“Ovoz” loyihasi paydo boʻlganidan beri kuy-qoʻshiq haqida yana oʻylay boshladim. Oʻtgan asr Yevropa estradasi va operasini tinglashga kuchli ehtiyoj uygʻondi. Va uyda tinglab yurish, bahonada bolalar qulogʻida qolishi uchun qoʻshiqlar roʻyxatini tuzishim zarurligini tushunyapman. Negaki, bugungi yarador dunyo buyuk toqatga, kenglig-u birodarlikka, oʻzligidan kechmagan kosmopolit tafakkurga nihoyatda muhtoj. Sara kuy-qoʻshiq ruhiy toʻsiqlarni yengadigan, ichki hurriyatga olib boruvchi, “men” degan mayda qobiqchani yoruvchi oson yoʻllardan biri.

Masalan, Kris Ri yoki Demis Russos nolalarida dard va sayqallangan ovozdan tashqari cheksizlik, oliy uygʻunlikka intilish bor. Yuksak sanʼatni yaratish uchun dard va ovozning oʻzi kifoya emas, hurlik hissi, samo sogʻinchi ham havodek zarur. Oʻshandagina xonanda ishqida jahonni sigʻdira olish holatini chiqarib bera oladi. Botir Zokirovning “Maro bibus”ida shu kayfiyat chiqqan, yaʼni koinot oʻz sirini ochgan, tuygʻular buyuk maʼno tomon talpinadi, ichingdagi qul quviladi.  

* * *

Tansen Akbarshoh saroyidagi musiqachi edi. Hukmdor eng yaxshi hofiz-u mashshoqlarni, sara shoir-u faylasuflarni faqat oʻz dargohida koʻrishni xohlardi. Minglab musiqachilar orasidan Tansenni tanlab oladi. Qayerdaki Tansen boʻlsa, oʻsha atrofda hech kim hech narsa ijro etmasin, deya farmon chiqariladi. Kimki uning sanʼati bilan bellashishga jurʼat topib, bahsda yutqazib qoʻysa, oʻsha zahotiyoq yo zindonband qilinadi, yo saroydan badargʻa etiladi. Koʻplab musiqachilar bu savdoga giriftor boʻlgandi.

Bauju Bavara esa taqdirga tan bermadi. Bauju ismi, Bavara taxallusi edi. Bavara – telba degani. Uning hayotdagi birdan bir orzusi sanʼatda qoʻl yetmas yuksaklikka koʻtarilsa, hatto Tansen ham taslim boʻlsa… Tansen uning uchun raqobat mezoniga aylangandi. Kuniga yigirma toʻrt soat ishlardi. Oxiri sabogʻini mukammal qilish maqsadida murabbiy Xaridasning huzuriga boradi. U Tansenning ham ustozi edi.

– Bir kun kelib Tansendek sanʼatkorning ustozi boʻlishim mumkinligini hecham oʻylamagandim, – deydi faxrlanib Xaridas. – Sen ham ajoyib musiqachisan. Yagona kamchiliging, kimdandir oʻzishni xohlaysan. Axir, bu istakning musiqaga hecham aloqasi yoʻq-ku. Mana shu narsa isteʼdoding kuchini kesadi. Toʻgʻri, noyob ovozing bor, mahorat bilan chalasan, lekin yuraging musiqaga tegishli emas, orzu-havasga qaram. Agar nomaʼqul niyatingdan ozod boʻla olmasang, hech qachon Tansen bilan boʻylasha bilmaysan. Unda raqobat tuygʻusi boʻlmagani bois ham hamisha gʻolib.

Bauju Bavaraning oʻzini yengishi oson emas edi. Mayli, soʻqir orzu boʻlsa-da, azbaroyi shu tufayli hayotini sanʼatga bagʻishladi. Lekin ustozning tanbehi ham oʻrinli. Vaqt kerak, bu-da bir riyozat… Bora-bora asta-sekin Tansenni unuta boshladi…

Oradan yillar oʻtdi. Qariya Xaridasning ikki oyogʻi ham ishlamay, yurolmay qoldi. Ostona hatlab chiqolmasdi. Qaniydi, hech qursa uyi yaqinidagi Krishna ibodatxonasiga bora olsa… Chunki Krishnaga yukunmasdan, tuz totishni oʻziga ep koʻrmasdi. Qanchadan qancha hakimlar bu zotning dardiga darmon izladi, baribir tuzalmadi.

Ustozining ahvolidan darak topgan Bauju Bavara oʻsha zahotiyoq qishlogʻidan yetib keladi. Erta tongda, aynan Xaridas uygʻonadigan mahalda ibodatxona devoriga suyangancha xonish qila boshlaydi. Bauju kuylayotgan qoʻshiqdan shunday maʼno sizib chiqardi: “Diydoringni koʻrmoqqa intizor koʻzlarim… Oʻtinaman, oyogʻimga kuch ber. Ayt, aybim nima, nega seni koʻrishdan mahrumman? Mendan yuz oʻgirma…”

Sanʼatkorning moʻjizakor navosidan kuch olgan Xaridas oyoqqa turadi, shukrona aytmoq uchun ibodatxonaga qadar yurib boradi. Ibodatdan soʻng uyiga qaytayotib shogirdiga yuzlanadi:

– Endi Tansenning yonida bemalol qoʻshiq aytishing, bellashishing mumkin. Chunki sen musobaqalashish xohishidan, yaʼni birinchilik istagidan xalos boʻlibsan. Tabrigimni qabul et. Sanʼa­ting xasta oyogʻimniki davolay oldimi, demak, har qanday qulfga tushadigan sehrli kalit sohibisan.

Bauju Bavara ustozi Xaridasning nigohiga oʻychan boqqancha, taajjub ohangida javob berdi:

– Buni qanday tushunmoq kerak?.. Men faqat musiqani sevaman, yolgʻiz kuyga oshuftaman. Tansen degan ismni mutlaq unutdim. Kim bilandir bellashmoq istagi bolalarcha gʻoʻr xohishim boʻlgan. Siz haq edingiz – oʻshanda men magʻlub edim. Hozir ham haqsiz. Lekin qalbimda gʻoliblik daʼvosining oʻzi yoʻq.

Xaridas mamnun holda shogirdini bagʻriga bosadi:

– Bauju, oʻgʻlim, sen chindan bavarasan! Mening telbamsan! Hozir shu daraja yuksalgansanki, ishon, Tansendan ham oʻzgansan!

OSHO,

hind faylasufi

* * *

Sanʼat sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas, mezonlarga sigʻmaydigan tilsim ekanini anglagan Shaxsgina turfa xil kimoʻzar oʻyinlarni inkor etadi. “Men” degan dahshatli zanjirdan ozod boʻlmas ekansan, oʻzingni xoh oʻtga ur, xoh choʻgʻga, baribir koʻlankasan, xolos. Buning uchun ijod muroqabaga aylanishi zarur.

Iqbol QOʻSHSHAYEVA

“Jadid” gazetasi, 2024-yil 20-son.

“Oʻzingdan oʻzding – oʻzgadan oʻzding” maqolasi