Hazrat Alisher Navoiy “Nasoyimul-muhabbat” asarida 69 oʻrinda orif istilohini qoʻllaydi. Ularning yarmi Orif ismli zotlar boʻlsa, qolgani orif tushunchasi valiy zotlar talqinida qanday ekani haqidadir.

“Oriflik” soʻzining lugʻaviy oʻzagi “irfon” boʻlib, mazmuni “maʼrifat” tushunchasiga, xususan, uning tasavvufiy maʼnosiga yondosh. Murid yoki solikning oriflik martabasiga erishishi uchun yaqiniy ilm asos vazifasini oʻtaydi.

Tasavvufda zohiriy va botiniy bilim tushunchalari bor. Bunda shariat bilimlari va dunyoviy bilimlar zohiriy – tashqi, yaʼni Allohni bilishning birinchi bosqichi sanaladi. Chunki Allohni bilish dunyoni bilishdan boshlanadi. Moddiy olam, borliq Alloh taoloning tajallisidir. Solik erishgan oriflik, yaʼni maʼrifat bosqichi esa botiniy ilm boʻlib, u “Haqqul-yaqin” Allohga erishish uchun tashlangan qadam hisoblanadi.

Ahli tasavvuf insonlarni ibodatlari, karomat darajasiga koʻra toʻrt guruhga ajratadi. Bu – obidlik, zohidlik, oshiqlik va oriflikdir. Obidlar shariat qavmidan boʻlib, Alloh taloning buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytadilar. Halol va harom, pok va nopok haqida tushuncha hosil qilib, shariatga amal qiladi. Obid oʻz nomi bilan obid, yaʼni ibodat qiluvchidir. Obidlarning ibodatlari: namoz oʻqimoq, roʻza tutmoq, zakot bermoq, hajga bormoq, nafs orzularini yengib, oxirat neʼmatlariga intilmoqdir.

Ikkinchi guruh – zohidlar. Ular tariqat ahliga mansub boʻlib, toat-ibodatlarida, dunyodan yuz oʻgirishlarida va turmush tarzlarida Allohning roziligini topib, jannatga kirish va jahannam azobidan qutulishni maqsad qiladi. Ularning ibodatlari kecha-kunduz Tangrini zikr aylash, qoʻrquv va umid ichida nafas olmoq, orzulari esa bu dunyoda oxirat uchun yaroqli ishlarni amalga oshirmoqdir.

Uchinchi toifa – oshiqlar esa Allohning koʻp holatlari vajd va jazaba bilan oʻtadigan oshiqlaridir. Oshiqlar faqat ishq bilan nafas oladi. Ularning ishqi majoziy yoki bashariy emas, ilohiy ishqdir.

Endi toʻrtinchi toifa – oriflarga kelsak, ularning holati ham oshiqlar holatiga oʻxshaydi. Ular maʼrifat ahlidan boʻlib, aql-u donishda yetuk, maʼrifat nuri bilan qalbi limmo-lim, niyati pok, pokiza axloqli zakiy odamlardir. Oriflar hamma vaqt ezgulikni oʻylab, oʻziga ergashgan odamlarning qalbini tarbiyalagan, ularning ruhiy-maʼnaviy irodasini chiniqtirib, koʻngil koʻzini ochib, haq yoʻliga intilishni oʻrgatgan.

Aziziddin Nasafiy “Zubdatul-haqoyiq” kitobida orifga shunday taʼrif beradi: “Narsa va hodisalarning botiniy mohiyatini anglasa, nazaridan hech narsa yashirin qolmasa va taqlid chegarasidan irfon chegarasiga qadam qoʻygan boʻlsa, uni donishmand – orif deydilar”.

Abdulqodir Giyloniy “Rabboniylikni anglash” kitobida zohid va orif darajalari xususida soʻz yuritib, orifga shunday baho beradi: “Soʻnggi (zohidlikdan keyingi) darajaga koʻtarilib, imkoniyati quvvatlanadi, Alloh taoloni taniydi. U qalbiga oxiratni emas, balki mavlosiga yetishishni qaror qilib oladi. Shu vaqt dunyo amallarining mingtasi koʻrilsa ham qalbiga zarar bermaydi. Bunda u Allohning buyrugʻiga boʻysunadi, hukmiga, taqdiriga muvofiq keladi. Alloh uchun insonlar xizmatida ularga yengillik yetkazishda qoyim turadi. Zulmatning oʻrniga nurni yetkazadi”.

Alisher Navoiy talqinicha ham orif Allohni tanigan, bilgan va ilohiy maʼrifatdan mukammal xabardor boʻlgan solikdir. Orif Allohning hayy (hayot), ilm, iroda, qudrat singari sifatlarini teran idrok etish yoki oʻzlashtirish bilan cheklanmaydi. Balki butun koinot – borliqning sirlaridan ham chuqur ogohlikka erishadi.

Orif Allohning izzati, azamati va qudratini oʻta aʼlo darajada biladi. U oxirat orzusi bilan emas, Tangri taolo dargohiga talpinish bilan yashaydi.

“Nasoyimul-muhabbat”da 23-raqam bilan zikr etilgan Abu Sulaymon Doroniy haqidagi bobda Doroniy tilidan shunday deyiladi: “...dedi uldurki, ikki dunyoda murod birdin oʻzga boʻlmagʻay. Va ham ul debdurki, bir kitobda oʻqubmenki, Haq subhanohu taolo debdurki, tun kirishi bilan meni unutib, uyquga ketgan kishining menga muhabbat daʼvo qilishi yolgʻondir. Va ham ul debdurki, vaqtiki, Iroqda erdim, obid erdim va Shomda orifmen. Bu toifadin baʼzi debdurlarki, Shomda aning uchun orif erdiki, Iroqda obid erdi, agar anda obidroq boʻlsa, munda orifroq boʻlgʻay erdi. Va ham Abu Sulaymon debdurki, koʻpincha haqiqat (kashfu asror) qalbimda qirq kunlab uloqib yuradi. Ularning faqat ikki guvoh: oyat va hadis asosidagina qalbimdan joy olishiga ruxsat beraman. Va ham ul debdurki, qalb matlubni topolmay gʻamgin boʻlganida ruh uni topganidan shod boʻladi. Ahmad Abulhavoriy debdurki, Abu Sulaymongʻa dedimkim, xilvatda namoz qildim, andin lazzat toptim. Soʻrdikim, lazzatingning sababi ne erdi? Dedim, meni hech (kim) koʻrmadi. Dediki, qalbingda xalq yodi oʻtgan payt sen albatta zaifsen. Ham ul debdurkim, har bir narsaning zangi boʻladi, qalb nurining zangi esa toʻyib ovqatlanishdir...”. Yuqoridagilardan anglashiladiki, kishining oriflik yoki obidlik holatiga muhit ham katta taʼsir qiladi.

Orif zotning zohiddan farqini hazrat Maxdumi Aʼzam quyidagicha bayon qiladi: “Orif bilan zohid orasidagi farq shuki, orif bamisli quyosh, zohid bamisli oy, oy tunni ravshan qilgay; quyosh esa koʻp ulug‘ boʻlib, kunni ravshan aylar. Zohid Alloh taoloning soʻziga, orif esa uning oʻziga mashgʻul boʻlgay. Zohid xalqni ilmi zohir ila daʼvat qilgay, orif xalqni ilmi botin bilan daʼvat qilgay. Zohid har ne kelsa xalqdan koʻrgay, orif har ne koʻrsa Haqdan koʻrgay, zohidning talabi behisht, orifning talabi diydor boʻlgay...”.

“Nasoyimul-muhabbat” asarida 146-raqam bilan zikr etilgan Tohir Maqdisiy haqidagi bobda oriflik toʻgʻrisida shunday deyilgan: “...Shom mashoyixining buzurglaridindur. Zunnun Misriy quddisa sirruhu koʻrub ermish va Yahyo Jallo bila suhbat tutubdur. Derlarki, Zunnun bila Shibliy ani Xayrush-Shom debdurlar. Tohir Maqdisiy debdurki, Zunnun Misriy manga dedikim, Allohning zoti haqida idrok qilish johillikdir. Uning maʼrifat haqiqatidan soʻzlash hayratdir. Ishorat qiluvchining ishorati shirkdir. Va ham debdurki, agar orifning nurin koʻrsalar kuygaylar va agar orif ham vujud nurin koʻrsa kuygay...”.

Kamolotga erishgan oriflarning hayoti, soʻzlari va ezgu amallari bizga ibrat, saboqdir. Ularning tabarruk ruhlarini shod etish, maʼrifatini oʻrganish orqali biz oʻz qalbimizni – vijdonimizni tozalaymiz, hayot tarzimizni rostlik va ezgulik sari yoʻnaltiramiz.

Xoja Ahror valiy hikoya qiladi: “Toshkentda ekan vaqtlarim shahar atrofiga chiqib, orifona suhbatlar uyushtirardik. Bir yigitcha bizning davramizni uzoqdan termilib kuzatib turar, hech nari ketgusi yoʻq edi. Bir kuni tahorat olishga chiqqanimda darrov kelib, suv tutqazdi. Shunda men uning ahvolini soʻradim. Koʻziga yosh olib dediki: “Meni bir koʻrinmas kuch sizlar tomon tortib turadi, sizlarga yaqinlashsam soʻzlaringizni eshitsam, ajib bir holat sezaman, quvongandan yayrayman”. Xoja Ahror soʻzida davom etib deydiki, “...yigit biz bilan yurib, suhbatlarimizga qatnashib ulug‘ martabalarga erishdi...”.

“Nasoyimul-muhabbat” asarida 166-raqam bilan keltirilgan Gʻaylon Samarqandiy haqidagi bobda shunday deyiladi: “...Mashoyixning kiboridandur. Junayd quddisa sirruhu bila suhbat tutubdur. Va maorifda sohibi takallum erdi. Ul debdurki, orif Tengridan Tengrigʻa boqar va olim dalildin. Va sohibi vajd dalildin mustagʻniydurur...”. Bundan anglashiladiki, orif Allohning taqdirot ishlariga qarab Alloh qanday muomalada ekanini biladi, olim esa dalillarga qaraydi. Oʻz navbatida “sohibi vajd”, yaʼni oshiqqa dalil kerak emas.

Xulosa qilib aytganda, tasavvufda orif deb oʻzini anglagan, toʻgʻri yoʻlga tushgan Haqning odami tushuniladi. Orif hamisha qalb koʻzi ochiq valiy, Najmiddin Roziy iborasi bilan aytganda, “Haq tajallisi nogoh kelur, ammo dili ogohga kelur” holatidagi insondir. Orif – irfon sohibi, anglagan va tanigan inson. Soʻfiylarning nuqtai nazarida irfon Alloh tuhfasi boʻlgani uchun ilmdan ustun turadi. Orif – Allohning shuhud, asmo va sifatlarini idrok etgan, mavhum borligʻidan kechib, Haq borligʻiga intilgan kishidir.

Muxtasar aytsak, hazrat Alisher Navoiy “orif” tushunchasi valiy zotlar talqinida qanday ekaniga maxsus toʻxtalib oʻtadi. Zero, hazrat Navoiyning oʻzi ham Allohning orif bandasidir.

Shukur JABBOROV,

Toshkent davlat sharqshunoslik

universiteti tadqiqotchisi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Haq odamlari” maqolasi