Shu yilning 9–11-sentyabr kunlari Bokuda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo yurtlarning olimlari oʻrtoq turkiy alifbo masalasida bir toʻxtamga kelishdi. Aslida bu masala bir majlisda hal qilingan emas. Ilk yigʻin oʻtgan yili Ostonada, keyingisi Olmaotada, uchinchisi bu yil may oyida Bokuda boʻlgan edi. Toʻrtinchi – oxirgi yigʻinda “34 harfdan iborat oʻrtoq turkiy alifbo tavsiya qilinsa”, degan umumiy xulosada toʻxtalindi.
Uchrashuvlarda, ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilik “Oʻrtoq turk alifbosi qabul qilinibdi yoki tasdiqlanibdi” deganga oʻxshash gaplarni aytyapti. Aslida unday emas. Taqdim etilayotgan alifbo Turkiy davlatlar tashkilotiga kirgan mamlakatlar olimlarining TDT rahbariyatiga taklifi, xolos. Ikki yil davomidagi tortishuvlar, tushuntirishlar, izohlardan soʻng olimlar kelgan konsessus. Endi ushbu loyiha Turkiy davlatlar tashkilotiga kirgan yurt rahbarlariga tavsiya qilindi. Ular vaqti bilan kerakli mutaxassislar ishtirokida uni koʻrib chiqib, fikrlarini aytishadi.
Bir narsani ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu alifbo turkiy millatlarning oʻzaro birlashishi yoʻlidagi juda jiddiy qadam hisoblanadi. Birinchi oʻrinda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar, keyin lozim topsa, boshqa turkiy xalqlar ham bunga qoʻshiladigan boʻlsa, juda keng miqyosda foydalaniladigan alifbolardan biriga aylanadi.
Nima daʼvo qilinyapti bu oʻrtoq turkiy alifbo bilan? Qanday afzalligi bor, nega 34 ta harfdan iborat? “Oʻrtoq” degan soʻz universal, umumiy maʼnosida ishlatilgan. Aslida turkiy millatlar orasida 34 harfli alifbo yoʻq. Lekin biz turkiylar bir-birimiz bilan juda oʻxshash jihatlarimiz koʻp boʻlgani holda ayrim oʻzgachaliklarimiz ham borki, oʻrtoq alifboda shu holat hisobga olindi. Alifboda har bir millat ahlidagi oʻzgachaliklarni ifodalashga imkon berish maqsadida 34 harf belgilandi. Yoʻqsa, turklarning salkam yuz yildan buyon qoʻllanib kelinayotgan alifbosini shunday qabul qilsa ham boʻlardi. Chunki bu alifboda turkiy tillarning barchasiga xos tovushlarning koʻpchiligiga harf belgilangan edi. Shuningdek, turkiy tilning eng yetakchi belgisi, tovush uygʻunligi – singarmonizm aks etgandi. Lekin bu alifboda ayrim turkiy tillarga xos baʼzi tovushlarga harf belgilanmagan edi. Barcha turkiy tillardagi asosiy tovushlarning, imkon qadar, barchasiga harfiy belgi boʻlishini taʼminlash uchun 34 harfdan iborat oʻrtoq alifbo qabul qilindi.
Deylik, “q” tovushi turklar nutqida ishlatilmaydi, demak, ularga bu harf kerak emas, biroq boshqa barcha turkiylarga kerak. “H” harfini ozarboyjonlar bilan oʻzbeklardan boshqa qardoshlar ishlatmaydi, hech qachon ishlatmagan ham. Lekin ayni vaqtda u ham qabul qilindi. Yana shunday imkoniyat qoldirildiki, mabodo oʻrtoq alifbo tuzish komissiyasidagi olimlar koʻzda tutmagan biror bir fonema qaysidir bir turkiy tilda mavjud boʻlsa, bu tovushga oʻzi istagan belgini tayin qilishi mumkin.
Oʻrtoq turkiy alifbodagi “ә” harfi “anhor”, “anor” kabi soʻzlardagi birinchi tovush uchun ishlatiladi. “A” belgisi oʻzbek tilidagi “o” tovushini ifodalashga xizmat qiladi. Bizda 1929–1940-yillari amalda boʻlgan lotin yozuvida ham ushbu tovush “a” belgisi bilan ifodalangan. Taʼkidlash kerakki, oʻzbek tilidagi keng “o” unlisi bizdan boshqa turkiy tillarning birortasida yoʻq. Buning ustiga, butun turk dunyosida “o” harfi “o‘” tovushining belgisi oʻlaroq qabul qilingan.
Oʻrtoq alifboga yot koʻz bilan qarab, kamchilik izlashdan koʻra, uning foydali tomonlarini oʻylagan maʼqul. Alifbo majburiy ham, undagi 34 harfni barcha turkiy uluslar qoʻllashi shart ham emas. Har bir turkiy millat oʻzining tovush tizimini ifodalashga yaraydigan harflardangina foydalanadi. Lekin asosiy tovushlar bir xil harflar bilan ifodalangani uchun barcha turkiylar bir-birlarining yozganlarini oson oʻqib, tushunadigan boʻlishi aniq.
Oʻrtoq turkiy alifboning qabul qilinishi bir qator oʻziga xos qiyinchiliklar tugʻdiradi, albatta. Mana, biz 35 yildan beri yangi alifbodagi toʻrt harfni qanday ifodalash borasida bir toʻxtamga kelolmay, tortishib yotibmiz. Oʻrtoq turkiy alifboning qabul qilinishi bilan bu kabi masalalar oʻz-oʻzidan hal boʻladi.
Aytish kerakki, har qanday koʻlamdor ish kabi oʻrtoq alifboga oʻtish ham bir qadar fidoyilik, jonachirlik talab qiladi. Bu yoʻlda qiyinchiliklar boʻlishi tabiiy. Ayniqsa, biz – oʻzbek oʻquvchilari, oʻqituvchilari, oydinlari, yozarlari uchun bir qator qoʻshimcha yumushlar vujudga kelishi aniq. Chunki biz salkam bir asrdan beri tilimizda olti unli bor, deb yurganmiz. “O‘tin” soʻzidagi “o‘” bilan “o‘zbek” soʻzidagi “o‘”ni; sonni anglatgan “uch” soʻzidagi “u” bilan “un” soʻzidagi “u” tovushini; “qir” soʻzidagi “i” bilan “ingichka” soʻzidagi “i”ni farqlamay yozib oʻrganganmiz. Bordi-yu toʻqqiz unli qabul qilinadigan boʻlsa, uch qoʻshimcha unlining belgilarini qayerda, qanday ishlatish kerakligini oʻrganish zarur boʻladi. Albatta, bu muayyan vaqt qiyinchilik tugʻdiradi. Butun turkiy dunyo shu ishni qilyapti va buning uchun xarob boʻlib qolgan joyi yoʻq. Biz ham tez orada oʻzlashtirib olishimiz tayin. Chunki tilimizning tabiati, bizning minazimiz shuni taqozo qiladi. Shu asnoda ozroq qoʻshimcha emgak (mehnat) qilishga toʻgʻri keladi.
Oʻrtoq turkiy alifbo muhokamalari ham silliq kechgani yoʻq. Oʻrtada koʻp tortishuvlar boʻldi. Mening oʻyimcha, chet tillardan oʻzlashtirilgan soʻzlarda uchraydigan sirgʻaluvchi “j” va boʻgʻiz “h”ni ifodalash uchun belgi shart emas edi. Chetdan kirgan soʻzlardagi tovush uchun belgi olish oʻrniga bunday soʻzlarni turkiy talaffuz yoʻsiniga moslashtirish tabiiyroq boʻlardi. Ammo koʻpchilikning fikri boshqacharoq ekan.
Oʻrtoq turkiy alifboni joriy qilishga toʻsiq sifatida savodxonlikka salbiy taʼsir koʻrsatishi aytilishi mumkin. Umuman, shu vaqtga qadar bizda alifboning koʻp oʻzgartirilishini savodsizlik sababi sifatida koʻrsatish holati koʻp uchraydi. Aslida, savod bilan alifboni bir-biriga fatal bogʻlab qoʻyish unchalik toʻgʻri emas. Ayni vaqtda bunday eʼtirozlar asossiz ham emas. Chunki alifboning tovush tizimiga uygʻunligi, shuningdek, uning til minazi, tabiatini toʻgʻri ifodalaydigan qoidalardan iborat qilib tuzilgani savodxonlikni taʼminlaydi.
Birinchidan, turkiy dunyoning asosiy boʻgʻini, har uch katta lahjani birlashtirgan katta millat sifatida oʻzbek yozuvining singarmonizmga asoslanishi maqsadga muvofiqdir. Kimlardir shu vaqtgacha gʻayirlik qilib kelganiga qaramay, tovush uygʻunligi bizning tilimizdan yoʻqolib ketmadi va endi u harfiy ifodasini talab etmoqda. Biz qilmasak, urpoqlarimiz baribir qachondir singarmonizmni tiklaydi. Kimlarningdir xohishi haqiqatni yoʻq qilib yuborolmaydi. Shu tashvishni bolalarimizga meros qoldirmasligimiz zarur. Har safargiday, qurgan imoratimizning bir joyini toʻgʻrilab, qolganini chala qoldirib ketavermasligimiz kerak.