Bu azaliy haqiqat bugungi kunda oʻz mohiyati bilan yanada chuqur ahamiyat kasb etayotgani shubhasiz. Zero, Vatanimiz dunyo eʼtiborli mamlakatlari qatorida oʻz qaddi, qadrini tiklab borayotgan davrda ona tilimizga ehtirom, uni yaxshi bilish va eʼzozlash, davlatning va millatning yuzi darajasida jahoniy nufuzini mustahkamlash masalasi benihoya dolzarbdir.
Mana, necha kundurki, mamlakatimizda “Til bayrami kuni” keng nishonlanmoqda, yoshi ulug‘ avlod uchun til bayramini nishonlash emas, balki tilimizni oʻz yurtimizda munosib maqomida koʻrish ham armon boʻldi.
Ushbu ulug‘ bayram munosabati bilan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga yoʻllangan tabrigi, undagi samimiy eʼtirof, tilak, yangi rejalar oʻzbek tili mehr-muhabbatini onaga ehtirom kabi diliga joylaganlar qalbida aks-sado berayotgandek. Yurtboshimiz ona tilimizni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan ulkan ishlarni faxr bilan aytib oʻtar ekanlar, barchaning, inchunin biz ijodkorlarning qalbi yana bir bor shukronaga toʻldi, toʻlqinlanib tingladik. Darhaqiqat, mustaqillik davrida, ayniqsa, soʻnggi yillarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami va natijalari hammamizning koʻz oʻngimizda, oldinga katta rejalar qoʻyildi. Prezidentimiz oʻz nutqlarida aytganlaridek: “Yangi Oʻzbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim”.
Men Margʻilondagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi murabbiyiman. Yosh avlodning taʼlim-tarbiyasiga masʼul inson sifatida davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdidlarga qarshi maʼrifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan”, degan soʻzlaridan ota-onalar, ustoz-murabbiylarga ham masʼuliyat, ham ishonch ortadi. Biz chindan ham oʻquvchi yoshlarimizning ilm olishi bilan birga oʻz tiliga hurmati, sadoqati cheksiz boʻlishi uchun ularni adabiyot, maʼnaviyat, madaniyat durdonalari, ibratlari bilan oshno, dildosh etishimiz kerak.
Yurtboshimiz “Fursatdan foydalanib, milliy oʻzligimiz va gʻururimiz timsoli boʻlgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman”, deya tilimiz sofligi chin dildan izlanib, zahmat-u fidoyilik bilan mehnat qilayotganlarga alohida ehtirom bildirdilar. Bugungi bayram, Yurtboshimizning samimiy tabriklari barchamizni ana shu fidoyilar safida boʻlishga chorlab turibdi.
Oʻktamxon SOLIYEVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi