Menimcha, hammaning shunday “mehribon” tanishlari bor: ular qandaydir shovqinli, shov-shuvli yoki salomatlik uchun “foydali” xabarlar, deylik Braziliyada vaksina olgan odamlar til tortmay oʻlayotgani yoki Bill Geyts oʻzbekistonliklarga ming dollardan tarqatayotgani haqida oʻqib qolsa, jon talvasasida (telegramdagi) qarindoshlari, sinfdoshlarini ogohlantirishga oshiqadi.
Aslida, ularning zigʻircha yomon niyati yoʻq, aksincha maqsadlari ezgu: yaqinlarim vaksina olib, bekorga juvonmarg boʻlmasin yoxud Bill ogʻaning saxiyligidan foydalanib qolsin, deydi. Xullas, hoʻkiz tugʻibdi desa, darrov suyunchi olishga shoshiladi. Ammo hech qachon, toʻxta, hoʻkiz degani bichilgan qoramol erkagi boʻlsa, hech zamonda tugʻishi mumkinmi, deb oʻylab koʻrmaydi.
Bugun hayotimizga (afsuski) shiddat bilan kirib kelgan virtual farosatsizlikning ilmiy nomi ham bor: mizinformatsiya!
Dezinformatsiya nimaligini bilasiz. Kimga yoki kimlargadir moddiy-maʼnaviy zarar yetkazish, obunachilar sonini oshirish, ijtimoiy ongni chalgʻitish – manipulyatsiya qilish, oson pul topish va boshqa maqsadlarda (baʼzan shunchaki hazillashib) qasddan tarqatilgan yolgʻon, gʻirrom, noxolis axborot. Mizinformatsiya esa mana shu axborotga laqqa tushib uni boshqalarga ulashish. Soddaroq aytganda, birinchisi aldash, ikkinchisi aldanishdir.
Masalan, bitta yulgʻich qoʻyning qumalogʻini koʻrsatib, tarmoqlarda “Oʻlik dengizda yashaydigan urgʻochi qisqichbaqaning chap buyragidan tayyorlangan tabiiy toza mahsulot, 10 kunda saratondan qutulasiz” degan eʼlon joylashtirdi – dezinformatsiya. Siz esa “zora kimdir shifo topsa” degan oliyjanob maqsadda xabarni telegram guruhlarga tarqatib chiqdingiz – mizinformatsiya.
Deylik, firibgarlar “Omad-shou” degan soxta sayt yaratib, “Oʻyinda ishtirok eting va sovgʻalarni yutib oling” mazmunida xabar tayyorlaydi (dezinformatsiya). Saytga kirsangiz, shubhasiz “Iphone 14” yutgan boʻlasiz. Faqat “yutuq”ni olish uchun xabarni 20 ta odamga ulashing, deydi. Darrov, tilla topgan tentakdek uni telegramdagi “Jigarlar”ga “pereslat” qilasiz (mizinformatsiya). “Dostavka” uchun falon soʻm oʻtkazishingiz bilan aldanganingizni bilasiz. Kamiga, siz kabi chuv tushgan jigarlaringizning ham qargʻishiga qolasiz.
Albatta, sizga bu misollar goʻyo boʻrttirilganday tuyulayotgan boʻlishi mumkin, ammo, bundan ham aqlga sigʻmaydiganroqlari bor va ularga sizu biz yoki tanishlarimiz ishonyapti.
Farosatsizlik fojiasi
Soxta maʼlumotga ishonib, uni mamnuniyat bilan ulashayotgan (repost qilayotgan) odamning qilgʻiligʻi nafaqat boshqalarning vaqti yoki choʻntagiga ziyon yetkazadi, balki kishilarning oʻlimiga, jamiyatda parokandalik, nizo, qon toʻkilishiga olib keladi.
Pandemiya choʻqqiga chiqqan davr esingizdami? Begona oʻlatdan vahima va xavotirga tushgan olomon bir-birini chin maʼnoda davolashga, turli xatarlardan ogohlantirishga kirishgandi. Archilgan piyoz, sarimsoq yoki aspirin kovidni tag-tugi bilan yoʻq qilishi, vertolyotdan virusni oʻldiruvchi kukun purkalishi haqida sizga, siz aʼzo boʻlgan virtual guruhlarga ham xabar yuborishgan-ku, toʻgʻrimi? Hindistonda ayrimlar hatto, sigirning tappisi koronavirusga qarshi yagona chora ekaniga ishongan va aslida feyk xabarni bir-biriga tarqatgan.
“Odamlar pandemiyadan koʻra, infodemiya – virus toʻgʻrisidagi turli soxta yangiliklardan oʻlayapti”, – degan edi oʻshanda Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreisus. Yaʼni, hamma bemorlar ham kasallikdan halok boʻlmagan, baʼzilarning boshini, yumshoq qilib aytganda, siz bilan mening virtual farosatsizligimiz yegan.
Hindiston bilan bogʻliq yana bir keys. 2018-yilda mamlakat janubidagi Tamilnad shtatidagi chekka qishloqlarning birida olomon koʻchada bolalarga shirinlik tarqatayotgan juvonni tosh va bambukboʻron qilib oʻldiradi. Shunga oʻxshash voqea Bangalorda ham yuz beradi. Shaharga ish izlab borgan 26 yoshli Kalu Ramni mahalliy aholi arqonga bogʻlab, jonini oladi.
Nega deysizmi? Chunki, oʻsha yili “WatsApp”da mototsikl mingan ikki erkak yoʻl yoqasida kriket oʻynayotgan bolajonlardan birini “oʻgʻirlab” ketgani aks etgan 1 daqiqalik video virusdek tarqaladi. Avom bir-birini ogohlantirishga tushadi. Ayrim shok kontent egalari rolik fonida “Dahshat! Tarqating! Bangalorda 200 ga yaqin bola oʻgʻrilari yuribdi. Xushyor boʻling” qabilidagi soxta chaqiriqlar joylashtiradi. Oqibatda 2018-yilda mamlakatning turli shtatlarida 20 dan ziyod odam “bola oʻgʻrisi” sifatida “samosud” qurboni boʻladi.
Eng achinarlisi nima, bilasizmi? Biroz virtual farosati bor odam oʻsha qurib ketgur rolik aslida ijtimoiy eksperiment ekani, haligi mototsikldagilar bolani yana qaytarib olib kelgani hamda “Karachi koʻchalarida bolangizni bir lahzada yoʻqotib qoʻyishingiz mumkin” yozuvli plakat koʻtarishganini darrov payqaydi.
Xoʻsh, nega aldanamiz?
Nima uchun ijtimoiy tarmoqlarda oʻzimiz bilmagan holda dezinformatsiya zanjirining halqasiga aylanib qolamiz? Nega yolgʻonning tarvaqaylashiga xissa qoʻshamiz? Bizni nima jin uradi?
1. Oʻta primitiv/sodda kontent. Oʻrta asrlarda Yevropada kitob bosish uskunasi ixtiro qilingach, koʻpchilik intellektual qatlam “O-o, ana endi ilmiy revolyutsiya boʻladi, Bruno va Kopernik asarlari qoʻlma-qoʻl boʻlib ketadi” – deb oʻylaydi. Qayerda! Gʻirt uydirmadan iborat “Jodugarlar bolgʻasi” kitobi davrning bestselleriga aylanadi.
Dezinformatorlar, firibgarlar bugun ham ushbu texnologiyadan faol foydalanadi. Qalbaki axborot mualliflari yaxshi biladiki, aksar odamlar ijtimoiy tarmoqlarga “kallani ishlatish” emas, balki yangi maʼlumotlarni koʻzdan kechirish, vaqt oʻtkazish yoki koʻngilxushlik maqsadida kiradi.
Shuning uchun ular soxta kontentni miyada qayta ishlashga ehtiyoj qoldirmaydigan darajada soddalashtirishga harakat qiladi. Bundan miya faqat yayraydi, yolgʻon yanada jozibador va haqqoniy koʻrinadi, maʼlumotni doʻstlar va/yoki yaqinlarga ulashish ehtimoli oshadi. Nima uchun virtual yulgʻichlar Lloyd Blankfeyn yoki Devid Tepper emas, balki hamma taniydigan Alisher Usmonov, Ilon Mask yoki Bill Geyts “xayriya qilayotgani” haqida bong urishini endi tushunyapsizmi?
2. Hissiy-emotsional kontent. Virtual farosatsizlik – faqat oq-qorani ajratolmaydigan gʻoʻr-shoʻr yoshlar, turli kibernayranglardan xabarsiz, tanqidiy fikrlash koʻnikmasiga ega boʻlmagan avomga taalluqli fenomen emas. Baʼzan oliy maʼlumotli, koʻpni koʻrgan ziyolilar ham aldanadi. Quyichirchiqlik blogerning “qoʻllari oʻta vahshiylarcha chopib tashlangani” haqidagi feyk xabar yodingizdami? Aldanganlar (ulashganlar) orasida koʻpni koʻrgan blogerlar, deputatlar ham bor edi.
Shunday haqiqat bor, hissiyot junbushga kelsa, mantiq bir chekkada yum-yum yigʻlaydi. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, qalbaki maʼlumot yaratuvchilar sizni ishontirish uchun ayni formulani ustalik bilan qoʻllaydi. Yaʼni, mahsulotni taqdim etishda albatta hislaringizni hisobga oladi, sizda nafrat, achinish, hadik, hayajon, aybdorlik tuygʻularini uygʻotishga harakat qiladi.
Istirohat bogʻida bir maromda aylanadigan oddiy argʻimchoqqa koʻpchilik qayrilib ham qaramaydi, aksincha, oyoqni osmondan qiladigan, qoʻrqitadigan, yurakni shuvillatadigan attraksionlarga talpinadi hamma. Axborot maydoni ham xuddi shunday va buni gʻalamislar yaxshi biladi.
3. Eʼtiqod manipulyatsiyasi. Keyingi paytlarda media makonda juda xunuk tendensiya koʻzga tashlanyapti. Yaʼni, dezinformatorlar odamlarning ishonchiga kirish uchun ularning eʼtiqodidan foydalanayotir.
Masalan, Telegramda “GoldenCash” yoki shunga oʻxshagan, qaysidir mahsulotga investitsiya kiritib, pulingizni olti baravar qilib qaytarishni taklif etayotgan firibgarlarning kanal yoki guruhlarida har jumada “gif” formatida tabrik, ezgu tilak joylayotgan “virtual ahmadboylar”ning maqsadi aslida iymonlashish emas – bor-budingizni shilib olish.
Yoki, deylik “Germaniyada ish bor” degan guruhdan juma yo ramazon tabrigi kelsa, ora-sirada ibratli hadislar joylab tursa, darrov “ha-a, demak ishonchli ekan” deb bir xalta peshana teringizni qoʻsh-qoʻllab topshirmang. Ular shunchaki “pistoncha xususiy bandlik agentligi” nomidagi ashaddiy jinoyatchi ham boʻlishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Ovqatga oʻtirishdan oldin qoʻlni sovunlab yuvish, odamga qarab aksirmaslik, kattalarga ulardan avval salom berish kabi elementar farosat qoidalari bolalikdan singdiriladi-ku, xuddi shunday, axborotdan foydalanish madaniyati ham goʻdak aqlini tanishi bilan oʻrgatilishi, oʻqitilishi, uqtirilishi kerak.
Eng muhimi, ularda tanqidiy fikrlash koʻnikmasi shakllantirilishi, ragʻbatlantirilishi, virtual makonda qalbaki axborotlarni aniqlash, farqlash boʻyicha mobil dasturlar, oʻyinli ilovalar ishlab chiqilishi, oʻquv-mashgʻulotlariga tatbiq etilishi, maktab davridan boshlash lozim manipulyatsion nayranglardan ogoh etishni.
Keyin, zamonaviy infomuhit koʻrsatmoqdaki, jamiyatda umumiy savodsizlikning ijtimoiy normal hodisa sifatida namoyon boʻlishi ham virtual farosatsizlik sindromini paydo qilayapti. Yaʼni, odamlar hech ikkilanmay bitta gapda ikkita xato bilan yozilgan “rasmiy” axborotlarga ishonib qolayapti.
Ayniqsa, jamiyatning elit-intellektual vakillari, fikr liderlari, jamoatchilik faollari axborotga, axborot tarqatishga vazminlik bilan yondashishi juda muhim bugun. Olomon oldi-qochdi resurslar emas, fikr liderlariga koʻproq ergashishini inobatga olsak, masʼuliyatni avvalo ular his qilishi shart. Qalbaki-vijdonsiz axborot muhitidan – moʻtadil infomakonga oʻtish yoki oʻtmaslikni aynan mana shu qatlam belgilab beradi.
Umuman, tanqid obʼyekti dezinformatsiya emas, oʻzimiz, insonlar boʻlishi kerak. Chunki, yolgʻonning oʻzi alohida olganda hech qanday ijtimoiy xavf tugʻdirmaydi. Unga siz bilan biz jon-ruh kiritamiz. Toʻgʻri, botlar ham bor. Ammo ular oʻz nomi bilan robot, hissiz. Hissiyot bilan chiqarilgan xulosalar qanday oqibatlarga olib kelishini esa bildingiz.
Firdavs NURULLOH