Kecha, 24-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda minnatdorlik postlari joylandi. Oyina.uz samimiy tabriklarning ayrimlarini bir joyga yigʻdi.
“Bu oʻzgarishlar uchun men bir insonga rahmat aytishim kerak…”
Dam olish kuni uyni “generalnaya uborka” qilaturib, shkaf tepasida ancha vaqtdan beri turgan jomadonni ochib koʻrdim. Ichida arzimas mayda-chuydalar uniqib yotibdi: qorayib ketgan kalit; yelimlangan konvert; turli yillarda olingan turlicha vasiqalar; Fuzuliy gʻazallari jamlangan ixcham kitob; Xitoy tilida yozilgan qandaydir risola; oʻqishdan “achislena” boʻlgan doʻstimning “zachoʻtka”si va hokazolar. Hammasini eslashga tirishdim. Bu narsalar qanday qilib bir yerga toʻplanib qoldi, nima uchun mantiqsiz ravishda alohida toʻplab qoʻygan edim?
Kalit
2016-yil yoz. Yangiyoʻl tumani Tojik mahalladan hovli-uy qurishga yer oldim. Pulini boʻlib-boʻlib berishga kelishdik. Oshna-ogʻayni, qarindosh-urug‘ ikki xonalik YTBB (yashab tursa boʻladigan boshpana) qurdim. YTBBga koʻchib kirdik. Bu orada narx-navo oʻzgarib ketdi, pul keladigan boshqa kelishuvlarim barbod boʻldi, uyni garovga qoʻyib kredit olishga rosa harakat qildim. Birov kredit miqdorini yarmicha pul (pora) soʻraydi, birov qurilishdan toʻgʻri kelgan afti-angorimga qarab gaplashgisi kelmaydi va hokazo. Savdo buzildi, YTBB ham. Yaxshigina tushdim.
Yelimlangan konvert
Koʻkchadagi roddom hovlisida xomush turibman. 2010-yil 8-mart. Qoʻlimda retseptlar yozilgan mayda-chuyda qogʻozchalar. Haligina tugʻilgan oʻgʻlim va onasi uchun shular kerak ekan. Rahmatli ustozimning singlisi Nigora Shermuhammedova vaziyatdan xabar topib, tezda roddomga keldi. Retseptni koʻrib, uni yozgan doktorning yuziga qogʻozni yirtib-yirtib otdi: “Ona-bolaga daxli yoʻq-ku buning”. Doktor indamadi-yu, lekin kechqurun retsept yozilgan besh-oʻnta kalta qogʻoz berib, shularni srochno olib keling, papasha, boʻlmasa bolani qutqarib qolalmaymiz, degan. Konvertda ana oʻsha kungi retsept joylangan va ustiga shundoq yozilgan: “Sayyidbobo tugʻilgan kunda olingan dori-darmonlar...”
Vasiqa – 1, 2
1) Menda Toshkanga uch oylik vaqtinchalik propiska qoʻyilganim haqida juda koʻp vasiqalar bor. Ammo bunisi ayricha qimmatli boʻlgani uchun jomadonga alohida saqlab qoʻygan ekanman. Gap shundaki, bu teppa-tekinga boʻlgan yagona propiska. Uy egasiga “bir piyola choy” berilmagan, yoʻl haqi berilmagan, nozirga besh-toʻrt soʻm qistarilmagan. Fozil Farhod topgan bir insofli opaning uyiga vaqtinchalik propiska qilingan edik. Oʻsha payt 2010-yillar edi.
2) “Oʻlim guvohonomasi” – ukam Shahzod avariya tufayli olamdan oʻtdi. Sudda avvariya sodir qilgan ikkala shafyor aybdor deb topildi va oʻsha zahoti amnistiya tufayli jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. Otam yer tepdi, onam chuvvos qolib yigʻladi, meni alam yoqdi, na chora. Bilsak, shunday turdagi holatlar boʻyicha tergovni noyabr-dekabrga qadar choʻzib turilsa, buyogʻi amnistiya ekan. Inson oʻlimi bilan bogʻliq jinoyatlarni alohida tartibda koʻrib chiqsa boʻlar ekan, shunchaki kechirish orqali bir tomonni otashga solish toʻgʻri ish boʻlmagan ekan. Buni keyinroq tushundik.
Fuzuliy kitobi
2009-yil. “Sharq ziyosi” kitob doʻkoni oldidan oʻtayotganda, shu kitobni olish uchun bir daqiqagina doʻkonga kirdim. Ikki kun oldin koʻrganman, olishga pulim yetmagan, kitob qaysi joyda turganini ham bilaman. Eski jigulini chetroqqa olib, kitobga kirib chiqdim. Toʻxtash taqiqlangan degan belgi yoʻq edi. GAI xodimlari mashinamiz oldida kutib olishdi va kattagina jarima yozishdi. Avvaliga rosa yalintirdi. Murosa qilolmadik. Keyin oʻrligim tutib, shuncha mashina turibdi, nega aynan menga shunaqa qilyapsiz, yashab boʻlmay qoldi-ku dastinglardan, deb hayqirgancha qoʻlimdagi baklajkani yerga uloqtirdim. Holat boʻyicha shikoyat qilish, haqligingni isbotlash uchun qonuniy instrumentlardan foydalanish qayoqda? Xalqda bunday tafakkurning oʻzi boʻlmagan.
Xitoy tilidagi risola
Oʻsha jarimani toʻlash uchun shoir ukam Bobur Elmurod ikkalamiz muk tushib, pul ishlash uchun har maqomga yoʻrgʻaladik. U oʻqishni tamomlagan, tayinli ish yoʻq, ijarada uyimda ikkalamiz tun-u kun ishlaymiz. Buyurtma chiqsa bas, lugʻatimizda bilmaymiz, qila olmaymiz, degan jumla yoʻq. Hamma ishni bajaramiz. Sharqshunoslik universitetida oʻqiydigan bir magistrant Xitoy tilida dissertatsiyasini yozishga koʻmaklashimizni soʻradi. Taklif qilinayotgan summa kattagina, biroq bizlar xitoy tilini bilmaymiz. Biz oʻylab oʻtirmay bu ishga kirishdik, avans oldik... gogllab... uvillab... chuvillab... kulgi va yigʻi orasida mutaassir boʻlib ishni yakunladik. Eng qizigʻi, oʻsha yigit dissertatsiyani “aʼlo”ga himoya qilib, rahmat akalar, deb yana ozroq pul berib ketgan. Oʻsha pulga boʻkib ichdik va Bobur zoʻr shoir boʻlishga, men esa zoʻr faylasuf olim boʻlishga bir-birimizga vaʼda berib, bundaychikin ishlarni abadul abad toʻxtatdik.
“Zachoʻtka”
Doʻstim tirishqoq bola edi. Ayni imtihonlar vaqtida otasi qazo qildi. Yigʻlab qishloqqa ketdi va bir oylar darsga kelolmadi. Keyin oʻqishdan haydaldi. Birov nima boʻldi, nega darsga kelmayapti, deb soʻramadi. Unga akademik taʼtil olish imkoni berilmadi. Rektorni aytmay qoʻyaqolay, dekan, oʻh-ho‘, katta odam, u bilan talaba oʻrtasida dialog yoʻq edi.
Jomadonning oʻzi
Toshkentga ketayotganimni eshitib, Hasanboy sartarosh yoʻqlab kelibdi: “Ketsang, narsalaringni shunga sol, men buni armiyadan olib kelganman. Bolalarim ortingdan oʻqishga borsin, ilohim...” Sartaroshni qaytib koʻrmadim. Jomadon esa yigirma yilki men bilan birga. U 2 ta “obshita”, 23 ta ijara kvartira koʻrdi. Bu boʻladigan gap, nolish yoʻq. Xudoga shukr, jomadonim oʻz uyimni ham koʻrganiga yetti-sakkiz sana boʻldi.
Xullas, ana shunaqa gaplar. Keyin koʻoʻp narsa oʻzgardi. Boshboshdoqlik kamaydi. Bu oʻzgarishlar uchun men bir insonga rahmat aytishim kerak: Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga. Lekin uyalaman qurgʻur.
Behzod QOBULOV
“Birgina shu qoʻrquvni yuz minglab yurtdoshlarimiz qatori mendan ham olib tashladi”
Propiska muammosi eng choʻqqiga chiqqan vaqt edi. Koʻcha tomonning pardalarini zich yopib, chiroqlari yoqmay oʻtirardik hech kim yashamaydi, deb oʻylashlari uchun. Eshikni hech kimga ochmasdik.
Bir kuni eshik taqilladi. Tabiiyki, ochmadik. Bir payt podyezdda perforator tarillashni boshladi. Jon-ponim chiqib ketdi. Eshikni ochmaganimiz uchun buzib kirishmoqchi, deb oʻyladim. Nima boʻlsa boʻldi, pichoq suyakka qadaldi, deganda vajohat bilan eshikni ochdim!
Ochsam, yuqori qavatda men koreys tilidan dars beradigan oʻquvchim yoʻlak chirogʻini oʻrnatish uchun teshik ochayotgan ekan drell bilan.
Birgina shu qoʻrquvni yuz minglab yurtdoshlarimiz qatori mendan ham olib tashlagani uchun prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman! Tugʻilgan kun muborak boʻlsin, Prezidentim!
Sanjar SAID,
bloger
“Oilamiz va farzandlarim nomidan chin qalbdan minnatdorlik bildiraman”
Islohotlarning uyimizga tashrifi: Bir oila taqdiridagi katta oʻzgarishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligi lavozimiga kirishgan ilk kunlaridanoq bir fikrni bot-bot takrorlagan edilar: “Islohotlarning natijasini odamlar oʻz taqdirida, kundalik hayotida his qilishi kerak”.
Bu soʻzlar oʻshanda koʻpchilik qatori men uchun ham chiroyli bir shiordek tuyulgan boʻlishi mumkin. Ammo vaqt oʻtib, bu daʼvat oddiy odamlarning, jumladan, mening oilamning hayotini butkul oʻzgartirgan haqiqatga aylandi.
Yoshim hozir 50 da. Shu kungacha jurnalistika sohasida sidqidildan mehnat qilib keldim, kam boʻlmadim. Lekin ochigʻini aytish kerak, yuqori davlat mukofotlari, eʼtiroflar biz kabi oddiy ijodkorlar uchun faqat ushalmas orzudek edi. Baʼzan oʻzimdan ancha yosh uka-singillarimizning koʻksida medallarni koʻrganda, ichimdan bir shirin havas oʻtsa-da, “koʻkrak nishoni olish ham tepadan hal etilsa kerak”, degan andisha bilan biroz uyalib ham qoʻyardim.
Albatta, yurtimizda davlat mukofotlari va medallar berish tizimi avvaldan boʻlgan, bu yangilik emas. Bu gaplarim bilan Prezidentimiz mutlaqo yangi tartib joriy qildi, demoqchi emasman. Gap shundaki, bugungi shiddatli islohotlar zamonida, hayot surʼati tez oʻzgarayotgan bir paytda mening kamtarona mehnatim ham eʼtibordan chetda qolmagani odamni toʻlqinlantirib yuborar ekan. Biroz nokamtarlik tuyulsa-da, hayotimdagi oʻsha eng quvonchli, unutilmas damlarni bugun qayta eslagim keldi. 2021-yilda Davlat mukofoti olgan jurnalistlarni taqdirlash marosimida men ham Prezidentimizning eʼtiborlariga tushdim va “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu quvonch ustiga chiroyli quvonch boʻlib, ortidan Mustaqillikning 30 yilligi koʻkrak nishoni ham topshirildi.
Eng muhimi, oʻzgarishlar faqat men bilan cheklanib qolmadi. Yurtimizdagi taʼlim tizimidagi islohotlar farzandlarim taqdirida eng katta yutuqlarga poydevor boʻldi.
2016-yilda katta qizim oliy oʻquv yurtiga shartnoma (kontrakt) asosida oʻqishga kirdi. Oʻsha paytlar oddiy oila uchun shartnoma pulini toʻlash qanchalik ogʻir boʻlganini boshidan oʻtgan biladi. Keyingi yil ikkinchi qizim ham hujjat topshirdi. Yuragimda ozroq hadik bor edi. Agar u ham kontraktga kirsa, ikkalasini birdek oʻqitishga qiynalib qolardik...
Xuddi shu paytda Prezidentimiz tashabbusi bilan ijodiy yoʻnalishdagi oliygohlarga qabul tizimi oʻzgardi. Test sinovlari asosiy omil sifatida emas, balki abituriyentning haqiqiy ijodkorlik qobiliyati birinchi oʻringa qoʻyiladigan boʻldi. Buning natijasida Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutiga hujjat topshirgan qizim ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball olib, oʻz iqtidori bilan byudjet asosida oʻqishga qabul qilindi. Oilamizdan tashvish bulutlari tarqab, uyimizga quvonch kirdi.
Yana bir haqiqiy moʻjiza oʻgʻlimning taqdirida yuz berdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda mutlaqo yangi tizim – Prezident maktablari tashkil etildi. Toʻgʻrisi, u yerga faqat “tankasi” borlar kiradi, degan eskicha qarashlar hali yoʻqolmagan edi. Biroq oʻgʻlim oʻz bilimiga ishonib, Toshkentdagi Prezident maktabiga hujjat topshirdi va shaffof imtihonlar orqali yuqori natija bilan oʻqishga kirdi. Oʻgʻlim ushbu maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, xalqaro reytingda TOP-20 talikda turuvchi dunyoning eng nufuzli taʼlim maskanlaridan biri – Nyu-York universitetiga (NYU) grant asosida qabul qilindi. Tasavvur qilyapsizmi, 4 yillik oʻqish uchun naqd 360 ming dollarlik grant!
Agar mamlakatda mana shunday tizimli islohotlar boʻlmaganida, bizdek faqat maoshga kun koʻradigan oddiy insonlarning farzandi bunday ulugʻvor universitetlar ostonasini bosa olarmidi? Aslo yoʻq! Yanada quvonchlisi va oilamiz uchun faxrlisi – oʻgʻlim mana shu ulkan yutuqlari evaziga Prezidentimiz bilan shaxsan uchrashish baxtiga muyassar boʻldi va Davlatimiz rahbarining duolarini oldi. Bu bir yosh yigitning hayoti uchun unutilmas voqea, butun umrga yetadigan katta kuch-quvvat boʻldi. Mana shu emasmi Prezidentimiz aytgan “oʻzgarishlarning odamlar taqdiridagi aksi”? Bugun biz bu baxtni har soniyada his qilyapmiz. Balki kimdir bu dil soʻzlarimni, samimiy minnatdorligimni notoʻgʻri talqin qilar.
Ammo bugungi qutlug‘ sana – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tavallud topgan ayyomlari munosabati bilan ichimdagi, yuragimdagi ushbu haqiqatlarni yozmaslikka vijdonim yoʻl qoʻymadi. Chunki soxtalikdan yiroq boʻlgan bu rahmatlar ortida bir jurnalistning, bir otaning, eng muhimi – oʻz hayotida adolatni koʻrgan oddiy bir xalq vakilining asl tuygʻulari mujassam. Bizga mana shunday adolatli tizimni, yoshlarimiz oʻz iqtidorini koʻrsata oladigan imkoniyatlar eshigini ochib bergan, oddiy xalqning dardini tinglab, orzularini roʻyobga chiqarayotgan Yurtboshimizga oilamiz va farzandlarim nomidan chin qalbdan tashakkur bildiraman. Hurmatli Prezident! Tavallud ayyomingiz muborak boʻlsin! Xalq va kelajak avlod uchun qilayotgan ezgu amallaringiz bardavom boʻlsin, sogʻlik-salomatlik sizni hech qachon tark etmasin!
Xayrullo ABDURAHMONOV,
jurnalist
“Faqat bitta shartim bor – gaplarimni Prezidentimiz eshitsinlar”
2-3 haftadan beri turli hududlarda ijtimoiy himoya tizimidagi vaziyatni oʻrganish uchun odamlar bilan suhbatlashaman. Sirdaryoda 8 bolani asrab olgan, jami 10 farzandga ota-onalik qilayotgan Gadoyevlar xonadoniga borib keldim. 8 boladan intervyu olib, 8 marta koʻzimda yoshni arang tutib turdim. Ular bolalar shaharchasida oʻtgan kunlarini eslashdi. Nazoratsizlik, qarovsizlik, choʻntakkesarlik, narkotik moddalar isteʼmoli… ortda qoldi deydi ular ota-onasini mahkam quchoqlab.
***
5-6 yillab koʻchaga chiqmagan bir necha ayol bilan gaplashdim. Ularning nogiron farzandlari bor, shuning uchun oʻqish-ishni tashlashlariga toʻgʻri kelgan, shaxsiy hayot, rivojlanish ham toʻxtagan. Men ularni kunduzgi parvarish markazlaridan topdim, oʻtgan yildan beri bolalarni shu yerda 5-6 soatga qoldirib, kimdir oʻqiyapti, kimdir ishga kiryapti. Baʼzi ayollar bolasining yonida boʻlish uchun shu yerga ishga kirgan, defektologiya, massajni oʻrgangan, daromad topyapti.
***
Ijtimoiy hamroh markazida ham boʻldim. Yoshi ulug‘ kishilar pensiyadan keyin uyda zerikadi, gaplashishga sherik qidiradi. Mazza qilib badantarbiya qilayotgan qariyalar bilan gaplashdim. Yana u yerda diniy motiv bilan ayblanib 18 yil umri qamoqlarda oʻtgan, hatto Jasliqqacha borgan sobiq mahbus ham sogʻligʻini tiklayotgan ekan. 2017-yildan keyin ozodlikka chiqibdi, uylanibdi, 2 qizli boʻlibdi, novvoyxona ochibdi…
***
Reablitatsiya markaziga bordim. Qaynonasi bitta tuxum qizgʻonib doʻpposlagan yoki eri kreditlarga koʻmib, ishlamay, ur tepki-sur tepki qilgan ayollar 40 kun davomida markazda boshpana topgani, psixologik-huquqiy yordam olgani haqida gapirib beradi. Otam yoʻq edi, davlat otamga aylanib qoldi, qiynalsam, idoralarga boraveraman deydi yana biri.
***
Aziza degan ijtimoiy xodim bilan tanishdim. U bilan birga xonadonlarga kirdim. Bir yigitchaga propiskasidan qatʼiy nazar 1-guruh nogironlik belgilanibdi, adaptive sportga qatnasha boshlabdi. Hechkimi yoʻq onaxonga esa har kuni ijtimoiy assitent kelarkan: ovqatini qilib beradi, uyini tozalaydi, dori-darmonini olib kelib beradi.
***
Parkovka tizimida qonuniy oylik olib ishlayotgan Muhsina bilan surdotarjimon yordamida “gaplashdim”. 6 million oylik olyapman, ishimdan faxrlanaman deydi u imo-ishoralar bilan. Men undan barmoqlar yordamida “baxtliman” deb aytishni oʻrgandim.
***
Oʻtgan kuni esa yana bir taʼsirli voqea boʻldi. Videoarxivlarni koʻrayotib, 2021-yilda 21-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Prezidentimiz bilan uchrashuvda rejissuraga oʻqish orzusini aytib bergan ekan. Menga qiziq boʻldi, 5 yildan soʻng bolaning hayoti qanday oʻzgardi, oʻqishni bitirdimi, yoʻlini topdimi?
Yigitchani qidirib topdim, telefonda gaplashdim. Esingizdami, siz bilan shunaqa voqea boʻlgan ekan, deb gap boshlasam “esdan chiqarib boʻladimi, Prezidentimiz yordami bilan oʻqishga kirdim, bu yil bitirdim, oʻshandan keyin hayotim oʻzgardi, talaba boʻldim, bu yil oʻqishni bitirdim, uy berdi davlat, 50 million pul oldim…qayerdadir buni aytib bergim kelyapti”…
***
Ijtimoiy himoya filmi bahona juda koʻp odamlar bilan gaplashdim. Ularning eski va yangi muammolarini, hasratlari va quvonchlarini eshitdim. Shu paytgacha olgan yordamlari, ularga koʻrsatilgan xizmatlar hammasi bepul va beminnat boʻlganini aytishdi. Faqat kamera-mikrofon oldida emas, kamera oʻchganida ham aytgan gapi shu boʻldi.
Hammalarining iltimosi bitta: “Gaplarimni Prezidentimiz eshitsinlar, rahmatimni aytganimni qoʻying koʻrsatuvingizga. Faqat shu shart bilan dardlarimni aytaman”.
Xulosam shuki, davlat uzoq vaqt ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlamni inkor qilgan, koʻrib-koʻrmaslikka olgan. Ular jamiyat uchun ham marginal qatlamga aylangan.
Zaif qatlamga ajratiladigan pullar notoʻgʻri taqsimlangan, korrupsiyaga botgan. Baʼzilar nogironlik belgilaganda, 2-3 oy nafaqasini “sobes” bilan baham koʻrishga majbur boʻlgan. Vahokazo, va hokazo. Albatta, sohada muammo koʻp, qamrab olinmaganlar hali koʻp, qayerda qanday xizmat va imkoniyat borligini bilmaydiganlar ulardan-da koʻp.
Ammo men gʻisht qolipdan koʻchgani, jarayon ketayotgani, davlat oʻzining fuqarolarini teng koʻrish uchun tizimlarini oʻzgartirishga urinayotganiga guvoh boʻldim.
Hali film montajini tugatishga ulgurganimcha yoʻq. Lekin odamlarning omonat gapini yetkazish burchim: “Rahmat sizga, Prezident! Uzoq umr koʻring”.