Bir necha yil oldin elimizning sermahsul yozuvchisi Nurali Qobul qoʻngʻiroq qilib qoldi. Quloq tutsam, “...Tezda Doʻrmonga, Yozuvchilarning ijod uyiga yetib keling. Bir odam bilan tanishtiraman, keyin xursand boʻlasiz, indamay kelavering!” deb qoldi. Aytganiday, indamay bordim. Borsam, bir necha yozuvchi, shoir va noshirlar yigʻilgan ekan. Koʻpchiligini sirtdan tanir ekanman. Shuning uchun Nurali aka meni ularga tanishdirdi. Ular orasida Hayitboy ogʻa (shoir Orolli Oʻzbek)ni koʻrsatib: “...Sizni mana shu odam soʻratgani uchun chaqirdim. Ikkovlaring ham turkiy tilning tadqiqi bilan shugʻullanasizlar. Tanishib olsalaring zoʻr boʻladi”, deya ikkimizni tanishtirib qoʻydi.
Shu kuni Hayitboy ogʻa bilan uzoq suhbatlashdik. Ikkimizning turkiy soʻzlardagi eng kichik oʻzaklar tahlili haqidagi mulohazalarmiz uygʻun edi. Qolaversa, ogʻa mening “Oltoylar” kitobimni oʻqigan ekan. Shuning uchun boʻlsa kerak, rosa berilib bahs qildik, kun kech boʻlgach Hayitboy ogʻa meni Qibray yoʻlidagi bekatgacha yayov kuzatib ham qoʻydi.
Hayitboy ogʻa bilan suhbatimiz jarayonida mening eʼtiborimni tortgan asosiy tezis “qa (qo)” oʻzakli soʻzlarning tahlili boʻldi. Aslida “qa” idish yoki qop maʼnosini anglatishi “Devonu lugʻatit-turk”da ham berilgan. Ammo Hayitboy ogʻaning fikrlari menga tizimli, asosli va davomli, uning yondashuvi esa lugʻat boyligimizda saqlanayotgan soʻzlarni etimologik tahlil qilishda maqbul koʻrindi.
Shundan soʻng bu borada Farrux Jabborov bilan ham bir necha bor mulohaza yuritdik. Shu gʻoyani rivojlantirish uchun yoʻl axtardik. Ammo bu ishimiz ancha kechikib ketdi. Va nihoyat, turkiy til sandigʻida qolgan “qa” oʻzakli soʻzlarni bir jam qilib tahlil qilishga bel bogʻladim va mazkur maqola yozildi. Soʻz avvalida yana bir bor aytamiz, gʻoya Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Hayitboy Abdusodiqovga tegishli.
***
Koʻhna tilning hali oʻrganilmagan jihatlari, ochilmagan qirralari, ajoyibotlari, tilsimlari juda koʻp. Ammo bu tilsimlarni ochish uchun ham bir kalit kerak. Shunday kalitki, u bilan tilga oid har qanday tilsim ochilsin. Bizga qadimiy toshbitiklardagi, boshqa yozma yodgorliklardagi yoki xalq ogʻzaki ijodida saqlanib kelayotgan soʻzlarning maʼno-mazmunini ochib bersin. Toʻgʻri, turkiy tillarning agglyutaniv[1] xususiyati, yaʼni oʻzaklarning buzilmasligi qaysidir jihatdan tilni tahlil qilishda qoʻl keladi. Inchunin, oʻzak soʻzlar koʻpincha bir boʻgʻindan tashkil topadi. Boʻgʻin nutqda tovushlar talaffuz qilinadigan minimal birlik boʻlib, soʻzning yadrosini tashkil qiladi. Shuning uchun nutqda soʻz tovushlarga emas, balki boʻgʻinlarga boʻlinadi. Va, aynan shu boʻgʻinlarda maʼno anglashiladi.
Ammo turkiy tillarda hozirgacha ochiq boʻgʻinlar tahlilga tortilmagan. Garchi, uning nazariy asoslari boʻlsa-da, boʻgʻinni tashkil qiluvchi tovushlar va tovushlar birikmasining semantik tavsifi boʻyicha tadqiqotlar juda kam. Agar shunday tahlillar koʻpaysa bu oʻz-oʻzidan tilni geneologik jihatdan oʻrganish, qiyosiy-tarixiy tahlil qilish tilga xos boʻlgan xususiyatlarini qayta tiklash – rekonstruksiya qilish imkonini beradi.
Xoʻsh, bunda qanday uslublardan foydalanamiz?
Maʼlumki, turkiy xalqlar tillarining oʻrta asrlar va yangi davrdagi rivojlanishi turlicha kechgan. Shu davrdagi rivojlanish jarayonida yunon, arab, hind, fors, xitoy, moʻgʻul, rus yoki boshqa tillarning taʼsiri katta boʻlgan. Ulardan soʻzlarning oʻzlashtirilishi natijasida esa turkiy til oʻz qoliplaridan uzoqlashib borgan. Qadimgi turkiy tildagi soʻzlarning tarkibiga nazar solsangiz undagi harflar, boʻgʻinlar, soʻzlar, iboralarning zamonaviy tillarda qanchalik shaklan va mazmunan oʻzgarishlarga uchraganiga guvoh boʻlasiz. Tarixiy davrlarda yuzaga kelgan fonetik oʻzgarishlar bugungi turkiy tillardagi farqlarda aks etadi. Bu haqda Sh.Rahmatullayevning “Oʻzbek tili lugʻatining turkiy qatlami”[2] nomli kitobida koʻplab misollar keltirilgan. Olim oʻz kitobida tarixiy taraqqiyot davomida turkiy soʻzlarda yuz bergai turli-tuman tovush jarayonlari, turkiy soʻzlarning morfem tarkibi, tub deb qaraluvchi turkiy leksemalarning ayrim belgi va xususiyatlari haqida mulohazalar yuritgan.
Tildagi tovush oʻzgarishlari faqat oʻzbek tilida emas, balki barcha turkiy tillarda kuzatiladi. Oʻzbek tilidagi ch tovushining qozoq tilida sh, boshqird tilida s tarzida yoki oʻzbek tilidagi s tovushining qozoq tilida sh, boshqird tilida x shaklida talaffuz qilinishi bunga misol boʻladi. Tovushlarning fonetik oʻzgarishlari oʻzak soʻzlarning leksik maʼnosiga unchalik taʼsir qilmaydi, lekin shakliga taʼsir qilish holatlari kuzatiladi. Bunga misol tariqasida “yogʻmir” soʻzining “yomgʻir”ga oʻzgarganini koʻrsatish mumkin. Bunda eʼtibor berilsa yog‘ oʻzagi yomga oʻzgargan.
Sh.Rahmatullayev bir boʻgʻinli tub turkiy leksemalar oʻzbek tili lugʻatining eng qadimgi qatlamini tashkil etishini tasdiqlab, ularning tovush ifodasini quyidagicha tasniflaydi: 1) unli (V), 2) unli + undosh (VS), 3) undosh + unli (SV), 4) undosh + unli + undosh (SVS), 5) undosh + unli + undosh + undosh (SVSS)[3].
Yuqorida aytganimizdek, mazkur maqolada biz turkiy tillarga xos boʻlgan qa (qo), oʻzagidan yasalgan, yaʼni undosh + unli (SV) tovush ifodasiga ega boʻlgan leksemalarni tahlil qilib koʻramiz. Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, “qa” oʻgʻuz tillarida “ka”, xakas, yakut, moʻgʻul tillarida “xa”, oʻzbek adabiy tilida “qo” shaklida keladi.
Ulgu
Turkiy soʻzlarning leksik maʼnolari haqidagi ilk ulgular Mahmud Koshgʻariyning lugʻatida uchraydi. U oʻzining “Devonu lugʻotit-turk” asarida birinchi marta boʻgʻinlar yoki bir nechta harflardan tuzilgan soʻzlarni ajratib koʻrsatgan. Qa (qo) oʻzagi idish yoki qop maʼnosida kelishini ham Koshgʻariy koʻrsatib oʻtgan[4]. Shuningdek, asarda qat (SVS) – qavat, qi (SV) – yaqinlik, em (VS) – dori, sin (SVS) – qiyofa, gavda maʼnosini berishi ham qayd etilgan[5].
“Qadimgi turkiy til lugʻati”ni tuzgan I.V.Kormushin (qa I-qan, qara I-qaraqunaz), N.I.Letyaginalar (qana – qar-III, qarar-qazuq) qa (qo) leksemasi ustida ishlashgan[6]. V.V.Radlov esa oʻzining «Опыт словаря тюркских наречий» nomli asarida qa (qo) oʻzagidan yasalgan qacha loy idish, qachaq esa tuvak (gorshok), idish maʼnosini berishini keltirib oʻtadi[7].
Mahmud Koshgʻariy qa (qo) soʻzining leksik maʼnosiga toʻxtalganda negadir qa (qo) faqat suyuq narsalar solinadigan idishga nisbatan qoʻllanilishini aytib oʻtgan. Ammo shu bilan birga aynan oʻsha joyda ushbu oʻzakdan yasaladigan qap-qanor, qap-qapchiq kabi juft soʻzlarning qaqacha shaklidagi talaffuzini ham keltirib oʻtganki, bu oʻz-oʻzidan boshqa narsalar solinadigan idish maʼnosini beradi[8]. Zamonaviy turkiy tillarda qa (qo) oʻzagidan yasalgan soʻzlarda idish yoki qop maʼnosidan tashqari qolip, eshik, qopqoq, biron narsani qamrash yoki qopla, qavat maʼnolari ham uchraydi.
Oʻzbek tilining imlo lugʻatiga kiritilgan idish, qop, eshik, qolip, qopqoq maʼnosidagi qa (qo) oʻzakli soʻzlar quyidagilar: qobiq, qovoq, qovun, qovuz, qovga, qovzoq (poʻstloq), qovachoq, qolip, qop, qopchiq, qopqoq, qorin, qoriq, qozon, qoshiq. Ulardan uchtasi qovoq (bot.), qovgʻa (suv idishi), qoriq (qon solinadigan idish), qozon va qoshiq aniq idish maʼnosini beradi. Qop, qopchiq, qovuz, qorin biron narsani solib qoʻyadigan narsa, qobiq, qovzoq, qovachoq poʻstloq maʼnosini beradi. Qolip esa biron narsani yasash uchun maxsus tayyorlangan andaza hisoblanadi va aslida u ham idish maʼnosini anglatadi.
Qadimgi turkiy tilda idish maʼnosini beruvchi qaban (patnis), qabirchaq (sandiq), qacha (loy idish), qadiz (poʻstloq), qaltuq (hoʻkiz shoxidan yasalgan qadah), qamich (choʻmich), qap yoki qapay (eshik), qas (daraxt poʻstlogʻi), qasuq (mesh), qating (koʻza) kabi oʻnlab soʻzlar ishlatilgan[9]. Ular orasidagi qabirchoq oltoy tilida qayirchoq shaklida, sandiq maʼnosida saqlanib qolgan. V.V.Radlov tahlilida qacha sopol kosa, qachaq esa tuvak (gorshok) maʼnosini berishini yuqorida keltirib oʻtgan edik. Turkman olimi S.Ataniyazov ushbu soʻzning zamonaviy turkman tilidan unutilganini, ammo shu oʻzakdan qap-qach (idish-tovoq) soʻzining saqlanib qolganini qayd etgan. Shuningdek, S.Ataniyazov «Слова, означающие футляр для пиал в диалектах туркменского языка» nomli maqolasida teridan tikilgan chelak maʼnosini beruvchi qava soʻzini ham keltirib oʻtgan[10].
Oltoy tilida boshqa turkiy tillarda saqlanmagan qoʻyidagi soʻzlar ham saqlanib qolgan: qaargish (qovurgich) – tova, skovorodka, qabay – beshik, qalbak – qoshiq, qapchuur – teridan tikilgan qopcha[11]. Qumandin dialektida choʻmichni qalaq, togʻorani qarit deb atashadi[12].
Ervand Sevortyanning “Turkiy tillar etimologik lugʻati” nomli turkum kitoblarida K va Q harflari bilan boshlanadigan soʻzlarga alohida bitta jild ajratilgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, bu boradagi Ervand Sevortyanning tahlillari etimologik asoslanganlik jihatidan ancha ishonchliroq. Inchunin, u birgina qa soʻzining maʼnolari boʻyicha umumoltoy tillaridan 20 dan ziyod soʻzlarni keltirgan va ularning turli tillarda turlicha maʼno berishini ham tahlil qilib chiqqan:
1. Qop;
2. Idish;
3. Gʻilof;
4. Qoʻzoq, poʻchoq;
5. Bachadon;
6. Quti.
Shuningdek, u qop maʼnosini beruvchi, ammo bir-biridan farq qiladigan yana uchta soʻzni tahlil qiladi. Bular: 1. qapturgʻay – katta qop; 2. qapturgʻuch – charm qop; 3. qapturgʻich – qopning ogʻzini bogʻlaydigan metal qistirgich.
E.Sevortyanning tahlillari biz turkiy deb oʻrganayotgan ayni oʻzakning umumoltoy leksemasi sifatida taqdim etilishi ham eʼtiborga molik.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, vazifaviyligiga koʻra qa (qo) oʻzakli soʻzlar idish, qop, gʻilof, eshik, qopqoq yoki qobiq, biron narsaning ustidan qoplab turuvchi maʼnolarida ishlatilar ekan. Keling, quyida soʻzlarni shu tasnif asosida tahlil qilamiz.
Qa (qo) oʻzakli idish maʼnosini beruvchi soʻzlar koʻpchilikni tashkil qiladi. Misol uchun, qazan (qozon) soʻzini olsak, bu soʻz barcha turkiy tillarda saqlangan, shu bilan birga ayrim fors va yevropa xalqlari tomonidan ham keng qoʻllaniladi. Oʻzbek olimasi Sh.Usmanova oʻzining “Oltoy tillarida mushtarak maishiy leksika” nomli kitobida qozon ovqat pishirishga moʻljallangan idishlarning ibtidoiysi ekanini aytib oʻtgan. Shuningdek, Sh.Usmanova ushbu soʻzning etimologiyasi xususida toʻxtalar ekan, H.Vamberining qozon soʻzi qaz (qazimoq) oʻzagidan kelib chiqqan, degan taxminini ham keltirib oʻtadi[13]. Agar shu fikrga eʼtibor qaratilsa, demak qazish oqibatida biron chuqur hosil qilinishi, har qanday qazilgan joy esa idish xususiyatiga ega boʻlishi haqida fikr qilish mumkin. Ammo hozir gap bitta undosh q va bitta unli a tovushlari birikuvidan hosil boʻlgan qa oʻzagi haqida ketayotgani va qa ga z qoʻshib hosil qilingan faqat bittagina soʻz borligini inobatga olib, bu haqda hukm chiqarishga shoshilmaymiz.
Qashuq (qoshiq)ni tasniflayotganda Sh.Usmonova bu soʻzning turkcha “qash” – “yogʻoch kosa” soʻzi bilan bogʻliqligiga eʼtibor qaratgan. Olimaning turkiy tillarda sigmatizm hodisasi mavjudligi, yaʼni turkiy tildagi sh undoshining l lateral undoshidan taraqqiy etganiga asoslangan holda quyidagi qiyosni keltirib oʻtgani ham eʼtiborga molik. “Qiyoslang: proto-turkiy tilda qalaq – “qoshiq”, “kurak”; proto-moʻgʻul tilida qalbuga “qoshiq”, “choʻmich”, “kurak”; proto-tungus-manjur tilida qalan – “qozon”, “xalta”; proto-koreys tilida qaraq – “tayoq”; proto-yapon tilida qasira – “idishning bir turi”; umumoltoycha proto-shakl qala – “bir joyga toʻplamoq”. Zamonaviy moʻgʻul tilida qoshiq – xalbaga (qalbagʻa) deyiladi. Bundan koʻrinadiki, ayni leksema turk tilidan oʻzlashgan. Chunki moʻgʻul tilida qoshiq maʼnosini beruvchi uxar (yogʻoch qoshiq), shanagʻan kabi boshqa variantlari ham bor[14]. Demak, Sh.Usmonovaning bu tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, gipotetik oltoy tillarining qarindoshligini isbotlashda eng kichik leksemalarni qiyosiy tahlil qilish orqali yondashish yaxshi natija berishi mumkin. Shu oʻrinda turkiy tillarning bulgʻor guruhiga mansub chuvash tilida qoshiq qashaq shaklida saqlanganiga ham eʼtibor qaratish lozim[15].
Maʼlumki, qovoq, qovun kabi soʻzlar aslida palak otib oʻsadigan oʻsimlikning mevasi maʼnosini beradi. Qovoq bir necha maʼnolarda qoʻllaniladi: hosili (asosan koʻzaga oʻxshash) idish boʻladigan qovoq, osh qovoq, dastmol (hosili idishlarni yuvish uchun ishlatiladigan) qovoq, choʻmich qovoq, doʻmbira qovoq, nosqovoq. Shuningdek, koʻzni qoplab turadigan qovoq tushunchasi ham bor. Bundan koʻrinadiki, qovoq soʻzi har doim idish yoki biron narsaning qobigʻi maʼnosida keladi. Qovun ham qovoqdoshlar oilasiga mansub, oʻz-oʻziga idish boʻladigan poliz mevasi sanaladi. Demak, uni ham idish sanash mumkin. Biroq tarvuz ham qovoqdoshlar oilasiga mansub boʻlsa-da, oʻzbek tilidagi bu soʻzda qa (qo) boʻgʻini yoʻq. Shu oʻrinda tarvuzning boshqa tillardagi talaffuziga eʼtibor qaratamiz: ozarboyjoncha – qarpız, turkcha – karpuz, tatarcha, boshqirdcha – qarbuz, turkmancha – garpyz, qozoqcha – qarbiz[16]. Oʻzbek tilining qipchoq shevalarida ham qorbiz shaklida talaffuz qilinadi. Chuvash tilida qovun – tin deyiladi va bu slavyancha дыня soʻzining oʻzlashgan varianti boʻlishi mumkin. Ammo qovoq qavan deyiladi[17].
Qovgʻa – suv idishi. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida qovgʻaning ikki xil maʼnosi berilgan:
1. Yogʻoch paqir;
2. Ichi gʻovak va yumshoq, bardiga oʻxshash koʻp yillik oʻsimlik[18].
Qovgʻaning boshqa maʼnolari ham bor. Osmon (ekliptika) burjlaridan biri ham qovgʻa (vodoley) deb ataladi. Qadimgi turkiy tilda chelak – qava deb atalgan[19]. Kemaga kirgan suvlarni chiqarib turuvchi kishini qavgʻachi deb atashgan.
Qoriq – qon idish. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida qoriqqa tabobatda ishlatiladigan, sigirning shoxidan maxsus tayyorlangan asbob, qortiq deb izoh berilgan[20]. Ammo xalq orasidagi istilohotda chorva mollarini soʻyganda qoni solinadigan idish (kosa) ham qoriq deb ataladi. Qozoq tilida qariq deb sunʼiy ariqni aytishadi[21].
Qadimgi turkiy tilda qaban – patnis, qaltuq – hoʻkiz shoxidan yasalgan qadah, qamich – choʻmich, qasuq – mesh, qating – koʻza, oltoy tilida saqlangan qovurgich (qaargʻish) – tova (skovarodka), qalbaq – qoshiq, qanaq – chelak, qaydasin – temir chelak boʻladi. V.Radlov taklif qilgan qacha – loy idish, qachaq – tuvak soʻzlari ham idish maʼnosini beradi.
Qa (qo) oʻzakli qop maʼnosini beruvchi soʻzlar qoʻyidagicha: Qop, qopcha, qopchiq, qovuz, qorin narsalarni solib qoʻyish uchun tikib tayyorlagan buyum sanaladi. Qop – mato, teri yoki boshqa materiallardan tikiladigan katta hajmdagi, qopcha – esa kichikroq hajmdagi buyum sanaladi. Oltoy tilida xurjunni qap deb atashadi[22]. Qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq tillarida qopchiq ham qap maʼnosida ishlatiladi[23],[24]. Oltoy tili va oʻzbek tilining qipchoq lahjasida esa qopchiq hamyon maʼnosida ishlatiladi. Oltoylar hamyon maʼnosida aqchaqap soʻzini ham ishlatishadi. Va oltoy tilida qapchuur deb nomlanadigan chaqmoqtosh, pilik yoki oʻq solish uchun moʻljallab teridan tikilgan qapchiq (oʻqdon) soʻzi ham saqlangan. Tatar tilida qop leksemasi qap, quti (ber qap shirpi, korobka spichek), gʻilof maʼnolarida qoʻllaniladi[25]. Ayrim turkiy tillarda poyabzal ham oyoq qopi (turk. ayakkabı; ozarb. ayaqqabi; turkman. ayakgap)[26] deb ataladi.
Qonar. Qipchoq shevalarida qonar degan turkiy soʻz mavjud va u kamida oʻn pud bugʻdoy (160 kg) sigʻadigan ulkan qopga nisbatan ishlatiladi: Paxta terip, qanargʻa toʻgip keteber[27]. Ayni soʻz oʻzbek tilining imlo lugʻatiga qanor shaklida qabul qilingan.
Qovuz – ichiga koʻpincha archa yaprogʻi yoki boshqa tabiy narsalar solib tikiladigan beshik toʻshagi. Bu soʻz ayrim viloyatlarda qovuzloq, qovuzgʻoq shaklida, oʻzbek tilining qipchoq lahjasida esa qobiz shaklida ishlatiladi. Qipchoq lahjalarida qavuz donning poʻsti, kepagi maʼnosida ham qoʻllaniladi: Apkegen sabanin qavuz saban yeken, siyirimman yekevmiz sana duva berib jatirmiz[28].
Qorin – hayvon yogʻi solib qoʻyish uchun ishlatiladigan, qora mol yoki qoʻyning qornidan tikiladigan toʻrva. Shimol xalqlari unda salo tayyorlaydi. Oʻzbekistonning chorvachilikka ixtisoslashgan tog‘ hududlarida saryog‘ kuvida pishib tayyorlangach, uni qorinda saqlashadi.
Qovuq (anat) inson organizmidagi siydik toʻplanadigan xaltasimon aʼzo sanaladi. M.Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” asarida keltirilishicha, qadimgi turkiy tilda ichi boʻsh narsa ham qavuq deyilgan[29].
M.Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk” asarida qop (eshik) oʻzagidan yasalgan yana uchta qapug‘ (eshik), qapgʻa (qopqa, darvoza), qapqaq kabi soʻzlar ham keltirilgan boʻlib, ularda biron xona, hovli (sath) yoki idishni yopib turish maʼnosi mavjud[30]. Bu yerdagi qapqa soʻzi zamonaviy oʻzbek tilida ham osmon qopqasi, shahar qopqasi shakllarida keng qoʻllaniladi. Qozoq tili lugʻatida qopqa va qopqoq fonetik oʻzgarishlar bilan qaqpa va qaqpaq shaklida keladi[31]. Bundan koʻrinadiki, qa (qo) oʻzagi eshik, qopqoq yoki yopinchiq maʼnosida ham qoʻllanilishi mumkin ekan.
Qolip va poʻstloq maʼnosidagi soʻzlar. Qolip leksemasi qo oʻzagidan yasalsa-da, “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”da bu soʻz arabcha deb koʻrsatilgan[32]. Ammo bu izoh toʻgʻri emas. Arab tilida qolip oʻrniga muhr soʻzi ishlatilgan. Qolip leksemasi esa deyarli barcha turkiy tillarda bor va u biror buyumni yasash uchun maxsus tayyorlangan andazani anglatadi. Agar qolip arabcha soʻz boʻlganida u arab tili mutlaqo integratsiyalashmagan oltoy yoki yakut (saxa) tilining lugʻatida boʻlmas edi. Oltoy tilida bu soʻz “qalip” shaklida yoziladi va shunday talaffuz qilinadi: (Uchulezi bir qaliptan edilgen ulus deyten (B.Bedyurov), (tarj: Uchalasi bir qolipdan chiqqan odamlar deyishar edi)[33].
Qobiq, qovzoq (poʻstloq), qovachoq kabi soʻzlar biror narsaning qobigʻini anglatadi. Qobiq – poʻst, poʻstloq, qovzoq – dukkakli oʻsimliklar doni va makkajoʻxori soʻtasi poʻstlogʻi, qovachoq esa paxtasi sugʻurib olingan koʻsak maʼnosida qoʻllaniladi[34]. Oltoy tilining qumandin dialektida poʻstloqning qagʻash (qagash) varianti ham bor. Biron narsani yopinish qagʻashtiyar deyiladi[35]. M.Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” asarida toʻn (chopon)ning qaftan varianti ham keltirilgan[36].
Qa (qo) oʻzakli leksemalar boʻyicha tahlillarni umumlashtirish shuni koʻrsatadiki, zamonaviy turkiy tillarda qa (qo) oʻzagidan yasalgan va idish, qop, qobiq, qavat, yopinchiq, qopqoq (eshik) maʼnolarini beruvchi yuzlab soʻzlar uchraydi. Quyida shu soʻzlarning jadvalini keltiramiz:
|
T/r |
leksema |
maʼnosi |
Manba |
|
1. |
qaba |
ustki kiyim |
NAL (Navoiy asarlari lugʻati)[37] |
|
2. |
qabay |
beshik |
Altay-Orus Sozluk[38] |
|
3. |
qaban |
patnis |
QTL (DTS)[39] |
|
4. |
qabar |
pufak (oʻt pufagi), qavariq. |
Sevortyan E.V.[40] |
|
5. \ |
qabat |
qavat, qat |
Sevortyan E.V.[41] |
|
6. |
qabz(a) |
changal, oʻrab olish |
NAL |
|
7. |
qabiq |
qobiq |
OʻTIL[42] |
|
8. |
qabirchoq |
sandiq |
Altay-Orus Sozluk |
|
9. |
qava |
teridan tikilgan chelak |
S.Ataniyazov[43] |
|
10. |
qava |
chelak |
DLT[44] |
|
11. |
qaval |
ichi boʻsh idish |
Sevortyan E.V.[45] |
|
12. |
qavan |
qovoq |
Chuvashsko-russkiy slovar[46] |
|
13. |
qavaq |
qovoq |
OʻTIL |
|
14. |
qavachaq |
paxtasi sugʻurib olingan koʻsak |
OʻTIL |
|
15. |
qavzoq |
dukkakli oʻsimliklar doni va makkajoʻxori soʻtasi poʻstlogʻi |
OʻTIL |
|
16. |
qavuz |
archa yaprogʻi yoki boshqa tabiiy narsalar solib tikiladigan beshik toʻshagi |
OʻTIL |
|
17. |
qavun |
qovun |
OʻTIL |
|
18. |
qavuzloq, qovuzgʻoq |
donning poʻsti |
OʻTIL |
|
19. |
qavuq |
1. inson organizmidagi siydik toʻlanadigan xaltasimon aʼzo; 2. ichi boʻsh narsa |
DLT |
|
20. |
Qavurgich (qaarg‘ish) |
tova, skovorodka |
Altay-Orus Sozluk |
|
21. |
qavgʻa |
1. yogʻoch paqir; 2. ichi gʻovak va yumshoq, bardiga oʻxshash koʻp yillik oʻsimlik; 3.burj. |
OʻTIL, NAL, |
|
22. |
qadiz |
poʻstloq |
DTS |
|
23. |
qazan |
qozon |
OʻTIL |
|
24. |
qaziq |
yer qazadigan asbob – belkurak |
Sevortyan E.V.[47] |
|
25. |
qayizgʻaq |
savat |
Sevortyan E.V.[48] |
|
26. |
qayiq |
qayiq |
Umumturkiy soʻz |
|
27. |
qalan |
qozon (proto-tungus-manjur tilida) |
Sh.Usmonova[49] |
|
28. |
qalaq |
choʻmich |
Кумандинско-русский словарь[50] |
|
29. |
qalbagʻa |
qoshiq (moʻgʻul) |
Большой академический монгольско-русский словарь[51] |
|
30. |
qalagʻash |
xamir solib aralashtiriladigan idish, kurakcha, xokandoz |
Sevortyan E.V.[52] |
|
31. |
qalbaq |
qoshiq |
Altay-Orus Sozluk |
|
32. |
qalip |
qolip |
OʻTIL |
|
33. |
qaltuq |
hoʻkiz shoxidan yasalgan qadah |
DLT |
|
34. |
qamich |
choʻmich |
DTS |
|
35. |
qamrash |
oʻrab olish, qamrash |
OʻTIL |
|
36. |
qanar |
kamida oʻn pud bugʻdoy (160 kg) sigʻadigan ulkan qop (laqay va boshqa qipchoq shevalari) |
Nazarov N.[53] |
|
37. |
qap |
qop |
OʻTIL |
|
38. |
qap |
quti, gʻilof (tatar tili) |
Татарско-русский словарь[54] |
|
39. |
qap |
xurjun (oltoy tilida) |
Altay-orus sozlik |
|
40. |
qap |
eshik, darvoza |
DLT |
|
41. |
qapay |
eshik |
DLT |
|
42. |
qapug‘ |
eshik, darvoza |
DLT |
|
43. |
qapchuur |
teridan tikilgan qopchiq (oʻqdon) |
Altay-orus sozlik |
|
44. |
qapchiq |
hamyon |
Altay-orus sozlik |
|
45. |
qapqa (qapgʻa) |
eshik, darvoza |
DLT |
|
46. |
qapqaq |
qopqoq, yopgich |
OʻTIL |
|
47. |
qap-qach |
idish-tovoq |
Ataniyazov S.[55] |
|
48. |
qarbiz |
tarvuz |
translate.google.com |
|
49. |
qarin |
1. qorin; 2. hayvon yogʻi solib qoʻyish uchun ishlatiladigan qora mol yoki qoʻyning qornidan tikiladigan toʻrva |
OʻTIL |
|
50. |
qarit |
togʻora |
Кумандинско-русский словарь |
|
51. |
qariq |
qon solinadigan idish |
OʻTIL |
|
52. |
qarma(sh) |
oʻrash, qamrash |
NAL |
|
53. |
qars |
ustki kiyim, roʻmol, yopinchiq |
Sevortyan E.V.[56] |
|
54. |
qas |
daraxt poʻstlogʻi |
Кумандинско-русский словарь |
|
55. |
qasir |
idishning bir turi (yaponcha) |
Sh.Usmonova |
|
56. |
qasiq |
siydik qopi, chuqurcha, qorinning ostki qismi |
Sevortyan E.V.[57] |
|
57. |
qasuq |
mesh |
DTS |
|
58. |
qating |
koʻza |
DTS |
|
59. |
qaftan |
toʻn |
DTS |
|
60. |
qacha |
loy idish |
Radlov V.V.[58] |
|
61. |
qash |
yogʻoch kosa (turkcha) |
Sh.Usmonova |
|
62. |
qashaq |
qoshiq |
Чувашско-русский словарь.[59] |
|
63. |
qashiq |
qoshiq |
OʻTIL |
|
64. qach |
qacha |
sopol kosa |
Sevortyan E.V.[60] |
|
65. |
qachaq |
tuvak |
Radlov V.V. |
|
66. |
qaqacha |
qop, qopchiq, sumka |
DLT |
|
67. |
qaqpa va qaqpaq |
qopqoq (qozoq) |
Казахско-русский словарь[61] |
|
68. |
qagʻash |
poʻstloq |
Кумандинско-русский словарь |
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, jadvalda turli tillar lugʻatidan va turli davrlarda ijod qilgan turkologlarning asarlaridan iqtiboslar olingan. Bundan maqsad esa qa (qo) oʻzagining avvalo turkiy qatlamga, qolaversa protooltoy davriga taalluqli ekanini koʻrsatish edi.
Mazkur tadqiqot ishidan kelib chiqadigan mulohazalarga tayanib xulosa kilish mumkinki, qadimgi turkiy til kichik leksemalardan tarkib topgan. Bu haqdagi tadqiqotlar Mahmud Koshgʻariydan boshlanib bu kungacha davom etib kelmoqda. Ular orasida eng mashhur turkologlar A.Dulzon, N.Poppe, G.Ramsted, V.Rassadin, E.Sevortyanlar muhim oʻrin tutadi. Bu tadqiqotchilar orasida eng tartiblisi va tizimlisi, shubhasiz, Ervand Sevortyanga tegishli.
Yuqorida keltirilgan qa (qo) oʻzakli leksemalar oʻzining tarixiy-etimologik asoslariga ega boʻlsa-da, ushbu oʻzak bilan boshlanadigan soʻzlarning hammasida ham ayni maʼno topilmaydi. Misol uchun, qor, qora, qosh, qon kabi soʻzlarning maʼnosi butunlay boshqacha. Toʻgʻri, qadimgi davrda ushbu maʼnoni tashiydigan soʻzlar ancha koʻproq boʻlgan, ammo tarixiy evrilishlar jarayonida ularning oʻrnini boshqa soʻzlar egallagan va tub soʻzlar unutilib ketgan. Ayniqsa, harflarning oʻzgarishi sabab soʻzlar fonetik oʻzgarishlarga uchragan: tatar va oltoy tillarida talaffuzda q tovushi ishlatilsa-da, uning oʻrniga k qoʻllanilishi sabab qa va ka oʻzakli soʻzlarni farqlab olish qiyin kechadi.
Keyinchalik bu leksemalarga grammatik qoʻshimchalar qoʻshish tufayli boshqa soʻzlar yasalgan. Asrlar oʻtishi davomida esa bu soʻzlar sayqallanib, rivojlanib borgan. Ammo shu bilan birga oʻzgarishlarga uchrab, asl maʼnosi va turkiy qoliplaridan ham uzoqlashib borgan. Agar ushbu leksemalarning oʻziga xos xususiyatlari qaytadan oʻrganilsa, tadqiq etilsa, haqiqiy turkiy soʻzlar hisobiga til boyligini oshirish imkoniyatini beradi. Masalan, bugungi kunda oʻzbek tilida “tova” (рус. сковородка) soʻzi bor. Oltoy tilida esa uning qovurgich (qaargʻish) shakli saqlangan. Ayni soʻzning yakut (saxa) tilida xobordoobu, ozarboyjonchada qızartma qab (qop) va gaurgish, qozoqchada quirugʻa arnalgʻan tabaq variantlari bor. Eʼtibor bersangiz, qozoq tilida qovurishga moʻljallangan tovoq degan ibora ishlatilgan. Qiyosiy metod ulardan eng maqbulini tanlash imkonini beradi.
Soʻnggi xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, qadimgi turkiy tildagi bir oʻzakli, maʼno yuklangan leksemalarni qiyosiy tahlil qilish bobotildagi koʻplab soʻzlarni qayta tiklash (rekonstruksiya qilish), tillar oʻrtasidagi genetik qarindoshlikni aniqlash, yaʼni tillarning geneologik tasnifi yaratish imkonini beradi. Bu esa zamonaviy tillar lugʻatini boytish uchun zamin yaratadi.
Anvar BOʻRONOV,
Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
[1] Agglyutinativ tillar (lot. agglutino – qoʻshilish) – soʻz oʻzagi yoki negizi buzilmaydigan, ularga qoʻshimchalar qoʻshilishi (ulanishi) natijasida yangi soʻzlar hosil boʻluvchi tillar.
[2] Rahmatullayev Sh. “Oʻzbek tili lugʻatining turkiy qatlami”. “Universitet”. Toshkent. 2001.
[3] Rahmatullaev Sh. “Oʻzbek tili lugʻatining turkiy qatlami”. “Universitet”. Toshkent. 2001. – B. 8.
[4] Koshgʻariy. M. “Devonu lugʻotit-turk”. I jild. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 386.
[5] Koshgʻariy. M. “Devonu lugʻotit-turk”. I jild. Indeks-lugʻat. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1967. – B. 359, 360.
[6] Древнетюркский словарь. Изд. «Наука». Ленинград. 1969. – С. 4.
[7] Радлов В.В. Опыт словаря тюркских наречий. Т. 2. СПб., 1699, – С. 333-334.
[8] Koshgʻariy M. “Devonu lugʻotit-turk”, III jild. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 228.
[9] Древнетюркский словарь. Изд. “Наука». Ленинград. 1969. – С. 399–439.
[10] Атаниязов. С. Слова, означающие футляр для пиал в диалекта х туркменского языка. Журнал «Советская тюркология» №1. Баку. 1985.
[11] Алтайско-русский словарь/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С.С.Суразакова», Горно-Алтайск. 2018. – С. 244, 267.
[12] Кумандинско-русский словарь. Изд. “Бийский котельщик”. Горно-Айлтайск.1995. – С. 17.
[13] Usmanova Sh. Oltoy tillarida mushtarak maishiy leksika. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 2010. – B. 31-32.
[14] Большой академический монгольско-русский словарь. Изд. «Academia». Москва. 2001.
[15] Чувашско-русский словарь: изд. «Русский язык». Москва. 1985. – С. 150.
[16] https://translate.google.com/?hl=ru&sl=ru&tl=kk&text=%D0%B0%D1%80%D0%B1%D1%83%D0%B7&op=translate
[17] Чувашско-русский словарь: изд. «Русский язык». Москва. 1985. – С. 130.
[18] Oʻzbek tilining izohli lugʻati.Q harfi. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 322.
[19] Koshgʻariy M. “Devonu lugʻotit-turk» I jild. «Fan» nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 147.
[20] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Q harfi. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 344.
[21] Qazaqstan»: Ulttiq ensiklopediya / Bas redaktor E.Nisanbayev – Almati «Qazaq ensiklopediyasi» Bas redaksiyasы, 1998-jil.
[22]Алтайско-русский словарь/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», Горно-Алтайск. 2018. – С. 282.
[23] Бектуров Ш., Бектурова А. Казахско-русский словарь. Изд. «Фолиант». Астана. 2001. – С. 142.
[24] Киргизско-русский словарь. Ред. «Киргизский советской энциклопедии». Фрунзе. 1985. – С. 342.
[25] Татарско-русского словаря. Библиотека Болгарика. Казан. 1966. – С. 362.
[26] https://translate.google.com/?hl=ru&sl=ru&tl=tt&text=%D0%BE%D0%B1%D1%83%D0%B2%D1%8C&op=translate
[27] Nazarov N. Laqaylar: dialektologiya va frazeologiya. Toshkent-2010. – B. 319.
[28] Nazarov N. Laqaylar: dialektologiya va frazeologiya. Toshkent-2010. – B. 313.
[29] Koshgʻariy M. “Devonu lugʻotit-turk” Indeks-lugʻat. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1967. – B. 369.
[30] Koshgʻariy M. “Devonu lugʻotit-turk” (indeks-lugʻat). “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 349.
[31] Бектуров Ш., Бектурова А. Казахско-русский словарь. Изд. «Фолиант». Астана. 2001. – С. 142.
[32] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Q harfi. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 322.
[33] Алтайско-русский словар/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», Горно-Алтайск. 2018. – С. 272.
[34] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Q harfi. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 317-318.
[35] Кумандинско-русский словар. Изд. «Бийский котелщик». Горно-Айлтайск. 1995. – Б. 15.
[36] Koshgʻariy M. “Devonu lugʻotit-turk” Indeks-lugʻat. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1967. – B. 357.
[37] Navoiy asarlari lugʻati. G‘.Gʻulom nashriyoti. Toshkent. 1972 yil.
[38] Алтайско-русский словар/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», Горно-Алтайск. 2018.
[39] Древнетюркский словар. Изд «Наука». Ленинград. 1969.
[40] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы”, 1997. – С. 165.
[41] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 166.
[42] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008.
[43] Атаниязов С. Слова, означающие футляр для пиал в диалекта х туркменского языка. Журнал «Советская тюркология» №1. Баку. 1985.
[44] Koshgʻariy M. “Devoniu lugʻotit-turk” I jild. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963.
[45] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 171.
[46] Чувашско-русский словар: изд. «Русский язык». Москва. 1985.
[47] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 191.
[48] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 191.
[49] Usmanova Sh. Oltoy tillarida mushtarak maishiy leksika. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 2010.
[50] Кумандинско-русский словар. Изд. «Бийский котелщик». Горно-Айлтайск. 1995.
[51] Большой академический монголско-русский словар. Изд. «Academia». Москва. 2001.
[52] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 231.
[53] Nazarov N. Laqaylar: dialektologiya va frazeologiya. Toshkent-2010.
[54] Татарско-русский словар. Библиотека Болгарика. Казан. 1966.
[55] Атаниязов С. Слова, означающие футляр для пиал в диалекта х туркменского языка. Журнал “Советская тюркология» №1. Баку. 1985.
[56] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 312.
[57] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 331
[58] Радлов В. В. Опыт словаря тюркских наречий. Т. 2. СПб., 1699.
[59] Чувашско-русский словарь: изд. «Русский язык». Москва. 1985. – С. 150.
[60] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 342
[61] Бектуров Ш., Бектурова А. Казахско-русский словар. Изд. «Фолиант». Астана. 2001. – С. 142.