Hindistondagi Tutikorin shahrida sifatli taʼlimdan uzilib qolgan yoshlarning oʻqishga qiziqishini oshirish uchun sartarosh Ponmariappan ajoyib gʻoya oʻylab topdi.

U sartaroshxonasida navbat kutayotgan mijozlar uchun moʻjazgina kutubxona tashkil qildi va “Kitob oʻqiganga 30 foiz chegirma”, deb yozib qoʻydi. Hozirda 40 yoshli sartarosh bir vaqtlar moliyaviy yetishmovchilik tufayli 8-sinfdayoq maktabni tashlashga majbur boʻlgan. Ammo badiiy mutolaani kanda qilmadi. Keyinchalik kitob yigʻish va sartaroshxonasida namoyish qilish gʻoyasi tugʻildi. Bilimga chanqoqligi bois oʻz ishini taʼlim bilan bogʻladi. Ponmariappanning kutubxonasida audiokitoblar ham mavjud, mijozlar taniqli shaxslarning nutqlarini eshitishlari mumkin.