Ikki minginchi yilning kuzi... Oʻsha kezlar birinchi oʻzbek professional teatr rejissyori Mannon Uygʻur nomi berilgan Toshkent davlat Sanʼat institutining Yunus Rajabiy koʻchasidagi 77-uyda joylashgan binosida oʻzgacha hayot qaynar, begona kimsa shahri azimning suronlaridan ayri, oʻziga xos ijodiy muhit hukmron bu maskanga kelib qolsa hayratda qolishi tabiiy edi. Kamina, maktabni bitirib kelgan oʻspirin ham, bosqichma-bosqich imtihon topshirar ekanman, manzilda adashdim-ov, degan ishtibohga borganim rost. Teatrga boʻlgan muhabbat juftakni rostlab qolishimga yoʻl qoʻymagan.
Oʻsha yili rejissyorlik guruhidan imtihonni Oʻzbekiston xalq artisti, professor Anatoliy Qobulov olgan edi. Suhbat chogʻi u kishi menga kutilmagan savol berdi: “Oʻgʻlim, juda yosh ekansiz, toʻrt-besh yilda bitirsangiz... yigirma yashar rejissyorni qayerda koʻrgansiz? Masalan, men bunaqasini bilmayman...” “Mana, biz boʻlamiz-da!” deya katta ketib, gapni choʻrt kesdik. Ochigʻi, sanʼat instituti birinchi kurs talabalariga tekkan kasal bu. Bitirar chogʻi esa hech kim emasligini anglab, kibr-havodan asar ham qolmaydi, ichdagi pufak yoriladi va haqiqiy mehnatga, ustalar taʼbiri bilan aytganda, “chang yutish”ga safarbar boʻladi. Ayniqsa, kaminaning kursdoshlari orasida isteʼdod sohiblari talaygina edi: biri viloyat teatrida spektakl qoʻygan, biri MXTda tajriba orttirgan, biri olti yil imtihon topshirib, yettinchi yiligina omadi chopgan, boshqa biri huquqshunoslikka havas qoʻygan-u, mashhur rejissyorning sulolasi merosxoʻrsiz qolishi xavfi tugʻilgach, bizning safimizga kirgan, yana boshqasi “oydan tushgan”. Xullas, oralarida maktabdan toʻppa-toʻgʻri institutga kelgani – faqat men.
Oʻqishni boshlaganimizga uch oydan oshdiki, guruhimizning badiiy rahbari yoʻq edi. Qobulov domlaning aktyorlik va rejissyorlik kurslari boʻlgani uchun bizga vaqt ajrata olmas ekan. Mahorat darslariga domlalar galma-galdan kirib turdi. Oʻsha kezlar sezmagan boʻlsak-da, qandayin sanʼat dargʻalari bilan uchrashganimizni endi-endi bilyapmiz. Ularning koʻpi bugun oramizda yoʻq. Ulug‘ kinorejissyor, sobiq Ittifoq xalq artisti, professor Shuhrat Abbosovning saboqlarini tingladik. Biroq menga malol keladigani – uch soatdan ortiq choʻziladigan darslar nuqul rus tilida oʻtilardi. Guruhdosh vallamatlarning bari ruscha tushunadi yoki oʻzini tushungan koʻrsatadi. Ustoz dastlabki darsdayoq ogohlantirgan edi: “Режиссура – профессия русскоязычная!”. Iloj qancha, ruscha boʻlsa ruscha-da... Ustozning mayin ovozi meni allalaydi. “Разбудите пацана!” degan xitobdan uygʻonaman. “Onasining erkasi, bir kepqopsiz-da!..” deya domla qoʻqoncha ohangda kesatadi.