2023-yil Oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan koʻp sonli abituriyentlar uchun 22-avgust sanasi tarixiy kunga aylanadi. Boisi, soat millari bugungi kunga oʻtishi bilan Bilimlarni baholash agentligi oʻz telegram kanalida mandat xushxabarini eʼlon qildi.

Yo quvonchdan, yo alamdan tong ottirolmagan yoshlar hayajonini oʻlchab boʻlmaydi. Shu oʻrinda, talabalikka erishgan yurtdoshlarimizni jamoamiz nomidan samimiy tabriklaymiz.

Hamma davrda ham oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish shaxsiy rivojlanishning muhim bosqichi boʻlgan. Biroq bundan bir necha yillar oldin kirish imtihonlari va abituriyent imkoniyatlari biroz boshqacharoq edi. Masalan, abituriyent bir yilda asosan bir taʼlim muassasasiga faqatgina bir yoʻnalish uchun hujjat topshira olgan. Talaba boʻlsa – kuldi omad, yoʻqsa yana bir yil maqsad uchun kurashilardi. Hozir esa bunday emas, buni juda yaxshi bilasiz.

Ayni mandat kuni Oyina.uz bir necha yillar oldin talabalikka erishgan va ayni damda oʻz sohalarida yetuk mutaxassisga aylangan baʼzi yurtdoshlarimizga yuzlandi. Ularning mandat xotiralarini sizga ham ilinamiz.

Dildora Rustamova, taniqli suxandon, dublyaj aktrisasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi:

Maktabni bitirgan yilim Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirganman. Chunki ota-onam shifokor boʻlishimni xohlashgan. Lekin oʻqishga kira olmadim. Ikkinchi yili  teleboshlovchi boʻlish maqsadida hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga hujjat topshirdim. Albatta, ota-onam roziligi va duolari bilan astoydil tayyorlandim. Ijodiy imtihonda men toʻplagan ball oʻzimni biroz qoniqtirmadi. Chunki men yozma ishni aʼlo darajada topshirgan edim. Biroz ranjidim ham. Test bosqichidan munosib oʻtganimdan soʻng “mandat kuni”ni kutish boshlandi. Oʻsha kun kechagidek esimda… Natijalar eʼlon qilindi va men ikkinchi oʻrinda grant asosida talabalikka qabul qilindim. Birinchidan, mehnatim samarasini berdi, ikkinchidan, ota-onam yonida yuzim yorug‘ boʻldi. Bundan juda xursand boʻlganman.

Ayub Shahobiddinov, taniqli kinorejissor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi:

1994-yil maktabni bitirganimdan soʻng Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga hujjat topshirganman. Qizigʻi, natijalarni koʻrishga borsam baʼzi tanishlarim tabriklab kutvolishgan. Ular natijalarni mendan oldin bilishgan ekan. Abituriyentdan talabaga aylandim. Birinchi yil boʻlgani uchun menda nisbatan oddiy hissiyot boʻlgan. Lekin ota-onam juda xursand boʻlishgan.

Institutni bitirganimdan soʻng 2000-yilda Moskva ssenaristlar va rejissorlar Oliy kursiga hujjat topshirganman. Mandat chiqqanida hali Moskvada edim. Qoʻngʻiroq qilganimda ular oʻqishga kirganimni aytishdi. Bu men uchun juda katta xursandchilik boʻlgan. Oila aʼzolarimga qoʻngʻiroq qilganman, ozarbayjon va chechen talabalari bilan bu xabarni boʻlishganman… Xullas, kino sohasidagi nufuzli xalqaro oʻquv dargohi talabasi boʻlganimdan gʻururlanganman.

Sevara Oʻrinboyeva, Adliya vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi:

2004-yil litseyni tamomladim. Litseyda oʻqish mobaynida ikki yil repetitorga ham borganman. Meni oʻqishga tayyorlagan ustozim avvalo oʻzimizga ishonishni oʻrgatgan. Shuning uchun, nuqul grant asosida oʻqiyman derdim. Oʻzbekiston jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga hujjat topshirayotganimda ayrimlar yoʻldan qaytarmoqchi boʻlishgan. Ular ball nisbatan pastroq boʻlgan oliy taʼlim muassasasini tanlashim kerakligini uqtirishgan. Baribir tanlovimda qatʼiy turib oldim va kirish imtihonlaridan munosib oʻtdim.

Natijalar eʼlon qilingan kun. Men roʻyxat ilingan doskadan oʻzimni topa olmay rosa xunob boʻlganman. Yiqilganlar va kontrakt asosida oʻqishga kirgan talabalar orasida yo‘qman. Nihoyat oʻzimni grant asosida talabalikka qabul qilinganlarning 10-pogʻonasidan topdim. Quvonchim ichimga sigʻmasdan oʻsha kuni kursdoshim ekanligi maʼlum boʻlgan, men bilan 4 yil birga oʻqigan notanish yigitga xushxabarni aytdim. U ham meni tabriklay ketdi.

Ota-onamga aytish uchun qoʻl telefon yoʻq. Darrov Ohangaronga yoʻl oldim. Hayajondan binoning chiqish eshigini ham topolmay qolganman. Vaqt esa nazarimda juda sekin oʻtardi. Birinchi boʻlib onamlarga aytdim – xursandchilikni koʻtara olmay ularning qon bosimlari oshib ketdi. Oʻzlariga kelgach, meni mahkam quchoqladilar. Hamma xursand. Ustozim yonida ham yuzim yorug‘ boʻldi.

Toʻgʻri, birinchi urinishdayoq, talaba boʻlganman. Lekin bu uchun tinimsiz mehnat qilganman.

Shu oʻrinda aytib oʻtib ketay, “yiqilish” hissiyotiga ham begona emasman. Magistratura bosqichida bir necha bor bu hissiyotni boshdan oʻtkazdim. 2021-yilga kelib UzJOKUning magistraturasiga davlat granti asosida qabul qilinganman.

Botir Ergashev, taniqli shoir, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari:

1993-yil Respublikamizda test sinovlari joriy qilinganining birinchi yili edi. Shu yili maktabni tamomlab, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga hujjat topshirdim. 20-avgust kuni imtihon natijalari eʼlon qilindi. Barcha abituriyentlar qatori talabalar roʻyxatidan oʻz ism-sharifimni izlay boshladim. Kimdir roʻyxat boshidan, kimdir oxiridan tepaga qarab qidiradi. Men esa roʻyxatdagi ikkinchi qatordan boshlab oxirigacha qidirib chiqdim, roʻyxatda yoʻqman. Qishloqlik bir kambagʻalning bolasi ne-ne mashaqqatlar bilan oʻqishga kelsa-yu, natija nahotki shunday boʻlsa… boʻlishi mumkin emas, deb qaytadan roʻyxatga koʻz yugurtirdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, eng yuqori ball bilan birinchi oʻrinda turibman. Ana shunday hayajonlar bilan birinchi urinishdayoq talabalik nasib etgan.

Komila Abdullayeva, huquqshunos, bloger:

Ota-onam bolalikdan mening oʻqishimga jiddiy eʼtibor qaratishgan. 4-sinfdan iqtidorli bolalar gimnaziyasida, 6-sinfdan “Umid” litseyida oʻqiganman. Hamma mening bilimimga va birinchi urinishdayoq talaba boʻlishimga ishonardi. Litseyda oʻqish qiyinroq boʻlgani uchun repetitorga biroz kechroq bordim. Lekin oʻzimga ishonardim. Hujjat topshirish vaqti yetib keldi va men Toshkent davlat yuridik universitetining abituriyentiga aylandim. Testlar kutganimdan ancha murakkablashgandi. Xususan, oʻsha vaqtlarda tarix hamda ona tili va adabiyoti fanidan sistematik testlar koʻpaygan. Umuman, abituriyentlarda bunday testlarni yechish boʻyicha koʻnikma shakllanmagan edi. Men ham biroz qiynaldim. Mandat kuni yetib kelganidan soʻng natijalarni bilish uchun dadam Toshkentga keldilar. Kutish juda ogʻir edi. Afsuski, yuqori ball bilan yiqilibman. Xafa boʻldim, yigʻladim… Ota-onam esa menga dalda boʻldi. Xullas, bir yil umrimni yana tayyorlanishga sarfladim. Bu gal imtihondan koʻnglim toʻldi. Test natijalarini bilish uchun 10-avgust kuni dugonalarim bilan Jizzahdan Toshkentga keldik. Lekin mandat kechikdi, oxirgi pullarimizni va oxirgi sabrimizni sarflab kutdik. 13-avgust kuni natijalarni bildik va men talaba boʻlgan edim. Xursandchiligim cheksiz boʻlsa ham hech kimga indamay uyga yoʻl oldim. Onamlarning ishxonasiga keldim va xushxabarni avval ularga aytdim. Bayram boʻlib ketdi… Keyin birin-ketin yangilikni yaqinlarimizga ulashdik. Oʻsha vaqtlari osmonda uchib yurganman. Yana bir narsani eslayman, shu qadar berilib tayyorlanganimdan tarix kitoblarini oʻqish odatga aylanib qolgan ekan – natija chiqqanidan keyin ham kitoblarimni varaqlab chiqaverardim.

Niso Turdiyeva, Oʻzbekistondagi yagona ayol kardioxirurg, tibbiyot fanlari nomzodi, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibasi:

Maktab davridayoq kimyo-biologiya fanlariga koʻproq qiziqqanman va shifokor boʻlishni orzu qilganman. Maktabni tamomlaganimdan soʻng ketma-ket ikki yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutidan yiqilganman. 2003-yil uchinchi bor hujjat topshirdim va mandat vaqti uyda edim. Oʻsha kun aniq esimda. Dasturxon boshida hammamiz xonim yeb o‘tirgan edik. Shu payt Toshkentdagi qarindoshlarimiz qoʻngʻiroq qilib oʻqishga kirganimni aytishgan. Kontrakt boʻlganim uchun otam oʻqitmayman, degandilar. Oʻshanda mendan ham koʻp, onam yigʻlagandilar. Soʻng opamlar oyliklaridan yordam berishlarini aytib, otamni koʻndirganlar… Mashaqqat bilan oʻqidim. Lekin mevasini koʻrayapmiz.

Hozir ham oilaviy xonim yeb oʻtirsak, oʻsha kunni eslaymiz… Telefonni oʻchiringlar yomon xabar kelmasin, deb hazillashamiz.

Keyinroq Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot institutida hamda Moskvadagi A.N.Bakulev nomli Yurak-qon tomir jarrohlik markazida ham tahsil olganman. Hozir yaqinlarim men bilan faxrlanishadi.

Shokir Holiqov, taniqli kinorejissor va ssenarist, koʻplab xalqaro tanlovlar gʻolibi:

Toʻrtinchi urinishdagi hayajonni tasavvur qilavering. 2014-yil Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio rejissorligi yoʻnalishiga hujjat topshirganman. Natijani kechasi soat 1 da bilganman. 157 ball – kontrakt. Uzoq urinishlardan soʻng talaba boʻlish xursandchiligi butunlay boshqacha boʻlgan. Yarim tunda hamma tanishlarimga qoʻngʻiroq qilib oʻqishga kirganimni aytib chiqqanman. Xullas, uxlamaganman shu kuni. U paytda beshta muassasadan birini tanlash imkoniyati yoʻq, talabalikka erishish har holda hozirgidan koʻra ancha hayajonliroq edi.

Albatta, talabalikni boshdan oʻtkazgan har bir yurtdoshimizning oʻz hikoyasi bor. Aynan qizgʻin pallada Siz ham chellenjni davom ettiring. Surat va izohingizni Facebook ijtimoiy tarmogʻiga Oyina.uz portalini belgilagan holda joylang hamda #mandatxotiralari heshtegini qoldiring.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz





Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!