Ogohlantirish! Iltimos, bu maqolani 35 yoshdan katta boʻlmasangiz, oʻqimang.

(Hayron boʻlyapsizmi, bu qanday cheklov ekan deb? Bu shunchaki hazil! Bu maqolaga kirish yoʻlakchasi edi. Siz maqolani oʻqib koʻrishga qaror qildingiz, ochib qarasangiz, sizning tanlovingizni muallif poymol qilmoqchi. Xoʻsh, qaroringizda qatʼiy turolasizmi yoki kimningdir qarorini soʻzsiz bajarasizmi?)

Iroda erkinligi nima? Qarorlarimizni mustaqil tanlashimizmi? Nima uchun rasmiy doirada boʻlganimizda klassik uslubda kiyinamiz? Nima uchun dars jarayonida shunchaki turib xonadan chiqib ketolmaymiz? Nima uchun chorrahadan oʻtishda yashil chiroq yonishini kutishimiz kerak? Mutloq erkinlik bormi? Agar Iroda erkinligi tushunchasi mavjud boʻlsa, nega soch oʻstirgan yoki saqich chaynaydigan yigitlarga ola qarash qilamiz? Nega farzandlarimizning jinsiga qarab oʻyinchoqlar tanlaymiz? Eslay olasizmi, necha yoshdan oʻzingiz mustaqil qaror qila boshlagansiz? Kasbingiz, sohangiz, umr yoʻldoshingiz kabi jiddiy qarorlar oʻz tanlovingiz boʻlganmi? Agar bularni mustaqil tanlovim deb hisoblasangiz, bu qarorga kelishingiz uchun kim yoki nima turtki boʻlgan? Tasodifga ishonasizmi? Taqdirga-chi?

Erkinlik – bu insonning oʻzini-oʻzi boshqarish, xohish-istaklariga koʻra harakat qilish va qarorlar qabul qilish qobiliyatidir.

Unga koʻra:

Inson oʻz harakatlarini oʻzi tanlaydi va ixtiyoriy ravishda amalga oshiradi;

Har bir inson oʻz qarorlarini faqat oʻz xohishiga koʻra, tashqi bosimlar va ijtimoiy omillarni hisobga olgan holda qabul qiladi;

Erkinlik, faqat baʼzi muayyan shartlar (masalan, qonunlar, axloqiy meʼyorlar) doirasida boʻlishi mumkin, lekin inson oʻz harakatlarini toʻliq boshqarishga qodir.

Insoniy ehtiyojlarga nisbatan erkinlik ikki farqli yo‘nalishga ajraladi:

Iroda erkinligi (Insonning tanlash erkinligi va o‘z qarorlarini qabul qilishda tashqi omillarga bo‘ysunmasligi);

Siyosiy erkinlik (Insonning jamiyatda erkin va ozod yashashi, o‘z fikrini erkin ifoda etishi va tanlov qilish huquqiga ega bo‘lishi).

Yunon mifologiyasidagi Sizif afsonasini bilasizmi? U jussasidan bir necha barobar katta toshni choʻqqiga olib chiqishga mahkum. Lekin har gal toshni choʻqqiga olib chiqqanda tosh pastga dumalab ketaveradi. Sizifning ham irodasi erkinmidi?

Falsafada Iroda erkinligi haqida turli yondashuvlar mavjud. Shulardan eng birinchisi Deterministik yondashuv.

Determinizm – bu falsafiy qarash boʻlib, u inson xatti-harakatlari va qarorlari oldindan belgilangan va ular tashqi kuchlar (tabiat qonunlari, ijtimoiy omillar, genetika va boshqalar) taʼsirida amalga oshiriladi, degan fikrni olgʻa suradi.

Unga koʻra:

Har bir hodisa, jumladan, insonning har bir tanlovi oldingi sabablar yoki omillar natijasidir. Yaʼni, sabab-natija qonuni asosida yuzaga keladi;

Insonning fikrlari, qarorlari va xulq-atvori har doim tashqi yoki ichki sabablar bilan bogʻliq boʻladi;

Inson oʻz ixtiyorida boʻlgan narsalarni faqat muayyan shartlar va sharoitlar doirasida amalga oshiradi, lekin uning harakati oldindan belgilangan boʻladi.

Yana Sizifga yuzlansak. Xoʻsh, u nega toshni choʻqqiga olib chiqishga mahkum? Sababi quyidagicha:

Sizif erkinlik timsoli boʻlmish tizginsiz shamollar xudosi Eolning oʻgʻli edi. Yunonistonda hech kim makkorlig-u zukkolik boʻyicha Sizifning oldiga tusholmasdi. Shu zehn va makr sabab oʻz qirolligi Korinfda beadad boylik toʻpladi. Bu xazinaning dovrugʻi olamda doston boʻldi. Kunlardan bir kun Sizif Yer osti saltanatiga olib ketish uchun oʻlim xudosi Tanat kelayotganidan xabar topdi va uni xiyla bilan kishanband etdi. Shundan keyin hech kim oʻlmay qoʻydi, xudolarga atab qurbonlik qilmay qoʻyildi. Zevs yer yuzida oʻrnatgan tartib-intizom izdan chiqdi. Buni bartaraf qilish uchun Zevs Sizifning huzuriga urush xudosi Aresni yubordi. Ares Tanatni ozod qildi, Tanat esa Sizifning ruhini yer osti saltanatiga olib ketdi. Lekin makkor Sizif bu vaziyatga ham tayyor turgandi. U oʻlimidan oldin xotiniga oʻlgandan soʻng jasadini koʻmmasliklarini va dafn marosimida yer osti saltanati xudolari sharafiga qurbonlik keltirmasligini tayinlagandi. Xotini uning amrini soʻzsiz bajardi. Bu yoqda qurbonlikni kutib koʻzlari toʻrt boʻlgan Aid va Persefona jigʻi biyron boʻlardi. Shunda Sizif Aiddan Yеr ustiga chiqib, xotinimga qurbonlik keltirishga farmon berib kelay, deb ijozat soʻradi. Aid ham bu yolgʻonga laqqa ishonib unga ruxsat berdi. Tabiiyki, Sizif oʻliklar dunyosiga qaytmadi. U saroyida oʻliklar dunyosidan qaytgan yagona shaxs sifatida xudolar ustidan qozongan gʻalabasini nishonlab, bazm-u jamshid qilardi. Aidning gʻazabi qaynab, Sizifni olib kelish uchun yana Tanatni yubordi. Tanat uning ruhini bu gal boqiy dunyoga olib ketdi. U yerda Sizifni barcha qilmishlari uchun eng ogʻir jazo kutayotgandi.

Deterministik yondashuvning mohiyati ham shunda: Sizif xudolar ustidan kulgani sabab oʻliklar dunyosida bahaybat toshni choʻqqiga olib chiqishga MAHKUM etildi.

Ikkinchi yondashuv esa Eksistensialistik yondashuv. Unga koʻra, inson erki mutloq oʻz qoʻlida va buni oʻzgartirishga hech qanday tashqi kuchlar taʼsir koʻrsatolmaydi. Har bir inson oʻz taqdirini oʻzi yaratadi va hayotining maʼnosini oʻzi baholaydi, faqat har bir qarori ustida masʼuliyatni ham oʻz boʻyniga olishi kerak.

Bu yondashuv mohiyatini yuqorida keltirilgan afsona misolida koʻradigan boʻlsak, makkorlig-u zukkolikda hech kim oldiga tusholmaydigan Sizif oʻz xatti-harakatlari oqibatini avvaldan bilgan va bila turib qisqa muddatga boʻlsa ham xudolar ustidan gʻalaba nashidasini surish uchun qarorlari ustidan masʼuliyatni his qilgan holda ularni laqqillatgandir.

Eksistensialistik yondashuv biz yashayotgan dunyoning maʼno-mohiyati yoʻqligini tan oladi. Shuning uchun ham inson qisqa umri davomida hayotiga maʼno baxsh etishi uchun erki oʻz qoʻlida boʻlishini yoqlaydi. Lekin bu insonni jamiyat yaratgan yozilmagan qonunlarga qarshi qilib qoʻyadi. Oqibatda inson jamiyatdan ajralib qoladi, ammo bu ajralish insonning oʻzligini topishga xizmat qiladi.

Liberalistik yondashuv. Buning mohiyatida insonning shaxsiy erkinligi, tengligi va xususiy mulkiga hurmat koʻrsatishni taʼminlash yotadi.

Liberalizm – bu siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy nazariya boʻlib, u asosan erkin bozorni, shaxs erkinligi, huquqlarini himoya qilish va hukumatning aralashuvini kamaytirishni qoʻllab-quvvatlaydi.

Liberalizmdagi asosiy erkinliklar:

Ijtimoiy erkinlik va huquqlar (Har bir inson oʻz hayotini boshqarish huquqiga ega, davlat ularning huquqlarini himoya qilishda faqatgina cheklovchi rolni oʻynashi kerak);

Tenglik (Barcha insonlar oʻz huquqlari, siyosiy va ijtimoiy imkoniyatlari jihatidan teng boʻlishi kerak);

Erkin bozor (Bozor iqtisodiyoti va kapitalizmni qoʻllab-quvvatlash, hukumatning iqtisodiyotga minimal aralashuvi kerak);

Demokratik boshqaruv (Ommaviy fikr va siyosiy vakolatlarni ifodalashga imkon beradigan demokratik tizimlarni qoʻllab-quvvatlash).

Ijtimoiy erkinlik – bu shaxsning jamiyat ichidagi harakatlarini erkin amalga oshirish, oʻz fikrlarini erkin bildirish, oʻz tanlovlarini amalga oshirishi va hayot tarzini mustaqil yaratish huquqidir. Ijtimoiy erkinlik jamiyatda mavjud boʻlgan ijtimoiy, siyosiy va madaniy strukturalar orqali belgilangan boʻlsa-da, liberalizm bu erkinlikni eng yuqori darajaga koʻtarishga intiladi.

Ijtimoiy erkinlikning asosiy tarkibi quyidagicha:

Fikr va soʻz erkinligi (Insonlar oʻz fikrlarini erkin bildirishi, soʻzlashuvi va axborot almashinuvi huquqiga ega boʻlishi kerak);

Diniy erkinlik (Har bir inson oʻz diniy qarashlarini erkin tanlash va ularga amal qilish huquqiga ega);

Shaxsiy hayotga hurmat (Insonlarning shaxsiy hayotlariga davlat yoki boshqa tashqi kuchlarning aralashishi cheklangan boʻlishi kerak).

Buni yana Sizif misolida aniqroq tushuntiradigan boʻlsak, mazkur afsonani ramziylashtirib olishimiz kerak, yaʼni bunda Zevs – davlat, Sizif davlat qonunlarini buzgan jinoyatchi. Bu jinoyati uchun qamoqxonada mahbus sifatida jazo muddatini oʻtashi kerak. Yoki, umuman, umrbod qamoq jazosiga mahkum mahbus deb talqin etsak ham boʻladi.

Dialektik materializm va iroda erkinligi. Bunda moddiy dunyo materiya va uning rivojlanish jarayoniga bogʻliq, ong (fikr, idrok, ruh) esa moddiy jarayonlarning mahsuli sifatida paydo boʻladi. Shuning uchun inson ongi va fikrini materialist tushunchalar asosida tahlil qilish zarur. Yaʼni, har bir qarorimiz miyamizda kechayotgan neyronlar reaksiyasiga uzviy bogʻliqdir. Buning isboti tariqasida esa nevrojarrohlikdagi koʻplab kuzatuv va tadqiqotlar keltiriladi.

Masalan, Jonatan Haidtning “The Happiness Hypothesis” asarida keltirilishicha: “Virjiniya universiteti shifoxonasida shunday hodisa sodir boʻldi. Qirq yoshlardagi bir maktab oʻqituvchisi toʻsatdan fohishaxonalarga qatnaydigan, bolalar pornografiyasiga oid video materiallarni koʻradigan va yosh qizlarga tegajonliq qiladigan boʻlib qoldi. Koʻp oʻtmay u hibsga olindi va voyaga yetmaganlarga nisbatan shilqimlik qilishda aybdor deb topildi. Hukm oʻqilishidan bir kun oldin u boshi qattiq ogʻriyotgani va uy egasini (Xotini uni bir necha oy oldin uydan haydab yuborgani sababli bir ayolning uyida ijarada turar ekan) zoʻrlashga xohishi kuchayib ketgani tufayli shifoxonaning shoshilinch yordam boʻlimiga bordi. Hatto shifokor bilan suhbatlashayotgan paytda ham u yonidan oʻtib ketayotgan hamshiralarni oʻzi bilan yotishga undardi. Miya tekshiruvi shuni koʻrsatdiki, uning peshona qismidagi ulkan oʻsimta boshqa hamma narsani siqib qoʻygan, natijada bosh miya nooʻrin xulqni tiyish va oqibatlar haqida oʻylash vazifasini bajara olmayotgandi. (Aqli raso odam hukm oʻqilishidan bir kun oldin bunday qiliq qilarmidi?) Oʻsimta olib tashlangach, uning tiyiqsiz jinsiy mayli yoʻqoldi. Ammo keyingi yili oʻsimta qaytalangach, yana oʻsha xulq paydo boʻldi; oʻsimta yana olib tashlangach esa belgilar yana yoʻqoldi.” (Maʼlumot Xurshid Yoʻldoshevning telegram kanalidan olindi.)

Eng soʻnggida esa Pragmatik yondashuv.

Bunda diqqat-eʼtibor amaliy natijalarga, tajriba va hodisalarni baholashda ularning manfaatli tomoniga qaratiladi hamda uning asosiy tamoyillari, odatda, quyidagicha tavsiflanadi:

Amaliy natijalar (Pragmatizmda biror narsa yoki gʻoya haqidagi yakuniy qaror, uning amaliy hayotdagi taʼsiri va manfaati orqali belgilanadi. Agar gʻoya yoki amaliyot oʻzini oqlasa, u haqiqatan ham toʻgʻri deb hisoblanadi);

Tajribaga asoslanganlik (Pragmatizm ilmiy metodga yaqin boʻlib, tajriba va eksperimentlarga asoslanadi. Biror narsaning foydaliligi yoki ahamiyati koʻproq uning amaliy hayotda qanday ishlashiga bogʻliq);

Inson va jamiyatning amaliy ehtiyojlari (Pragmatizmga koʻra, falsafiy masalalar faqat nazariy emas, balki insonlarning kundalik hayotidagi amaliy muammolarni hal qilishga qaratilgan boʻlishi kerak).

Masalan, oʻquv dargohlariga aloqador shaxslar uchun belgilangan forma tartibi joriy etilganiga sabab – oʻquvchi va oʻqituvchilarni masʼuliyatli qilib tarbiyalash, jamoadan ajralib qolmasligi uchun shu jamiyatga tegishli shaxslarni tenglashtirishdir.

Yana bir misol sifatida yoʻl harakati qoidalarini olaylik. Bu ham asrlar davomida shakllangan tartib-qoida boʻlib, amaliyot va tajribalarga asoslanadi. Ushbu qoidalardan maqsad esa yoʻl harakatini tartibga solish asnosida avtohalokatlarning oldini olishdir.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, pragmatik yondashuvga koʻra, dars vaqtida shunchaki oʻrnimizdan turib ruxsatsiz chiqib ketolmaymiz yoki chorrahani qizil chiroqda kesib oʻtolmaymiz. Liberalistik yondashuvga koʻra, farzandlarimizning jamiyatdagi ijtimoiy oʻrnini belgialash uchun ularning jinsiga qarab oʻyinchoq tanlaymiz. Eksistensialistik yondashuvga koʻra, kasb-korimiz, umr yoʻldoshimizni oʻzimmiz tanlaymiz.

Bir soʻz bilan aytganda har bir insonda iroda erkinligi mavjud, lekin oʻzga shaxsning erkinligi boshlangan joyda bizning erkinligimiz tugashi, qarorlarimiz oqibatiga masʼuliyat bilan yondashish kerakligi, tanlovlarimiz jamiyat va davlatga xavf solmasligi kerakligini unutmasak boʻlgani.

Ziyodaxon TURDIBOYEVA

Foto: Abdumannon Muhammad

#shaxsiymaromiylik