Temuriylar uygʻonish davri ilm-fan, arxitektura va adabiyot bilan bir qatorda amaliy sanʼat, xususan, liboslar estetikasi choʻqqisi boʻlgan. Saroy malikalari (xonim va begimlar)ning kiyinish madaniyati davlatning iqtisodiy qudrati, tabaqalashuvi va estetik qarashlarini aks ettiruvchi murakkab tizim edi. Amir Temur va uning avlodlari davrida Movarounnahr hamda Xuroson jahon savdo markaziga aylanishi natijasida Xitoy, Eron, Hindiston va Yevropa matolari liboslarda mahalliy anʼanalar bilan uygʻunlashdi.

Mazkur tizim Ruy Gonsales de Klavixo esdaliklari, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari hamda Hirot, Samarqand va Sheroz miniatyura maktablari namunalarida oʻz aksini topgan.

Liboslar ansambli va bichim tamoyillari

Temuriy malikalar kiyimi koʻp qatlamlilik va keng bichim tamoyillariga asoslangan boʻlib, u tanani yopishdan tashqari, ayolning nafisligi, ulugʻvorligi va siyosiy-ijtimoiy maqomini namoyish etgan. Oliy tabaqa vakillarining kundalik va tantanali liboslari quyidagi asosiy elementlardan iborat boʻlgan:

Koʻylak (Kamis) – badanga tegib turuvchi eng birinchi qatlam. Oq yoki och rangli yupqa ipak (shoyi) va yuqori sifatli paxtadan tikilgan. Toʻgʻri burchakli matolardan iborat boʻlib, toʻpiqqacha yetgan. Boʻyni gorizontal kesilgan, yenglari uzun va keng, bilak qismiga kelib biroz toraygan yoki erkin tashlab qoʻyilgan.

Ishton (Tomban) – koʻylak ostidan kiyiladigan yengil shim. Yuqori qismi keng, tizzadan pastga torayib, toʻpiqda maxsus jiyak bilan mahkamlangan.

Tuman toʻqiy (Yopinchig‘-xalat) – xonim va begimlarga xos eng dabdabali ustki libos. Keng bichimli, uzun yengli va orqa qismida yerda sudralib yuruvchi shleyfga ega boʻlgan. Ispaniya elchisi Ruy Gonsales de Klavixo Saroymulkxonimning shleyfli libosini oʻn besh nafar xizmatkor koʻtarib yurganini hayrat bilan qayd etgan.

Ochiq xalatlar – kundalik qabullar uchun moʻljallangan, oldi ochiq, uzun va keng ustki liboslar. Ular qoʻlni toʻliq yopuvchi yoki orqaga tashlab qoʻyiladigan dekorativ (soxta) uzun yenglarga ega boʻlgan.

Kalta kiyimlar – sovuq kunlarda kiyiladigan, bel qismi “urgʻulangan” kamzul (nimcha) va son boʻyigacha yetadigan, ichi moʻyna (suvsar, tulki) bilan qoplangan issiq kaltachalar.

Geometrik aniqlikka asoslangan bichimda matoni isrof qilmaslik uchun toʻgʻri chiziqli kesimlardan foydalanilgan. Harakat erkinligini taʼminlash maqsadida qoʻltiq ostiga toʻrtburchak mato – xishtak qoʻshib tikilgan. Kiyimlarning chetlari, yoqalari va yeng uchlari oltin ipli jiyaklar va qimmatbaho toshlar bilan hoshiyalangan.

Mato turlari va ijtimoiy status

Temuriylar saroyida matoning turi va sifati shaxsning sulolaviy kelib chiqishini belgilovchi kodlashtirilgan tizim vazifasini bajargan. Xitoy, Eron, Hindiston va mahalliy ustaxonalardan keltirilgan matolar quyidagilardan iborat edi:

Kamxo (Kambo) – Xitoydan keltirilgan, keyinchalik Samarqand va Hirotda toʻqilgan oltin, kumush va rangli ipak ipli oʻta ogʻir hamda qalin naqshdor mato. Undan faqat xonlar va bosh xotinlar uchun hashamdor xalatlar tikilgan.

Kimxob va dibo – yorqin yaltiraydigan, quyosh nurida tovlanuvchi oltin ipli parcha matolar.

Zandona va atlas – Buxoro, Samarqand va Fargʻona vodiysining oliy navli shoyi matolari. Kundalik, yozgi liboslar va ichki koʻylaklar uchun ishlatilgan.

Baxmal – qishki liboslar va kaltachalar tikishda qoʻllanilib, koʻpincha zardoʻzi naqshlar bilan bezatilgan.

Ranglar simvolikasi

Temuriylar madaniyatida ranglar falsafiy va siyosiy maʼnolarga ega boʻlgan. Xususan, toʻq qizil (lal rang, yoqutrang) rang bevosita chingiziy malikalarning oliy naslga mansubligini va davlatchilik legitimligini anglatgan. Saroymulkxonim va Tuman ogʻo kabi chingiziy malikalargina eng muhim marosimlarda qizil va binafsharang libos kiyish huquqiga ega boʻlib, bu hukmdorlik hamda ulugʻvorlik ramzi sanalgan.

Havorang va firuza (moviy) davlatning ramziy rangi boʻlib, samoviy kuchlar, ilohiylik va barqarorlikni anglatgan. Malikalar shunday rangdagi oltin naqshli xalatlar kiyishgan.

Yashil (zumradrang) – maʼnaviy poklik va jannat ramzi. Diniy ulamolar xonadoniga mansub yoki haj ziyoratini ado etgan begimlar bu rangga alohida eʼtibor qaratishgan.

Oltin (sariq) boylik va hokimiyat ramzi boʻlib, undan asosan zardoʻzlik naqshlari va metall iplarda foydalanilgan.

Matolardagi naqshlar ham oʻziga xos ramziy maʼnoga ega edi. Oʻsimliksimon naqshlardan anor gullari (baraka), chirmashgan novdalar (hayot zanjiri) tasvirlangan. Shuningdek, Xitoy taʼsirida import matolarga tushirilgan ajdaho va semurug‘ qushi (baxt va uzoq umr) tasvirlari ham keng oʻrin olgan.

Bosh kiyimlar va soch turmaklari

 

Bosh kiyim ayolning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy mavqeyini belgilovchi asosiy koʻrsatkich boʻlgan.

Bogʻtoq (bugʻtak/kasaba) moʻgʻul malikalari boqtasining Temuriylar saroyida yanada hasham berilgan bosh kiyimi. Silindrsimon shakldagi mato qoplangan toj qimmatbaho toshlar va tepasi tovus patlari bilan bezatilgan. Klavixo Saroymulkxonimning quyoshda porlovchi bogʻtogʻini hayrat bilan tasvirlagan.

Doʻppi ustidan oʻraladigan yupqa shoyi roʻmol – lyachak, peshonaga taqiladigan oltin tasmali kasaba hamda saroydan tashqariga chiqishda kiyiladigan oq yoki moviy chodra kundalik bosh kiyimlar hisoblangan.

Ayollar soch parvarishiga ham katta eʼtibor qaratishgan. Qizlar va yosh malikalar sochlarini 4 tadan 40 tagacha oraliqdagi toq sonda mayda oʻrimlab oʻrishgan. Oʻrim uchlariga osilgan oltin sochpopuklar va marvarid shodalari harakatlanganda mayin tovush chiqargan. Sochni tartibga solish uchun oltindan yasalgan toshli sanchqilar (jamol) ishlatilgan.

Zargarlik sanʼati va sulolaviy qudrat

 

Samarqand va Hirot zargarlik maktablari ustalari filigran, hakkoqlik va tosh qadash (inkrustatsiya) texnikalarini mukammal egallaganlar. Zargarlik komplekti tana aʼzolariga koʻra quyidagilardan iborat edi:

Koʻkrak va boʻyin bezaklari. Yoqut va zumrad oʻrnatilgan yirik medalyonli zebigardon, yoʻgʻon oltin simdan yasalgan tavq hamda tumor solinadigan haykal.

Sirgʻalar va chakkaband. Zulflar va uchburchak shaklidagi marvaridli sirgʻalarning ogʻirligi quloqni yirtib yubormasligi uchun zanjirlar orqali bosh kiyimga (chakkaband) mahkamlangan.

Qoʻl bezaklari. Uchi sher yoki semurug‘ boshli quyma bilaguzuklar va oʻzaro zanjir bilan bogʻlangan panja bezaklari (shashband). Firuza toshi baxt va gʻalaba ramzi sifatida eng qadrlangan tosh boʻlgan.

Temuriy malikalarning kiyinish madaniyati koʻchmanchi aristokratiya anʼanalari va islom shahar madaniyatining uygʻunlashgan mukammal namunasidir. Bu madaniyat keyinchalik Boburiylar Hindistoni va Safaviylar Eronida kiyim sanʼatining rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi.

Shahlo MAXAMOVA,

Pedagogika va iqtisodiyot universiteti oʻqituvchisi