– Hurmatli Yusuf aka, maʼlumki, odamzod azaldan til bilan ifodalab boʻlmaydigan oʻy­-xayollari-yu his­-tuygʻularini sanʼat vositasida namoyon etib keladi. Sanʼatning qay turi ekanidan qatʼi nazar, ijodkor qanchalik yuksak gʻoyani koʻzlasa, uning ifoda vositalari ham shunchalik murakkab tus oladi. Asrlar sinovidan oʻtib kelayotgan chinakam sanʼat asarlari aynan ramziy, majoziy maʼnolarga boyligi bilan ajralib turadi. Qizigʻi shundaki, kam sonli tomoshabingina bunday yashirin ramzlarni anglashga qodir. Lekin sanʼat niqobidagi joʻn axborotga ommaviy qiziqish, talab hamisha yuqori boʻlgan. “Artkino” yoʻnalishida mualliflik filmlari yaratib kelayotgan va jahon kino olamidan yaxshi xabardor rejissyor sifatida ushbu paradoksni qanday izohlaysiz?

– Bunga javob qisman savolning oʻzida ham mavjud. Nazarimda, jamiyatda “mualliflik” yondashuvini ommalashtirishga ehtiyoj yoʻq. Koʻpincha bunday filmlar xos – “elitar” deb ataladi. Tomoshabinga muayyan axborotni ochiq-oydin yetkazadigan hammabop sanʼat esa demokratik tabiatdan yiroq boʻladi. Chunki tomoshabin didiga moslashaman deb siz uni sanʼat asari va muxlis oʻrtasidagi teng huquqli muloqotdan mahrum qilib qoʻyishingiz mumkin. Talab va xohishiga mos yaratilgan filmni koʻrishi bilanoq tomoshabin zavq ulushini olib boʻladi.

Taniqli faylasuf Merab Mamardashvili aynan mualliflik kinosini demokratik ruhda deb hisoblagan. Chunki bunday filmni anglash jarayonida tomoshabin ommaga singdirilgan tayyor qoliplarga tushmaydi, aksincha, faol ijodiy idrok imkoniga ega boʻladi. Rejissyorga idroki sust tomoshabin yengil qabul qiladigan, katta auditoriyaga moʻljallangan sinashta janrlarda film yaratishdan osoni yoʻq. Boshqa tarafdan, tomoshabinning jiddiy sanʼat asariga xushi yoʻqligi negizida bilimsizlik, fikriy loqaydlik yotadi. Olmon faylasufi Fridrix Engels sanʼatdan zavq olish uchun ham inson muayyan bilimga ega boʻlmogʻi kerak, degan edi. Bu bilan sanʼat faqat ziyolilarga tan demoqchi emasman. Ziyoli tomoshabin hechqursa muallifni anglashga urinadi, asar tilini qadrlaydi. Kino sanʼatidagi shartlilikni tushunmaydigan tomoshabin film tilini anglashga qiynaladi. Chunki ommabop filmlarda syujet, ziddiyatlar va asar mazmuni ekrandan yangraydigan matn – soʻzlar vositasida bayon qilinadi. Baʼzi filmlarni ekranga qaramay ham tushunish mumkin, tomoshabin shunchaki tinglovchiga aylanib qoladi. Lekin bu endi kino emas-da... Bunday yondashuv asl kino mohiyatiga ziddir. Mazkur sanʼatning eng oddiy va hatto oltin qoidasi shu: “Gapirma – koʻrsat!”

Keng omma kinodan bebahra qolishi kerak demoqchi emasman, albatta. Bugungi “ommabop” yoki “tijoriy” deb ataladigan yoʻnalish aynan shu xil tomoshabinlar didi, talabi asosida yuzaga kelgan. Ommabop janrlar ham, aktyorlar reytingi ham shu toifa qiziqishiga koʻra shakllangan.

– Butunrossiya davlat kinematografiya institutida (ВГИК) oʻqib yurgan yillaringizdayoq Sizning ssenariyingiz asosida suratga olingan “Lifti bor uyning zinapoyasi” (“Lestnitsa v dome s liftom”) filmi xalqaro festivalda “Eng yaxshi ssenariy” sovriniga loyiq koʻrilgan. Shundan buyon Oʻzbekistonda yaratilgan “Voiz”, “Ayollar saltanati”, “Oʻrtoq Boykenjaev”, “Dilxiroj”, “Erkak” hamda Rossiyada ishlangan “Gastarbayter”, “Isnod”, “Kerosin”, “Turk egari” kabi asarlaringiz xalqaro kinofestivallarda mukofot oldi. Qayerda yashash va ijod qilishdan qatʼi nazar, “oʻz imzosiga ega” rejissyor boʻlib qolmoqning siri nimada?

– Balki bunday sirning oʻzi yoʻqdir... Keling, savolingizga shunday javob beraqolay. Kinoshunoslar “Kerosin” filmi qahramoni Pavla kampir – aktrisa Yelena Susaninaning muvaffaqiyatini tahlil qilganida men doim bir gapni taʼkidlayman: ssenariy yozganda ham, filmni tasvirga olganda ham oʻzbek ayoli, oʻzbek onasi obraziga suyanganman. Koʻz oldimda hamisha Zebiniso buvim, u kishining sabr-toqati, donoligi va cheksiz mehnatsevarligi turgan. Modomiki, ijodkor qahramoni orqali milliy xususiyatlarni koʻrsatmoqchi ekan, avvalo, oʻzi oʻsha madaniyatdan suv ichgan boʻlishi kerak. Taassufki, men oʻzbek tilida risoladagidek yoza olmayman. Ammo baribir oʻzbekman: bu millatga, uning anʼanalari va buyuk madaniyatiga sadoqatim cheksiz! “Kerosin”ga musiqa yozgan bastakor Sergey Starostindan “Buni qarang, sof ruscha filmni bir oʻzbek suratga oldi-ya!” degan eʼtirofni eshitib boshim koʻklarga yetgani rost.

“Kerosin” filmida aktrisa Yelena Susanina.

Yana bir jihati – men harholda koʻpmillatli Sovet Ittifoqi madaniy muhitida ulgʻayganman, Rossiyada ijod qilmoqdaman va maʼlum maʼnoda rus madaniyati taʼsirida oʻsdim. Aram Xachaturyan musiqalari, Xoʻjaquli Norliyev filmlari, Chingiz Aytmatov asarlari ham ijodiy dunyoqarashim shakllanishida muhim oʻrin tutgan.

– Rossiyada suratga olingan filmlaringizni tomosha qilib ruhan ekrandagi muhitga tushib qolgandek boʻldim. Meni hayratga solgani – oʻzbek rejissyori rus diyorining olis, ovloq goʻshalaridagi hayot tarzini ham, erkinlik haddan oshgan shahar muhitini ham hujjatli kinogagina xos bir rostgoʻylik bilan ifodalagani. Ushbu filmlarda Rossiyani ich-­ichidan tanazzulga tortayotgan va yechimi yoʻqdek tuyulgan ijtimoiy muammolar ochiq­-oydin koʻrsatilgan. Ayniqsa, “Isnod” filmidagi peterburglik ayol obrazi menga zamonaviy Rossiya timsoli boʻlib tuyuladi. U suvosti kemasi ekipajining halokatiga loqayd qaragan, vatanini yurakdan sevgan fidoyi oʻgʻlonlarini taqdir hukmiga tashlab qoʻygan, taʼbir joiz boʻlsa, oʻz farzandlariga xiyonat qilgan yurt obrazidir. Hatto, ayolning koʻm-­koʻk paltosi-yu qizil mashinasi va oppoq qor uygʻunligi ana shu badiiy ramzni tasdiqlagandek. “Isnod”, “Kerosin”, “Turk egari” filmlari jamiyat miqyosida hukumatga qarata chaqiriqdek yangraydi. Xoʻsh, rus tomoshabini va kinotanqidchilari bu asarlarni qanday baholadi?

– Siz tilga olgan filmlar, umuman olganda, ijobiy qarshi olingan va aynan Rossiya kinofestivallarida mukofotlarga sazovor boʻlgan. “Isnod” – davlat mablagʻi, “Turk egari” va “Kerosin” esa xususiy sarmoya hisobidan suratga olingan. “Isnod” garchi keng namoyishga chiqarilmagan boʻlsa-da, Rossiyaning xorijga moʻljallangan filmlari maxsus dasturiga kiritilib, diplomatik kanallar orqali koʻplab mamlakatlarda namoyish etildi. Rossiya uchun bu asar orqali mamlakatda “maʼnaviy bedorlik” kinosi mavjudligini koʻrsatish muhim edi. Maʼlumki, har bir davlat xorijda diplomatik kanallar orqali tashviqot unsurlaridan xoli mavzularga xayrixohlik koʻrsatib keladi – xalqaro maydonda sanʼatdagi turli yoʻnalishlarni qoʻllab-quvvatlaydigan mamlakat ekanini isbotlashning bir yoʻli bu.

“Isnod”da urushparastlik kayfiyati yaqqol seziladi, hatto film qahramonlaridan biri ochiqchasiga “Bizga urush kerak”, deydi. Bunday mazmundagi filmni mamlakat ichida keng namoyish etish imkonsiz edi. Bu hol sanʼatni ommalashtirishga oid yondashuvga xos ikkiyoqlamalikdan dalolat beradi...


– Oʻzbek kinosining buguni haqidagi fikrlaringizni bilsak. Sizningcha, oʻzbek kinosanʼati xalq hayoti va uning dard-­ogʻriqlarini munosib aks ettira olyaptimi? Biz mazkur sanʼatdan shunchaki tarixiy voqealarni ekranlashtirish yoki sof tijorat uchun foydalanish darajasida qolib ketmayapmizmi? Oʻzingiz ham bir intervyuda aytganingizdek, oʻzbek kinosi milliy oʻzligini yoʻqotib borayotgani, tarixiy filmlarda qahramonlar xarakteri haqqoniy ochib berilmayotgani va ortiqcha pafos ustunligi – asl sanʼatdan uzoqlashish alomati emasmi?

– Men zamonaviy oʻzbek kinosining toʻliq repertuaridan xabardor emasman. Bilishimcha, u koʻproq targʻibot yoʻnalishida rivojlanayotir.

“Erkak” filmida aktrisa Lola Eltoyeva.

Davlat buyurtmachi boʻlgach, bu tabiiy holdir. Har qanday davlat kino vositasida oʻz mafkurasini shakllantirishga intiladi. Deylik, Sovet Ittifoqi davrida kinematograf davlat byudjetiga daromad keltirib, ijtimoiy xarajatlarning 55 foizini qoplagan. Kino sanoatidan tushgan daromad hisobidan shifokor, oʻqituvchi va shahar xizmatlari xodimlariga maosh toʻlangan. Buni yaxshi bilgan Oʻzbekiston hukumati kinematografiyaga faol koʻmak koʻrsatmoqda. Shu nuqtada sifat masalasi koʻndalang boʻladi  –  men uchun siz bergan savoldagi aynan shu jihat muhim. Sof sanʼat nuqtai nazaridan qaraganda chinakamiga muvaffaqiyatli chiqqan targʻibot filmini hali uchratganim yoʻq. Buyuk ajdodlar hayotini targʻibot ruhida yoritishga haddan tashqari zoʻr berish koʻpincha kinoning estetik sifatiga putur yetkazadi. Achinarlisi, bunday yondashuv auditoriyaning asosiy qismini tashkil etadigan yoshlar tarbiyasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu oʻrinda gap jahon kinosining sara namunalaridan bemalol bahramand boʻlib, ularni bizdagi epik polotnolar bilan qiyoslay oladigan ziyrak yoshlarimiz haqida ketmoqda. Eng ogʻriqli savol ham shu  –  bizning kino jahon kinematografiyasi bilan qay darajada raqobatlasha oladi? Hozircha biz Gʻarbdan faqat “yulduzlarni shakllantirish” tizimini  –  tomoshabinbop aktyorlar institutini oʻzlashtirdik, xolos. Ular ijodiy qiyofasini oʻzgartirmay bir filmdan boshqasiga oʻtib yuraveradi... Buning haqiqiy sanʼatdan qanchalik yiroq ekanini chinakam yangi kinoasarlarni tomosha qilish asnosida anglash mumkin.

– Yusuf aka, Siz 2000-­yillarda “Oʻzbekfilm”ga direktor, badiiy rahbar boʻlgansiz. Keyinchalik qariyb yigirma yil Rossiyada kinorejissyor sifatida faoliyat yuritdingiz. Sohaning ikki mamlakatdagi rivojini ichdan bilgan ijodkor oʻlaroq oʻzbek kinosida kechayotgan soʻnggi jarayonlarni qanday baholaysiz? Biz mavsumiy filmlar yaratish bosqichidan tezroq oʻtish uchun nimalarga ahamiyat bermogʻimiz lozim? Kuzatishimcha, mualliflik filmlariga qancha koʻp eʼtibor qaratilsa, kinoning asl sanʼat sifatida yuksalishi shuncha tezlashadi. Davlat har yili milliy kino rivoji uchun katta mablag‘ ajratishi va qoʻllab­-quvvatlashiga qaramay, bu ishonchu eʼtiborni oqlay olmayotgandekmiz. Sizningcha, oʻzbek kinosi xalqaro maydonda tanilmogʻi va tan olinmogʻi uchun festivallarda ishtirok etishning oʻzi kifoyami?

– Tabiiyki, kinosanoat faqatgina mualliflik filmlari hisobiga yashay olmaydi. Sohani rivojlantirish uchun ommabop janrlardagi asarlar – maishiy komediya va musiqiy filmlar ham ishlab chiqarilishi kerak. Bir vaqtlar “xontaxta” deb atalgan filmlar paydo boʻlganida men bunga salbiy qaramaganman. Sababi, yoshlar ularga oqib kelar, hafta-oʻn kunda premyeralar oʻtkazilar, yangi rejissyorlar paydo boʻlar edi. Toʻgʻri, filmlar mazmunan bir-birini takrorlar, goho ikki tomchi suvdek oʻxshash edi – lekin bu ham taqiqqa asos boʻla olmasdi. Hozir “xontaxta” filmlar birmuncha kamaygan. Bu hol kino suratga olish qimmatlashgani, shuningdek, dolzarb mavzu va syujetlar tanqisligi bilan ham bogʻliq boʻlsa kerak. Ammo tan olish kerakki, oʻsha vaqtda tomoshabinni kinoteatrlarga jalb qilish vazifasi aʼlo darajada uddalangan. Hattoki qoʻshni respublikalar bizdagi bu joʻshqin jarayonga havas qilardi.

Yosh rejissyorlarning xalqaro kinofestivallarda ishtirok etish, oʻzini namoyon qilish istagi tabiiy hol. Qizigʻi, ular koʻpincha mintaqaviy festivallarda sovrin oladi. Afsuski, u mukofotlar har doim ham filmning estetik sifatini baholashda mezon boʻlolmaydi. Bu anjumanlarda koʻpincha siyosiy motivlar tosh bosadi – bugungi kino olami shunday.

Milliy kino tabiati haqida soʻz ketar ekan, yaqin-yaqinlargacha sohada kinematografik va nokinematografik ellar mavjudligi xususida bahslar yurardi. Islom diniga eʼtiqod qiluvchi xalqlar oʻz madaniyatini vizual tasvirlashda muayyan cheklovlarga duch kelgani sababli koʻpincha ikkinchi toifaga kiritilar edi. Bu hol menga har doim kino sanʼatining asl mohiyatidan uzoq, soxta mezondek tuyuladi. Darhaqiqat, bugungi kunda Eron kabi mamlakatlar kino boʻyicha erishgan yutuqlar bu xil qarashlar asossiz ekanini isbotlamoqda.

Qahramonning ekranda anchayin oʻzbek qiyofasida koʻrinishi filmning asl milliy asar ekanini anglatmaydi; u bizning millatga mansub inson haqidagi oddiy bir hikoyagina boʻlib qolishi ham mumkin. Koʻpincha filmlarning ifoda usuli, undagi ziddiyatlar va syujet rivoji muayyan xalqning qon-qoniga singib ketgan asl xususiyatlarini aks ettira olmaydi. Shu oʻrinda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani va atoqli rejissyorimiz Yoʻldosh Aʼzamov suratga olgan kinoasar yodimga keldi. Oʻzbeklardan boshqa biror millat vakillari oʻz hayotidagi bunday fojiani aynan shu ruhda hikoya qila olishini tasavvur etish qiyin. 1990-yillarda rejissyor Yusuf Azimov yaratgan “Tong otguncha” (“Перед рассветом”) degan kartina men uchun milliy kinoning chinakam namunasidir. Garchi koʻplab festivallarda eʼtirof etilgan boʻlsa-da, film keng ommalashmadi, katta ekranga chiqarilmadi. Vaholanki, u milliy xarakterlar nihoyatda nozik, yorqin va taʼsirchan namoyon boʻlgan betakror asar edi.

– Eshitishimcha, “Oʻzbekfilm”da “Paxta. Oʻzbek ishi” mavzusida film suratga olishni rejalashtirayotgan ekansiz. Davlat buyurtmasiga asosan film yaratish bilan prodyuser topgan mablagʻga film olishning farqi bor, albatta. Oʻsha murakkab davr haqiqatini toʻliq koʻrsatib bera olishingiz va ijodiy erkinlikni saqlab qolishingizga ishonchingiz komilmi?

– Bu film gʻoyasi talabalik kezlarimda tugʻilgan edi. Oʻshandayoq Oʻzbekiston tarixida paxtaning ahamiyati xususida ssenariy yozishni koʻnglimga tukkanman. Men nafaqat maktab oʻquvchilarining terimga jalb etilishi va ekologiya muammolari, balki yurtimizda paxtachilik paydo boʻlgach, xalqimiz hayoti va tarixida yuz bergan oʻzgarishlar haqida ham hikoya qilmoqchiman. “Oʻzbek ishi” atalmish fojia menga aynan shu nuqtai nazardan muhim boʻlib koʻrinadi. Oʻzimni erkin his qilmasam hech qachon kino olmayman. Meni doim yo mavzu, yo qahramon dunyosi, yoinki syujet oʻziga rom etadi. Ijodiy qarorimga prodyuserlarni ishontirishga har doim mahoratim yetgan, keyinchalik esa bu borada obro‘-eʼtiborim ham qoʻl keldi. Aks holda, oʻsha filmni suratga olmas, undan voz kechar edim. Xayriyatki, bunday hol roʻy bermagan. Umid qilamanki, bu safar ham shunday boʻlgusi...

Uzoq tanaffusdan soʻng yangi film ustida ish boshlashimga turtki bergan yana bir omil – Rossiya ВГИК'ining Oʻzbekiston filialidagi rejissyorlik ustaxonam boʻldi. Pedagoglik faoliyatimni boshlagan ilk kunlardanoq talabalarimni kino olish jarayoniga jalb qilish, amaliy tajribaga oshno etishni rejalashtirgan edim.

Kino men uchun dunyo bilan, tomoshabin bilan muloqot qilish vositasi. U orqali teran gʻoyalar hamda umuminsoniy qadriyatlarni betakror til va usulda ifoda etish mumkin. Bu til rangtasvir, musiqa va adabiyotning ifoda vositalaridan tubdan farq qiladi. Afsuski, kino sanʼati qonuniyatlariga bepisand, madaniy saviyasi nochor baʼzi rejissyor, kinodramaturg va prodyuserlar ezgu gʻoyalarni ham quruq targʻibotga aylantirib qoʻymoqda. Oqibatda, maqsad qanchalik buyuk boʻlmasin, kinoning asl sehri yoʻqoladi, asar chinakam sanʼat darajasiga koʻtarilmaydi.

Shohida ESHONBOBOYEVA
suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 3-son.

“Kinoning oltin qoidasi” suhbati