19-oktabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandda C5+1 formatidagi tadbirlarda ishtirok etdi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi. Safar davomida Rubio Samarqandning Registon maydonida olingan videosini “X” sahifasiga joylashtirib, “Dunyoda Samarqand kabi xalqaro savdo-sotiqda tarixan muhim oʻrin tutgan joylar kam. Bugun bu yerda bo‘lish men uchun sharaf – nafaqat tarixni yodga olish, balki kelajakdagi imkoniyatlar haqida ham fikr yuritish uchun”, deya yozib qoldirdi.
O‘zbekistonliklar tomonidan iliq kutib olingan ushbu tvitga Eronning xorijdagi, xususan, Armaniston, Zimbabve va boshqa elchixonalari tomonidan yozilgan e’tirozlar ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarni boshlab berdi.
Eron elchixonalari yozgan tvitlar ostida o‘zbekistonlik hamda xorijlik foydalanuvchilar tarixiy manbalar asosidagi ma’lumotlarni va siyosatni o‘rganishga da\vat etilgan turli e’tirozli izohlarni qoldira boshlashdi. Xususan, “Mika” nomli foydalanuvchi shunday yozadi:
“Rasmiy elchixona notoʻgʻri maʼlumot tarqatyaptimi? Marko Rubio Oʻzbekistondagi turkiy Temuriylar davlati va Yalangtoʻsh Bahodir kabi oʻzbek hukmdorlari tomonidan qurilgan Registon qarshisida turibdi. Buni Eron qurmagan. Tvit yozishdan oldin tarix kitobini oʻqing”
Daniel ismli foydalanuvchi esa “Samarkand is not Persian But turk heritage” (Samarqand forslarning emas, balki turkiylar merosidir) deya fikr bildirgan.
Ushbu masala yuzasidan oʻzbek ziyolilari ham ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirmoqda. Xususan, jurnalist Shahobiddin Luqmon “Oʻzbekiston TIV Eron elchisini chaqirib nota berishi kerak. Nima ahvol bu, koʻrpasiga oʻt qoʻymoqchi, shekilli”, deb yozgan facebook sahifasida. Tarixchi, tilshunos Eldor Asanov esa telegram sahifasida masalaga batafsil toʻxtalib oʻtgan:
“AQSH davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi ortidan Eronning bir qator elchixonalari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oʻxshash postlar yozdi. Ularning qisqacha mazmuni: Samarqand – “Eron merosi”, “Eron madaniyatiga oid”, sen yoʻq qilmoqchi boʻlayotgan madaniyatning bir qismi. AQSHga qarshi axboriy hujum qilishga urinaman deb Oʻzbekistonga tegib qoʻyganini tushunmagandir ham u bechoralar.
Men bu qarashlarning ildizini tushuntirishga harakat qilaman. Aslida ilgari tushuntirgandim – Beruniy haqidagi turkum postlarda, shuni qisqacha eslatib oʻtaman desam ham boʻladi.
Avesto zamonlaridan boshlab dastlab oriy, keyin eron nomlari ostida qardosh tillarda gapiruvchi xalqlar va ular yashovchi hududlar tushunilgan. Ahamoniylar davridan boshlab bu xalqlar yirik imperiyalar va oʻziga xos madaniyat yaratgan. Shu hududlarda yaratilgan madaniyatni Gʻarb fani koʻpincha Iranian – eroniy, IX asrdan soʻng esa, lingva franka oʻlaroq keng tarqalgan eroniy tillardan biri – yangi fors tili bilan bogʻlab, Persian deb ataydi.
Ikki muhim jihat:
- eroniy xalqlar egallagan hududlarning sharqiy qismi ilk oʻrta asrlardan turklar qoʻliga oʻtib, koʻproq Turon deb yuritila boshlangan, lekin u yerda oldinroq shakllangan madaniyat va eroniy tillar anʼanasi davom etgani bois sharqshunoslikda baribir Iranian/Persian Culture tushunchasi oʻrnashib qolgan;
- fors tilining ham, eroniy madaniyatning ham birlamchi markazlari bugungi Eron hududida boʻlmagan; meʼmorchilik, yozma madaniyat Buxoroda, Samarqandda, Balxda, Marvda, Nishopurda rivojlangan, keyinchalik bugungi Eron hududlariga yoyilgan.
Barcha “milliy” tarixchiliklar singari, Eron rasmiy tarixchiligi ham sharqshunoslikda oʻrnashgan fors yoki eroniy madaniyat tushunchasini oʻz davlati nomi va hududi bilan bogʻlaydi, oʻzini markaz deb hisoblaydi. Yaʼni oʻtmishdagi vaziyat bugungi siyosiy chegaralar bilan bogʻlanadi: bizning madaniyatimiz, bizning yerlarimiz, bizning merosimiz...
Vaholanki, koʻp hollarda madaniy qadriyatlar Markaziy Osiyodan bugungi Eron hududiga kirib borgan. Buni meʼmorchilik misolida koʻrsak. “Eroniy” meʼmorchilikning asosiy markazlari Movarounnahr, Xuroson va bugungi Afgʻonistonning ayrim hududlari boʻlgan. Bu hududda oʻzaro bogʻliq meʼmorchilik maktablari shakllangan, ular oʻxshash binolar qurgan.
Temuriylar davrida Movarounnahr maktabining roli kuchayib, xalqaro ahamiyatga ega durdonalar qurilgan. Temuriylarga xizmat qilgan ustalar keyinchalik Safaviylar va Usmonlilarga xizmat qilib, mahalliy anʼanalarni u yerga olib borishgan.
Eronning tarixiy qiyofasini yaxshi saqlagan mashhur madaniy markazi bor – Isfahon. Isfahonning aksar mashhur binolari Samarqanddagidan keyin, Temuriy meʼmorchiligi taʼsirida qurilgan. Umuman, Temuriy meʼmorchiligi Safaviylar, Usmonlilar va Boburiylar meʼmorchiligiga katta taʼsir oʻtkazgan. Shayboniylar va keyingi oʻzbek xonliklari meʼmorchiliklari esa Temuriylar meʼmorchiligining bevosita davomidir.
“Eroniy madaniyat”, “eroniy meʼmorchilik” tushunchalari bilan bahslashmagan taqdirimizda ham, bu meʼmorchilikning asosiy oʻchoqlari Markaziy Osiyoda boʻlib chiqyapti. Yaʼni bugungi Eron – bu madaniyatning bir boʻlagi xolos; boshqa hududlarga madaniyatni eksport qilgan tarixiy madaniy markaz emas. Bu ikki mintaqani birlashtirgan siyosiy markazlar esa doim Markaziy Osiyoda boʻlgan. Yo Tehrondan, Tabrizdan turib Samarqandni boshqargan birorta sulolani eslay olasizlarmi? Oxirgi 1,5 ming yil davomida doim buning teskarisi boʻlgan.
Shunday ekan, bugungi Eron rasmiy tashkilotlari “bu bizning madaniy merosimiz”, “bizga tegishli meʼmorchilik” deyishi ham tarixiy faktlarni buzib koʻrsatish, ham siyosiy koʻrlikdir”.
Ijtimoiy tarmoqlarda mavzu yuzasidan bahslar davom etmoqda. Oyina.uz ayni mavzuga kelgusida yana qaytadi.