Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 84-kuni tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi.
Kitob – insonning eng yaqin va eng yaxshi doʻsti. Garchi bugun turli elektron axborot qurilmalari turmushimizning asosiy vositasiga aylangan boʻlsa-da, birortasi kitobning oʻrnini bosolmaydi. Kitob – bilim, kuch, aql, axloq manbaidir. Kitob oʻqigan kishi hech qachon xor boʻlmaydi. Kitobxon oilada tarbiyalagan bolalar albatta jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.
Oyina.uz portalining oʻzbek ziyolilaridan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasi” loyihasining doimiy kuzatuvchisiman. Ziyolilarimiz tavsiya qilgan ilmiy va badiiy kitoblarning barchasi inson tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladigan, bilimini rivojlantiradigan, axloqiy tarbiya beruvchi muhim va zarur kitoblardir. Buni tavsiyalar bir-birini takrorlaganidan ham bilish mumkin.
Men kitobxonlarimizga quyidagi kitoblarni tavsiya qilmoqchiman:
1. Narshaxiy, “Buxoro tarixi”. Buxoroning qadimiy va oʻrta asrlar tarixiga oid muhim manba boʻlib, shaharning barpo etilishi, qadimiy nomlari, podshohlari haqida, Buxoro atrofidagi Karmana, Nur, Tavois, Iskajkat, Sharg‘, Zandana, Vardona, Afshona, Barkat, Romitan, Varaxsha, Baykand (Poykend), Forob va boshqa shahar hamda qishloqlari toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Hudud aholisining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayoti bilan bogʻliq tarixiy voqealar va jarayonlar bayon qilinadi. Shuningdek, Turonga arablar bosqini, hukmronligining oʻrnatilishi, islom dinining yoyilishi va Buxoroning arablar tomonidan boʻlib olinishi hamda bosqinchilarga qarshi kurashlar haqida hikoya qilinadi. Kitobda 9-yuzyillikda Turonning arab xalifaligidan ajralib chiqishi, Movarounnahr va Xurosonda hokimiyat somoniylar sulolasi qoʻliga oʻtishi, bu davrda Buxoroning iqtisodiy va madaniy hayoti tasvirlangan. Asarda Buxoro shahri darvozalari, ichki va tashqi devorlari qurilishi, shuningdek ark, shahristonning bino qilinishi yozilgn. Faqat tarixchilar emas, hamma oʻqishi lozim boʻlgan milliy tarixiy manbalarimizdan biridir.
2. Yusuf Xos Hojib, “Qutadgʻu bilig” (“Saodatga etuvchi bilim”). Asar markazida 4 masala: adolat, davlat, aql, sabr turadi. Muallif hukmdordan tortib dehqon-u hunarmandgacha – jamiyatdagi barcha toifalarning huquq va burchlari haqida oʻz mulohazalarini bildiradi. Ilmni ulugʻlab, odam bilishi mumkin boʻlmagan narsa, bilim bilan yechilmaydigan jumboq yoʻq, bilim tufayli osmon sari ham yoʻl ochiladi, bilish uchun esa tinmasdan oʻrganish lozim, deb uqtiradi. Pandnoma shaklida yozilgan ushbu kitob tarixiy, axloqiy, tarbiyaviy jihatdan juda muhim hisoblanadi. 11 asr oldin yozilgan ushbu asar bugun ham oʻzining qiymatini yoʻqotmagan.
3. Abu Nasr Forobiy, “Fozil odamlar shahri”. Adolatli jamiyat qurish, fozil shahar hokimi va aholisining xususiyatlari, hukumatni boshqaruvchi kadrlarni tanlashga oid huquqiy maslahat beruvchi noyob kitob. Asar davlat boshqaruvi tartiblari, taʼlim, axloq, diniy eʼtiqod, urush va kelishuv kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga qamrab olgan. Farobiy shaxs va jamoa munosabatlari insonni yashash va yetuklikka erishishida muhim boʻgʻin deb hisoblaydi. Insonlarni oʻzaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona insonlar jamoasini tuzish haqida orzu qiladi. Mutafakkir inson qadr-qimmatini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqadi. Doimiy urushlar va bosqinchilikka asoslanuvchi jamiyatni adolatsiz, johil jamiyat sifatida qoralaydi. Buyuk mutafakkir tomonidan taqdim qilingan huquqiy va axloqiy bilimlar barcha uchun birdek foydali deb hisoblayman.
4. Kaykovus, “Qobusnoma” (Nasihatnomai Kaykovus). Qurʼoni karim va hadisi sharif, tarbiyaviy mazmundagi hikoyalar orqali insonga axloqiy bilim beruvchi kitob. Asar Alloh va uning rasuli Muhammad s.a.v.ni tanish, shukronalik, ota-onani hurmat qilish, aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar, sanʼat, harbiy ish, savdo, dehqonchilik hamda turli hunarlarni oʻrganish, axloq qoidalariga rioya qilishga daʼvat etadi. Farzand tarbiyasi eng muhim ish ekani taʼkidlangan. Odamlarni fazilatlariga koʻra uch guruhga: aqlli, haqiqatgoʻy, mard insonlarga ajratgan va jamiyatda tutgan oʻrni ushbu xususiyatlardan kelib chiqib belgilanishini taʼkidlagan. Uni yaxshilik, ezgulik, odamiylikka oid kitob deb atash mumkin. Fikrlar aniq, tushunarli va sodda tilda bayon qilingan. Insoniy fazilatlarni ixcham hikoyatlar, rivoyatlar, sheʼr va latifalar, maqol va hikmatlar yordamida mustahkamlab olish mumkin.
5. Abdurauf Fitrat, “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari”. Oila – jamiyatning asosiy negizi boʻlib, uning asosini toʻgʻri qurmasdan va farzandni toʻgʻri yoʻlda tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilib boʻlmaydi. Rivojlanish, taraqqiyot, faravon hayot haqida gapirmasa ham boʻladi. Abdurauf Fitrat islohotlarni oiladan boshlash zaruratini anglagan holda Turkiston xalqiga oilalardagi muammolar, kamchiliklar, nuqsonlarni koʻrsatib, ularning yechimini ushbu kitobi orqali koʻrsatishga harakat qilgan. “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” asari oilaning paydo boʻlishi, uning jamiyatdagi oʻrni va ahamiyati, oilada amal qilinadigan ichki tartib-qoidalarga bagʻishlangan boʻlib, har bir yangi oila uchun qoʻllanma vazifasini oʻtaydigan masalalar yoritilgan.
Abdurauf Fitrat ushbu asarida har jihatdan sogʻlom oilada voyaga yetgan farzandlargina millatni yuksakka koʻtara olishini, uni istibdoddan qutqarishini taʼkidlaydi: “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sogʻlom jism-u tan, aql va axloqdir. Lekin ana shu qurol-aslahamiz sinib, zang bosib chirib ketgan. Shunday qurollar bilan bu dunyoda bizga na saodat va na rohat bor…”. Fitratning bu asari yosh avlod uchun hayotiy qoʻllanma boʻluvchi tarbiyaviy asardir. U hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan axloqiy-maʼrifiy risola sifatida alohida eʼtiborga molik.
6. Teodor Drayzer, “Amerika fojiasi”. Bundan roppa-rosa yuz yil oldin yozilgan ushbu kitob Amerikaning emas, balki dunyoning barcha davlatlarida inson bilan sodir boʻlishi mumkin jinoyat tarixiga bagʻishlangan. Inson xato qiladi, bundan saboq chiqarib takrorlamasa, eng katta yutugʻi. Ammo bu xatoni qayta sodir qilsa, bu jinoyat hisoblanadi. Ushbu asarda xatolaridan saboq chiqarmagan, bir necha bor jinoyatga qoʻl urgan, hashamatli hayot orzusida oson boylik orttirishni niyat qilgan va buning uchun qotillikka qoʻl urgan Klaydning fojiali taqdiri haqida hikoya qilinadi. Teodor Drayzerning ushbu mashhur asari oʻquvchini chuqur mulohazaga chorlaydi. Ochkoʻzlik, nafsga ergashishning oxiri oʻlim bilan yakun topishiga ishora qilinadi.
7. Togʻay Murod, “Otamdan qolgan dalalar”. Bu roman eng ulug‘ neʼmat – mustaqilligini qoʻldan chiqargan oʻzbek xalqining bosqinchi Rossiya imperiyasi tomonidan talanishi, xoʻrlanishi, turli koʻrguliklarga duchor qilinishini koʻrsatib beradi. Asarda sovet davrida oddiy mehnatkash aholi toʻgʻrisoʻzligi, halolligi, odobi, andishasi uchun xor-u zor boʻlgani afsus bilan tasvirlangan. Ayniqsa, mustabid tuzumning ayollarga nisbatan zoʻravon siyosati Guljamol, Bolxin, Qumri, Oysuluvlarning rangsiz, qora mehnatga qorishib qolgan hayoti misolida ochib berilgan. Muallif davrning naqadar kambagʻalligini, insonlarning insonlar tomonidan uyushtirilgan fojia qarshisidagi ojizligini tanqid qilib, paxta yakkahokimligining salbiy oqibatlarini badiiy ranglarda namoyish qilgan. Kitobxon asarni oʻqir ekan, qul boʻlib yashashning dahshatlariga guvoh boʻladi, oʻz yurtida xor boʻlgan oʻzbek xalqining qaygʻu va alamlarini anglab oladi.
8. Qahramon Rajabov, “1924. Turkistoning parchalanishi”. Ushbu kitobda XX asr boshlarida bosqinchi sovet hokimiyati amalga oshirgan mudhish voqea – Turkistonda 1924-yil kuzida oʻtkazilgan “milliy-hududiy chegaralanish” siyosatining sababi va mohiyati ochib berilgan. Bevosita Kremlning koʻrsatmasi bilan 1925-yil fevral-mart oylarida olti milliy tuzilma: Oʻzbekiston SSR va Turkmaniston SSR, Qirgʻiziston ASSR va Tojikiston ASSR, Qoraqalpoq va Qoraqirgʻiz avtonom viloyatlarining tashkil etilishi jarayonlari tahlil qilingan. Turkistonning bolsheviklar tomonidan parchalab tashlanishi koʻplab salbiy oqibatlarga olib kelgani, bu siyosatdan eng koʻp oʻzbek xalqi jabr va ziyon koʻrgani Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida saqlanayotgan arxiv hujjatlari, yopiq jamgʻarmalardagi “mutlaqo maxfiy” maʼlumotlar hamda oʻsha davr matbuoti, shuningdek, oʻzimiz va xorijda yaratilgan tarixiy adabiyotlarning qiyosiy tahlili asosida xolis va haqqoniy yoritilgan. Kitob sodda, ravon tilda yozilgan boʻlib, uni turli yosh va qatlamlar bemalol oʻqishlari, tarixiy bilimlarga ega boʻlishlari mumkin.
9. Qahramon Rajabov, “Oʻzbekiston SSRda sovet rejimining qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1917–1991 y.)”. Oʻzbekiston xalqi 1917–1991-yillarda sovet davlati mustamlakasi ostida boʻlib, juda murakkab davrni boshidan oʻtkazdi, koʻplab qurbonlar berdi. Aslida Rossiya imperiyasi bosib olgan davrdayoq boshlangan qatagʻon siyosati sovet hokimiyati yillarida avj oldirildi. Milliy ozodlik, hurlik va erkinlik talab qilib chiqqan oʻzbek xalqining jasur va qoʻrqmas farzandlari turli yolgʻon ayblovlar va tuhmatlar bilan jismonan yoʻq qilindi. Kitobda XX asr 20-yillarining oʻrtalaridan totalitar jamiyatning xususiyatlari tobora aniq koʻringani, milliy respublikalardagi rahbar xodimlarga munosabatning yomonlashuvi ochiqlanib, Lenin tomonidan eʼlon qilingan “Kim biz bilan birga boʻlmasa, u – dushmanimiz!” shiorini Stalin shafqatsizlik bilan amalga oshirib, tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi qatagʻon siyosatini, 30-yillardan boshlab 90-yillargacha oʻzbek xalqiga nisbatan ommaviy terror qoʻllangani koʻrsatib berilgan. Ushbu asar ilmiy jamoatchilik va xalqimiz uchun foydali kitob boʻlib, mustamlaka zulmining ayanchli oqibatlarini oʻqib, uqib, mustaqillik, ozodlik va erkinlikning qadriga yetishga undaydi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Konstitutsiya – bosh qomusimiz boʻlib, huquq va erkinliklarimiz kafolati, burchlarimizning nazoratchisidir. Konstitutsiya siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotimizni tartibga soluvchi bosh qonundir. U bizni Oʻzbekistonda va xorijda himoya qilish kuchiga ega. Insonparvar konstitutsiyamizda davlat va jamiyatning barcha yoʻnalishlariga oid huquqiy yechim va talablar belgilab qoʻyilgan. Jumladan, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha normalar belgilangan. Shuningdek, oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati qayd etilgan. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etilgan. Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ragʻbatlantirish kafolatlangan. Oʻzbekistonning boshqaruv organlarining vakolatlari va vazifalari xalqaro huquq normalari asosida koʻrsatib berilgan. Oʻz huquqini bilgan inson huquqsizlik qurboniga aylanib qolmaydi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha oʻqishi, uqishi zarur va shart boʻlgan kitob, deb hisoblayman.
Dilnoza Jamolova 1983-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan. 2001–2007-yillari Buxoro davlat universiteti tarix fakultetida oʻqigan.
Mehnat faoliyatini 2005-yili Kogon qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji oʻqituvchisi lavozimidan boshlagan. 2016–2019-yillari FA Tarix instituti tayanch doktoranti, kichik ilmiy xodimi, 2019–2019-yillari Kogon tumani 1-ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi, 2019–2021-yillari Buxoro davlat universiteti Buxoro tarixi kafedrasi oʻqituvchisi, dotsenti, 2021–2023-yillari Tarix instituti doktoranti, 2023-yildan Tarix instituti direktorning ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
“Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)” (2021), “Turkiston va Sharq mamlakatlari taraqqiyparvarlarining oʻzaro aloqalari” (2023) asarlari, oliy oʻquv yurti talabalari uchun “Oʻrta Osiyo ornamenti va tasviriy sanʼati tarixi” (2021) oʻquv qoʻllanmasi hamda “Qonun muhofazasida, Buxoro viloyati prokuraturasi tarixi” kitob-albomi (hammuallif, 2022) muallifidir.
“Jadidlar soʻzi – millatning koʻzi” hamda “Turkiston muxtoriyati milliy matbuotda” kitoblarini nashrga tayyorlagan. Milliy va xorijiy jurnallar, umummilliy va ellararo ilmiy yigʻinlar toʻplamlarida 100 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan.