Kuni kecha atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Osmoni falaklarda” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oyina.uz ziyolilarning ushbu kitob haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
“Bashoratgoʻy”lar adashdi
Men bu kitobga muharrir edim, qisqaroq soʻzboshi ham yozganman, shunga bir-ikki ogʻiz qoʻshimcha qilmoqchiman...
Osmon, “osmon odamlari”ga qiziqish muallifda, menimcha, bundan qirq yillar burun – Sent-Ekzyuperining “Mitti shahzoda” asarini tarjima qilib yurganida boshlangan boʻlsa kerak. Boshqa motivlar keyin qoʻshilgan.
Xoʻsh, bu toʻplam qanday dunyoga keldi? Undan oldingi asarlar, kitoblar-chi?
Bilasizlar, ardoqli yozuvchimiz Xayriddin Sulton oʻttiz yildan ortiq masʼul vazifada. Bunday lavozimda oʻtirgan odam kitob yozmoq tugul kitob oʻqimoqqa-da vaqt topishi qiyindir.
Shundan, adibning “isteʼdodi soʻngani”dan bashorat qilguvchilar ham topildi. Birov “Attang, shunday yozuvchimiz qalamini mansabga almashtirdi-ya!” deb kuyindi, biri esa “Mana, maydon boʻshab qoldi, endi oʻzimiz qirchangʻimizni yeldiraveramiz!” deb suyungan ham boʻlsa kerak.