Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 85-ishtirokchisi, shoira Qutlibeka Rahimboyeva “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
1. Erix Mariya Remark, “Uch ogʻayni”. Remark, asosan, urush mavzusida yozadi. Ammo bu asari doʻstlik haqida. Azaldan doʻstlarning bir-biriga sadoqati, fidoyiligi haqidagi asarlarni yaxshi koʻrib oʻqiyman. Romanda doʻstlar oʻz oʻrtoqlarining betob boʻlib qolganida, doʻstining yonida turish, dalda boʻlish uchun olis yoʻllarni bosib kelishadi. Qahramonlari hayotdagi odamlarday gapiradi, soxtalik yoʻq.
2. Efraim Sevela, “Toʻxtating samolyotni, tushib qolaman”. Muallifning oʻzi yashayotgan jamiyatga kinoyali nigohi. Yozuvchi bir jamiyatda yashab, yaʼni bugunda yashab bugun haqida yaxshi asar yozishi qiyin. Lekin buni adib eplagan. Oʻzbek adabiyotida ham shunday asarlar bor. Abdulla Qodiriyning “Toshpoʻlat tajang nima deydi?”, “Shirvon xola nima deydi?” kabi asarlari.
3. Frans Kafka, “Qalʼa”. Asarda yozuvchi tuzumlar, sarhadlar nisbiy narsa ekani, aslida bu hayotning qonunlari (masalan, tuzum va shaxs oʻrtasidagi munosabat) oʻzgarmasdir, degan fikrni ilgari suradi.
4. Marina Svetayeva, “Mening Pushkinim”. Esse. Adiba hayotdagi Pushkinning oʻz qalbida yashayotgan inʼikosi bilan tanishtiradi.
5. “Choʻqqida qolgan ovchining ohi-zori”. Qirgʻiz va qozoq adabiyotining ikki buyuk ustuni – Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonov orasidagi suhbatlar yoritilgan. Samimiy, teran, fuqarolik pozitsiyasi aniq suhbatlarni oʻqigan kitobxon suhbatdoshlar qalbidagi ogʻriqni oʻzida ham his qiladi.
6. Lev Tolstoy, “Anna Karenina”. Jamiyatga sigʻmagan insonlar fojiasi haqidagi asar.
7. Jek London, “Martin Iden”. “Anna Karenina” bu asar haqida ham shu fikrni aytish mumkin.
8. Teodor Drayzer, “Amerika fojiasi”. Bir inson ichidagi ikki qutb kurashlari aks etgan.
9. Pirimqul Qodirov, “Yulduzli tunlar”. Bobur haqidagi eng yaxshi asar.
10. Luqmon Boʻrixon, “Jaziramadagi odamlar”. Jamiyat majruh qilgan insonlar qissasi.
Qutlibeka Rahimboyeva 1952-yil 9-fevralda Turkmaniston Respublikasi Toshhovuz viloyatining Oltmish qishlogְ‘ida tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Fargʻona Davlat pedagogika institutining (hozirgi universitet) oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.
1976-yil Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim Qutlibekaning ilk sheʼriy turkumiga “Saodat” jurnalida “oq yo‘l” berib, yosh shoiraning mashqlarida jamiyatni anglashga, uni tahlil qilishga intilish ustuvor ekanligini qayd qilgan edi.
“Yuragimda koʻrganlarim”, “Uzun kunduzlar”, “Uygʻonish fasli”, “Ozodlik”, “Koʻksimdagi Tangritog‘”, “Tohirning Zuhrosi”, “Sham koʻtargan ayol” singari bir qancha toʻplamlari nashr qilingan. Lesya Ukrainka, Marina Svetayeva, Anna Barkova, Alfonsina Storni kabi shoiralarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1994-yil), “Shuhrat” medali sovrindori (1999-yil).