Insoniyat qadim zamonlardan beri osmondagi yulduzlarga qarab ilhom olgan, yoʻl topgan va ulardan oʻzgacha maʼnolar izlagan. Yulduzlar nafaqat osmon jismlari, balki turli madaniyatlar, dinlar va sanʼatda ham muqaddas ramz sifatida qadrlangan. Ular insoniyat ongida orzu, najot, rahnamolik, ilohiylik kabi timsollarga aylangan. Koʻplab madaniyatlarda yulduzlar qorongʻulikda yoʻlni yorituvchi yoʻlboshchi sifatida yoʻnalish va xavfsizlikni anglatgan. Shuningdek, astrologiyada yulduzlar insonlarning taqdiriga va shaxsiyatiga kuchli taʼsir koʻrsatadi, deb hisoblangan.

Koʻplab davlatlar ramzlarida, shuningdek, sanʼat namunalarida yulduzlardan keng foydalaniladi. Ulardan foydalanish shunchaki boʻlmay, bir qancha maʼnolarni ham aks ettirishi bilan ajralib turadi.

Yulduzlardan eng birinchisi besh qirrali yulduz. Yana bir nomi pentagramma boʻlib, u 36° burchak ostida chiziqlar bilan hosil qilingan, beshta teng masofali nuqtalarga ega geometrik shakldir. Besh qirrali yulduz qadim zamonlardan beri insoniyatning muhim diniy va mafkuraviy ramzi boʻlib kelgan. Uning tasvirlari Falastindan Yaponiyaga qadar barcha ilk sivilizatsiyalar paydo boʻlgan joylarda topilgan.

Tarixan bu belgi Shumer, Misr davlatlarida sehrli narsa, tumor – talisman sifatida tushunilgan, Qadimgi Rimda u urush xudosi Marsning ramzi boʻlgan, Xitoyda u beshta asosiy elementning: olov, yer, metall, suv va yogʻochning oʻzaro taʼsirini ifodalagan. Fransiya inqilobi davrida yulduz inqilobchilar tomonidan yosh, yangi paydo boʻlgan davlatning ramzi sifatida ishlatilgan, Rossiya Laplandiyasi xalqi orasida u bugʻularni himoya qiluvchi universal tumor hisoblangan, shuningdek, Podsho Rossiyasi davrida harbiy anjomlarni, kiyimlarni bezashda ham foydalanilgan.

1918-yil bahorida esa Qizil Armiya askarlarining dunyoga maʼlum boʻlgan oʻziga xos nishoni “omoch va bolgʻali besh qirrali yulduzi”ga aylangan. Fashistik Italiyada u Milliy Xavfsizlik Koʻngilli Militsiyasining (Qora koʻylaklilar) emblemasini bezagan va italyan askarlarining yoqa yorliqlariga taqilgan.

Besh qirrali yulduz (pentagramma) himoya, birlik, inson (bosh, qoʻllar, oyoqlar) yoki beshta unsurni anglatuvchi qadimiy, koʻp qirrali ramzdir. Tarixan u ritsarlik fazilatlarini, Sovet anʼanalarida beshta qitʼa boʻylab proletariatning birligini ifodalagan. Pifagor taʼbiricha, juft sonlar ayollik, toq sonlar esa erkaklik deb hisoblansa besh raqami nikohni anglatadi. Besh qirrali yulduzni uzluksiz chizish orqali esa oxir-oqibat boshlangʻich nuqtaga qaytish mumkinligi sababli, u tabiat aylanishining ramzi ham hisoblanadi.

Shunday qilib, bu yulduz eng universal ramzlardan biri hisoblanadi. Chunki, bu yulduz dunyoning asosiy dinlari tomonidan hurmatga ega boʻlib, oʻziga xos maʼnolarni bildiradi. Xususan, xristianlikda besh qirrali yulduz Iso Masihning beshta yarasi (uning boshidagi tikanli toj va xochga mixlanish paytida qoʻllari va oyoqlaridagi tirnoq yaralari)ni anglatadi. Islom taʼlimotida esa uning asosiy besh ustunini ifodalaydi.

Eng mashhur kosmologik simvollardan yana biri olti qirrali yoki ikkita uchburchakni birlashishidan tashkil topgan yulduz hisoblanadi. Baʼzi adabiyotlarda Dovud yulduzi, geksagram, Magen David nomlari bilan ham ataladi. Uning ramziy maʼnolari haqida gap borganda, avvalo, yahudiylik dini va Isroil davlati koʻz oʻngimizga keladi. Chunki, olti qirrali yulduz bu bayroqning markazidan oʻrin olgan.

Olti qirrali yulduz dinlar doirasida turli xil nom olgan: Yahudiylar va nasroniylar orasida “Dovud yulduzi”, islom madaniyatida “Sulaymon muhri” nomi bilan mashhurdir. Olti qirrali yulduzdan dastlab musulmonlar va yahudiylar dekorativ va mistik maqsadlarda foydalangan. Dovud yulduzining yahudiylar ramzi sifatida qoʻllanila boshlashi XVII asrda Pragaga toʻgʻri keladi.

XIX asrda yulduz Sharqiy Yevropaning yahudiy jamoalari orasida keng qoʻllanila boshlandi. 1897 yilda Shveytsariyaning Bazel shahrida oʻtkazilgan birinchi sionistlar kongressida yahudiylarning milliy bayrogʻi uchun belgi sifatida tanlanganidan keyin Dovud yulduzi sionizmning ramziga aylandi. Birinchi jahon urushining oxiriga kelib, u yahudiy xalqi uchun xalqaro miqyosda qabul qilingan ramzga aylandi va halok boʻlgan yahudiy askarlarining qabr toshlarida qoʻllanila boshlandi.

Bu yulduzdan Usmonlilar imperiyasi davrida koʻplab sanʼat asarlarida, hatto masjidlarda ham foydalanilgan. Bu ramz islomda nihoyatda muhim va qadrlidir. Chunonchi, Sulaymon paygʻambarning muhrida bu yulduz tasvirlangan. Shuning uchun, bu ramz qadimgi turk davlatlari va Usmonlilar imperiyasida juda qadrlangan.

Islomda Sulaymon muhri sifatida tanilgan bu yulduz Sulaymon paygʻambarning uzugida joylashgan. Sulaymon paygʻambarning uzugi tepasiga oʻrnatilgan olti qirrali yulduz paygʻambarga uzuk orqali dunyoni boshqarishga imkon bergan.

Sakkiz qirrali yulduz yoki sakkizburchak turli madaniyatlarda uchraydigan qadimiy va universal ramz boʻlib, uygʻunlik, muvozanat, yaratilish va ilohiylikni anglatadi. Bu ramzning oʻziga xosligi dunyoning barcha burchaklariga tarqalganligidir. Sakkiz qirrali yulduz ikkita ustma-ust qoʻyilgan kvadratdan iborat boʻlib, osmon bilan yer oʻrtasidagi bogʻliqlikni ramziy maʼnoda ifodalaydi.

Islomda (paygʻambarlar ramzi, jannatning sakkizta darvozasi), pravoslav xristianligida (Baytlahm yulduzi, abadiyat), qadimgi madaniyatlarda (Xitoy, Mesopotamiya) kompas sifatida (shamol koʻtarildi) uchraydi. Bu yulduz ham ramz sifatida universal hisoblanadi. Quyosh nurlari Yerga sakkiz daqiqada yetib kelganligi sababli, sakkiz raqami kosmik muvozanat soni  ham hisoblanadi.

Sakkiz qirrali yulduz bibi Maryamning yulduzi deya eʼtirof etiladi. Bu ramzdagi asosiy maʼno ayol, ilohiylik, yaratilishdir. Sakkiz qirrali yulduz – abadiy hayot maʼnosida ham qoʻllaniladi. Chunki, Pravoslavlikda 8 raqami kelajak asrning maʼnosiga ega, chunki Xudo dunyoni olti kunlik yaratganidan keyin va oxirgi qiyomatgacha Rabbiyning yettinchi kuni davom etadi. Qiyomatdan keyin sakkizinchi kun – Abadiy hayot boʻladi.

Diniy manbalarga koʻra, Islom sakkizta tamoyilga asoslangan boʻlib, sakkiz qirrali shakl ushbu dinda muvozanat, adolat va totuvlik ramzi hisoblanadi. Sakkizta shoxning har biri iymon, rahm-shafqat, sabr-toqat, saxovat, ezgulik, donolik, taqvo va farosat kabi maʼlum bir ruhiy sifatni ifodalaydi. Bu xislatlar islomning amal qilishiga asos boʻlib, musulmonlar hayotida muvozanat va uygʻunlikni saqlashga yordam beradi. Jannatning sakkizta darvozasi mavjudligi orqali sakkiz qirrali yulduz sakkizta osmonni ramziy maʼnoda ifodachisi, deb ham taʼkidlanadi. Qurʼonda arab xattotligida bir suraning oxirini belgilash uchun ishlatiladi. U oʻrtasida doira boʻlgan ikkita ustma-ust qoʻyilgan kvadrat sifatida tasvirlangan.

Baʼzi adabiyotlarda keltirilishicha, sakkiz qirrali yulduz Saljuqiylar timsoli ham hisoblanadi. Umuman olib qaraganda, bu yulduz koʻplab madaniyatlarda qoʻllanilgan boʻlib, koʻp maʼnoli ramzlardan sanaladi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yulduzlar insoniyat tarixida oddiy osmon jismlari sifatida emas, balki chuqur maʼnaviy, diniy va falsafiy mazmunga ega ramzlar sifatida namoyon boʻlib kelgan. Turli davr va madaniyatlarda ular yoʻl koʻrsatuvchi, himoya qiluvchi, ilohiy kuch bilan bogʻlovchi belgilar sifatida talqin etilgan. Besh, olti va sakkiz qirrali yulduzlar timsollari turli dinlar va sivilizatsiyalarda turlicha nom va maʼnolarga ega boʻlsa-da, ularni birlashtirib turuvchi umumiy jihat – inson va koinot oʻrtasidagi uygʻunlik gʻoyasidir.

Roziyajon ROʻZMETOVA,

Maʼmun universiteti oʻqituvchisi