faryob viloyatida tugaydi.

Qoʻshtepa kanali

Kanalning qirg‘oqlari pulni tejash maqsadida betonlashtirilmasligi e’lon qilingan. Suv bosimining ko‘payib ketishi yoki shiddatli oqishi oqibatida (tuproq yetarli darajada zichlashtirilmagan) suvning toshib ketishi va hattoki halokatli toshqinlar keltirishi ehtimoli katta.  Kanal ikki bosqichda qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hech qanday tashqi yordamsiz bunyod bo‘lmoqda. Qurilish ishlari 2022-yil mart oyida boshlanib juda tez fursatlarda qurilyapti. Bu Afgʻoniston hukumatining ishlarni juda shoshiilinch ravishda tashkil etgani bilan bogʻliq. Germaniyada yashovchi afgʻon muhandisi Najibulla Sadid 2023-yil fevral oyida Tolibonning murakkab muhandislik ishlari, xususan, suv oʻtkazgichlari va koʻpriklar qurilishini boshqarish qobiliyatiga shubha bilan qarab, kanalning tuproq bilan qoplanganidan xavotirdaligini bildirgan. Uning fikricha, mintaqaning quruq, qumli tuprogʻida suvning katta qismi yoʻqolib ketishi ehtimoli yuqori. Shuni unutmaslik kerakki, kanalni qazish uni qurishning eng oson qismidir. Eng muhim masala suvni kanalda saqlab qolish va bekorga sarf boʻlishining oldini olishdir. Agar ishlar shu tarzda davom etsa, koʻp suv tuproqqa singib ketadi, deydi mutaxassis.

Kanalning 108 km uzunlikdagi birinchi qismi 2023-yil 19-mayida qurib bitkazildi va suv bilan toʻldirildi. Umumiy miqdorda kanalning uzunligi 285 km (boshqa maʼlumotlarga koʻra, hatto 340 km (yoʻnalishga qarab) boʻlishi kutilmoqda.  Kengligi 100 m, chuqurligi 8,5 m. Loyihani amalga oshirish uchun Afgʻoniston 684 million dollar mablag‘ ajratishi belgilangan. Kanal qurilishidan asosiy maqsad Balx, Juzjon va Faryab viloyatlarida 3 million jerib yerlarini (1 jerib 2 000 kvadrat metr) sugʻorish va 250 mingga yaqin odamni ish bilan taʼminlashdir. Tolibon 2028-yilga qadar loyihani toʻliq tugatmoqchi, ammo hozirning oʻzidayoq koʻplab mutaxassislar Qoʻshtepaning qurilishidan xavotirda.

Amudaryoning Afgʻonistondan oqib oʻtuvchi qismi

Tolibon harakati manbalarining Afgʻoniston ommaviy axborot vositalariga aytishicha, hozirda 5500 ga yaqin odam ishni tezlashtirish uchun bir vaqtning oʻzida 120 ga yaqin joyda ishlamoqda. Qurilishga 3300 dan ortiq texnika safarbar qilingan. Afgʻonistonni rivojlantirish milliy kompaniyasi rahbarligida 200 ga yaqin mahalliy kompaniyalar subpudratchilar sifatida ishlaydi. Birinchi bosqichning qiymati taxminan 91 million AQSH dollariga baholangan boʻlib, hozirda ishlar tugallangan. Keyingi ikki bosqichini esa Afgʻonistondagi konlarni, xususan Daresuf konini sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan. Kanalning oʻtkazish qobiliyati sekundiga 650 kub metrni tashkil etadi, bu esa Balx, Jauzjan va Faryob viloyatlarini suv bilan taʼminlash imkonini beradi.

Ushbu kanalni qurish kimga foyda keltirishi haqida koʻplab savollar tugʻiladi. Afgʻoniston tomoni maʼlumotlariga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 684 million dollarni tashkil etadi. Afgʻoniston rasmiylarining taʼkidlashicha, kanal qurilishi davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Biroq mamlakat qiyin iqtisodiy vaziyatga tushib qolganini, loyihaning koʻlamini hisobga olganda davlat mablagʻlari bilan qurish ehtimoldan yiroq koʻrinadi. Kanal loyihasini amalga oshirishda mintaqaviy boʻlmagan davlatlarning ishtiroki toʻgʻrisida turli gaplar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. “Reklama qilinmaydigan Xitoy investitsiyalari bor” degan maʼlumotlar ham mavjud. Boshqa maʼlumotlarga koʻra, kanalni moliyalashtirish “Xitoy kompaniyasining offshor firmalari va bir qator Gʻarb mamlakatlari” orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, “loyihaga investitsiyalar Xitoy va Pokistondan keladi” degan qarashlar ham bor.  Agar shunday boʻlsa, unda kanal qurilishi tashqi tomondan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston oʻrtasida ziddiyat chiqarish maqsad qilingan puxta reja hisoblanadi. Shunday qilib, Xitoy Afgʻonistonga va uning tabiiy resurslariga katta qiziqish bildirmoqda. Bu qiziqish asosan shimoliy Afgʻonistondagi neft konlariga taalluqli. Afgʻonistonda kanal qurilishi loyihasi bir necha yillardan beri aynan Gʻarb davlatlari tomonidan ishlab chiqilgani (Texnik-iqtisodiy asoslash Amerika taraqqiyot institutlari (USAID) koʻmagida tayyorlangan. Tadqiqot AACS Consulting tomonidan AECOM International Development, Inclar boshqaradigan USAIDning “suv yigʻish va sugʻorishni boshqarishni kuchaytirish” (SWIM) loyihasi doirasida amalga oshirilgan) ham yuqoridagi kanal qurislishiga gʻarbning taʼsiri kuchli degan qarashlarni yana bir bor quvvatlaydi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari Afgʻoniston bilan kelajakda Amudaryo suv resurslaridan foydalanish boʻyicha muzokaralar olib borishga harakat qilmoqda. Biroq buni amalga oshirish juda qiyin. Chunki kanalni qurib, maʼlum miqdordagi qoʻshimcha suv resurslarini olishi Kobulning ajralmas huquqi ekanini ham tushunish kerak. Shuningdek, Amudaryo suvlaridan Afgʻoniston tomonidan foydalanish toʻgʻrisida Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy shartnoma qilinmagan. Kanalning ishga tushirilishi taxminan 2027-2028-yillarga toʻgʻri kelib, Markaziy Osiyodagi suv resurslari bilan bogʻliq vaziyatni yanada kuchaytirishi mumkin. Muzliklarning erishi natijasida Qirgʻiziston va Tojikistonda suv oqimi pasayadi, shuningdek, suv resurslarining bir qismi Afgʻonistonda qolib ketadi.

Amudaryo suvining davlataro taqsimlanishi

Bunday ssenariy davlatlararo munosabatlarning keskinlashishiga olib keladi. Natijada esa suv tanqisligi bilan bogʻliq ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashadi. Suv resurslarining yetishmasligi mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan ekologik muammolarni kuchaytiradi. BMT maʼlumotlariga koʻra, “mintaqa mamlakatlari suv resurslaridan foydalanishning yomon muvofiqlashtirilishi tufayli har yili 1,75 milliard dollar yoʻqotadi va kelajakda – 30 yildan soʻng Markaziy Osiyoda toza suv tanqisligi YaIMning 11 foizga pasayishiga olib keladi”.

Kanal qurilishi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga ham taʼsir oʻtkazib, uni yanada keskinlashtiradi. Soʻnggi paytlarda doimiy ravishda suv tanqisligi bilan kurashayotgan hudud ziddiyat markaziga aylanishi mumkin. Markaziy Osiyo mamlakatlarida har bir kubometr suv uchun kurash qattiq boʻladi va u tez orada boshlanishi mumkin, deb hisoblaydi koʻpgina mutaxassislar. Rus eksperti S.Jiltsovning fikricha: “Suv muammolari Markaziy Osiyo rivojlanishiga taʼsir qiladigan muammolar orasida birinchi oʻrinni egallaydi. Shu bilan birga, mintaqadan tashqari kuchlarning siyosati aslida kelajakda Afgʻoniston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi keskin munosabatlarning saqlanishi hamda kuchayishiga olib keladi”.

Xulosa qilib aytganda, kanal qurilishi Amudaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlarda (Oʻzbekiston va Turkmanistonda) suv resurslari bilan bogʻliq vaziyatni keskinlashtirishi mumkin. Amudaryoning yuqori va pastki oqimida joylashgan mamlakatlar oʻrtasidagi ziddiyatlarni hal qilishning huquqiy mexanizmlari mavjud emas. Natijada esa 2030-yildan keyin suv uchun kurashlar avjiga chiqishi va oxir-oqibatda qurolli toʻqnashuvlarga ham sabab boʻlishi hech gap emas.

Shohruz SHARIPOV,

Tarix instituti kichik ilmiy xodimi,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori