Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga koʻra mol, hayvon yoki parrandaga beriladigan ovqat “xoʻrak” deyiladi. Yana bu soʻz koʻproq salbiy-kamsituvchi kontekstda keladi, “maʼramay oʻlgurning oxuriga xoʻrak tashlab qoʻy”, deyishadi-ku.
Soʻnggi yillarda bu soʻz raqamli infomuhitga ham transformatsiya boʻldi. Faqat rollar taqsimoti boshqacharoq. Xoʻrak endi odamlar – ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oldiga tashlanyapti. Maqsad ularning ogʻzini yopish emas, qarmoqqa ilintirish.
Info-xoʻraklarning turi koʻp. Unga har kim oʻz muddaosidan kelib chiqib “dam soladi”. Deylik, ekstremistlar “aybdorlik tuygʻusini uygʻotuvchi” yem tayyorlaydi (Gʻazoda bolalar oʻlayotganiga oʻzini aybdor sanab jihodga chogʻlansin uchun), X-betchilar oʻramiga “hashamat” deb yozilgan shirinlik tarqatadi (kallavaramlar dabdabali kontentga aldanib qip-qizil qimorbozga aylansin uchun) va hokazo.
Hozir odamlarda gʻazab, nafrat, toqatsizlik yoki agressiv kayfiyat paydo qiluvchi “xoʻraklar” urfda. Chunki arzon va universal. U hamma uchun: obunachi sonini oshirishni koʻzlagan oddiy info-olibsotardan tortib, butun boshli texnogigantlar uchun ham birdek “rentabelli”. Shundan boʻlsa kerak, Britaniyaning dunyoga mashhur Oksford ingliz tili lugʻati “Ragebait”ni yil soʻzi sifatida eʼtirof etdi. Bu ibora soʻzma-soʻz tarjima qilinsa, aynan “gʻazabni qoʻzgʻatuvchi xoʻrak” degan maʼnoni anglatadi.
Yangi raqamli valyuta
Clickbait (klikbeyt) tushunchasi “sariq matbuot” orqali yaxshi tanish. Bu atama odatda post yoki maqola mohiyatini ochib bermaydigan, ammo odamlar eʼtiborini qaratuvchi oʻynoqi, yasama va chalgʻituvchi sarlavhalarga nisbatan ishlatiladi. Deylik, qaysidir sayt “Vazir yana xalqni aldadi” degan sarlavha qoʻysa, amaldorlarimiz yana nimani boshlabdi, degan oʻyda hamma xabarni oʻqishga tushadi. Qarasa, Ekvotarial Gvineyada biron kattakon “hol” qoʻygan boʻlib chiqadi.
Ragebait (reyjbeyt) atamasi ilk bor asr boshlarida, orqadan kelib signal chaladigan asabbuzar haydovchilarga nisbatan aytilgan. Keyinroq, ijtimoiy tarmoqlar ommalashuvi tufayli koʻproq mediasferaga xos slengga aylandi. U klikbeytning yovuz versiyasi. Bunda qasddan haqorat, tuhmat, nafrat ufirib turgan kontent (sarlavhalar, memlar, fikrlar, audi-video materiallar va h.k.) yaratish orqali foydalanuvchilarning chinakamiga jahlini chiqarish, noroziligini ochiq bildirish uchun “trigger” berish koʻzda tutiladi.
Buning uchun aksariyat hollarda kontekstdan uzilgan, kesib-qirqilgan, provokatsion infoxoʻraklar tayyorlanadi, ularning haqiqiyligi muhim emas, asosiysi auditoriyani maʼlum reaksiya koʻrsatish: ulashish, layk/dizlayk bosish, oʻz hissiy holatini ifodalash (platformalar taqdim etgan emojilar orqali), izoh yozish, hech boʻlmaganda diqqatini oʻsha kontentda koʻproq ushlab turishga majburlash.
Deylik tasmangizda “Shukur Burxonov kim?” degan savolga oʻtgan-qaytgan yosh-yalang “hokim oʻrinbosari”, “vayner” yoki “fitbolchi boʻlsa kerak” qabilida javob berayotgan soʻrovnoma (shaksiz, toʻgʻri javob berganlar koʻp, ammo ular montajda kesilib, faqat xoʻrak qoldirilgan) lavhasi chiqdi. Tabiiyki tutaqasiz, dizlayk bosasiz. Algoritmlar nafratli izoh yoki gʻazabnok emoji aks etgan kontentni juda sevadi, darrov trendga chiqaradi, natijada yanada koʻproq odam koʻradi, obunachilar va qoʻshimcha daromad oshadi. Shu tariqa: “xoʻrak – reaksiya – ommalashuv – manfaat” spirali yuzaga keladi.
Internetda kishilarni asabiylashishga majbur qiladigan kontent yaratish serdaromad sohaga aylangan, deb yozgan edi britaniyalik jurnalist Daniyel Xant shu yil boshida eʼlon qilgan “Reyjbeyt ijtimoiy mediani oʻldirmoqda” sarlavhali maqolasida. Shuningdek maqolada: “Bunday kontentning maqsadi axborot berish emas, balki keskin hissiyotlarni qoʻzgʻashdir. Asosiy “valyutasi” gʻazab boʻlgan onlayn muhitda axloqiy chegaralar va sifat eng oxirgi oʻrinda[1]”, deydi u.
Platformalar foydani maksimallashtiradi: hatto u qon evaziga boʻlsa ham
Facebook sobiq xodimi Frensis Xaugen 2021-yilda kompaniyaning ichki hujjatlarini ommaga fosh etadi (Washington Post). Unda juda qiziq va ayni paytda xavotirli faktlar aytilgan. Dastlab kontentning faolligini belgilovchi asosiy oʻlchov birligi “layk” tugmasi boʻlgan. Keyinroq tarmoq muhandislari layklardan koʻra emojilar (ayniqsa “jahl” emojisi) faollikni besh barobar oshirishi, boshqacha aytganda koʻproq izoh, ulashish va takroriy kirishlarga sabab boʻlishini aniqlaydi.
Shu bois 2017-yildan boshlab “Nravitsya”ning oldida hissiyotlarni ifodalovchi belgilar paydo boʻladi, algoritmlar esa aynan ular, koʻproq qovogʻidan qor yogʻadigan gʻazabnok tugmachalar soniga koʻra postlarga ustuvorlik beradi. Frensisning qayd etishicha, 2019-yilda muhandislar boshliqlarni “Gʻazab emojisi bilan qoʻllab-quvvatlangan postlarning feyk, toksik va past sifatli yangiliklarni oʻz ichiga olish ehtimoli juda yuqori” ekanidan ogohlantirgan. Bu shuni anglatadiki, kompaniya gʻazabni ragʻbatlantirish orqali zararli kontentni tarqatayotganini bilgan, biroq tarmoq uchun oʻzining muqaddas eʼtiqodi – foydani maksimallashtirish har narsadan ustun, hatto u real hayotda qonli toʻqnashuvlarga hissa qoʻshsa ham.
Xaugenning iddaosicha, 2021-yilda rohinja qochqinlari nomidan Metaga
qarshi 173 mlrd dollarlik jamoaviy daʼvo arizasi berilgan. Unga koʻra, Myanmada rohinja musulmonlarining qirgʻin qilinishiga algoritmlarning nafratni ommalashtirishi, zoʻravonlik ulugʻlangan postlarni trendga chiqarishi, “musulmonlarning qurol toʻplayotgani” haqidagi yolgʻon daʼvolar moderatsiya qilinmagani sabab boʻlgan[2].
Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatgan: Meta oʻz-oʻziga zarar yetkazadigan kontentni, deylik kimdir oʻzini gelikka bostirib tryuk koʻrsatsa, oʻchirmaydi (yaʼni gaydlaynida koʻrsatilgan qoidaga oʻzi amal qilmaydi), hatto shunday video oladigan profillarni bir-biri bilan bogʻlashga urinadi[3]. Faqat Meta qora, boshqalar oppoq emas. Misol uchun, oʻtgan yili ВВС muxbiri Marianna Spring gʻazab uchun xoʻrak tashlagan ayrim X (Tvitter) foydalanuvchilariga platforma ming dollardan sanab berganini aniqlagan[4]. Tiktok esa yangiliklar tasmasida tez-tez chiqadigan xoʻraklarni kamaytirish uchun “Meni qiziqtirmaydi” deb belgilagan foydalanuvchiga bu turdagi kontentni (aksincha) ikki karra koʻpaytiradi[5].
Bizga xoʻrakni kim tashlayapti?
Ularning toifasi koʻp. Biri siyosiy, boshqasi moddiy, yana kimdir virtual avtoritetini oshirish ilinjida “orqadan signal chalish” manipulyatsion taktikasiga yopishib olgan.
Masalan, instagram yoki telegramda yuz minglab auditoriyaga ega koʻngilochar-yangilik kanallarda deyarli barcha xabarlar “Dahshat”, “Koʻngli boʻshlar koʻrmasin”, “Shok xabar”, “Ana xolos” kabi xeshteglar bilan beriladi. Yaponlarning odam goʻshtidan steyk tayyorlashi yoki bananga OITS virusi yuborilishi haqidagi feyk-xoʻraklar ayniqsa qadrlanadi. Bunday kanallarning reklamadan boshqa dardi yoʻq...
Keyin raqamli trayblar (zamonaviy kontekstda umumiy gʻoyalar, manfaatlar va turmush tarziga ega boʻlgan odamlar guruhi), masalan oʻzini liberal qadriyat tarafdori sifatida koʻrsatadiganlar teskari fikr egalarini (yoki aksincha) yoqimsiz soʻzlar, laqablar bilan siylashi koʻp kuzatilyapti. Algoritmlar tabiiyki gʻazabni ommalashtiryapti, yangi tarafdorlar qoʻshilyapti, filtr qobigʻi nafrat va boʻlinishni kuchaytiryapti.
Yaqinda tiktokda muftiyning “tibbiy niqob islomga zid” deb gapirgan videosi chiqdi. Aslida aksincha, diniy ulamo koronavirus davrida tibbiy niqobga qarshi boʻlganlarga raddiya bergan. Kontekstda bu yashirilgan. Shunday qilinmasa, odamlarda nafrat, qahr paydo boʻlmaydi-da. Yaʼni, radikal guruhlar ham vaqti-vaqti bilan gʻazab uchun xoʻrak otib turibdi.
Bundan tashqari, milliy mediamakonda vijdonsiz marketologlar, saviyasiz, baqiroq blogerlar, eʼtibordan chetda qolgan otarchilar ham ayni taktikaga tez-tez murojaat qilayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Biz jazavaga tushyapmiz – ular bayram qilyapti.
Bir narsani toʻgʻri tushunish kerak. Yuqorida faqat reyjbeyt – odamlarning jahlini chiqarish orqali maʼlum manfaatni koʻzlaydiganlar haqida gapirdik, davlat organlari, mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi, deylik havoni tozalash uchun tandirlarni buzish “operatsiyasi” ortidan infosferada koʻtariladigan tabiiy gʻazab haqida emas. Bu endi ayrim amaldorlar tafakkuri bilan bogʻliq gʻayrioddiy fenomen va boshqa mavzu.
Oqibatlar: umidsizlik, boʻlinish va desensitizatsiya
Buyuk Britaniyaning “Social switch” loyihasi tahliliga koʻra, agressiv reaksiya uygʻotadigan kontent ruhiy salomatlikka taʼsir qiladi, stress, xavotir va umidsizlik hissini oshiradi. Gʻazab “undirish” uchun koʻp hollarda dushmanona ohangga tayaniladi, bu esa jamiyatda boʻlinishlarga sabab boʻladi, konstruktiv muloqotni kamaytiradi, foydalanuvchilar oʻrtasida adovatni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, tadqiqotda qayd etilishicha, doimiy ravishda provokatsion kontent koʻrish odamlarni desensitizatsiya holatiga tushiradi. Yaʼni, kishilarda ijtimoiy muhim masalalarga nisbatan befarqlik paydo boʻladi. Sodda tushuntirganda, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik yoki qurgʻoqchilik kabi mavzular, masalan, bitta ahmoqning yangi yil archasini yovvoyilarcha boltalayotgani aks etgan videosi fonida pistapoʻchoqqa aylanadi[6].
“Reyjbeyt oqibatida kuchli emotsiyalar taʼsirida yurish foydalanuvchilarni ruhan toliqtiradi”, deydi Michigan universiteti dotsenti Ariel Xeyzel. U fikrini shunday davom ettiradi: “Bu hol ularni sogʻlom axborot va yangiliklar muhitidan ongli ravishda chekinishiga yoki undan uzilib qolishiga sabab boʻladi. Yana bir xavotir shuki, oʻsib kelayotgan avlodda gʻazab va nafrat tiliga nisbatan normal munosabat shakllanib qolishi mumkin[7]”.
Bunga yoʻl qoʻymaslik oʻz qoʻlimizda. Kimdir gʻazab uygʻotish uchun xoʻrak tashladimi, darrov “beting qursin” deb izoh yozmasdan (bu qiligʻingiz bilan kimningdir nogʻorasiga oʻynayotgan, ayni paytda uch-toʻrt texnomilliarderning choʻntagini qappaytirishga qaratilgan vijdonsiz, ammo puxta oʻylangan strategiyani qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlasiz) oʻsha gʻalamisni bloklang yoki yashiring, onlayn platformalar taqdim etgan vositalardan foydalanib shikoyat yuboring. Xullas, axborot asridagi eng qimmatli resurs – eʼtiboringizni avaylang. Har holda biz odamlarmiz, duch kelgan xoʻrakka iskalanadigan laqqa emas.
Dilshod NURILLOH
[1] https://mancunion.com/2025/02/05/ragebait-is-ruining-social-media/
[2] https://en.wikipedia.org/wiki/Rage-baiting
[3] https://mancunion.com/2025/02/05/ragebait-is-ruining-social-media/
[4] https://www.bbc.com/news/articles/c4gp555xy5ro
[5] https://mancunion.com/2025/02/05/ragebait-is-ruining-social-media/
[6] https://www.thesocialswitchproject.org.uk/
[7] https://www.bbc.com/news/articles/c4gp555xy5ro