Nyu-Yorkdagi “Sholla Law Firm” yuridik tashkilotida faoliyat yurituvchi qahramonimiz Dinara Abdunayimova AQSHning Urbana-Shampeyndagi Illinoys Universiteti (University of Illinois at Urbana-Champaign (UIUC) ning Magistratura bosqichini tamomlagan.
Xorijiy til oʻrganishdan – kulinariyagacha
Samarqandda tugʻilganman. Maktab va litseydagi oʻqish yillarim ham sokin kechmagan, yaʼni 4-sinfdan xorijiy til oʻrganish uchun qoʻshimcha mashgʻulotlarga qatnay boshlaganman. Yillar davomida yana turli kurslar – musiqa (fortepiano), suzish, rasm chizish, konstruktorlik, kulinariya toʻgaraklariga qatnashganman. Ota-onam ilm-fanni qadrlaydigan ziyoli insonlar. Biz uchun doim imkoniyat yaratishga harakat qilishgan. Uyimizda eng koʻp sonli predmet bu kitob boʻlgan. Tinimsiz ravishda kitob oʻqish koʻnikmalari aynan oilamizdagi shaxsiy namuna sifatida bizda ham shakllangan. Men tahsil olishim uchun Samarqanddagi eng mahoratli ustozlar, oʻz fanini chuqur biladigan, uni yoshlarga singdira oladigan mohir pedagoglar tanlangan. Ulardan biri arman millatiga mansub Larisa Mixaylovna oʻta talabchan ingliz tili oʻqituvchisi edi. Ustozlarim bergan saboq, tinimsiz oʻqishim bois CEFR va IELTS imtihonlarida yaxshi natijaga erishdim. Darsdan tashqari qoʻshimcha mashgʻulotlarga qatnaganim ham samara bergan.
“Oʻzgargan” orzu va qizil Jeep mashinasi
Bolaligimda “men sudya boʻlaman, qizil Jeep mashinasi minib yuraman” deb takrorlayverardim. Vaqt oʻtishi bilan bu orzu shaklini oʻzgartirdi – sudya emas advokat boʻlishni istay boshladim. Aslida yoʻnalish oʻzgarmadi – men hali ham insonlarga yordam berishni istayman, faqat yoʻnalishi biroz boshqacha. Qizil Jeep mashinasi esa... hali ham rejamda bor!
Litseyni tamomlaganimdan soʻng 2019-yil Toshkent davlat yuridik universitetining “Fuqarolik va biznes huquqi” mutaxassisligi boʻyicha oʻqishni davom ettirdim. Oʻsha yili poytaxtdagi uchta – Toshkent davlat yuridik universiteti, Xalqaro Vestminster universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga oʻqishga qabul qilingan edim. Akam ham yuridik sohada faoliyat yuritadilar. Bu tanlovim esa toʻgʻri qaror boʻlgan, deb oʻylayman.
Rejalarga taʼsir qila olmagan COVID-19
Pandemiya tufayli oʻqishning muayyan vaqti onlayn formatda oʻtdi. Lekin bu jarayon mening izlanish va intilishimga salbiy taʼsir qilgani yoʻq, deb ayta olaman. Har semestr oxirida fakultetimizdagi eng iqtidorli va yuqori oʻzlashtirish koʻrsatkichi boʻyicha 10% talabalar qatorida boʻlganman.
Talabalik davrida men xalqaro “Moot court” tanlovlarida ishtirok etdim. Birinchi kursdayoq Willem C. Vis xalqaro tijorat arbitraji tanloviga qoʻshildim.
“Moot court” tanlovi – dunyodagi eng nufuzli yuridik universiteti talabalari oʻrtasidagi musobaqalardan biri. Har yili 80 dan ortiq mamlakatlardan 300 dan ziyod universitetlar qatnashadi. Musobaqa xalqaro tijorat arbitraji mavzusiga bagʻishlangan. Tayyorlanish jarayoni taxminan 6–8 oy davom etadi – siz murakkab huquqiy keyslar ustida ishlaysiz, memorandumlar yozasiz va keyin real arbitraj mutaxassislari oldida ogʻzaki bahs yuritasiz. Birinchi yilda men tadqiqotchi sifatida qatnashdim. Ikkinchi yilda esa FDI Mootga toʻliq jamoa aʼzosi sifatida qoʻshildim. Uchinchi yilda esa Vis Mootga jamoa sardori sifatida qaytdim. Afsuski, COVID-19 sababli biz ogʻzaki bosqichlarni onlayn formatda oʻtkazishga majbur boʻldik. Bu holat salbiy taʼsir qilgani yoʻq. Aksincha hayotimni oʻzgartirishga, xalqaro huquq doirasida kompetensiyalarimni shakllantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatgan tajriba boʻldi.
Nazariya va amaliyot uygʻunligi
Men oʻqish bilan birga Toshkent shahar iqtisodiy sudida sudya yordamchisi sifatida ishladim, sudyalar uchun huquqiy tadqiqotlar olib bordim. Shuningdek, universitetimiz Yuridik klinikasida “pro bono yurist” sifatida volontyor boʻldim, yordamga muhtoj insonlarga bepul yuridik maslahatlar berdim. Bundan tashqari, “TBC Bank” va “Legalmax” intellektual mulk huquqi firmasida amaliyot oʻtab, korporativ va IP huquqi bilan tanishdim. Bu tajribalar menga kelajakda qaysi yoʻnalishni tanlashimni aniqlab olishga, anglab yetishimga katta yordam berdi.
Ilm sari yoʻl
4 yil davomida xalqaro arbitraj mavzusida koʻplab maqolalar yozish imkoniga ega boʻldim. Oʻzbekiston sharoitida xorijiy investorlarni jalb etish va jozibador investitsion muhitni shakllantirish dolzarb vazifa boʻlib turgan paytda men aynan ularning xalqaro darajada huquqlarini himoya qila oladigan “Arbitraj” tizimi boʻyicha malakaga ega boʻldim.
Shuningdek, bir nechta ilmiy maqolalarim xalqaro ilmiy jurnallarda nashr etildi. Xalqaro konferensiyalarda qatnashdim – baʼzida maʼruzachi sifatida, baʼzida esa ingliz tilida boʻlmagan dokladlarni ishtirokchilar uchun sinxron tarjimon sifatida. Hozirda bir nechta ilmiy jurnallarda muharrir sifatida faoliyat olib boryapman. Maqolalarni ilmiy baholash, mualliflar va tahrir hayʼati bilan birgalikda ishlash orqali ilmiy ishlarning sifatini oshirishga hissa qoʻshyapman. Shu bilan birga, men Toshkent davlat yuridik universiteti “Yoshlar kengashi” boshlangʻich tashkilotining faol aʼzosi boʻlganman. Mazkur Kengash qoshida taʼsis etilgan “Publishplease” (“Nashrga koʻmakchi”) toʻgaragini ochish uchun tashabbus bilan chiqqanman. Jamoatchilik asosida mazkur toʻgarakni yuritib, oʻzim tengi yoshlarga ilmiy maqola yozish, uni nashr etish uchun ilmiy jurnallar tanlash, matnni jurnal talablariga moslashtirish, bunda xalqaro indekslanadigan bazalardagi yuqori impakt faktorli jurnallarda talab etiladigan maxsus ilovalardan foydalangan holda maqolani talab darajasiga moslashtirish kabi ilmiy va ilmiy-texnik talablar boʻyicha kurs mashgʻulotlarini olib borganman.
Eng qimmat resurs – vaqt
Bakalavr bosqichini tamomlaganimdan soʻng Yevropa va AQShdagi LLM (Magistratura) dasturlariga hujjat topshirdim. Menga bir nechta universitetlar qabul xati yubordi: Penn State Law, Central European University (Avstriya) University of Illinois at Urbana-Champaign (UIUC).
Men UIUCni tanladim...
AQShga koʻchish eng katta voqealardan biri boʻldi. Immigratsiya sizning barcha faoliyatingizni deyarli noldan boshlashga majbur qilarkan. Kampusdagi birinchi haftamda idish-tovoq, choyshab, qozon, hatto axlat qutisigacha sotib olishim kerak boʻlgandi. Oddiygina yashash uchun qancha mayda narsalar kerakligini ilgari sezmagan ekanman. Bu bilan birga yolgʻizlik, yangi til va yangi tizimga moslashish – bularning hammasi bosim edi. Ammo vaqt eng qimmat resurs va har narsaga davo ekaninini anglab yetganman. Ingliz tilidagi bilimim mukammallashdi, mijozlar xizmatiga qanday murojaat qilishni oʻrgandim – va bu yangi hayot asta-sekin anʼanaviy hayot tarziga aylana bordi.
Shuningdek, ushbu universitetning Taʼlim Kollejining moliya boʻlimida aspirant-tadqiqotchi (Graduate Research Assistant) sifatida ishladim, bu ish mening kasbiy maqsadlarim bilan ancha mos. Xalqaro talaba sifatida haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat berilgan – bu koʻp emas, lekin yashash uchun yetarli edi.
Meni eng faxrlantiradigan jihatlardan biri – xorijda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar sonining ortib borayotgani. Biz faqat bilim olayotganimiz yoʻq – biz jamoalar barpo qilyapmiz. UIUC, Penn State, Columbia kabi universitetlarda biz Markaziy Osiyo Talabalari Assotsiatsiyalarini tashkil qilib, bir-birimizga mentorlik qilayapmiz va qoʻllab-quvvatlovchi muhit yaratmoqdamiz. UIUCda Navroʻz va boshqa madaniy dasturlarni ham tashkil qilganmiz. Hamjihatlik, doʻstlik va oʻrtoqlik muhitini yaratganimizdan doim quvonaman.