Butun dunyo futbol bayrami – jahon chempionati shukuhi bilan yashayapti. Futbol shunchaki oʻyin emas, u xarakterlar sinaladigan, mahorat oʻz soʻzini aytadigan, milliy terma jamoalarning umumiy ruhi namoyon boʻladigan sport. Oʻzbek milliy terma jamoasining mundial tarixidagi ilk ishtiroki esa futbol va Vatan soʻzlarini yonma-yon aytishga undaydi. Taniqli shoir ogʻalarimizdan birining “millatning adabiyoti va futboli bir-biriga oʻxshash boʻladi” degan ifodasi sabab, bu ikki sohaning koʻp umumiyliklarini izlaydigan boʻlib qoldim. Ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov sheʼr va shaxmatni qiyoslab: 

“Shaxmatni sheʼr bilan qiyos ayladim,
Bilimdon oʻquvchim, qilma eʼtiroz.
Sheʼr axir emasmi shaxmatdek qadim,
Shaxmatda yoʻqmi yo sheʼriy ehtiros…”
deya lutf qilgan edi.

Biz esa bir muddat avval milliy sheʼriyatimizda charm toʻp ustalariga bagʻishlangan sheʼrlarni tahlilga tortishga urindik. Dunyo futbol bilan nafas olayotgan shu kunlarda biriga muxlislik, biriga muhiblik iddaosi bilan yana bir bor futbol va adabiyot mavzusiga murojaat qilishga jurʼat qildik.

Dunyo adabiyoti futbol maydoniga koʻchsa… Xoʻsh, nima boʻladi? Futbol boʻyicha milliy terma jamoalar oʻz chempionatlarida oʻynayotgan eng kuchli sportchilar bilan mundialga boradi. Tasavvurga erk beraylik, dunyoning kuchli adabiyotga ega mamlakatlari oʻz adabiy terma jamoalarini tuzsa, qanday boʻladi? Albatta, bunda maydondagi ampulalar – nomzodlarga jiddiy talablar bilan yondashish zarur. Masalan, darvozabon – yarim jamoa, deymiz. Demak, bu joyga milliy adabiyotning asosiy poydevorini qoʻygan, butun millat adabiyoti u belgilab bergan estetik mezonlarga asoslanib rivojlanadigan adiblar qoʻyilishi kerak. Himoyada milliy adabiyotning tiklanishida muhim oʻrin tutgan, ijtimoiy zarbalarni oʻziga olgan, adabiyotni boʻhronli davrlardan olib chiqishda ishtirok etgan ijodkorlar oʻrin olishi mantiqan toʻgʻri. Maydon markazida adabiyotga yangi eksperimentlar bilan kirgan, adabiy uslublarni yangilashga uringan “pleymeyker”lar joy oladi. Qanot yarim himoyasida esa ijodi bilan milliy tafakkurda adabiy rezonans yarata olgan va adabiy mezonlarni yangilashga uringan qalam sohiblari makon tutadi. Hujumda millat adabiyotining dunyoga chiqishida muhim rol oʻynagan, oʻzidan keyingi avlodlarga ijodiy mayoq boʻlib kelayotgan “markaziy hujumchilar” va bu yoʻlda oʻziga xos tajribalarga ega “vinger”lar oʻynaydi. Tasavvurga erk bering, futbol va adabiyot maydonlari oʻrtasidagi chegaralarni olib tashlang. Keling, futbol vatani Angliyadan boshlaymiz…

Angliya adabiyoti terma jamoasi

Ingliz adabiyoti darvozasini Shekspir qoʻriqlashi shubhasiz. U adabiy maydonda jasorat va ulugʻvorlikni kuylaydi. Insonning yuksak axloqi va tuban istaklari ziddiyatga kirishadi uning fojialarida. Uning adabiy “seyv”lari bugunga qadar dunyoni hayratga solib kelmoqda. Himoyaning oʻng qanotida Oskar Uayld “Dorian Greyning portreti” bilan joy oladi, uning goʻzallik asosiga qurilgan himoyaviy oʻyini ingliz estetik tafakkurini himoya qiladi. Markaziy himoyadan oʻrin olgan Jon Milton nafaqat himoyachi, jamoaning Shekspirdan keyingi tayanchi ham. Milton “Areopagitika” kabi asarlari bilan jamoaning nafaqat maydondagi, balki “razdevalka” (ijtimoiy hayot)dagi ruhiyatiga ham jiddiy taʼsir oʻtkazadi. Uning yonida oʻynaydigan Charlz Dikkens jamoani ruhlantirishda muhim oʻringa ega. U oʻzi yashagan Viktoriya davridagi oʻta ogʻir ijtimoiy holatlarni qalamga olib ham, umid va ezgulik haqida kuylay oladi. “Oliver Tvistning sarguzashtlari” bunga misol boʻla oladi. Chap qanot himoyasida Angliya adabiyoti sharafini betakror Jeyn Ostin himoya qiladi. U oʻzining jozibali estetik uslubi bilan ingliz adabiyotini dunyoga koʻz-koʻz qilib kelmoqda. “Andisha va gʻurur” romani oʻzbek kitobxonlari uchun sevimli asarga aylangani hech kimga sir emas.

Yarim himoyada maydon markazini Bernard Shou egallagan. Uning raqibni istehzo bilan aldashi, oʻta qatʼiy fintlari, hujumni markazdanoq zararsizlantira olishi bilan jamoaga barqarorlik bagʻishlaydi. “Pleymeyker” sifatida ingliz adabiyotiga intellektual drama janrini rivojlantirishga hissa qoʻshgan. Uning uslubi romatikaga va soʻz oʻyinlariga asoslanmaydi, u aql va tafakkurni tan oladi. Shu maʼnoda uni dunyo adabiyotining eng yaxshi markaziy yarim himoyachilaridan biri desa arziydi. Uning bir tomonida yana bir “nobelchi” Tomas Eliot oʻzining oʻtkir modernizmi bilan oʻrin olgan boʻlsa, boshqa tomonida nafis, shu bilan birga boʻysunmas, xuddi oʻz qahramoni Jeyn Eyr kabi jasur Sharlotte Bronte Angliya adabiyoti yarim himoyasini tashkil qiladi.

Ingliz adabiyoti hujumi uch bosqichda rivojlanadi. Markazda Jon Tolkin muhtasham “Uzuklar hukmdori” kabi asarlari bilan fentezi uslubida hujum qilsa, qanot “vinger”lari boʻlmish Agata Kristi detektiv yoʻnalishda, Jorj Oruel antiutopik yoʻnalishda hujumni rovijlantiradi. Ingliz adabiyoti hujum chizigʻi dunyo adabiyotining eng ilgʻor janrlariga asoslangani bilan yaqqol zamonaviy jahon “adabiy futbol”ida yaqqol “favorit” desak adashmaymiz.

Fransiya adabiyoti terma jamoasi

Dunyo adabiyotining eng ulkan klassitsizm oqimi asoschilaridan va nazariyotchilaridan biri Nikola Bualo fransuz adabiyotining darvozasiga qoʻysak, adabiyot muxlislari qarshi boʻlmasa kerak. Uning “Sheʼr sanʼati” manifesti dunyo klassikasi qonunlarining “yoʻl xaritasi”ni chizib bergan. Himoya markazining “temir qalqoni” Aleksandr Dyuma asarlari nomiyoq har qanday hujumchini sarosimaga solishga qodir. “Uch mushketyor”, “Graf Monte Kristo”, “Askanio”, “Ikki Diana” kabi asarlari oʻzbek oʻquvchilariga yaxshi tanish. Dyumadek qiziqqon adabiy futbolchi bilan yonma-yon “esse otasi” sanalgan Mishel de Monten kabi sovuqqon va donishmand ijodkor turishi fransuz adabiy futbolining tizimli himoyasini mustahkamlaydi. Himoyaning bir qanotini Gustav Flober band qiladi. Uning “Bovari xonim”idagi beshafqat psixologizmi himoyaga kuch bagʻishlaydi. Ikkinchi tomonda Floberning izdoshi Gi de Mopassan sovuqqon uslubi bilan oʻzining fosh etuvchi qudratini namoyon qiladi.

Maydon markazini “Zavol topgan vaqt izidan” epopeyasi bilan Marsel Prust band qiladi. Nazar Eshonqul taʼbiri bilan aytganda, psixologik roman janrini boshlab bergan, ong oqimi uslubini adabiyotga dadil olib kirgan Prustdek “pleymeyker” fransuz adabiyotini gʻalabaga boshlaydi. Uning ikki yonida esa dunyo sheʼriyatini romantikadan ajratib olgan daho Sharl Bodler va unga nisbatan mutlaqo teskari uslubdagi prozaik Stendal “Qizil va qora”si bilan qur toʻkib turadi.

Fransiya adabiyoti hujum chizigʻi haqiqiy futbolda boʻlgani kabi dunyoning eng dahshatli figuralaridan tashkil topgan. Ulardan biri adabiyot tarixidagi eng mehnatkash adiblardan biri Balzak boʻlsa, ikkinchisi Nikola Bualo oʻrnatgan klassitsizm qoliplarini parchalab romaniy tafakkurda romantizm hukmronligini oʻrnatgan Viktor Gyugo, boshqasi jahon nasrida absurd falsafasi va modernizm davriga asos solgan Alber Kamyu boʻladi. Bu uch gigant bilan oʻz uslublarida dunyo adabiyotining “oltin toʻp”iga ega, desak adashmaymiz.

Germaniya adabiyoti terma jamoasi