“Zavqiy osilurgʻa himmatidin
Dor bogʻladi bir baland terakka”.
“Ahli rasta hajvi” qasidasidan
Internetda bir yilda bir ilmiy rahbar qoʻl ostida tayyorlangan oʻnlab dissertatsiyalar himoya qilinayotgani, boshqa davlatlarda himoya qilingan dissertatsiya oʻzbek tiliga tarjima qilinib yoqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Qanday qilib? Axir dissertatsiya degan matoh ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan maqolalar asosida yozilishi kerak-ku?! Bunday maqolalar orasida xalqaro reytingga ega jurnallarda chop etilganlari ham boʻlishi talab qilinadi-ku? Haqqast rost. Ammo soʻnggi oʻn yil ichida ana shunday reytingga ega, nomi ilmiy, aslida gʻayriilmiy jurnallar yomgʻirdan keyingi qoʻziqorinday potirlab ilm dunyosini bosib ketdi. Ular orasida xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan SCOPUS, WoS kabi maʼlumotlar bazalarida qayd etiladiganlari ham koʻp (statistik maʼlumotlar uchun (q.: https://nppir.ru/05np121.html).
Bunday olib qaraganda, bu juda ham yaxshi – maqola chop etadigan mualliflar, yaʼni olimlar koʻpaymoqdaki, jurnallar ham, soni ham shunga qarab ortadi. Olimlar koʻpaysa, ilmiy-texnika taraqqiyoti kuchayadi, taʼlim, sanʼat, maʼnaviyat yaxshilanadi va hokazo. Amalda biz buning aksini koʻryapmiz. Juda yorqin misol: soʻnggi 4 yil ichida mamlakatda pedagogika fanlari boʻyicha dissertatsiya yoqlaganlar soni keskin ortgan, ammo xuddi shu davrda taʼlim sifatini baholovchi xalqaro PISA test sinovlarida Oʻzbekiston 81 ta mamlakatdan 80 oʻrinni egallab, avvalgi sinovlardagiga nisbatan pastroq natija koʻrsatgan.
Son oʻsishi sifatga salbiy taʼsir qilayotgani fanning boshqa sohalarida ham maʼlum bir darajada kuzatiladi.
Sababi ravshan: dissertatsiyalar ichida talabga javob beradiganlari qatorida talabga mutlaqo javob bermaydiganlari, jumladan, oshkora qalbakilarining ulushi koʻpaymoqda.
Dissertatsiyalar bilan bogʻliq muammo keng qamrovli mavzu. Bu yerda muammo bilan bogʻliq yuqorida zikr etilgan omil – dissertatsiya uchun ilmiy jurnallarda maqola chop etish borasidagi, fan tarixida avval koʻrilmagan hodisa toʻgʻrisida batafsilroq toʻxtalamiz. (Taʼkidlaymiz – aynan dissertatsiya himoya qilish uchun, ilm-fanni yangiliklar bilan boyitish uchun emas. Dissertatsiya yoqlash maqsadidagina chop etiladigan maqolalar yillar oʻtishi bilan unutilishga mahkum.)
Soʻnggi 20 yil ichida “ilmiy” deb sifatlanadigan jurnallar soni keskin oshdi. Bu jarayon hamon davom etmoqda – har yili har bir fan sohasi boʻyicha yangi jurnallar taʼsis etilmoqda. Muammo shundaki, yangi ochilayotgan jurnallarning talayi “yirtqich” tabiatli. Bu atama ham xuddi shu davrda tugʻildi. “Yirtqich” jurnallarda maqola chop etish pullik boʻlib, puli toʻlangan maqolaning sifati qanday boʻlishidan qatʼi nazar qaytarilmaydi, bosaveriladi. Albatta, xolis ilmiy jurnallar orasida ham pul toʻlanishi lozimlari yoʻq emas, faqat toʻlanadigan summa asosan muallifga maqolasidan nusxa yuborish uchun pochta haqini qoplash miqdorida boʻladi (50 AQSH dollari atrofida). Ulardan farqli, “yirtqich” jurnallar biznes maqsadida ochiladi. Bu hodisa fan tarixidagi gʻaroyib yangilikdir. Chunki to XX asrning 80-yillarigacha u kuzatilmagan – jurnal biror ilmiy markaz organi boʻlib, shu markaz mablagʻi evaziga nashr etilgan. Bunday jurnallar xalqaro ilmiy jamoatchilik oʻrtasida obro‘ uchun kurashgan, mavqeini eʼzozlagan, yuzaki, past saviyali maqolalarning bosilishiga yoʻl qoʻymagan. Buning uchun tahririyatga kelib tushgan maqolalar xolis ilmiy taqrizlardan oʻtkazilgan. Misol uchun, 1965-yildan Minskda chop etila boshlagan “Differensial tenglamalar” jurnali hatto maqola muallifiga valyutada gonorar toʻlar edi. Chunki bu jurnal tahririyati chop etiladigan maqolalarga shu qadar yuksak talab qoʻyar ediki, u mashhur Shpringer nashriyot kompaniyasi tomonidan sonma-son ingliz tilida ham chop etilar va dunyo miqyosida minglab obunachilarga tarqatilar edi. (Hozir bu jurnal M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti mablagʻi hisobiga chop etiladi va ingliz tiliga tarjima qilinadi. Bosh muharriri – universitet rektori akademik V.A.Sadovnichiy.)
“Yirtqich” jurnallar esa maqola uchun pul toʻlansa boʻldi, u nomigagina taqrizdan oʻtkazilib, hatto umuman oʻtkazilmasdan chop etilaveradi. Internetda “bizning jurnalga maqola topshiring, ikki hafta ichida bosib chiqaramiz” qabilidagi eʼlonlar koʻp.
Qizigʻi shundaki, “yirtqich” jurnallar taʼsischilari tomonidan xalqaro reytingini koʻtarish texnologiyasi ham ishlab chiqilgan, shu usul bilan impakt-faktori 5 va undan yuqori koʻrsatkichga erishib olganlari ham oz emas. (Qiyoslash uchun: “Differensial tenglamalar” jurnalining ingliz tilidagi versiyasi 0,12 impakt-faktoriga ega. Ajoyib albatta, yuksak saviyali jurnalning koʻrsatkichi 0,12 boʻlgani holda, qalbaki maqolalarni bosadigan jurnal koʻrsatkichi undan 50 marotaba katta boʻlsa!)
“Gazeta.uz” sayti oʻzining “Лохотрон в современной науке” sarlavhali xabarida diqqatga sazovor namuna keltirgan. U muhokama qilinayotgan mavzuga yaqqol dalil boʻlgan.
“Yana bir shubhali jurnal – Theoretical and Applied Science. Rus va ingliz tilida chop etilayotan bu jurnal bilan tanishish savollar keltirib chiqaradi. Jurnal muqovasida nomining ruscha varianti “Теоретическая и прикладная наука” deb yozilgan! Uning saytida Fransiyada roʻyxatdan oʻtgani, taʼsischisi esa International Academy of Theoretical & Applied Sciences (Publishers International Linking Association, USA) ekanligi qayd etilgan. Jurnal sahifalarida chop etiladigan joy “Филаделфия, США” deyilib, bogʻlanish (kontakt) uchun Viktoriya ismi berilgan (familiyasi yozilmagan) va Almati shahrining kodi bilan telefon raqami keltirilgan. Jurnalning bosh muharriri A.Shevsov esa Taraz shahridan (Qozogʻiston) boʻlib, maqola uchun pul uning shaxsiy hisob raqamiga yuborilishi aytilgan.
Ilmiy jurnallarning reytingini baholovchi Advanced Science Index saytida koʻrsatilishicha, uning (yaʼni, Theoretical and Applied Science jurnalining – A.A.) roʻyxatga olingan raqami (ISSN) notoʻgʻri. “elibrary.ru” sayti maʼlumotiga koʻra, impakt-faktorni aniqlash bilan shugʻullanadigan, xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan JSR (AQSH) maʼlumotlar bazasida soʻz yuritilayotgan jurnal roʻyxatga olinmagan. Ammo jurnal oʻzining saytida impakt-faktorini IF OAJI (AQSH) boʻyicha 0,360, GIF (Avstraliya) boʻyicha 0,564, ISI (Birlashgan Arab Amirliklari) boʻyicha 1,582, RINS (Rossiya) boʻyicha 3,939, IF ESJI (Qozogʻiston) boʻyicha 9,035 deb koʻrsatgan. Holbuki, RINS bu jurnalga reyting bergan emas.
Jurnal tahririyatining 37 aʼzosidan 16 nafari Oʻzbekistondan. 2021-yil 12-sonida 157 ta maqola bosilgan. Shundan bittasi Gruziyadan, uchtasi Indoneziyadan, 15 tasi Rossiyadan va 138 tasi (!) Oʻzbekistondan. Va hokazo.
“Gazeta.uz” saytining bu xabarida bugun ilm-fanda chuqur tomir otgan qalbakilik haqida boshqa koʻplab maʼlumotlar ham keltirilgan, unga qarshi turishga qaratilgan takliflar berilgan. Xabar eʼlon qilinganiga ikki yil boʻlayotganiga qaramay, bu borada biror chora koʻrildimi-yoʻqmi – maʼlum emas. Chamasi, qalbakilik “suv yuqmas” illat. Aksincha, bu davr ichida “yara yana ham chuqurroq fasodlab” ketgani – oʻnlab “yirtqich” jurnallar ochilayotgani yaxshi maʼlum. Hatto pul toʻlansa boʻldi, maqolani oʻzi yasab beradigan jurnallar, nomi bor-u, oʻzi yoʻq, qiladigan ishi “maqola chop etildi” degan sertifikat berish boʻlgan “jurnallar” ham paydo boʻlmoqda.
Internetda aniq dalillar keltirilgan boshqa xabarlar ham koʻp. Wikipedia saytining maʼlumotiga koʻra, 2010-yildan 2014-yilgacha “yirtqich” nashrlar maqolalar chop etish faoliyatini 53 mingtadan 420 mingtaga yetkazgan, bunday jurnallar soni 8000 taga borgan. Bugunga kelib bu koʻrsatkichlar oʻn karra koʻpaygan deyish mumkin. Oʻzbekiston fuqarolari boʻlmish ilmiy daraja talabgorlari ana shunday “yirtqich” jurnallarda maqola bostirish uchun millionlab dollar valyuta sarflayotgani achinarli.
Shu yoʻsinda Oliy attestatsiya komissiyasi talablariga muvofiq maqolalar chop etildi ham deylik. Ana shu maqolalar boʻyicha dissertatsiyalar hozirlanayotgan ekan, hali uni yoqlash ham kerak-ku. Buning uchun maxsus seminarda maʼruza qilish, seminar ikkita taqrizchi tayinlashi, ular ijobiy xulosa berishi, maʼruzani tinglagan mutaxassislar savol-javob qilib, ochiq ovoz berish yoʻli bilan himoyaga tavsiya etishi kerak. Ayni paytda seminar yetakchi tashkilot hamda falsafa doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyaga ikkita, fan doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyaga uchta rasmiy opponent tayinlashi lozim. Yetakchi tashkilot ham, opponentlar ham dissertatsiyani sinchiklab oʻqib chiqishi, shu asosda xolis xulosa chiqarishga qodir boʻlishi talab etiladi. Ularning taqrizlarida birinchi navbatda dissertatsiyaning ilmiy natijalari yangimi yo yangi emasmi, natijalarning salmogʻi ilmiy daraja berish uchun yetarlimi yo yetarli emasmi kabi savollarga javob berilishi shart. Shundan soʻng tegishli sohaning yetuk mutaxassislari jam boʻlgan ilmiy kengashda himoya oʻtkaziladi. Unda ilmiy darajaga talabgor dissertatsiya yuzasidan kengash aʼzolarining savollariga hamda taqrizlarda qayd etilgan xato va kamchiliklarga javob berishi kerak. Oʻtkazilgan diskussiya natijasi boʻyicha kengash aʼzolari, bu safar yopiq ovoz berish yoʻli bilan, dissertant tegishli ilmiy darajaga munosib yo munosib emasligi haqida yakuniy xulosa chiqarishadi. Ilmiy jamoatchilikka yaxshi maʼlum bu jarayonni bu yerda tasvirlashdan maqsad – ushbu paradoksal holatga eʼtibor qaratish: shuncha chigʻiriqqa qaramasdan, qalbaki dissertatsiyalar eson-omon muvaffaqiyat bilan himoya qilinib kelinayotgan ekan, himoya qilish jarayoni sogʻlom emas.
Buning sabablari koʻp. Ularni birma-bir sanaydigan boʻlsak, gap choʻzilib ketadi. Faqat bitta sababga toʻxtalmasdan iloj yoʻq. Uni “qalbakilikning quturish qonuni”, deb atasa munosib boʻladi. Bu “qonun” mohiyati shundan iborat: qalbaki falsafa doktorlari qancha koʻpaysa, qalbaki fan doktorlari proporsional ravishda koʻpayadi, qalbaki fan doktorlari qancha koʻpaysa, ular oʻzlari kabi qalbaki falsafa doktorlarini koʻpaytiradi, hatto oʻzlari dissertatsiya himoya qiladigan kengashlar tuzib olishga kirishadilar. Qarabsizki, qalbaki dissertatsiyalar va soxta ilmiy darajalilar soni geometrik progressiya bilan oʻsa boshlaydi. Bir soʻz bilan aytganda, fanda qalbakilik quturadi.
Toki keskin choralar koʻrilmas ekan, bu hodisa yil sayin kuchayib, jamiyat uchun noxush oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Ulardan eng asosiysi – qalbaki fan haqiqiy fanni bosib ketishidir. Hozirning oʻzidayoq qalbaki olimlar yetishtiradigan “ilmiy maktablar” vujudga kelgan.
Bu hodisa maʼlum nuqtasiga yetganda, uni tuzatish, oʻnglash murakkablashadi, chunki qalbaki olimlar mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotining hamma sohasiga kirib boradi, turli pogʻonadagi mansablarni egallay boshlaydi. Qolaversa, “quturish” yuqumliligi bilan xavflidir – hozirgacha halol ish tutayotgan olimlarni ham oʻz girdobiga tortib ketishiga shubha yoʻq. Bu yoqda esa “akademiklikka daʼvogar kamida ikkita fan doktori (DSc) tayyorlagan boʻlsin, qancha koʻp falsafa doktori va fan doktori tayyorlagan boʻlsa, shuncha yaxshi”, degan talab. Fanlar akademiyasi aʼzoligiga kelgusi saylovgacha ikkita “fan doktori” tayyorlagan daʼvogarlar necha marta ortarkin?
Yana bir jihat. Kim ilm-fandaki qalbakilik qildi – unday odamdan har qanday qabihlikni kutish mumkin. Ayniqsa, biror “jadid” ilm-fanni qalbakilikdan himoya qilish masalasini koʻtarsa, uni “qumursqalar yoppa talab” (Abdulla Oripov iborasi) tashlashlari hech gap emas.
Nimadir qilish kerak. Bu birinchi navbatda ilm-fan ahlining vazifasi, fan fidoyilarining burchi. Zotan, ilm-fanni qalbakilashtirishga tomoshabin boʻlib turish aslan unda ishtirok etishdir, qalbaki dissertatsiyalarni qoʻllab-quvvatlab ovoz berish esa shunchaki vijdonsizlik emas, haqiqatga ham, xalqqa ham xiyonatdir.
Abdulla AʼZAMOV,
akademik, Oʻzbekiston fan arbobi
“Jadid” gazetasi, 2024-yil 4-son.
“Quturish” qonuni” maqolasi