Oʻzbekiston hududidan topilgan dunyoga mashhur qadimiy sanʼat namunalari orasida Ayritom frizi nomini olgan arxeologiya topilmasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Unda beshta musiqachining tasviri (koʻpchilik olimlar nogʻorachini yosh yigit deb hisoblashadi) tushirilgan boʻlib, ularning yasalgan davri haqida turlicha fikrlar bildirilgan. Koʻpgina tadqiqotchilar uni eramizning I–II asrlariga mansub, deb hisoblaydi.

Qayd etilishicha, friz oʻzbekistonlik arxeolog M.E. Masson tomonidan 1932–1933-yillarda topilgan. Marmarsimon ohak qorishmasidan yasalgan bu friz bir paytlar Termiz yaqinida, Amudaryo qirgʻogʻidagi Ayritom shaharchasida (Surxondaryo viloyati) budda ibodatxonasini bezab turgan. 

S.P. Tolstov, G.A. Pugachenkova va boshqa olimlarning fikricha, frizda tasvirlangan ayollar mahalliy Baqtriya etnik turiga kiradi. Antik davrga taalluqli bu sanʼat asari keng miqyosda sharq-yunon madaniyati deb nomlangan turli badiiy anʼanalar sintezini oʻzida namoyon etadi. Unda budda falsafiy gʻoyalariga asoslangan yunon va sharqiy hind yoki Gandxar madaniyati uygʻunlashadi. 

Buddashunos S.F. Oldenburgning arxeolog M.E. Massonga aytgan fikricha, besh musiqachi ayoldan iborat haykaltaroshlik kompozitsiyasi budda taʼlimotidagi "besh buyuk ovoz" (pancha maxashabda)ni bildiradi. Ular koʻpincha "samoviy musiqachilar" deb ham ataladi. 

Ayritom frizi topilganidan bir necha yil oʻtib, Oʻzbekiston SSR hukumati uni Ermitajga hadya qilgan.