Abdulla QAHHOR

... Ayniqsa bahor kunlari majlisdan yomoni yoʻq! Koʻcha-koʻyga suqlanib qarab oʻtirganingizda bir odam minbarga chiqib, sartaroshning qaychisiday shaqqillayversa... har qanaqa odamning ham uyqusi keladi! Har qanaqa odam ham loaqal ogʻzini ochmasdan esnaydi!

Xabarim bor, ikki kundan beri gap eshityapsizlar. Shuning uchun meni bu majlisga taklif qilishganda, soʻz beramiz deyishganda tarxashlik qildim: qoʻya qolaylik, mehmonlar busiz ham gapga toʻyib ketishgandir, dedim. Unashmadi: “Bular radioga, yaʼni gap zavodiga kelayotganini oldindan bilishgan. Demak, har biri gap eshitish masalasida oldindan qoʻshimcha majburiyat olib kelgan”, deyishdi.

Lekin shundoq boʻlsa ham, oʻzlaringga, yaʼni radioga daxli bor gapdan boʻlak gap quloqlaringga kirmasa kerak. Agar sizlar mening shu taxminimni tasdiqlasalaring radioga tegishli gapning tayyoridan bor! Men bu gapni yaqinda Nizomiy nomidagi institut studentlariga qisman gapirdim, radioning baʼzi bir kamchiliklarini tanqid qilgan edim.

Mening bu gapim faqir-u fuqaroga maʼqul boʻlibdi, shekilli, magnitofon lentasini koʻpaytirib, har qayerda eshitishibdi. Shu bilan birga nutq baʼzi bir mansabdorlarga yoqmabdi.

Oʻzlaringga maʼlum, mansabdor ikki toifa boʻladi: bir toifasi oʻz oʻrniga muvofiq, munosib – bilimi, qobiliyati bilan har ishga qodir. Bu toifa mansabdor ishni ishonch bilan olib boradi, tanqid eshitsa, buning magʻzini chaqishga, tanqidni chuqurroq tushunishga harakat qiladi-yu, bundan xulosa chiqarib, oʻzining raxna joyiga darrov chim bosadi. Bundan mansabdorlarning oʻzi ham xursand, ishi ham mixday, odamlar ham mamnun.

Boshqa bir toifa mansabdor oʻz oʻrniga muvofiq ham emas, munosib ham emas, shuning uchun mana shu sir ochilib qolishidan hamisha xavotirda: osmonda chumchuq pir etsa, yerda turib yuragi shuv etadi. Anchayin tanqidiy shabada bularga boʻron boʻlib, stolini koʻtarib ketayotganday tuyuladi-yu, stolini quchoqlab yigʻlaydi: “Voydod, Falonchi aka, meni ushlang, yiqilaman!”, deydi.

Men hozir sizlarga Nizomiy institutida boʻlgan oʻsha gapning asosiy nuqtalarini aytib bermoqchiman. Agar bu gap maʼqul boʻlsa, radio ishidagi kamchiliklar haqidagi tanqidiy mulohazalarimni davom ettirib, yana bir necha ogʻiz soʻz aytmoqchiman.

Nizomiyda gapirilgan gapning asosiy nuqtalaridan biri – til masalasidir.

Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib boʻlmaydigan fikr, tuygʻu, holat yoʻq! Bu til ellik yil ichida shunday bir qudrat kasb etdiki, xalqimizni jahon va rus madaniyatiga sherik qilib qoʻydi.

Afsuski, radiomiz koʻpincha xalq bilan mana shu boy, chiroyli, purqudrat tilda gaplashmaydi.

Odamlarki bor, bisotidagi bir hovuch soʻzni aylantirib oyligini olaveradi; oʻqish-oʻrganish bilan oʻzbek tilining imkoniyatidan toʻlaroq foydalanishni istamaydi yoki bunga farosati yetmaydi. Mana shunaqa odamlarning dangasaligi yoki farosatsizligi, chalamulla olimlarning “ilmiy faoliyati” oqibatida shunday bir til vujudga kelganki, na muomalada, na oilada, na suhbatda hech kim bu tilda gapirmaydi; na oshiq maʼshuqasiga, na ota bolasiga, na bola onasiga bu tilda xat yozadi. Radio xodimlarining oʻzlari ham oʻzaro bu tilda gaplashmaydi. Bu tilni faqat mikrofon koʻtaradi. Bunga faqat mikrofon toqat qiladi.

Markaziy radio har kuni matbuot obzori beradi. Diktor materiallarning mazmunini aytadi. Bosh maqolani oʻqib beradi. Lekin bu til, negadir oddiy xalq gapiradigan tilga sira oʻxshamaydi. Bizning matbuot va radio tili nima uchun kundan-kun xalq tilidan uzoqlashib borayotibdi? Nima uchun tilimizning qonun-qoidalari buzilayotibdi? Nima uchun koʻcha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?

Nizomiyda gapirilgan gapning asosiy nuqtalaridan ikkinchisi, radioning baʼzi eshittirishlarida koʻzga tashlanadigan noshud-notavonlik, masʼuliyatsizlikdir.

Erta-yu kecha bizning gʻiybatimizni qiladigan, tirnogʻigacha bizga qarshi zaharga toʻlib ketgan baʼzi bir chet el radiosi bizning haqimizda yolgʻon gaplarni rostga oʻxshatib gapiradi. Bizning radiomiz esa mavjud haqiqatni udda qilib aytolmaydi. Men bunga misol qilib, radioning har kuni soat ikkida “Qishloq xoʻjaligi mehnatkashlariga” ataydigan eshittirishlarini oldim. Bu eshittirishlarda koʻpincha shunaqa sovuq, shu qadar qovushmagan – yopishmagan materiallar beriladiki, odamning nafasi qaytadi! Bu materiallar kolxozchilarning choʻntagidan tushib qolgan yoki hech kim amal qilmaydigan, hech kimga keragi yoʻq, faqat yuqori tashkilotlarga hisob berish uchun eshittiriladigan, oʻqiladigan, diktorlarning ham meʼdasiga tekkan siyqa gaplardan iborat boʻladi. Bunaqa materiallarga baʼzan “ocherk” degan narsa ham oralab qoladi. Bu narsalarning deyarli hammasi tanqiddan tuban ekanini, hech kimning diqqatini jalb qilmasligini radio xodimlarining oʻzlari ham bilishadi, shuning uchun bularni hamisha sheʼrga yo ashulaga oʻrab berishadi.

“Ocherk” deb ataladigan materiallardan baʼzisining sxemasini chizib beray.

Masalan, biron xushovoz artist “Talqini bayot”ni aytganidan keyin diktor “ocherk”ni oʻqishga kirishadi: “...paxta ishqini diliga jo qilib, sotsialistik dalalarimizda fidokorona mehnatda oʻrnak koʻrsatayotgan ajoyib ayol Hayitboyeva...”

“...Biz chaman-chaman ochilgan paxtalardan zavqqa toʻlib, ashula aytib paxta terayotgan atlas koʻylakli qiz-juvonlar bilan salomlashib, asfalt dala yoʻlidan borar edik...”

“...Biz ajoyib ayol Hayitboyevani shinam dala shiyponida uchratdik. U oppoq roʻyjalar ustida oppoq yostiqlarga suyanib, bola emizib yotar edi...”

“Endi konsertimizni boshlaymiz...”

Yana bir sxema:

“Biz raisni kutib, yangi tipdagi hashamatli kolxoz idorasining million tom kitobga ega kutubxonasida “Atom va tinchlik” degan jurnalni varaqlab oʻtirgan edik, birdan derazaning shoyi pardalari orasidan “Moskvich” koʻrindi. Bu – raisning yaqinda oʻttiz tiyinlik lotereya biletiga yutib olgan “Moskvich”i edi. Lotereyaga mashina chiqmagan taqdirda ham rais bu yilgi mehnat kunidan 5600 soʻmga “Volga” sotib olishga qodir edi...”

“...Rais bizning savollarimizga javoban qora xrom etikli sergoʻsht oʻng oyogʻini marmar zinaga tirab: “Bajaramiz!” dedi. Keyin sariq xrom etikli sergoʻsht oyogʻini sement zinaga qoʻyib: “Qoʻshimcha majburiyat olamiz”, dedi...”

“Konsertimiz davom etadi”.

Baʼzan raislar, brigadirlar mikrofonga chaqiriladi. Hozirgi vaqtda texnika hatto duduq odamni ham gapirtirishga imkoniyat berishiga qaramay, brigadirlarning qoʻliga noʻnoq jurnalist yozgan tekstni berib, shuni oʻqishga majbur qilishadi.

Rais: “KPSSning Fevral plenumidan ilhomlangan kolxozimizning kolxozchilari chigit ekish planini sharaf bilan bajaradilar va oʻzlarining imkoniyatlarini hisobga olib qoʻshimcha majburiyat olmoqdalar”.

Brigadir: “KPSSning Mart plenumidan ilhomlangan brigada aʼzolari 90 gektar yerning har gektaridan 50 sentnerdan paxta hosili olib, planni sharaf bilan bajaradilar va oʻz imkoniyatlarini hisobga olib...”

Bunda rais yo brigadirning tovushi bor xolos, gapi yoʻq! Bu gap noshud-notavon, masʼuliyat hissidan mahrum, bir hovuch gapni aylantirib oyligini olib yotgan jurnalistning gapi!

Oʻzbekiston dehqonlari 64-yilda mamlakatga toʻrt million tonna paxta berdi. Bu aql ishonmasa, qoʻl bilan ushlab koʻrish mumkin boʻlgan haqiqat! Shuncha paxtani oʻsha radio muxbirlari koʻrgan, suhbatlashgan raislar, brigadirlar, oddiy kolxozchilar bergan. Demak, bu ham haqiqat. Lekin bu haqiqatlar radiomizning ogʻzidan nima uchun baʼzan yolgʻonga oʻxshab chiqadi? Shu toʻgʻrida hech kim oʻylab koʻrganmikin?

Bunga: “Kadrlarimiz kam, yosh, imkoniyatimiz tor”, degan vajlar koʻrsatilishi mumkin. Lekin, menimcha, bunga sabab radioda tanqid, oʻz-oʻzini tanqid shabadasi koʻpdan beri esmagan, muhit dimiqib qolganligi boʻlsa kerak. Boʻlimlar har qaysisi oʻz boshiga ish koʻradi. Biri boshqasining yutugʻidan, kamchiligidan bexabar, “Men senga tegmayman, sen menga tegma” yoʻsinida ish koʻradi.

Bunga bir misol koʻrsatishimiz mumkin.

Radioning koʻp boʻlimlari orasida marza boʻlishi mumkindir, lekin muzika eshittirish boʻlimi bilan boshqa boʻlimlar orasida marza boʻlishi mantiqqa sigʻmaydi, chunki boshqa boʻlimlar bu boʻlimga begona boʻlsa ham, bu boʻlimlarning xodimlari begona emas, loaqal uyida muzika-ashula eshitishadi-ku!

Muzika boʻlimining tepasida qattiqqoʻl bir odam turmaganday tuyuladi. Ehtimol, shunday odam bordir, agar boʻlsa biror sabab bilan ishdan koʻngli soviganga oʻxshaydi.

Ashula aytish, ashula tinglash butkul ixtiyoriy narsa: xohlagan odam aytadi, xohlamagan aytmaydi; xohlagan eshitadi, xohlamagan eshitmaydi. Toʻgʻri, baʼzan ashulachiga pul berib, oylik berib ayttirish mumkin. Lekin oʻz qadrini bilgan kishi xohlamagan ashulasini pul bersangiz ham eshitmaydi.

Radio bayram yoki biror inqilobiy sana kunlarida aksari tekstida badoatdan asar va muzikasida biror qatra shira boʻlmagan ashulalardan iborat konsert beradi. Bu konsertlarni odamlar, boya aytganday, pul bersangiz ham eshitmaydi, lekin radio nima uchundir jamoatchilik asosida “oʻz xohishi bilan” eshitishga majbur deb beraveradi.

...Kimning goʻri kuysa kuysin-u, mening qozonim qaynasin, degan ekan bitta taʼmagir. Bu ashulalarni birov eshitmagani bilan radioning necha pullik ishi bor. Yuqoriga “Falon mavzuda falon dona, falon mavzuda pismadon dona, lenta hisobi bilan falon kilometr ashula berildi”, deb raport berilsa boʻldi!

Bu xildagi ashulalar taxminan mana shunday bunyodga keladi: allaqayeri shoirga oʻxshagan bir kishi Lenin, yo partiya, yo Vatan haqida sheʼr – ashula yozib keladi-yu: “Lenin toʻgʻrisida yozilgan ashulani qabul qilmaydigan azamatni koʻrib qoʻyaman!” degan vajohat bilan mansabdorning qoʻliga tutqizadi. Mansabdorga jon kerak boʻlsa, kompozitorga non kerak! Artistga-chi? Radio yoki teatrning oyligini olgandan keyin ashulasini aytadi-da!

Bunaqa ashulalar repertuarga darrov qabul qilinadi! Lenin, partiya, Vatan haqidagi ashulani yomon degani kim jurʼat qiladi?

Qanday mavzuda boʻlmasin, yomon ashulani yomon degani xalq jurʼat qiladi – eshitmaydi!

Bu hol muqaddas mavzularni chayqovga solib manfaat koʻradigan odamlarning, vazifashunos rahbarlarning qulogʻi ostiga tushgan tarsaki boʻlishi kerak.

Keyingi vaqtlarda ashula janrining gʻoyaviy-badiiy saviyasi tobora pastlashib ketyapti. Bu haqda Yozuvchilar soyuzi bilan Kompozitorlar soyuzi qoʻshma plenum oʻtkazdi, lekin bu plenum sezilarli foyda bergani yoʻq.

Radio va televideniyedan beriladigan koʻp ashulalarning teksti nihoyatda xarob. Xususan, muhabbat toʻgʻrisidagi ashulalar muhabbatdan odamning ixlosini qaytaradi, kompozitorlar bu tekstlarni qaysi goʻrdan topishganiga hayron qoladi kishi:

Bir koʻnglim olma dedi,

Bir koʻnglim olgin dedi.

Qoʻlim hech bir qaytmagan...

Nima gap oʻzi? Shu ham sheʼr, shu ham ashulami?!

Buni qarang:

Kim oʻzi, kim oʻzi

Koʻnglimga olov yoqib ketgan kim oʻzi?

Boqqaniga oshiq boʻlib qoldimmi,

Birdaniga shoir boʻlib qoldimmi?

Kim oʻzi, kim oʻzi...

Mast odamning xirgoyisiga quloq soling:

Ahdiga vafodorim, jononimni koʻp sogʻindim.

Koʻnglima mehr qoʻygan mehribonimni koʻp sogʻindim.

Jon-u tan sadqasidir, jononimni men sogʻindim.

Koʻksimga jilo bergan oromimni koʻp sogʻindim.

Bu chalasavod odamning qogʻoz tirnab qilgan mashqi qayoqdan kompozitorning qoʻliga tushdi-yu buning nimasi muzika yozishga ilhom berdi ekan!

Baʼzi ashulalarda shoirning yori buzuq boʻladi: hammaga oʻpich beradi-yu, shoirga oʻpich bermaydi. Shoir shundan noliydi. Kompozitor shoirga rahm qilib, sheʼrga mungli kuy yozadi. Yana bir misol:

Seni ardoqlaydi baxtiyor zamon,

Shu zamonda el-u xalqim farovon.

Yashnamoqda yildan-yilga bu davron,

Hur vatanda baxt topgan qahramon qiz Obodon.

Shuni sheʼr emas deb koʻring-chi! Zamon baxtiyor, xalq farovon, qiz qahramon boʻlgandan keyin buning sheʼr boʻlishi uchun yana nima kerak?

Bunaqa misollarni aytaversam tong otib ketadi.

Koʻpgina shoirlar paxtani kuzir qilib olishgan. Bular aji-buji gaplarni aytib, ustiga kuzirni, yaʼni paxtani bossa – tamom! “Paxtalarni parvarishlar aylagan”, desa ham ashula boʻlaveradi.

Klassiklarda ham, xalq adabiyotida ham, hayotda ham odatan yigitlar yaxshi koʻrgan qizlarni maqtashar edi: koʻzing undoq, soʻzing bundoq deyishardi. Hozirgi koʻp ashulalarda qizlar oʻzlarini oʻzlari maqtashadi, u yogʻim undoq, bu yogʻim bundoq, deyishadi.

“Ey shoir, axir tashabbus erkakdan boʻlishi kerak, bulbulning ham erkagi sayraydi-ku!” deydigan odam yoʻq!

Doʻstlar!

Biz yozuvchilar, jurnalistlar, radio xodimlari – hammamiz propaganda xodimlarimiz. Bizning tub maqsadimiz odamning ongidan beparvolik, loqaydlik, yolgʻonchilik, riyokorlik, maqtanchoqlik singari marazlarni qirib, surib chiqarishdir. Bu hol bizning zimmamizga nihoyatda katta masʼuliyat yuklaydi. Har birimiz shu masʼuliyatni qanchalik chuqur his qilsak, ishimizning muvaffaqiyati shu qadar naqdroq boʻladi.

* * *

Bu uchrashuvda qatnashayotgan oʻrtoqlarga, soʻzga chiqib mening haqimda yaxshi gaplar aytgan notiqlarga, bu uchrashuvning tashkilotchilariga tashakkur bildiraman.

Men studentlar bilan koʻp uchrashganman. Studentlarning dilkusho suhbatlarini bilaman. Umuman, studentlar suhbatiga ishtiyoqmandligim ustiga Chet tillar pedagogika institutining studentlariga aytadigan zarur gapim borligini nazarda tutganda, mening xursandchiligimni tasavvur qilavering!

Sizlar har qayerdan kelgansizlar. Institutni bitirgandan keyin joylarga borib oʻquvchilarga ingliz, nemis, fransuz, ispan tillarini oʻrgatasizlar. Mening sizlarga aytadigan eng zarur gapim shuki, sizlar joylarga chet tillar bilan birga (balki birinchi navbatda) oʻz ona tilimizga – oʻzbek tiliga cheksiz muhabbat tuygʻusini olib boringlar! Oʻzbek tili gʻoyat boy, nihoyat chiroyli, har qanday fikr va tuygʻuni ifoda qilishga qodir ekanini amalda koʻrsatinglar; qayerda va qanday sharoitda ishlamanglar, til madaniyatimizning mashʼali boʻlinglar!

Men bu gapni tilimizning boyligiga daxl qiladigan, husn-latofatini buzadigan, tilimizni tahqir qilishga qaratilgan qiliqlarga barham berish maqsadidagina aytayotganim yoʻq. Bu gapning faqat tilimizgagina emas, tuzumimizga ham aloqasi bor.

Men bundan bir necha yil muqaddam Hindistonga borganimda bir oʻzbek uchrab qoldi. Oʻsha oʻzbek Hindistonga uch yasharligida borib qolgan boʻlsa ham oʻz ona tilisini yoʻqotmagan ekan. Shu odam mendan: “Oʻzbekistonda hozir ham oʻzbek tili bormi?” deb soʻrab qoldi. Bu savol menga gʻalati tuyuldi: bu odam begona ellarda yurib oʻzbek tilini yoʻqotmapti-yu, nima uchun oʻzbek xalqi oʻz milliy respublikasida oʻz tilini yoʻqotishi kerak? Men tushuntirdim. Oʻzbekistonda oʻzbek tili borgina emas, bu tilda million-million nusxa gazeta-jurnallar, kitoblar nashr etiladi, teatrlar yashab-yashnab turibdi, dedim. Keyinchalik bilsam, Hindiston respublika boʻlishidan oldin mustamlakachilar hind xalqining qulogʻiga quygan ekan: “Bolshevizm milliy madaniyatning ofati, bolshevizm qadam bosgan joyda har qanday milliy urf-u odat, milliy madaniyat, jumladan, til ham barbod boʻladi, butkul yoʻqoladi”, degan ekan!

Bu gap qay darajada qabih, tuhmat ekanini yil sayin ravnaq topayotgan milliy madaniyatimiz, qomatini jahonga koʻrsatib turgan adabiyotimiz, sanʼatimiz misolida koʻrish mumkin.

Shundan keyin bir narsa eʼtiborimni oʻziga tortdi: koʻzimiz, qulogʻimiz oʻrganib qolgan, lekin oʻshanday tuhmatlarga oziq boʻladigan hodisalar hayotimizda mavjud ekan.

1. Koʻpincha oilalarda bolalar oʻz ona tilisini mutlaqo bilmaydi! Bu ota-onani zarracha ham tashvishga solmaydi.

2. Baʼzi bir oilalarda bolalar oʻz ona tilisida gapirgani nomus qiladi.

Baʼzi odamlar shuni internatsionalizm deyishadi. Buning nimasi internatsionalizm?!

Kommunizm dushmanlarining bolshevizmga, sovet tuzumiga qarshi tuhmatlariga oziq beradigan yana bir narsa bor: Oʻzbekistonda “millatim oʻzbeg-u ona tilim rus tili” deb yozadigan bir necha ming kishi bor emish! Agar shu gap rost boʻlsa, demak, Oʻzbekistonda falon ming oʻzbek oʻz ona tilisini yoʻqotibdi degan soʻz! Nainki shu maqtanadigan gap boʻlsa!

Respublikamizni haqli ravishda “Sharqda sotsializmning mashʼali” deymiz. Demak, birtalay mustamlaka, yarim mustamlaka, kapitalistik mamlakatlar xalqlarining ikki koʻzi, ikki qulogʻi bizda! Nainki biz shularga “tilimizni yoʻqotib boryapmiz, koʻp oʻtmay tilimizdan nom-nishon qolmaydi” deb maqtansak!

“Oʻzbek tili baribir yoʻqolib ketadi, konstitutsiyadan oʻzbek tili – davlat tili degan gapni chiqarib tashlash kerak”, degan tovushlar sovet kishilarining tovushi emas, imperializmning shaltaq propagandasiga oziq beradigan igʻvogarlarning tovushidir!

Tarixda oʻtgan buyuk allomalarning deyarlik hammasi oʻz ona tilisi ustiga oʻz zamonasining boy, madaniy tillaridan biri yoki bir nechasini yaxshi bilgan. Navoiy forschada gʻazallar, Lermontov fransuz tilida sheʼrlar, ibn Sino arab tilida ilmiy asarlar yozgan. Biz uchun oʻshandoq til rus tilidir. Biz uchun rus tili ona koʻkragiday: yashashimiz-u oʻsishimiz uchun kerakli hamma modda bu tilda bor. Shuning uchun bu til bizning ikkinchi ona tilimiz.

Shuning uchun sizlar joylarga oʻzbek tiliga cheksiz muhabbat tuygʻusini olib borganlaringda bu tuygʻuni ikkinchi ona tilimiz – rus tiliga qaratishlaring ham zarur.

Rus tili ikkinchi ona tilimiz deyish uchun oʻz tilimizni bilishimiz kerak!

Kibriyo QAHHOROVA nashrga tayyorladi.

“Yoshlik” jurnali, 1987-yil 9-son