Har bir inson qalbining tub-tubida oʻziga va Ollohgagina maʼlum ardoqli oʻylari, umidlari boʻladi. U bu ezgu hislarni birovga aytmaydi, yolgʻiz qolganida pichirlab, kulimsirab yodlab yuradi. Bu oʻylar, umidlarning qachondir roʻyobga chiqishiga qattiq ishonadi. Pinhon va goʻzal ushbu sir uning hayotiga maʼno, ruhiga qudrat bagʻishlab turadi mudom. Va bir kuni bu umid amalga oshadi. Ana shu voqelik, shu odam umrining magʻzi boʻladi.
Xalqning ham xuddi shunday ezgu, birovlarga bergusiz, yashirin turgan milliy xazinalari bor. Uni hamisha ham hamma bilavermaydi. Shu maʼnoda, Abdulhamid Choʻlponning “Xalq dengizdir” degan tashbehi juda terandir. Bu dengiz qaʼrida juda katta dafinalar bor. Uni bir kun kelib mohir gʻavvosgina olib chiqishi, xabarini oʻzgalarga yetkazishi mumkin.
* * *
Oʻzbekiston davlatchiligi tarixida bemisl madaniy hodisa sodir boʻldi!
Toshkenti azimda Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostladi. Toʻqqiz yil muddatda, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va qaroriga koʻra vujudga kelgan bu markaz oʻtmish va kelajak tutashgan, uch ming yillik davlatchilik tariximizni oʻzida jamlagan, chin maʼnoda xalqimizning iftixori timsoli boʻldi desak, aslo oshirib yubormagan boʻlamiz.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi haqidagi xushxabar birinchi marta davlat rahbarining 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon ahliga eʼlon qilingan edi. Va nihoyat bugungi kunga kelib bu niyat amalga oshdi. Ezgu orzu roʻyobga chiqdi.
10 gektarlik maydonda barpo etilgan markaz binosining uzunligi 161 metr, eni esa 118 metr boʻlib, u uch qavatdan iborat. Markazdagi gumbaz balandligi 65 metr. Bino 1,8 gektar joyni egallagan, foydalanish hududi 42 ming kvadrat-metr.
* * *
Teshiktosh gʻoridan topilgan neandertal odam suyaklarining yoshi DNK tekshiruvlaridan keyin 70 ming yildan ziyod ekani aniqlandi. Shu gʻor topilguncha nafaqat yurtimiz tarixiga, balki Markaziy Osiyo xalqlari oʻtmishiga nisbatan Gʻarbda bepisand qarashgan. Daʼvo qilishlariga koʻra, asl tarix bizdan boshlangan, bizda sivilizatsiya paydo boʻlganida boshqa joylarda hayotning asari ham boʻlmagan degan oriylarcha qarash ilmiy doiralarda bot-bot takrorlanar edi. Biroq arxeolog Aleksey Okladnikov boshchiligidagi ekspeditsiya topgan bu gʻor va undagi ashyolar butun dunyo eʼtiborini Markaziy Osiyoga, Oʻzbekistonga qaratdi. Bu manzil-makonlarda ilk odamlar qadimdan yashagan ekan degan toʻxtam tan olindi va Zovtalashgan darasi fan tarixiga kirdi.
Bu soʻzlarni bita turib, uzoqda emas, shundoq Hazrati Imom majmuasi hududidagi Islom sivilizatsiyasi markazining mavjudligi kishiga yoqimli tush kabi tuyuladi. Ammo bu tush emas, ayni haqiqat. Bu manzilga butun xalqimizning bosib oʻtgan yoʻli, butun tariximiz yigʻilib kelgan.
...Ey, Oks va Yaksart, Jayxun va Sayxun, Amudaryo va Sirdaryo... ey, nomi oʻzgarsa ham qismati oʻzgarmagan, suvlotidan dushmanlari suv ichsa-da, qurib qolmagan, muqaddas burchini unutmagan ona daryolar... Yuqori va quyi oʻzanlarida qadim ajdodlarim kapa tikkan, bobolarim davlat qurgan, oʻtmish karvonlari suv ichib, chanqovi qonib bugungacha yetib kelgan. Donishmand shoir Abdulla Oripov “Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq” deb yozgandi. Haqrost: ushbu daryolar boʻyida yashab kelgan ajdodlarimizning qoni bugun ham shu daryolar kabi sharqirab oqmoqda.
Hazrati Imom majmuasining keng havoriga tarixning uch ming yillik yoʻlni bosgan vazmin karvonlari kelib toʻxtaganga oʻxshaydi hozir. Nafaqat uch ming yillik, balki odamzod atak-chechak boʻlgan davrdan to bugungacha boʻlgan vaqt hosilasi shu yerda toʻplangan.
Gulxan yoqib oʻtirgan neandertal bobodan tortib 80 ming yil avval yasalgan oʻq-yoylargacha (Obirahmat gʻori. Boʻstonliq tumanidan topilgan), 100 ming yil davom etgan Muste davri tasviri sanʼati boʻlmish Sarmishsoy qoya suratlarigacha, Islomgacha boʻlgan qadimgi davlatlar – Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Choch va Parkanadan (Dovon davlati. Fargʻona) Islom dini kirib kelgandan keyingi taraqqiyot bosqichlarigacha...
Soʻngra jahon tarixiga birinchi renessans nomi bilan kirgan, Movarounnahr farzandlari dunyoga dovruq solgan shonli oʻtmish – oʻnlab ulug‘ nomlar, yuzlab jahoniy kashfiyotlar davri boshlanib ketadi.
“Miqyos an-Nil” qurilmasini yaratgan Fargʻoniy asarlarini chuqur oʻrgangan Xristofor Kolumb Amerikani topib borganiga tarix shohid boʻlsa, Beruniyning Kolumb safaridan 462 yil burun yozilgan “Hindiston” asarida bu makon haqida aniq maʼlumotlar berilgan edi. Yer radiusini, meridianini, Oy va Yer oʻrtasidagi masofani XI asrdayoq aniqlagan bu alloma yashagan davrni zamonamizning yirik olimi amerikalik Frederik Star bejiz
“Beruniy asri” deb baholamagan.
Birinchi renessans davri shu qadar tigʻiz va boyki, bitta manzil-makonda, bir necha asrda bu qadar ulkan yuksalishlar boʻlishiga insonning aqli bovar etmaydi. Zero, bepoyon vaqtning oldida uch-toʻrt asr degani soniyadek gap.
Muhammad Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Fargʻoniy, Forobiy, Buxoriy, Termiziy, Gʻijduvoniy, Yassaviy kabi zotlarning bashariyat xirmoniga qoʻshgan hissalari betimsoldir. Ularning har biri bitta maʼnaviy yuksalish davrini boshlab berolgan.
Ikkinchi renessans davri Amir Temur bilan boshlanadi. Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sida bitilgani kabi tarixda tojdorlar koʻp oʻtgan. Ammo eng obod, maʼrifatparvar imperiyani tuzish va urush hamda jaholat yoʻlini ezgulik tomon oʻzgartirish ularning hammasiga ham nasib etmagan. Shu maʼnoda Amir Temur yagonadir. Temurdan boshlangan ikkinchi renessans davri Shohrux Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Shayboniyxon, Mirzo Bobur, Kamoliddin Behzoddek ajdodlar faoliyati bilan katta bir davrni qamrab oladi. Ayni paytda dunyoning 16 ta davlati hududida Amir Temur va temuriylar davridan qolgan obidalar aniqlangan.
* * *
Uzoq tarixni yodlab, oʻtmish zotlar va buyuk evrilishlarni xotirlab turib, beixtiyor ulugʻvor markazdagi zallarga kirib kelasiz. Xuddi tarix tulporidan tushib, bugunning hududiga kirgan kabi. Toʻmaris va Eron shohi Kirning tarixiy janglari manzarasi, oʻsha davrga oid eksponatlarni koʻrasizmi, XX asrdagi maʼrifatparvar jadidlar jasorati aks etgan tasvirlar, ularning asarlarining asl nusxasiga duch kelasizmi, hamma-hammasi bizniki degan oʻy yurakni, tuygʻuni balandlatadi, koʻtaradi.
Markazning asosiy eshigi ustida Alaq surasining 1-oyati – “Yaratgan Robbing nomi bilan oʻqi” soʻzlari bitilgan. Shunday ilohiy daʼvat bilan boshlangan sayohat davomida inson juda katta davrni boshdan kechirgan kabi oʻzgacha holatga kiradi.
Markazdagi Sarmishsoy qoyatosh suratlaridan bugungacha – bizning davrgacha boʻlgan yoʻl har qanday yoʻlovchini horitadi. Ammo bu horgʻinlik zamirida juda katta hordiq ham bor. Bu faxr-u gʻururga, oʻzlikka qaytish, oʻzni tanish, tafakkur etish hordigʻidir.
Markazdagi asosiy zal – Qurʼoni karim zali. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – VII asrda qoʻlda koʻchirilgan, xalifa Usmon roziyollohu anhuning qutlug‘ qoni sachragan Usmon musʼhafi joylashtirilgan. Bu zal devorlarida Musʼhaf oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilam toʻrtta ravoqda namoyish etilgan. 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida 50 tonnalik yirik qandil oʻrnatilgan va u bir milliondan ortiq qimmatbaho tosh bilan bezatilgan. Bu yerda dunyo fondlarida saqlanayotgan Oʻzbekistonga daxldor 114 Qurʼon loyihasiga kiritilgan qoʻlyozmalar koʻrsatilgan.
* * *
Tarix orqaga qaytib kelganday. Oʻtib ketgan ajdodlar baayni hayotga qaytdilar. Oʻrtadagi vaqt devori olib tashlangandek... Uch ming yillik bugʻu haykali ham, Ibn Sino asarining XV asrda koʻchirilgan nusxasi-yu Saroymulkxonimning havodor libosi ham shu yerda. Shu yerda eng qadimgi shaxmat toshlari-yu jadid bobolarning asl ashyolari... paxtakor, pillakor, chorvador, yelkasi qavargan xalqning yaqin oʻtmishdagi hayotidan tasvirlar ham goʻshada mujassam.
Qancha bosqinlar va zulm ostida davr oʻtkazgan boʻlmasin bu millat ulug‘ dengiz kabi oʻz qaʼridagi javharlarini asrab qololgan ekan. Bugun millat xazinasi oʻz oʻrnini, qimmatini, munosib joyini topdi. Yuzlab qoʻlyozmalar, osori atiqalar xorijdagi kutubxona va muzeylardan sotib olib kelingan. Hali tagʻin qanchasi olis oʻlkalarda turibdi. Masalan, Mirzo Ulugʻbekning nefrit piyolasi Britaniya muzeyida, Navoiyning ilk devoni (1465-yilda koʻchirilgan) Rossiya milliy kutubxonasida, hazratning hayot paytida koʻchirilgan “Xamsa” Buyuk Britaniyaning Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda...
* * *
Markazning “Yangi Oʻzbekiston – Yangi renessans” ekspozitsiyasi har bir tomoshabindan alohida eʼtibor talab qiladiki, bunda mamlakatimizda soʻnggi toʻqqiz yilda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, erishilgan yutuqlar, tashqi va ichki siyosatning ustuvor yoʻnalishlari yoritib beriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi vatanimiz uchun tarixiy, siyosiy, diniy, maʼnaviy jihatdan oltin uzukka qoʻyilgan koʻzdek munosib, bagʻrida tarix ham, kelajak ham yashaydigan ulkan obida boʻldi.
Ming eshitgandan bir bora koʻrgan afzal deganlaridek, bu markazni har bir eldoshimiz kelib koʻrishi, ziyorat qilishi kerak. Zotan, vatan ziyorati har kundir!
* * *
Qachondir qilinishi kerak boʻlgan, amalga oshirilmasa asl maqsadga yetishib boʻlmaydigan, yurt istiqboliga daxldor ishlar bor. Har bir xalqning taqdirida bunday yumush-vazifa mavjud. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi ana shunday asriy orzular roʻyobi, xalqimiz uzoq vaqtlardan buyon kutib yurgan ulug‘ ish, vazifa edi. Ana shu burch bajarildi.
Sobir JUMAYEV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Sarmishsoydan mengacha...” maqolasi