“Til va adabiyot taʼlimi” jurnalining oʻtgan 8-sonida Qarshi davlat universiteti professori Bashorat Bahriddinova va doktorant Sharifa Nabiyevaning lugʻat qonunchiligi va oʻzbek meʼyoriy lugʻatchiligi muammolariga bagiʼshlangan maqolasi chop etilgan edi. Maqolada bugungi kunda oʻzbek adabiy tilining huquqiy-meʼyoriy asoslari qay darajada mustahkamligi, yozma nutq ilmiy meʼyorlarining huquqiy asosi hisoblangan imlo lugʻatlarimiz, xususan, maktab imlo lugʻatchiligi ahvoli, bu boradagi muammolar va ularning ilmiy, amaliy yechimlari nimalar bilan bogʻliqligi haqida tahlilliy mulohazalar keltiriladi.
“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali ushbu dolzarb mavzuni davom ettirib, yana bir taniqli olimimizning oʻzbek tili imlo qoidalarini takomillashtirish boʻyicha maqolasini eʼtiboringizga havola qiladi. Zero, alifbo va imlo takomili tilimiz kamolotining muhim shartidir.
Til odam bolasiga muhtaram insoniylik rutbasini ato etgan muhtasham va muqaddas neʼmatdir. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning “Soʻz ayladi insonni judo hayvondin, Bilki, guhari sharifroq yoʻq ondin” tarzidagi hikmatida bu azaliy haqiqat oʻzining rost va raso ifodasini topgan. Odamlarni muayyan qavmlar oʻlaroq birlashtirib, sir-u sinoatga toʻla olam harakatlariga muntazam kuch va madad bermoq vazifasini ado etmoqday muazzam muddaolarga yoʻllagan qudrat ham shu tildir. Aytish joizki, insonlar oʻrtasidagi aloqaning birlamchi vositasi til boʻlsa, yozuv ana shunday aloqaning ikkilamchi vositasidir. Shuning uchun ham yozuv tovush tiliga qaraganda ancha keyin paydo boʻlgan. Tovush tili, mutaxassislarning qayd etishicha, 400–500 ming yillar ilgari paydo boʻlgan, yozuvning yuzaga kelganiga esa atigi 4–5 ming yil boʻlgan, xolos.
Shunga qaramay, tilning chinakam maʼnodagi aloqa va taʼsir quroli boʻlishday bosh vazifasini yozuvsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Kishilik jamiyati tarixi qoʻlga kiritgan bilim-u tajribalar, inson zakosi yaratgan nodir kashfiyotlar, insoniyatning olis, ammo oydin badiiy tafakkuri mahsuli boʻlgan soʻz sanʼati durdonalari, fozil-u fuzalo, aziz-u avliyolarning haq yoʻlidagi, odam bolasini qobillik, komillik, odillik eshiklarini ochishga undash yoʻlidagi tabarruk kalomlari, jamiyatlar tarixining nurli va nursiz sahifalari, shu kabi axborotlarning barcha-barchasi ajdodlardan avlodlarga, xalqlardan xalqlarga, qitʼalardan qitʼalarga bevosita yozuv orqali yetib boradi. Biz bugun yozuv tufayligina bir necha ming yillik koʻhna tarix qaʼridagi tovushlarni eshita olamiz. Bu yozuvning tengsiz qudratidir.
Yozuvning kashf qilinishi insoniyat madaniy taraqqiyotining chin maʼnodagi ibtidosi boʻlib, ogʻzaki til (nutq)ning zamon (vaqt) va makon (masofa) jihatidan cheklanganligi va bu cheklanganlikni bartaraf etishdan iborat mutlaq zaruriy ehtiyoj qonuniy ravishda yozuvning yaratilishiga olib kelganligi tabiiy.
Yurtimiz tarixining turli davrlarida oʻzbek tilining yozma ifodasi uchun turli alifbolardan foydalanilgan. Ammo bu alifbolar oʻzbek tilining tovush qurilishini ifodalashda muayyan notamomliklar, nomuvofiqliklarga egaligi ancha ilgari anglab yetilganligiga qaramay, turli tarixiy-siyosiy majburlovlar ostida tegishli tadbirlarga izn berilmay kelgan edi. Oʻzbekistonning oʻz mustaqilligiga erishuviday buyuk tarixiy voqea xalqning diliga ham, tiliga ham emin-erkinlik berdi, qadimiy oʻzbek tilimiz davlat tili maqomiga sohib boʻldi, bu til oʻzining tamoman yarashiqli libosiga noil boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildi. Qonunning muqaddimasida shunday deyilgan: “Ushbu qonun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanib va oʻzbek yozuvining lotin alifbosiga oʻtilgan 1929–1940-yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarni inobatga olgan holda respublikaning har tomonlama kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi”.
Mazkur alifbo boʻyicha mutaxassislar va jamoatchilik vakillarining ayrim mulohazalarini inobatga olgan holda 1995-yilning 6-mayida “Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Oʻzgartishlar kiritilgandan keyin yangi oʻzbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan tarkib topdi.
Taʼkidlash lozimki, til va alifbo munosabati, bunda imlo masalasi, bu uch tushuncha oʻrtasidagi tanosib muammosi favqulodda muhim ahamiyatga molikdir. Alifbodan toʻgʻri foydalanish yoʻllarini, tabiiyki, imlo qoidalari belgilab beradi. Savodxonlikni taʼminlashda mukammal imlo qoidalari hal qiluvchi omillardandir. Savodxon boʻlmagan jamiyatning kamoloti va taraqqiyoti haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun ham yangi alifboning imlosi masalasiga alohida eʼtibor berildi. Yetakchi tilshunoslardan iborat maxsus ishchi guruh yangi imlo qoidalarini yaratish ustida jiddiy ish olib bordi va bunday qoidalarning loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha mutaxassislar, gumanitar sohalar vakillari tomonidan keng muhokama qilindi, uni takomillashtirish bilan bogʻliq bildirilgan juda koʻplab taklif va mulohazalarni ishchi guruh oʻrganib chiqdi, loyihani qayta ishlash jarayonida ular hisobga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1995-yilning 24-avgustida “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi. Shu yili professorlar Shavkat Rahmatullayev va Azim Hojiyevlar tomonidan tuzilgan “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” (“Oʻqituvchi” nashriyoti) nashr qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tilining ona tili va ayni paytda davlat tili sifatidagi taraqqiyoti tarixida tom maʼnodagi burilish bosqichini boshlab bergan donishmandona nutqi, shu nutq soʻzlangan kuni, yaʼni 2019-yil 21-oktabrda imzolagan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, shuningdek, yana boshqa bir qator koʻrsatmalar hech bir mubolagʻasiz chinakam tarixiy hujjatlardir. Ularda bu borada qilinadigan ishlar odatdagi emas, koʻlam va mohiyat eʼtiboriga koʻra tamoman yangicha oʻzanlarda, naqd natijalarni hadaf qilgan holdagi tarh tarzida oʻz ifodasini topgan. Xususan, mazkur farmonda bir qator favqulodda muhim vazifalar sirasida “lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish” ham koʻrsatilgan. Ayni vazifa ijrosi borasida ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Shubhasizki, alifbo va imlo takomili tilimiz kamolotining muhim omillaridan biridir.
Bugungi kunda amaldagi imlo qoidalarida ham takomillashtirilishi lozim boʻlgan bir qancha oʻrinlar mavjudligi ayon boʻlmoqda. Misol uchun, bir qator soʻzlarning yozilishi, oʻzlashma soʻzlardagi ayrim tovushlarning ifodalanishi, oʻzak va qoʻshimchalar imlosi, qoʻshib va ajratib yozish qoidalarida mukammallashtirilishi, aniqlashtirilishi zarur boʻlgan jihatlar ancha-muncha. Masalan, “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” (“Oʻqituvchi”, 1995)da наряд, октябрь, отряд, пляж, сентябрь soʻzlari narad, oktabr, plaj, sentabr tarzida qayd etilgani holda актёр, монтёр, самолёт soʻzlarini aktyor, montyor, samolyot shaklida “y” bilan yozish qoidalashtirilgan va tabiiyki, bunda imlodagi izchillikka putur yetgan. Mazkur lugʻatda bu kabi noizchil holatlar takomillashtirilishi maqsadga muvofiq.
Oʻzbek lugʻatchiligiga jiddiy hissa qoʻshgan E.Begmatov, A.Madvaliyev va Y.Odilov kabi zahmatkash professorlar tomonidan tayyorlangan “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati” 2023-yilda nashr qilindi [1]. Bu lugʻatning “Ayrim soʻzlarning yozilishi boʻyicha lugʻat tuzuvchilarning tavsiyalari” deb nomlangan qismida qayd etilishicha, “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”da “oʻzbek tiliga rus tilidan va rus tili orqali oʻzlashtirilgan bir turkum ruscha va baynalmilal soʻz-terminlarning yangi imloda qanday yozilishi alohida qoidalashtirilmagan. Bu oʻzbek kirill yozuvidagi ikki tovushni ifodalovchi ё, ю, я, е (soʻz oʻrtasida unlidan hamda ayirish va yumshatish belgilaridan keyin), ц harflari ishtirok etgan soʻzlarni oʻzbek lotin yozuvida qanday yozish masalasidir. Bunday soʻzlarning yangi alifboda yozilishi keyinchalik, “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlangandan soʻng tayyorlangan bir qancha qoʻllanmalarda bayon qilingan” [1: 20].
Ana shunday qoʻllanmalardan biri professor Sh.Rahmatullayevga tegishli boʻlib, unda oʻzbek kirill alifbosidagi ё, ю, я harflari oʻrniga oʻzbek lotin alifbosida qaysi harflarni yozish ular bajaradigan vazifaga bogʻliq, deb quyidagicha yozishni tavsiya etadi:
“1. ё, ю, я harflari ikki tovushni (y+unli) ifodalashga xizmat qilsa, bu harflar oʻrniga yo, yu, ya harflari yoziladi: заём – zayom, юмор – yumor, ядро – yadro, ёмғир – yomgʻir, ютуқ – yutuq, яхши – yaxshi kabi.
2. ё, ю, я harflari oʻzidan oldin kelgan undoshning yumshoq ekanini koʻrsatishga xizmat qilsa:
a) asosan, ё harfi oʻrniga о harfi, ю harfi oʻrniga u harfi, я harfi oʻrniga а harfi yoziladi: стажёр – stajor, люстра – lustra, фляга – flaga kabi;
b) soʻzning talaffuzi keskin oʻzgarib ketmasligi uchun qisman ё harfi oʻrniga yo harflari, ю harfi oʻrniga yu harflari, я harfi oʻrniga ya harflari yoziladi: актёр – aktyor, бюро – byuro, снаряд – snaryad kabi.
Koʻrinadiki, ё, ю, я harflari oʻzidan oldin kelgan undoshning yumshoqligini koʻrsatish uchun xizmat qilsa, oʻzbek lotin alifbosida ikki xil aks ettiriladi” [2: 15–16].
Bu fikrlarga xolis ilmiy asosli munosabat bildirar ekan, katta imlo lugʻati tuzuvchilari quyidagilarni ham taʼkidlaydilar: “Muallif “soʻzning talaffuzi keskin oʻzgarib ketmasligi uchun” deb oʻz tavsiyasining 1-bandidagi 1-qismiga qarshi boradi. Aslida, stajor bilan aktyor, lustra bilan byuro, flaga bilan snaryad soʻzlarida mazkur ё, ю, я harflari bir xil pozitsiyada boʻlib, oʻzbekcha talaffuzda umuman farq qilmay, ikki tovush (yo, yu, ya) bilan aytiladi. Undoshlarning qattiq-yumshoqligi esa rus tili uchun xos boʻlib, hozirgi oʻzbek adabiy tilida bu holat deyarli farqlanmaydi” [2: 21].
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish joizki, “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati” tuzuvchilari yozuv amaliyotidagi barcha holatlarni toʻliq qamrab olishga, tilning maʼlum davr rivojida yangi imloviy hodisalar, holatlarni ziyraklik bilan ilgʻashga, ularni muayyan meʼyorlarga solishga harakat qilganlar, juda koʻp bahsli xususlarga yechim topishga jiddiy jazm qilganlar. Oʻzbek tili taraqqiyoti jarayonlarida muayyan zaruriy imloviy variantlarni ham nazardan qochirmaganlar. Masalan, adab va odob, nabira va nevara, barobar va baravar kabi bir qancha variantdoshlik holatlarini ham lugʻatda aks ettirganlar. Ular qatorida октябрь – oktabr, сентябрь – sentabr kabi yangi alifbo amaliyoti jarayonlaridagi, taʼbir joiz boʻlsa, gʻayriixtiyoriy tarzda yuzaga kelgan “variantdoshlik”lar (asosiysi, albatta, sentabr, oktabr soʻzlari)ga ham, ehtimol, hozirchadir, lugʻatdan joy berganlar...
Koʻrinib turganidek, oʻzbek tili imlo qoidalarini yanada takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan, tilimiz qonuniyatlarini toʻgʻri aks ettiradigan va amaliyot uchun qulay taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish tilimiz taraqqiyotini taʼminlash tarixida tubdan burilish boshlangan bugungi davrning tabiiy taqozosidir. Tilimiz, alifbomiz va imlomiz oʻrtasidagi tanosibning mustahkamligi, poydorligi oʻzbek tilimiz umrboqiyligining tamalidir.
Nizomiddin MAHMUDOV,
OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
filologiya fanlari doktori, professor
“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali, 2024-yil 9-son.
“Til, alifbo va imlo tanosibi” maqolasi
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Begmatov E.A., Madvaliyev A.P., Odilov Y.R. Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati. – Toshkent: Kafolat, 2023.
2. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining yangi alifbosi va imlosi. – Toshkent: Universitet, 1999.