– Qulluq boʻlsin!

– Qulluq, qulluq, – deymiz qoʻlimizni koʻksimizga qoʻyib.

“Qulluq”qa javoban nega “qulluq” deyilishini oʻylab koʻrganmisiz? Bir qarashda ikki jumladagi “qulluq” bir soʻzday, lekin birinchisi aslida “qutlug‘”, singarmonizm taʼsirida keyinchalik “qulluq”qa aylangan (shevalarda “qulli”, “qullig‘” deb ham aytiladi, qozoq va qirgʻizlarda – “qutti”, uning oʻzagi qadimgi turkiy soʻz – “qut”). Koshgʻariy bobomiz unga “Devonu lugʻotit-turk”da izoh beradi. “Qut – baxt, davlat. قُتْلُغْ “qutlug‘” ham shu soʻzdan yasalgan. Sheʼrda shunday kelgan:

“Qut quvïg‘ bӭrsä iżim qolïңa,

Koʻndä ïshï joʻksäbän juqar agʻar”.

Maʼnosi: “Baxt-u omad bersa Egam quliga, kunda ishi yuksabon, yuqori koʻtarilar” (DLT. I. 311). “Devon”da boshqa bir sheʼrda “qutlug‘” soʻzi “barakali, qutli” maʼnosida kelgan: “Qïshqa ӭtin, kӭlsä qalï qutlug‘ jaj”, – “Qishga tayyorlan, kelsa agar barakali yoz” (DLT. I. 111).

Umuman “qut” soʻzi ilgari nihoyatda faol boʻlgan, undan “qutaldi”, “qutatti” (“qutli boʻldi”) kabi feʼllar, “qutandï” (“qutlangan”), “qutadgʻu” (“qutga eltuvchi”) kabi sifatdoshlar yasalgan. Hozir ham “qutlamoq”, “qutlov” kabi soʻzlarni qoʻllaymiz.

Xullas, birinchi “qullug‘”imiz aslida – “qutlug‘”. Endi ikkinchi “qulluq”qa kelsak, uning oʻzagi – “qul” va “Devon”da unga: “Qul jag‘ï ït böri”, – “qul – yogʻiy, yaʼni dushman, it – boʻri” maqoli keltiriladi. Maqol qul hech qachon egasiga doʻst boʻlmaydi, imkon topsa uning molidan olib, qochish payiga tushadi, it ham yeydigan narsa topsa undan oʻzini tiya olmaydi, degan maʼnoda aytilgan (DLT. I. 324).

“Qul” deganda dastlab erkinligi boʻlmagan eng quyi tabaqa vakili tushunilgan, bu soʻz keyinchalik falsafiy maʼno kashf eta boshlagan. Masalan, “Qutadgʻu bilig”da “qul” – “Allohning quli”, “banda” maʼnosida kelgan.

“Kerǝk emdi qulqa өzi qulluqin

Tүgǝl qilgʻu bulsa bayat tavfiqin”.

Maʼnosi: “Banda Tangri tavfiqiga erishgan boʻlsa, endi u oʻz bandalik burchini tugal bajarishi kerak” (QB. 1971. 722).

Keyinchalik tasavvufda “qul” muhim istilohga aylandi, xususan turk mashoyixlari va ularga ergashgan shoirlar “Allohning quli” boʻlishni yuksak maqom bilib oʻzlarini, deylik, Qul Xoja Ahmad, Qul Ubaydiy kabi atadilar. Boburning bir gʻazalidagi “Shahmen elga, vale senga quldurmen” satri ham shu maʼnoda. Navoiy asarlarida “Shohkim matlubigʻa qulluq buyurgʻay, ishq emas” kabi misralar koʻp uchraydi. Maxtumquli, Qurbonquli, Qulmuhammad kabi “qul”ni kishi otlariga qoʻshish udumi ham Islomdan keyingi davrlarda boshlangan.

Shunday qilib, oʻtgan asrlarda “qul” soʻzi ikki qarama-qarshi qutbni: toʻgʻri maʼnoda – erksiz, tutqun shaxsni; koʻchma, falsafiy-tasavvufiy maʼnoda – yuksak maʼnaviy maqomni bildiradigan boʻldi. Borgan sari avvalgi salbiy maʼno kuchsizlanib, falsafiy maʼno quyuqlasha bordi. Allohning quli boʻlish – sharaf, baxt, shu nuqtada “qul” soʻzi hatto “baxt”, “davlat” maʼnosidagi qadimiy turkiy soʻz – “qut”ga yaqinlashib qoldi.

“Qulluq” soʻzining ham dastlabki maʼnosi qullik, erksizlik, tutqunlik edi. Allohga qullik qilish sharafligi keyinchalik uning ijtimoiy maʼnosiga ham koʻchgan. “Qulluq” aslida “qulluq qilmoq” iborasining qisqartmasi, yaʼni hukmdor sinf vakiliga minnatdorchilik bildirish uchun “qul boʻlib xizmatingizni qilaman” degan maʼnoda “qulluq qilaman”, “qullugʻingizni qilaman” deyilgan. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da unga shunday izoh beriladi: “qulluq – 1. minnatdorlikni ifodalovchi soʻz; rahmat, minnatdorchilik; qulluq qilmoq – qoʻlini koʻksiga qoʻyib minnatdorchilik izhor qilmoq, taʼzim qilmoq: “Hasan ovchi darvozagacha qulluq qilib, orqasi bilan yurib bordi va posbonlar qarshisida oʻzini rostladi. Sh.Toshmatov. Erk qushi” (OʻTIL. II. 1981. 616). Mazkur misolni qulluq qilish odobi yoki etiketining klassik namunasi deyish mumkin.

Bugun esa “qulluq” deganda kimningdir xizmati, “qulligi”ni qilish tushunilmaydi, balki hozirda uning faqat “rahmat”, “minnatdorchilik” maʼnosi saqlanib qolgan. Endi yana soʻzimiz boshida keltirilgan misolga eʼtibor qaratamiz:

– Qulluq boʻlsin (qutlug‘, qutli, baxtli, barakali, davlatli, muborak boʻlsin)!

– Qulluq (rahmat, minnatdorman)!

Abduvohid HAYIT