Oʻzbek va turk tillarini oʻzaro qiyoslashda davom etamiz.

I. Turk tilida sira soʻzi bor. Uning maʼnosi navbat degani. Oʻzbek tilidagi sira soʻzi esa aslo, umuman, zinhor kabi maʼnolarni ifodalaydi.

II. Bizda gal, safar, oʻrin soʻzlari qisman navbatga sinonim hisoblanadi. Ammo ular toʻla-toʻkis navbat oʻrnini bosolmaydi.

“Mening galim keldi” deyish mumkin, ammo “Bankda gal koʻp edi” deb boʻlmaydi. Safar va oʻrin soʻzlarida ham ahvol shu: “Keyingi safardagi”, “Keyingi oʻrindagi” desa boʻladi. Biroq “Safarim keldi”, “Oʻrnimni oʻtkazib yubordim” deyolmaydi.

Oʻzbek tilida ham bir paytlar navbat oʻrnida sira qoʻllangan. Boz ustiga u hozirgi turkchadagi kabi aynan va toʻla-toʻkis navbat maʼnosini ifodalay olgan.

Oʻzbekcha wikepideyada ham sira soʻzining ham ravish (aslo, mutlaqo, hech) maʼnosi bilan birga navbat, muntazamlik, izchillik maʼnolari ham borligi aytiladi.

“Sirasini aytganda”, “bu sira”, “ora-sira” singari birikmalarda galma-gallik, ketma-ket kelish maʼnolari bor. “Sira unday boʻlmaydi”, “Sira gʻam chekma” kabi gaplarda harakatning keyini maʼnosida kelgan.

Bora-bora bu soʻz hech qachonga maʼnoviy yaqinlashib ketgan. “Bir sira koʻzdan kechirish” navbati bilan qarab chiqishni bildirsa, “Sira koʻzdan kechirmaslik”, umuman, qaramaslikni anglatadi. Koʻrib turganingizdek, bu soʻz ham Chigʻatoy turklari tilida boshqa mazmunga evrilgan. Onadoʻli turklari esa eski maʼnosini sira oʻzgartirmasdan qoʻllashmoqda.

III. Maʼlumki, hozirgi turkchada “yapmak” feʼli bor. Bu bizning tilimizga “qilmoq” maʼnosida oʻgiriladi. Bir paytlar bu kalima oʻzbek tilida ham ishlatilgan. Keyinchalik esa usmoniylarda saqlanib qolgan soʻz, chigʻatoylar tomonidan unutilgan.

IV. Bizda ham hozir “yopmoq” feʼli bor. Lekin bu kalom “qilmoq” mazmunida emas, balki, ustini berkitmoq, ustidan nimadir tashlab qoʻymoq maʼnosida qoʻllanadi. Bundan tashqari tilimizda “non yopmoq” degan soʻz birikmasi bor. Uning asl maʼnosi non qilmoq, non pishirmoqdir. Demakki, bu jumla hozir ham bizda faol qoʻllanadi. Nega deganda tandirda non yopish jarayoni usti berkitilayotganidan emas, balki pishayotganidan darak beradi. Turk tilidagi “kahvalti yapmak”, “ekmek yapmak” kabi iboralar ham oʻzbekchadagi “non yopmoq” bilan ayni mazmundadir.

Turkchada “yapmak” feʼli “yap” asosiga “mak” qoʻshimchasi qoʻshilishidan hosil boʻlgan. “Yap”ning oʻzi shunda II shaxs buyruq maylidagi feʼlni ifodalaydi. Endi oʻzbek tilidagi “yap” soʻzini koʻrib chiqamiz: Siz notoʻgʻri oʻqimadingiz. Bizning tilimizda ham aynan shu soʻz bor, aniqrogʻi avval boʻlgan. Hozirda oʻzidan keyingi qoʻshimchalar bilan yaxlitlanib, oʻzi ham qoʻshimcha maqomiga tushgan. Ular quyidagilar:

-Yap+man;

-Yap+san;

-Yap+ti (yap+di);

-Yap+miz (yap+biz);

-Yap+siz;

-Yap+ti+lar (yap+di+lar).

Endi yuqoridagi soʻzlarning izohiga yuzlansak. Bu soʻzlar tarkibidagi -man, -san, -ti (-di), -miz (biz), -siz, -ti+lar (-di+lar) shaxs-son qoʻshimchalari hisoblanadi. Bu soʻzlarning aksariyati bir paytlar olmosh boʻlib, boshqa soʻzga birikish natijasida avval qoʻshma soʻz, keyinchalik qoʻshimchaga aylangan (tarixiy shaklda borgʻaymen, koʻrursen, etadurlar). Endi bu boshqa mavzu. Biz esa shu oʻrinda fikrimizni quyidagicha xulosalaymiz:

– Oʻtmishda yopmoq alohida soʻz boʻlgan;

– Oʻgʻuz lahjasida bu soʻz yapmak shaklida aytilgan;

– Boraman, aytasan soʻzlarida bir -a tovushi orttirilgani holda yopmoq (yapmoq)da bunday oʻzgarish boʻlmagan.

– Dastavval qilmoq maʼnosida oʻzi qoʻshilgan feʼl bilan qoʻshma feʼlni (non yopmoq), keyinchalik koʻmakchi feʼlli soʻz qoʻshilmasini (yura yapman, koʻra yapman) hosil qilgan;

– Bora-bora yetakchi feʼl tarkibidagi -a ravishdosh yasovchi qoʻshimchani oʻz tarkibiga qoʻshib olib, shaxs-son yasovchi qoʻshimchaga aylanib qolgan.

Anvar ESHNAZAROV