Oʻzbek va jahon sahna tajribasidan maʼlumki, teatrlar repertuarini shakllantirishda faqat dramatik asarlar bilan kifoyalanilmaydi. Birinchidan, adabiyotning boshqa tur va janrlariga qaraganda dramatik asarning tugʻilishi ancha murakkab, qolaversa, uning taqdiri muallifning faqat oʻziga bogʻliq emas. Ikkinchidan, hatto mumtoz dramalar yetarli boʻlgan taqdirda ham, sahna ijodkorlari, avvalo, rejissorlar oʻz iqtidorini namoyon etish maqsadida lirik yoki epik asarlarga-da murojaat qiladi. Va nihoyat, uchinchidan, har bir millat adabiyotining shunday buyuk namunalari borki, ularni gʻoyaviy-badiiy xususiyatlariga daxl qilmagan holda sahna va ekranga koʻchirish juda zarur.
Dramaturgiyaga mansub boʻlmagan asarni sahnaga moslashtirish, sodda aytganda, pyesa holiga keltirish teatr nazariyasida “inssenirovka” deb ataladi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ushbu atamaga bunday taʼrif beriladi: “Inssenirovka” (lotincha, “in” – ga + “scena” – sahna) – biror asarni sahnabop qilib oʻzgartirish, sahnada qoʻyish va sahnalashtirilgan asarning oʻzi” (Oʻzbek tilining izohli lugʻati. V jildlik, II jild. Toshkent, “OʻzME davlat ilmiy nashriyoti”, 2006. 216-bet). Teatr sanʼatiga doir manbalarda esa mazkur tushuncha yanada batafsil sharhlanadi: “Inssenirovka – nasriy va sheʼriy usulda yozilgan asarning teatr uchun qayta ishlangan varianti. Mantiqan voqealar pyesaning tuzilish shakliga ega boʻladi. Odatda, mashhur, kitobxonlar orasida katta muvaffaqiyat qozongan asarlar inssenirovka qilinadi. Inssenirovkani yozuvchining oʻzi tayyorlashi mumkin (Emil Zolyaning “Tereza Raken” asari inssenirovkasi). Lekin koʻplab inssenirovkalar boshqa ijodkorlar tomonidan yoziladi. Agar inssenirovka asliyatdan sezilarli darajada farqlansa, u mustaqil pyesaga aylanadi va mavjud asarning “motivlari asosida” deb koʻrsatiladi. Shuningdek, adabiy manbadan yiroqlashgan, zamonaviy uslubda qayta tayyorlangan inssenirovkalar ham mavjud” (Театральная энциклопедия. Москва, “Искусство”, 1963. Стр. 884).
Modomiki, teatr sanʼati taraqqiyotini inssenirovkasiz tasavvur etib boʻlmas ekan, rus dramaturgi va teatr tanqidchisi A.Svobodinning “Nasriy asarning sahnaviy talqini – teatr sanʼatidagi eng bemaʼni hodisalardan biri. Ochigʻini aytaman, biz yana nasriy “tarjima”ga duch kelsak, teatrda asabiy muhit paydo boʻladi” (Свободин А. Диалоги о современном театре. Москва, “Искусство”, 1979. Стр. 14) degan kinoyaomuz fikrini qanday izohlash mumkin? Ulug‘ rus adibi Maksim Gorkiyning inssenirovkaga mutlaqo qarshi boʻlganini-chi? ? (Горький М. Собрание сочинений. В 30-ти томах, том 30, Москва, “Художественная литература”, 1955. Стр. 327).
Demak, teatrda inssenirovkaga ehtiyoj qanchalik kuchli bo‘lmasin, bu hodisa ustidan uzil-kesil xulosa chiqarish, unga batamom ijobiy yoki salbiy baho berish oson emas.
Inssenirovka xususida bahsli, hatto bir-birini inkor etuvchi fikrlar paydo bo‘lishiga asosiy sabab uning teatr va adabiyotga baravar daxldor ekani, shu bois ikkala san’at turi nazariyotchilarini ham birdek qiziqtirishi, qolaversa, ularning yondashuvida o‘ziga xos xususiyatlar mavjudligidir desak, xato bo‘lmas. Inssenirovkaga qarshi chiquvchilar kitobxon uchun yozilgan asarni butun jozibasi bilan teatr tiliga ko‘chirish mumkin emas, degan fikrga tayanadi. Inssenirovkani yoqlovchilar esa sahna adabiy asarning yangi qirralarini kashf etishiga, qolaversa, dramatik asarlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liqroq qondirishiga ishonadi.
Maʼlumki, buyuk rus adibi Fyodor Dostoyevskiy birorta ham dramatik asar yozmagan. Shunday boʻlsa-da, uning deyarli barcha qissa-yu romanlari dunyo teatrlarida qayta-qayta sahnaga qoʻyilmoqda. Buning oʻziga xos sabablari bor, albatta. “Shubhasiz, Dostoyevskiy – tugʻma dramaturg, – deb yozadi rus teatrshunosi A.Gladkov. – Uning romanlarida tragediya alomatlari sezilib turadi. Haqiqat shuki, inssenirovka mualliflarining barcha qusurlariga qaramay, “Dostoyevskiy teatri” degan ibora “Gogol teatri”, “Pushkin teatri”, “Ostrovskiy teatri” kabi atamalar bilan bir safda turadi” (Гладков А. Театр. Воспоминания и размышления. Москва, “Искусство”, 1980. Стр. 305). Ulug‘ teatr islohotchisi V.Nemirovich-Danchenko ham Dostoyevskiyning dramaturglik mahoratini yuksak baholaydi: “Dostoyevskiy romannavis oʻlaroq yozadi, lekin dramaturg kabi his etadi. Uning obrazlari, dialoglarida sahnaviy harakat mavjud, koʻplab romanlari teatrni, sahnani eslatadi” (Взаимодействие и синтез искусств. Ленинград, “Наука”, 1978. Стр. 80).
Birgina Dostoyevskiy ijodi shuni koʻrsatadiki, yetuk adabiy asar koʻngildagidek talqin va inssenirovka qilinsa, yuqori saviyali spektaklga asos boʻlishi mumkin. Qolaversa, adabiyot durdonalarini oʻquvchi ommasiga tanitishda teatr muhim rol oʻynaydi. Bugun dunyo teatrlarida M.Servantes, I.Gyote, J.Bayron, A.Pushkin, L.Tolstoy, Stendal, P.Merime, O.Balzak, V.Hyugo, R.Thokur, E.Hemenguey, Ch.Aytmatov kabi realistlardan tortib, ongostiga nozik taʼsir etuvchi, sahnalashtirish goʻyo ilojsizdek tuyuluvchi J.Joys, F.Kafka, U.Folkner, G.Markes, A.Kamyu, X.Kortasar, K.Hamsun, X.Borxes kabi modernistlar asarlarigacha tomosha – spektaklga aylanayotir. Demak, teatrda qoʻyib boʻlmaydigan adabiy-badiiy hodisaning oʻzi yoʻq, bu moʻjizakor sanʼat har qanday asarni oʻz mulkiga aylantira oladi, faqat shunga qodir rejissor, aktyor, sahna rassomlari boʻlsa bas.
Anʼanaviy tomosha va oʻyinlar negizida vujudga kelgan, xalqimizning asriy qadriyatlari, turmush tarzi, urf-odatlari bilan uzviy aloqada rivojlangan oʻzbek teatri dastavval adabiy asos – ogʻzaki dramaturgiyaga tayangani soha mutaxassislariga ayon. Ogʻzaki dramaturgiya esa folklorning turfa shakllaridan, milliy mumtoz adabiyot va musiqadan oziqlanib boʻy rostlagani maʼlum. Tabiiyki, teatr folklordan andoza olar ekan, tomosha asosini sheʼriy yoxud nasriy bayon, hikoyanavislik, vaʼzxonlik tashkil etganki, bu esa beixtiyor adabiyotning teatrga koʻchishini esga soladi. Albatta, bu hodisani inssenirovka deya baholash toʻgʻri boʻlmas. Ammo milliy teatrimiz nainki dramaturgiya, balki adabiyotning boshqa turlariga ham tayanib, sekin-asta professionallik kasb etganini inkor etish mumkinmi?! Masalan, teatrda yakka ijrochining harakati va nutqiga, boshqacha aytganda, sahnaviy mahoratiga asoslangan bir aktyor teatriga nazar tashlasak, unda asotir, afsona, rivoyat, qissa kabi epik janrlar yetakchi ekanini koʻramiz. “Toʻtinoma”, “Kalila va Dimna”, “Ming bir kecha”, “Kitobi Jamshid” kabi Oʻrta va Yaqin Sharqda mashhur boʻlgan epik-afsonaviy asarlar, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhra”, “Farhod va Shirin”, “Bahrom va Gulandom” singari ishqiy-romantik qissalar baxshilar tomonidan aytilib, ogʻizdan-ogʻizga koʻchgan.
Mamlakatimizda professional teatr sanʼati paydo boʻlgach, oʻzbek va jahon adabiyotining koʻplab asarlari inssenirovka qilinib, sahnaga qoʻyildi. Shu oʻrinda Alisher Navoiy ijodiga qayta-qayta murojaat etilgani, uning asarlari asosida turli mavzu va janrda spektakllar yaratilganini alohida qayd etish lozim. Shuningdek, turli yillarda hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Oybekning “Qutlug‘ qon” (1954-, 1963-yillar – T.Xoʻjayev, 1987-yil – R.Hamidov), Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” (1983-yil – B.Yoʻldoshev), Robindranath Thokur romani asosida “Gang daryosining qizi” (1956-yil – A.Ginzburg), Boris Vasilev qissasi asosida “Roʻyxatlarda yoʻq” (1978-yil – B.Yoʻldoshev), Chingiz Aytmatovning “Sarviqomat dilbarim” (1963-yil – T.Xoʻjayev), “Asrga tatigulik kun” (1986-yil – R.Hamidov) asarlari asosida ajoyib spektakllar yaratildi.
Mustaqillik yillarida esa hozirgi Oʻzbekiston davlat drama teatrida Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni asosida “Iskandar” (1993-yil – B.Yoʻldoshev), Sadriddin Ayniyning “Sudxoʻrning oʻlimi” qissasi asosida “Buxoroi sharif” (1998-yil – B.Yoʻldoshev), Kobo Abening “Qumdagi ayol” (1995-yil – A.Xoʻjaquliyev), G.G.Markesning “Polkovnikka hech kim yozmaydi” (2000-yil – A.Kudryasev); Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” (1994-yil – T.Azizov), Said Ahmadning “Ufq” (1995-yil – O.Salimov); Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida Gʻafur Gʻulomning “Hasan Kayfiy” (1995-yil – J.Xudoyqulov), “Shum bola” qissasi asosida “Xalfana” (2008-yil – O.Salimov), Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” va “Oydinda yurgan odamlar” qissalari asosida “Ot yigʻlagan tomonda” (1994-yil – O.Salimov); Oʻzbekiston davlat yoshlar teatrida Temur Zulfiqorovning “Umar Xayyom yulduzlari” (1997-yil – N.Abdurahmonov); Lev Tolstoyning “Xolstomer” (1998-yil – N.Abdurahmonov) asarlari asosida spektakllar muvafaqqiyatli oʻynaldi. Bu inssenirovkalar oʻzbek teatri repertuarini boyitdi, rejissor va aktyorlar mahoratini charxladi, teatr estetikasi va janr imkoniyatlari kengaytirdi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, inssenirovka vositasida adabiyot va teatrning sintezlashuvi har ikki sanʼat turi ravnaqiga ham birdek xizmat qiladi. Chunonchi, adabiy asarni sahnalashtirish, bir tomondan, oʻquvchining asar haqidagi bilim va tasavvurlarini boyitib, kitobxonlik madaniyati shakllanishiga koʻmaklashsa, boshqa tomondan, teatrlarni mudom xavotirga soluvchi dramatik asar tanqisligidan xalos etadi.
Shohrux ABDURASULOV,
OʻzR FA Sanʼatshunoslik instituti
tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son.
“Insenirovka zarurmi yoki...” maqolasi